6-ma’ruza: jismoniy tarbiya bo`yicha yo`riqchining ish faoliyati. Maqsad


Download 23.75 Kb.
Sana13.10.2020
Hajmi23.75 Kb.
#133481
Bog'liq
6-MA’RUZA


6-MARUZA: JISMONIY TARBIYA BO`YICHA YO`RIQCHINING ISH FAOLIYATI.

MAQSAD: Talabalarni maktabgacha tarbiya muassasalarida jismoniy tarbiya ishlarni tashkil etishga ma’sul bo`lgan mudira, katta tarbiyachi, musiqa rahbari, shifokorlarning olib boradigan ishlari bilan tanishtirish.

REJA:

  1. Mudira, katta tarbiyachi, musiqa rahbari ishining mazmuni.

  2. Oilada bolalar jismoniy tarbiyasi.

Maktabgacha tarbiya muassasalarida bolalarning jismoniy tarbiyasi barcha xodimlar jamoasi tomonidan amalga oshiriladi. Barcha xodimlar, mudiradan tortib, to texnik xodimgacha hammasi har bir bolaning hayotini muhofaza qilish va sog’lig’ini mustahkamlash hamda jismoniy tarbiyaning boshqa vazifalarini hal qilishga da’vat etilgandir.

Mudira jismoniy tarbiyaga doir barcha ishlarni tashkil etish uchun javobgardir. U umumiy ish reja tuzadi, zarur shart-sharoitlarni ta’minlaydi, jismoniy tarbiya vazifalarini xal qilishda bolalar bog’chasi xodimlarining faoliyati ustidan rahbarlik va nazorat o`rnatadi.

Umumiy ish rejasi barcha jamoa ishtirokida tuziladi. «Jismoniy tarbiya» bo`limida kirib kelayotgan yilning asosiy vazifalari qayd qilinadi, o`tkazilishi lozim bo’lgan tadbirlar ko’rsatiladi, ularni o`tkazish uchun zarur bo`lgan tayyorgarlik nazarda tutiladi. Masalan, bolalarni konkida uchish, basketbol, tennes, kurash tushishga o`rgatish kabi vazifalar qo`yiladi. Shunga muvofiq: konki, kerakli kiyimlarni olish, tarbiyachilar (adabiyotlarni o`rgatish, o`rgatish metodikasini ishlab chiqish) ni, bolalar (ularda zarur jismoniy sifatlar va boshqalarni rivojlantirish) ni, ota-onalar bilan ishlash (oyoq kiyimi, kostyumlar, jihozlar) ni tayyorlash belgilab olinadi.

Mudira rejada tarbiyachilar, musiqa raxbarining malakalarini oshirish: jismoniy tarbiyaga doir konkret masalalarni o`rganish va uni pedagogik kengashlarda muxokama qilish; to`garak va seminarlarda, metod birlashmalarida ishtirok etish; ochiq mashg’ulotlar o`tkazish; bolalar bog’chasi ish tajribasini umumlashtirish, pedagogik o`qishlarga ma’ruza va nutqlar tayyorlash ko`zda tutilmog’i muximdir.

Rejada bolalar poliklinikasining davolash jismoniy tarbiya kabinetlari bilan aloqalar aks ettiriladi.

Rejada ota-onalar bilan olib boriladigan ishlarni yozish va bu aloqalarning shakllari sanab o`tilishi lozim. Shuningdek jismoniy tarbiyani ommalashtirish maqsadida o`tkaziladigan tadbirlar, jismoniy tarbiya bayramlarini o`tkazish belgilanadi. Rejada tadbirlar uchun ma’sul shaxslar va ularni o`tkazish muddatlari ko`rsatiladi. Umumiy reja pedagogik kengashda muhokama qilinadi va tasdiqlanadi.

Mudira jismoniy tarbiya zali, maydonchalar, guruh xonalari va maydonchalarni jihozlashni ta’minlshga majburdir: jismoniy tarbiya jihozlari, atributlar, o`yinchoqlar olishi; bino va maydonchalarda sanitariya-gigiyena holatiga rioya qilinishini kuzatish; metodika kabineti uchun adabiyot va materiallarni tanlash haqida g’amxo`rlik qilishi lozim.

Mudira jismoniy tarbiya mashg’ulotlari, ertalabki gimnastika, sayrlarni harakatli o`yinlarni o`tkazilishini kuzatadi va tahlil qiladi. Tarbiyachilarga kerakli maslahatlarni beradi.

Pedagogik jamoaning malakasini oshirish uchun mudira ochiq mashg’ulotlar konsultatsiyalar tashkil etadi. Ilg’or ish tajribasini umumlashtirishga yordam beradi.

Mudira yosh mutaxassislarga aloxida e’tibor berishi; kun sayin mahoratni egallab borishlariga, har bir ish kuniga puxta tayyorlanishlariga, usul va metodlardan samarali foydalanish yo`llarini ko’rsatadi. Jismoniy mashqlar va boshqa tadbirlarni o`tkazishga ota-onalarni faol jalb qila bilishlariga yordam berib boradi.

Jismoniy tarbiya bo`yicha nazariy va amaliy jixatdan tegishli darajada tayyorgarlik bolalar bog’chasi xodimlariga o`z vazifalarini yanada malakali bajarish va bolalar uchun namuna bo’lishlarida yordam beradi.

Katta tarbiyachi yirik (8-12 guruhli) bolalar bog’chalarida bolalarning jismoniy tarbiyasi bo`yicha tarbiyachilarning ishiga bevosita metodik rahbarlikni katta tarbiyachilar amalga oshiradi. Tarbiyachilarni malakasini oshirish va ularning ishini nazorat qilishda ko`rsatib o`tilgan tadbirlardan tashqari, u metodika kabinetini zarur adabiyot va hujjatlar; yosh guruhlari bo`yicha jismoniy mashqlarni taqsimlash jadvallari; yillik reja-grafiklar, haftalik rejalar, turli yosh guruhlari bolalari uchun jismoniy tarbiya bo`yicha ishning har-xil shakllarining reja-konspektlari; bolalarning jismoniy tayyorgarligini hisobga oladigan jurnallar; jismoniy mashqlar texnikasi va ularni o`tkazish metodikasini rasmlar, suratlar orqali tasvirlaydigan albomlar; ota-onalar uchun materiallar; adabiyot ro`yxati, bolalar kiyimlarining chizmalari, jismoniy rivojlanish, jismoniy tayyorgarlik va boshqalar haqidagi ma’lumotlarni o`zgartirib yozib borishga moslashtirilgan ko`chma burchaklar bilan boyitishga katta e’tibor beradi.

U guruh tarbiyachilarning ishini o`rganadi, rejalashtirish va hisobga olishga doir hujjatlarni tahlil qiladi, shuningdek jismoniy tarbiya mashg’ulotlarida, ertalabki gimnastika foydalaniladigan ish shakllarini kuzatib boradi. Kuzatish jarayonida u tarbiyachilarning tushuntirishlari, ko`rsatmalari, komandalari, buyruqlarini yozib boradi, ular o`tkazgan jismoniy mashqlarning sifatini belgilaydi, dozasini yozib boradi va xronometraj yuritadi. Bundan tashqari, u harakatni bolalar tomonidan sifatli bajarilishi, ularning o`zini his qilishi va xulqini ko`rsatib o`tadi. Bu ma’lumotlardan mashg’ulotlarni tahlil qilish va baholash, shuningdek, aniq tavsiyalarni tuzishda ham foydalaniladi.

Katta tarbiyachi ishdagi ijobiy tajribani o`rganish va uni yoyish ishiga katta e’tibor beradi; ochiq mashg’ulotlar o`tkazish va ularni muxokama qilishni tashkil etadi, tarbiyachilarga o`z ish tajribasini umumlashtirish. Pedagogik o`qishlarga nutqlar tayyorlab, so`zga chiqishga tayyorlanishda yordam beradi.

Katta tarbiyachi muntazam ravishda yangi adabiyotlardan xabardor bo`lib turadi, tuman, shahar metod kabinetlarida, ilmiy muassasalarda o`tkaziladigan tadbirlarda faol ishtirok etadi.

Katta tarbiyachi o`zi jismoniy mashqlar bilan doimiy shug’ullanishi, bolalar bog’chasi xodimlariga namuna bo`lishi va zarur bo`lib qolganda ularga yordam berishga tayyor turishi muximdir.

Tarbiyachi. Bolalar bilan jismoniy tarbiya ishini bevosita tarbiyachi olib boradi. U nazariy va amaliy tayyorgarlikka ega bo`lishi, o`z malakasini muntazam ravishda oshirib borishi lozim. Bolalar bog’chasi oldida turgan jismoniy tarbiya vazifalarini amalga oshirish uchun tarbiyachi dastur mazmuni va talablarini o`rganishi shart, bolalar bilan ishlashning barcha shakllari; jismoniy tarbiya mashg’ulotlari, ertalabki gimnastika, harakatli o`yinlar va boshqalarni savodli o`tkaza bilishi, shuningdek, ishni rejalashtirish va hisobga olish bo`yicha xujjatlarni to`g’ri rasmiylashtira olishi zarur.

Jismoniy mashqlarni o`tkazishda tarbiyachi quyidagilarni xarakatlarni to`g’ri va aniq tushuntirish va ko`rsatishni, komanda va farmoyish berishni; ta’limning xilma-xil usullaridan foydalanishni, xatolarning oldini olish va tuzatishni; bolalarga yordam berish va xavfsizlikni ta’minlashni; talabchanlikni bolalarga e’tiborli bo`lishni va g’amxo’rlik ko`rsatishni, pedagogik odobga rioya qilishni bilishi; bolalarning o`zini xis qilish (bolaning rangiga, terlashi, nafas olishiga qarab) ni, ularning diqqati (barqarorligi, tarqoqligini, mashg’ulotlarga qiziqish (qiziqishning kamayishi, bir joyda o`tira olmasligi, ortiqcha harakatchanligini)ni; faolligi (faolligini pasayishi, ish-harakatlaridagi passivlik, jismoniy mashqlar bajarishdan bosh tortishi) ni, shuningdek, jismoniy tarbiya mashqlarining bajarilish sifati (uyg’unlik, ritmning buzilishini, harakatlar tezligi va aniqligining pasayishi, qaddi qomati buzilishi va boshqalar) ni kuzatish lozim.

Tarbiyachi bolalarning sog’lig’i va jismoniy rivojlanishidagi o`zgarishlarni payqay bilishi, harakat malakalari va jismoniy sifatlarining rivojlanish darajasini hisobga ola bilishi, shuningdek, bolaning oiladagi yashash sharoitlarini o`rganishi va ulardan jismoniy tarbiyaga doir amaliy ishda foydalana bilishi zarur.

Tarbiyachi bino va uchastkada gigiyenik sharoitlarga rioya qilinishini, jismoniy tarbiya jihozlari, inventarlari, atributlar, o`yinchoqlarining tozaligi va yaxshi saqlanishini kuzatib turishga; ota-onalar va bolalar bilan birgalikda qor uyumlari, tepaliklari, inshoatlari (poroxod, ayiq…) vujudga keltirishga, muzli yo`llar, sirpanchiqlar yasash, sakrash uchun qumli chuqur, yugurish uchun yo`lkalar va boshqalarni tayyorlashga da’vat etilgandir. Tarbiyachi ota-onalar uchun suxbatlar, maslaxatlar, majlislar, ochiq kunlar, mashg’ulotlar tashkil etadi va o`tkazadi, bog’chada ularning navbatchiligini uyushtiradi. Jismoniy tarbiyani to`g’ri tashkil etishda ota-onalarga ko’rsatmali agitatsiya va yordam berish maqsadida tarbiyachi ko`rgazma-burchaklar, stendlar, o`z guruhi bolalarining jismoniy rivojlanishi va jismoniy tayyorgarligi ma’lumotlari yozilgan ko`chma burchaklar, shirmalar tayyorlaydi.

Bolalarga namuna bo`lish va jismoniy mashqlarni to`g’ri ko`rsatish maqsadida tarbiyachi o`zining jismoniy tayyorgarlik darajasini muntazam ravishda umumiy va mustaqil jismoniy tarbiya guruhlarida, sport seksiyalarida oshira borishi, musobaqa va boshqalarda ishtirok etishi lozim.

Enaga jismoniy tarbiya vazifalarini amalga oshirishda tarbiyachiga yordam beradi. U guruh xonasi, jismoniy tarbiya zalining ozodaligi va havosining tozalanib turishiga qarab turadi. Kichik yoshdagi bolalarga jismoniy tarbiya mashg’ulotlari, sayr oldidan kiyinishda yordam beradi. Bundan tashqari, u ovqatlanish, uxlashni tashkil etishda qatnashadi, shuningdek bolalarda shaxsiy va ijtimoiy gigiyena malakalarini mustaxkamlashga ko`maklashadi, jismoniy tarbiya inventarlari (to`pni yuvish va boshqalar...) ni toza tutishda ishtirok etadi.

Musiqa raqbari – u tarbiyachi bilan hamkorlikda ishlaydi. Ular jismoniy va musiqa tarbiyasining rejalarini kelishib oladilar, ertalabki gimnastika majmuasini, jismoniy mashqlar bilan o`tkaziladigan bo’sh vaqt va bayramlarning mazmunini, o’tkazish metodikasini muxokama qilib oladilar. Musiqa raxbari ertalabki gimnastika, jismoniy tarbiya mashg’ulotlarida kuy jo’rligini amalga oshiradi, tarbiyachiga xarakatli o`yinlar o`tkazish uchun kuylar, qo`shiqlar tanlashga oid maslahat beradi.

Musiqa rahbaridan bolalarning jismoniy tarbiyaga tegishli nazariy va amaliy tayyorgarlikka ega bo`lish, shuningdek, zarur jismoniy tayyorgarlik darajasi bo`lishi ham talab etiladi.

Jismoniy tarbiya bo’yicha shifokor nazorati – bu tarbiya va sport bilan shug’ullanuvchi turli yoshdagi kishilarning sog’lig’i va jismoniy rivojlanishini meditsina bilimlarining maxsus soxasidir.

Maktabgacha tarbiya muassasalaridagi bolalar jismoniy tarbiyasi jarayonida shifokor nazoratining asosiy vazifasi ularning sog’lig’ini mustaxkamlash, jismoniy va nerv-psixik rivojlanishini takomillashtirishga ko`maklashishdan iboratdir.

Bolalar bog’chalarida shifokor nazorati quyidagilarni:


  1. Jismoniy mashqlar bilan shug’ullanish jarayonida bolalarning sog’lig’i, jismoniy rivojlanishi va funksional imkoniyatlarini shifokor tomonidan tekshirilishi va baholanishi.

  2. Jismoniy tarbiyaning turli xil shakllarini o`tkazishni medik-pedagogik kuzatish, jismoniy mashqlarning mazmuni, o`tkazish metodikasini bola yoshi va funksional imkoniyatlariga muvofiqligi va organizmga ta’siri nazorat qilinadi.

  3. Jismoniy mashqlar, ertalabki gimnastika, harakatli o`yinlar, sport mashqlari, chiniqtiruvchi tadbirlar o`tkaziladigan joylarni, jismoniy tarbiya jihozlari, inventarlari, shuningdek, shug’ullanuvchilarning kostyum va oyoq kiyimlarining gigiyenik xolati ustidan sanitariya nazorati o`rnatishni.

  4. Maktabgacha tarbiya muassasalari xodimlari, ota-onalar va bolalar o`rtasida sanitariya-maorif ishlari uyushtirishni o`z ichiga oladi.

Maktabgacha tarbiya muassasalarida meditsina nazoratini tashkil etish shifokor, xamshira, mudira va tarbiyachilarning hamkorlikda ishlashini taqazo etadi.

METODIKA KABINETINI JIHOZLASH.

Metodika kabinetida dastlab tarbiyachilarning kitob va boshqa materiallar ustida mustaqil ishlashi uchun sharoitlar yaratiladi. Buning uchun jismoniy tarbiya masalalariga oid nazariy xamda metodik adabiyotlar-kitoblar, jurnallar, maqolalar, xarakatli o`yinlar va jismoniy mashqlarning to`plamlari, ma’lumotnomalar, lug’atlar tanlanadi; tavsiya etilayotgan adabiyotlar, kartotekalarning ro`yxati tuziladi. «Uchinchi mingyillikning bolasi» tayanch dasturiga muvofiq bo`lgan jismoniy tarbiya bo`yicha istiqbolli va kundalik ish rejalarining namunalari; shuningdek, yosh gruxlari bo`yicha olib boriladigan ish xisobi; jismoniy tarbiya mashg’ulotlarining reja va konspektlari, tarbiyachining bolalar bilan olib boradigan individual ishi, kundaliklari, turli fotosuratlar, bayram, tadbirlarning namunalari bo`lishi shart. Metod xonada ilmiy-amaliy konferensiya va pedagogik o`qishlarda jismoniy tarbiya masalalari bo`yicha qilingan ma’ruzalar saqlanadi.

Tarbiyachilar ta’limning zamonaviy texnika vositalari bilan tanishish imkoniyatlariga ega bo`lishlari uchun, metod xonada kinofilmlar, diafilmlar, slaydalar bo`lishi lozim.

Kabinetda doimiy jismoniy tarbiya jihozlarining ko`rgazmasi, turli xil chizmalar, mashg’ulotlarda foydalaniladigan manbalar va qo’llanmalar sport o`yinlari – voleybol, basketbol, gorodki, hokkey, stol tennesi... uchun zarur jihozlar ham bo`lishi lozim.

Metodik xonalar tarbiyachilarning nazariy-metodik bilimlarini mustahkamlashga shuningdek, bolalarda jismoniy tarbiya malaka va ko`nikmalarini xosil qilish metodikasini takomillashtirishga xizmat qiladi.

OILADA BOLALAR JISMONIY TARBIYASINI TASHKIL ETISH

2000 yilda qabul qilingan «Sog’lom avlod dasturida» sog’lom, inoq, mustaxkam oilalarga katta e’tibor qaratilgan. Chunki sog’lom, tinch, o`zaro hurmatda bo`lgan oilalardagina har tomonlama sog’lom, baquvvat farzandlar tug’iladi.

Oila – ta’lim-tarbiya o`chog’idir. Har bir oila farzandlarini jismonan sog’lom, aqlan yetuk, ma’naviy barkamol inson bo`lib yetishishi uchun ma’suldir.

Oilada jismoniy tarbiyani to`g’ri amalga oshirish uchun ota-onalar bolalarining maktabgacha tarbiya muassasalarida, shuningdek bolalarining sport maktablari va seksiyalarida qanday jismoniy mashqlar bilan shug’ullanishlarini va kun hamda butun hafta davomida qanday jismoniy yuklama bajarayotganligini bilishlari zarur.

Bolalar bog’chalari ota-onalarga bolalarning jismoniy tarbiyasi haqida bilimlarni egallashlarida katta yordam ko`rsatishlari mumkin. Buning uchun bolalar bog’chasida ota-onalar burchagi tashkil etiladi, ochiq mashg’ulotlar, suhbatlar, konsultatsiyalar o`tkaziladi, tarbiyachilar ota-onalarga bolalarning jismoniy tarbiyasi bo’yicha maxsus adabiyotlarni tavsiya etadilar.

Oilada ham maktabgacha tarbiya muassasalaridagidek, jismoniy tarbiya vositalarini mujassam qo’llash muximdir. Eng qulay gigiyena sharoitlarini yaratish, tabiatning omillari (quyosh, havo, suv) dan, xilma-xil jismoniy mashqlardan foydalanish muhimdir, bolalarning jismoniy mehnatni kuchlari yetadigan turlari bilan shug’ullanishlarini kuzatib berish lozimdir.

Oilada jismoniy mashqlar har xil: zaryadka, mashg’ulotlar, harakatli o`yinlar, chiniqtiruvchi protseduralar, jismoniy daqiqalar, sayr va boshqalar shaklida o`tkaziladi.

Ota-onalar o’z bolalari bilan jismoniy mashqlarni bajarsalar, konkilar, chenalarda uchsalar, badminton, shaxarcha, tennis o’ynasa, suzsa va boshqalarni birgalikda bajarsa, musobaqalarda ishtirok etsalar, ularning namunasi ularga ijobiy ta’sir ko’rsatadi.

Ota-onalar o`z bolalariga jismoniy tarbiya xaqida bilimlar beradilar, jismoniy mashqlarni to`g’ri bajarishga (tushuntira-dilar, ko`rsatadilar) ularni o’rgatadilar. Bunda zarur malakalarni tarbiyalash va mustahkamlash uchun aloxida yaxshi psixologik iqlim yuzaga keladi.

TAYANCH SOZLAR.

Patronaj – bolalar sog’lig’ini doimiy ravishda kuzatib boruvchi hujjatdir.



Metodist – katta tarbiyachi, metodik ishlarga rahbarlik qiladi.

NAZORAT UCHUN SAVOLLAR

  1. Mudira, katta tarbiyachi, musiqa raxbari ishining mazmuni.

  2. Oilada bolalar jismoniy tarbiyasi.

  3. Oilada bolalar jismoniy tarbiyasini tashkil etish.

ADABIYOTLAR

1.Tulenova X., Xo`jaev F, Xo`jaeva .Meliyev H Jismoniy tarbiya nazariyasi va metodikasi. T; Iqtisod-Moliya 2012y o`quv qo`llanma.

2. Mahkamjonov K, Salomov R, Ikromov I Jismoniy madaniyat nazariyasi va metodikasi. Darslik T; Iqtisod-Moliya 2008yil.

3. Xo`jaev F. Raximqulov K.D, Nig’manov B.B «Harakatli o`yinlar va uni o`qitish metodikasi» Cho`lpon nashriyoti Toshkent 2011yil.

4. Abdullaev A., Xonkeldiev Sh. Jismoniy tarbiya asoslari va metodikasi Toshkent., O`zbekiston Davlat jismoniy tarbiya instituti, 2005 yil - 300 b.

5. LiviyskiyA.N Maktabgacha yoshdagi bolalarni Jismoniy tarbiya asoslari va metodikasi Toshkent: 1995 yil - 500 b.

6. Xo`jaev F, Raximqulov K.D., Nig’manov B.B «Sport va harakatli o`yinlar va uni o`qitish metodikasi» TDPU nashriyoti Toshkent 2008 yil.
Download 23.75 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling