6-ma’ruza: O'zbekistonda mustabid tuzumning 30-yillardagi qatag’onlik siyosati
Download 40.88 Kb.
|
- Bu sahifa navigatsiya:
- 3. Qatag‘on yillarida milliy rahbar kadrlar faoliyati
6-ma’ruza: O'zbekistonda mustabid tuzumning 30-yillardagi qatag’onlik siyosati. Reja 1. XX asrning 20-30 yillaridagi O‘zbekistondagi ijtimoiy siyosiy vaziyat. 2. O‘zbekistonda qatag‘onlik siyosatining avj oldirilishi 3. Qatag‘on yillarida milliy rahbar kadrlar faoliyati XX asrning 20 - 30-yillarida sovet xokimiyatining O‘zbekistondagi katag‘on siyosati nafaqat O‘zbekiston tarixchilari, qolaversa, xorij tadqiqotchilarining ham diqqat markazidagi mavzulardan biri hisoblanadi. XX asr 20-yillarining o‘rtalaridan boshlab totalitar jamiyatning xususiyatlari tabora oshkora ko‘rina boshladi. Bu holat, ayniqsa, milliy respublikalardagi rahbar xodimlarga munosabatda yaqqol namoyon bo‘ldi. Qaror topgan ma’muriy-buyruqbozlik tizimi va uning rahbar o‘zagi xisoblangan Butunittifoq kommunist (bolshevik)lar partiyasi - VKP(b) bu paytga kelib yangi iqtisodiy siyosatdan butunlay yuz o‘girdi va «sotsializm asoslari»ni qurishga jiddiy kirishdi. Mustabid sovet rejimi o‘zgacha fikrlashga mutlako toqat qila olmas edi. Lenin tomonidan allaqachon e’lon qilingan «Kim biz bilan birga bo‘lmasa, u - dushmanimiz!» shiorini Stalin shafkatsizlik bilan amalga oshirishga kirishdi. Sovet rejimi dastavval mavjud tuzumga muxolifatda turganlarga qarshi qatag‘on siyosatini amalga oshirgan bo‘lsa, 30-yillardan boshlab o‘z xalqiga nisbatan ommaviy terror qo‘lladi. «Qatag‘on» va «repressiya» so‘zlari o‘zbek tilida bir xil ma’noda ishlatiladi. Sovet hokimiyatining qatag‘on siyosati siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy-mafkuraviy sohalarda o‘tkazildi. Siyosiy qatag‘onlar qizil terror, saylov huquqidan mahrum qilish, mehnat lashkarligiga olish, quloqlashtirish, surgun, katta qirg‘in va deportatsiyalar; iqtisodiy qatag‘onlar soliq, majburiy to‘lovlar, iqtisodiy faoliyatni cheklash shaklida bo‘lsa, ma’naviy-mafkuraviy qatag‘onlar milliy, diniy qadriyatlarni cheklash, madaniy merosni yo‘q qilish, senzura va boshqa shakllarda amalga oshirildi. O‘zbekistondagi siyosiy qatag‘onlarning ildizlari Oktabr to‘ntarishidan so‘ng hokimiyat tepasiga kelgan bolsheviklarning mafkuraviy qarashlari va proletariat diktaturasi g‘oyalariga borib taqaladi. Bu muammoni nafaqat tarixiy, mafkuraviy, balki huquqiy, falsafiy, ma’naviy va iqtisodiy jihatdan tahlil qilganimizdagina uning tub mohiyatini anglash mumkin bo‘ladi. Bolsheviklar «sinfiy diktatura», xususan, proletariat diktaturasi tushunchasining mazmunini hokimiyat, zo‘ravonlik va har qanday qonunchilik cheklovlaridan holi bo‘lgan uchta asosiy belgi orqali ochib berganlar. «Diktatura degan ilmiy tushuncha, - deb yozadi V. Lenin 1920 yildagi «Diktatura haqidagi masala tarixiga doir» asarida, - hech bir narsa bilan chegaralanmagan, hech qanday qonun, mutlaqo hech qanday qoidalar bilan chegaralab qo‘yilmagan va bevosita zo‘rlikka tayanuvchi hokimiyatdan iborat narsadir. «Diktatura» degan narsaning ma’nosi bundan boshqa narsa emas». Davlat hokimiyatini bunday tushunish har qanday huquq va qonunlar ustuvorligini inkor etdi, o‘zboshimchalikni davlat hayotining me’yoriga aylantirdi, zo‘ravonlikni esa davlat siyosati darajasiga ko‘tardi. V.I. Lenindan keyin bolsheviklar bosh mafkurachisi sifatida tan olingan N.I.Buxarinning proletariat diktaturasiga «hokimiyatning sinfiy -qatag‘on xarakterini eng qat’iy namoyon qiladigan davlat shakli» degan mulohazalari qatag‘on siyosatining nazariy asosi bo‘lib xizmat qildi. Ma’lumki, har kanday jamiyat turli ijtimoiy qatlamlar, sinflar, guruhlardan tashkil topadi va ular turfa manfaatlar va intilishlarga ega bo‘ladi. Bu manfaatlar va intilishlar g‘oyaviy-mafkuraviy karashlarda ifodalanadi. 1917 yil Oktabr to‘ntarishidan keyin shakllangan sovet jamiyatida bolsheviklar partiyasi markscha-lenincha ta’limot asosida yuritgan siyosatida sinfiy jihatdan bir tomonlama yondashuv hukmronlik qildi. Bolsheviklar bu sohada o‘zlarining alohida qarashlari va nazariyasini yaratdi. Bularning barchasi sovet qatag‘on siyosatining huquqiy bazasida o‘z qiyofasini topdi. Sovet hokimiyatining dastlabki kunlaridanoq huquqiy jihatdan noaniq bo‘lgan «aksilinqilobiy» deb nomlangan ayblov yuzaga keldi. Siyosiy muxolifatga nisbatan sovet davlatining majburlov choralari keng qo‘llanila boshlandi. Bolsheviklar doktrinasida «aksilinqilobga qarshi kurash» organi nazarda tutilmagan bo‘lsa ham, sinfiy kurash nuqtai nazaridan va siyosiy kuchlarning holatidan kelib chiqib, 1917 yil 7 dekabrda RSFSR XKS qoshida aksilinqilob va sabotajga qarshi kurash bo‘yicha Butunrossiya favqulodda komissiyasi (VCHK) tashkil qilindi. Keyinchalik, bu organning vakolatlari kengayib, bolsheviklarning tom ma’nodagi «qilich va qalqon»iga aylanib bordi. 1918 yil 21 fevralda VCHKga ishni sudda ko‘rmasdan turib jazo chorasini belgilash huquqi, ya’ni nosudlov vakolati berildi. VCHK yordamida bolsheviklar nafaqat sovet hokimiyatini saqlab qoldilar, balki o‘zlarining mafkuraviy maqsadlari, proletariat diktaturasini o‘rnatishga ham erishdilar. 1918 yil yozidan boshlab siyosiy sabablarga ko‘ra qatag‘onlar ommaviy tus olib, ochiqdan-ochiq qizil terrorga aylandi. Bolsheviklar hokimiyatni qo‘ldan chiqarishdan qo‘rqib, o‘z dushmanlariga nisbatan har qanday noqonuniy vositalarni ishga soldilar. Vaziyat keskinlashib, bolsheviklar ahvoli og‘irlashgan sari ularning shafqatsizligi ham ortib bordi. «Qizil terror» atamasi birinchi marotaba 1918 yil 2 sentabrda VCHKning idoraviy ahamiyatga ega bo‘lgan maxfiy direktivasida ko‘llanildi. Uch kun o‘tib, 1918 yil 5 sentabrda RSFSR XKSning «Qizil terror to‘g‘risida» gi dekreti qabul qilindi. 1918 yil 10 sentabrda «Izvestiya» gazetasida e’lon qilingan mazkur dekret ommaviy qatag‘onlarning «qonuniy» asosini belgilagan hamda siyosiy terrorni rasman e’tirof etgan birinchi huquqiy-me’yoriy hujjat hisoblanadi. 1922 yil 6 fevralda Butunrossiya Markaziy Ijroiya Komiteti qarori bilan VCHK tugatilib, uning vazifalari Ichki ishlar xalq komissarligi (NKVD)ga yuklatildi. Shu qaror bilan NKVD qoshida Davlat siyosiy idorasi (GPU), joylarda esa uning siyosiy bo‘limlari tashkil etildi. GPUga zaruriyat tug‘ilganda tintuv o‘tkazish va hibsga olish vakolatlari ham berildi. 1922 yil 16 oktabrda Butunrossiya Sovetlari Markaziy Ijroiya Komiteti jinoiy va fuqarolik ishlarini faqat sud tartibida ko‘rish tamoyiliga zid ravishda GPUga «otib o‘ldirishgacha bo‘lgan nosudlov jazosini qo‘llash huquqi»ni berdi. Sovet Ittifoqi tashkil topgandan so‘ng «ittifoqdosh respublikalarning siyosiy va iqtisodiy aksilinqilobga qarshi inqilobiy kurashini birlashtirish maqsadida» 1923 yil 6 iyulda SSSR MIKning 2-sessiyasida SSSR XKS qoshida Birlashgan Davlat siyosiy boshqarmasi (OGPU) tashkil etildi. OGPU ittifoqdosh respublikalar XKS qoshidagi GPUning mahalliy organlari faoliyatiga rahbarlik qilgan. SSSR MIK 1923 yil 15 noyabrda tasdiqlagan «Birlashgan Davlat siyosiy boshqarmasi va uning organlari haqidagi Nizom»ga muvofiq OGPUning Butunittifoq miqyosidagi huquqiy maqomi belgilandi. 1924 yilga kelib, bolsheviklarning 1917 - 1920 yillardagi jamiyatni rivojlantirish haqidagi rasmiy qarashlari o‘z ahamiyatini yo‘qotdi. Marksizm-leninizm nazariyasidagi sotsializmning kapitalizmdan afzalligi to‘g‘risidagi, hayotni tubdan o‘zgartirib yuborishga qodir ijtimoiy tuzum haqidagi fikrlarni bolsheviklar zo‘r berib asoslashga urindilar. Haqiqiy voqelik esa moddiy boyliklarni bir tekis taqsimlash, ishlab chiqarish vositalarining umumiylashtirilishi, xususiy mulkning bekor qilinishi, bozor munosabatlaridan voz kechish siyosati mavjud ziddiyatlarni yanada kuchaytirganligidan dalolat berar edi. XX asrning 20-yillarida O‘zbekistonda ro‘y bergan tarixiy voqealar rivojiga Ittifoq markazidagi siyosiy jarayonlarning ta’siri kuchli bo‘ldi. «Proletariat dohiysi» V. Leninning vafotidan so‘ng vorislikka da’vogarlar I.Stalin, L.Trotskiy, G.Zinovev, L.Kamenev, N.Buxarin va boshqa sovet-partiya rahbarlari o‘rtasidagi siyosiy kurash keskinlashdi. Jamiyatni rivojlantirish va taraqqiyot yo‘lini tanlashdagi turli qarama-qarshi fikrlar murosasiz ziddiyatga aylandi. Aynan shu ziddiyatlar zamiridagi siyosiy fikr talashuvlari bahs-munozara doirasidan chiqib, amaliy qiyofa kasb etdi va stalincha qatag‘on siyosati shakllanib bordi. Sovet davlatining yakka hukmroniga aylangan Stalinning «Sotsializm mustahkamlanib borgan sari sinfiy dushman qarshiligi ham shunchalik kuchayib boradi» degan g‘oyasi yangi nazariy qarash sifatida ilgari surildi. Bu o‘rinda Stalinning fikrlari attraktor (jalb qiluvchi) vazifasini bajardi. Muqobil g‘oya bilan chiqqan partiya va sovet arboblarining e’tirozlari inobatga olinmadi. Beqarorlik, tartibsizliklarni bartaraf etishning bir qancha muqobil yo‘llari bo‘lishiga qaramay, bolsheviklar o‘zlarining siyosiy maqsadlariga erishishning eng yaqin, qulay va o‘ta shafqatsiz usuli bo‘lgan siyosiy qatag‘on yo‘lidan bordilar. Ijtimoiy hamkorlikka emas, aksincha, kommunistik mafkura ta’sirida murosasizlikka asoslangan bu g‘oya ommaviy qatag‘onlarga asos bo‘ldi. Mamlakat markazida shakllangan stalincha totalitar tuzum barcha milliy sovet respublikalari kabi O‘zbekiston SSRdagi hokimiyat boshqaruvining hamma bo‘g‘inlarini to‘liq bo‘ysundirdi. VKP(b)ning qabul qiladigan har qanday qaroru farmoyishlari, ko‘rsatmalar O‘zbekiston Kompartiyasi va uning barcha partiya tashkilotlari tomonidan bajarilishi majburiy va shart qilib qo‘yildi. XX asrning 20 - 30-yillarida O‘zbekistonda siyosiy qatag‘onlar ob’ektga yo‘naltirilishi bo‘yicha ayrim shaxs yoki butun ijtimoiy guruhga qaratildi. O‘zbek qishloqlarida katta nufuzga ega bo‘lgan boy dehqonlar, ruhoniylar va boshqa mulkdorlar bilan bir qatorda, kolxoz tuzumi va sovet hokimiyatining boshqa agrar sohadagi tadbirlariga ochiq-oshkora qarshi chiqqan kambag‘al va o‘rtahollarga nisbatan ham qo‘llanildi. Siyosiy qatag‘onlar qo‘llanilish xususiyatiga ko‘ra, mo‘’tadil va shafqatsiz bo‘ldi. Mo‘’tadilda shaxsning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirmaydigan darajada ma’muriy tartibda ruhiy bosim o‘tkazildi. Shafqatsizlikda esa qatag‘on qilinuvchi ozodlikdan mahrum etildi yoki jismonan yo‘q qilindi. Siyosiy qatag‘onlar qo‘llanilishiga ko‘ra, yakka va ommaviy turga bo‘lindi. Bolshevistik rejim va uning agrar siyosatiga qarshi faol qarshilik qilayotgan ayrim shaxslar yoki barcha ishtirokchilar ommaviy qatag‘on qilindi. Siyosiy qatag‘onlar ko‘zlangan maqsadi bo‘yicha profilaktik va jazolash turlariga bo‘lindi. Xullas, qatag‘on sovet hokimiyatiga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan ayrim shaxslar va ijtimoiy guruhlarning u yoki bu harakatlarining oldini olish maqsadida o‘tkazildi hamda sovet hokimiyatiga qarshi chiqishlarni shafqatsizlik bilan bostirishga va uni jazolashga qaratildi. Siyosiy qatag‘on funksiyalari ijtimoiy tabiatiga ko‘ra ikki guruhga - butun jamiyatga va muayyan shaxsga yo‘naltirildi. Birinchisida sovet jamiyatining ma’naviy hayoti va erkinligiga kuchli bosim o‘tkazish orqali qishloqda ijtimoiy qo‘rquv, majburiy itoatkorlik yuzaga keltirildi. Mehnatga yoki boshqa faoliyatga noiqtisodiy majburlov kuchaydi, zo‘ravonlik mehnatni tashkil etishning asosiy omiliga aylandi. Jamiyatning barqarorligiga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan g‘oyalar, hatti-harakatlar ustidan nazorat o‘rnatildi. Ijtimoiy guruhlar o‘rtasida o‘zaro adovat qo‘zg‘atildi, bir-biriga dushmanlik kayfiyati kuchaytirildi. Jamiyat axloqining buzilishi, milliy va diniy qadriyatlar inqirozi, ommaning ruhiy zo‘riqishi va ijtimoiy qo‘rquvning yoyilishiga olib keldi. Ikkinchisi, ya’ni shaxsga yo‘naltirilgan siyosiy qatag‘onlar qishloq axolisini bolsheviklarning mavjud siyosiy rejimiga moslashishga majbur qildi. Dehqonlar turli cheklash va qistovlardan, ta’qibdan xalos bo‘lish uchun bolshevistik siyosiy rejimning talablariga moslashishga majbur bo‘ldilar. Sotsializm g‘oyalari, shiorlari va nazariyasiga ishonch bog‘ladilar. Keng xalq ommasi ongi va tafakkuriga ta’sir o‘tkazuvchi barcha mavjud usullar, vositalar orqali marksizm-leninizm g‘oyalari singdirib borildi. Rasmiy kommunistik mafkura aqliy faoliyat va ijod erkinligini cheklagan holda informatsion vakuum hosil qildi. Turli ijtimoiy guruhlar yakdilligi va olomon hamfikrliligini qaror toptirish amaliyoti qo‘llanildi. Mafkuraviy bosim o‘tkazish maqsadida jamiyatda sun’iy tarzda «mushtumzo‘r», «xalq dushmani», «zararkunanda» obrazlari shakllantirildi. Siyosiy qatag‘on ob’ekti bo‘lgan boy dehqonlar, mulkdorlar, ishbilarmon, tadbirkor va boshqalarga nisbatan salbiy munosabat hamda ularga zarar yetkazishga intilish kayfiyati yuzaga keldi. Bu yillarda «biznikilar - yot unsurlar» atamalarining keng ko‘lamda qo‘llanilishi shaxsiy munosabatlardagi ziddiyatlarni kuchaytirishning yorqin ifodasi bo‘ldi. «Biznikilar» deb hisoblangan bolsheviklar tomonidan «yot unsur»ga nisbatan qo‘llanilgan zo‘ravonliklarni adolatli chora sifatida asoslashga xizmat qildi. Shu o‘rinda «haqsizlar», ya’ni saylov huquqidan mahrum qilinganlar masalasiga alohida to‘xtalib o‘tish lozim. Chunki sovet hokimiyati tomonidan kollektivlashtirish jarayonida eng ko‘p qo‘llangan qatag‘on shakli aholining ayrim qatlamlarini saylov huquqidan mahrum qilish siyosati va amaliyoti bo‘ldi. Saylov demokratiyaning asosiy belgilaridan biri sifatida xalqning o‘ziga tegishli davlat hokimiyatini bevosita amalga oshirish shakli bo‘lib, ayni vaqtda xalq vakillariga saylovlar yo‘li bilan barcha darajadagi davlat organlari va o‘zini o‘zi boshqarish organlariga shu hokimiyatni amalga oshirish vakolatini beradi. XX asrning 20 - 30-yillaridagi o‘zbek tilidagi rasmiy hujjatlar, yuridik adabiyotlar va turli matbuot materiallarida saylov huquqidan mahrum qilinganlar «sho‘roga haqsizlar», «huquqdan mahrumlar», «xaqsizlar» deb yuritilgan. Saylov huquqidan mahrum qilish sovet hokimiyatining eng ommaviy siyosiy cheklash usuli hisoblanib, uning huquqiy asosi Butunrossiya Sovetlarining 1918 yil 10 iyuldagi V s’ezdida qabul qilingan Konstitutsiyasi hisoblanadi. 1927 yildagi O‘zbekiston SSR Konstitutsiyasida saylash va saylanish huquqi «Sho‘roga saylash to‘g‘risida»gi 6-bo‘limining 13-bobi 92 - 93-moddalarida belgilangan. O‘zbekiston SSR MIQning 1927 yil 12 dekabrdagi «Sho‘rolarga saylovlar to‘g‘risida dasturilamal»ida esa saylov huquqidan foydalanmaydiganlarga tavsif berilgan. Unga ko‘ra, foyda olish maqsadida yollanma mehnatdan foydalanuvchi, mehnatsiz topilgan daromadlar (sarmoyadan kelgan foizlarga, savdo korxonalaridan kelgan daromadga, mulkdan kelgan unumlar) hisobiga yashovchilar, savdogarlar, diniy xizmatchilar, sobiq mirshablar va boshqa toifadagilar qonun bo‘yicha saylov huquqidan mahrum qilinishi ko‘rsatilgan. Keyinchalik, dasturilamalga mamlakatdagi siyosiy vaziyatga qarab sovet hokimiyati olib borayotgan tadbirlarga nisbatan norozilik kayfiyatida bo‘lganlarni yo‘q qilish maqsadida ayrim o‘zgartirishlar va sharhlar kiritilib borildi. Samarqandda 1929 yilda 18 yoshga to‘lgan saylovchilarning soni 86 981 kishini tashkil etgan bo‘lib, shundan 8772 kishi saylov hukuqidan mahrum qilingan. Bu saylovchilar umumiy sonining 11,2 foizini tashkil etadi. Saylov huquqidan mahrum qilinganlardan 471 nafari tadbirkorlar va 419 nafari mehnatsiz daromad hisobiga yashayotganlar deb topilgan, 621 nafari imomlar va boshqa ruhoniylar, 4464 nafari savdo-sotiq bilan shug‘ullanuvchilar, 150 nafari sobiq mirshablar hamda Rossiya imperiyasi hukumati va amirning amaldorlari bo‘lgan. 1920 yillardagi sovet saylov qonunchiligida huquqdan mahrum qilishda aholining ijtimoiy kelib chiqishiga alohida e’tibor qaratilgan. Buxoro amirlari va Xiva xonlarining oila a’zolari, amir va xon hukumatlari amaldorlari, chunonchi, dahboshi, mirzaboshi, qo‘rboshi, jevachi, qorovulboshi, miroxo‘r, to‘qsoba, beklar, biy dodhoh, inoq, parvonachi, devonbegi, biy qo‘shbegi, qo‘shbegi, otaliq, og‘alik, eshik og‘asi, kozikalon, raisi kalon, mirshab, zakotchi, udaychi, qozi, biy qo‘rg‘onbegi, hakim, xazinachi, shabgar, yuzboshi, sarkarda, to‘pchiboshi, lashkarboshi, jallod, zindonboshi, amlokdor, qulli qo‘shbegi, miripoyon (zakotchi), darvozaboni ark, yasovulboshi, qoriboshi, amir tarafidan tayinlangan oqsoqollar, to‘pchiboshi-askar, mingboshi; xonlar va ularning oila-xonadon a’zolari, xonlikni idora qilishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri munosabatda bo‘lgan bek xo‘jalar, vaziri mehtarlar, devonbegi, eshik og‘asi hamda xonlikni idora qilishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri munosabatda bo‘lgan oilaning a’zolari, mirshablar va mirshab boshliqlari, xonning marhamlari, mushriblar, katta ariqlarga xon tarafidan tayinlangan miroblar, xon mahkamasining bosh devonlari, mirzaboshilar, xonning oqsoqollari, volostnoylar, Madrasa mutavallilari va boshqalar saylov huquqidan mahrum qilinishi belgilangan. 1929 yil oxiriga kelib, Sovet Ittifoqida qishloq ho‘jaligini yoppasiga kollektivlashtirish jadallashdi. Qishloq aholisining sovet xokimiyatining agrar siyosati va amaliyotiga qarshi chiqishlarida «Xaksizlar hukuqi tiklansin», «Haqsizlar ro‘yxati yo‘q qilinsin», «Sho‘rolarga qayta saylov o‘tkazilsin» degan talablar juda ko‘p bo‘lgan. Bu hol nafaqat sovetlarning majburiy kollektivlashtirish siyosatiga, balki fuqarolik va siyosiy huquqlardan cheklash siyosatiga nisbatan ham norozilik ifodasi edi. Qishloq xo‘jaligini yoppasiga kollektivlashtirish jarayonida saylov qonunchiligining buzilish holatlari ko‘paydi. Kollektivlashtirish jarayonidagi ixtiyoriylik tamoyili qo‘pol ravishda buzilib, qonunbuzarlik, zo‘ravonlik avj oldi. O‘z yeridan, mol-mulkidan ajralishni istamagan, kollektivlashtirishga qarshi bo‘lgan qishloq aholisining ishbilarmon, tadbirkor va siyosiy jihatdan faol qismiga nisbatan soliq va kredit (qarz) siyosatidagi cheklovlar, suvdan mahrum qilish choralari bilan bir qatorda, saylov huquqidan mahrum qilish, mol-mulkini musodara qilib, butun oilasi bilan majburiy ko‘chirish siyosati amalga oshirildi. «Sho‘rolarga saylovlar to‘g‘risida dasturilamal»da dehqonlarni saylov huquqidan mahrum qiladigan iqtisodiy jihatlar ta’riflangan bo‘lsa-da, yoppasiga kollektivlashtirish rayonlarida quloq xo‘jaliklarini belgilashda aynan shu ko‘rsatkichlar hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ldi. O‘zSSR XKSning 1930 yil 6 apreldagi «Mehnat to‘g‘risidagi qonun kodeksi tatbiq etilishi lozim bo‘lgan quloq xo‘jaliklarining belgilari va ularni hisobga olish tartibi» to‘g‘risidagi qarorida «quloq» qilinadigan dehqon xo‘jaliklarining belgilari ko‘rsatildi. Ammo amaliyotda qo‘llash jarayonida qarordagi me’yorlar buzib talqin qilindi. Kolxoz tuzumiga qarshi bo‘lgan o‘rtahol va kambag‘al dehqonlar ham saylov huquqidan mahrum qilinib, quloq qilinishi odatiy holga aylandi. Saylov huquqidan mahrum qilinganlar nafaqat siyosiy, balki fuqarolik huquqlaridan ham mahrum qilindilar. Ular ish joylaridan bo‘shatildilar, kasaba uyushmalari va kolxozlarga a’zolikka qabul qilinmadilar, tovar va oziq-ovqat maxsulotlari olish kartochkalari berilmadi, biron-bir lavozimga tayinlanishi yoki oliy va o‘rta maxsus bilim yurtiga o‘qishga kirishi mumkin bo‘lmadi. Bu davrda O‘zbekiston qishloqlari aholisining sovet hokimiyatining agrar siyosati va amaliyotiga qarshi norozilik chiqishlari va g‘alayonlari natijasida siyosiy vaziyat o‘ta keskinlashdi. Hatto jamiyat ijtimoiy hayotidan nohaq chetlashtirishlarga norozilik belgisi sifatida o‘z joniga suiqasd qilish holatlari ham yuz berdi. OGPU ma’lumotlarida Qo‘qon rayonidagi Tandir qishlog‘ida saylov huquqidan mahrum qilingan fuqaro kolxozga qabul qilinmaganligi uchun o‘zini pichoqlab o‘ldirmoqchi bo‘lgan holatlar qayd qilingan. O‘zSSR MIQ 1930 yil 9 aprelda «Fuqarolarni saylov huquqidan mahrum qilish ishida yo‘l qo‘yilgan xatolarni tuzatish to‘g‘risida» qaror qabul qildi6. Qaror asosida tuzilgan komissiyalarning tekshirishlari natijasida «huquqsizlar ro‘yxati»ni tuzishdagi qonun buzilishlari aniqlanib, bu ro‘yxatlarning ko‘pchiligi bekor qilindi. Ammo joylarda o‘zboshimchalik davom etdi, shaxsiy adovat natijasida fuqarolik va siyosiy huquqlarni cheklash amaliyotini yo‘qotishning samarali mexanizmi ishlab chiqilmadi. 1931 yil avgust oyidan «quloq» oilalari O‘rta Osiyo respublikalaridan Ukraina, Shimoliy Kavkaz, keyinchalik Shimoliy Qozog‘istonga surgun qilina boshlandi. Surgun qilinganlarning ko‘pchiligini «sovet hokimiyatiga haqsizlar» (saylov huquqidan mahrum qilinganlar) tashkil etgan bo‘lib, ularning aksariyati fojiali qismatni boshidan kechirdilar. Huquqbuzarliklardan norozilarning saylov huquqini tiklash haqidagi talablari Ittifoq mikyosida keng tus oldi. VKP(b) va sovet hukumati bu masalani qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘ldi. 1936 yil 5 dekabrdagi SSSR Konstitutsiyasining 135-moddasiga asosan barcha haqsizlarning saylov huquqlari tiklandi. Stalincha ma’muriy buyruqbozlik tizimi O‘zbekiston SSRning mahalliy rahbariyati tomonidan respublikaning iqtisodiy, xo‘jalik, madaniy-ma’naviy hayotiga oid biror-bir masala va muammoni mustaqil tarzda hal etishiga yo‘l qo‘ymadi. Aksincha, mahalliy kadrlar faoliyati muntazam kuzatilib, qat’iy nazorat ostiga olindi. O‘z yurti va xalqining milliy manfaatlarini himoya qilib chiqqan yurt fidoyilari og‘machilik va buzg‘unchilikda ayblanib, millatchi va aksilinqilobchi singari asossiz bo‘htonlar bilan ayblandilar. XX asr 20-yillarining ikkinchi yarmi va 30-yillar boshlarida O‘zbekiston SSRda «o‘n sakkizlar guruhi» (A.Hojiboyev, N.Qoriyev, I.Xidiraliyev, M.Saidjonov, A.Mukomilov, R.Rafiqov, B.Maqsumov, R.Rahimboboyev, I.Bozorboyev, 3.Hasanov, M.Karimjonov, M.O‘runxo‘jayev, R.Muzaffarov, U.Ashurov, O.Maqsumov, H.Eshonov, A.Zokiriy, N.Shirinov), «inog‘omovchilik» (R.Inog‘omov va boshq.), «qosimovchilik» (S.Qosimov, B.Sharipov va boshq.), «badriddinovchilik» (Sh.Badriddinov va boshq.), «milliy ittihodchilar» va «milliy istiqlolchilar» (Munavvar Qori Abdurashidxonov boshchiligidagi 87 kishi), «narkompros ishi» (Botu, Mannon Ramziy va boshq.), «botir gapchilar» (Ashurali Zohiriy boshchiligidagi 19 kishi) va hokazo kabi siyosiy ishlar to‘qilishi natijasida o‘zbek xalqining ko‘plab yetuk farzandlari qatag‘on qilindi. XX asrning 30-yillari boshida ulamolar, ruhoniylar va dindorlarni ta’qib qilish ham kuchaydi. Bu davrda partiya saflarini tez-tez tozalab turish siyosiy kampaniyaga aylandi. 1929 - 1930 yillarda o‘tkazilgan navbatdagi partiya saflarini «tozalash» kampaniyasi natijasida O‘zbekiston Kompartiyasi a’zolarining 25,6 foizi firqadan chiqarildi. Download 40.88 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling