Qavatlariga soniga qarab, bir, bir yarim va ikki qavatli avtobuslar farqlanadi. Aksariyat turistik firmalar bir yarim qavatli avtobuslar bilan ishlashni ma’qul ko‘radi, chunki yo‘lovchilar saloni poldan haydovchining kabinasiga nisbatan yuqorida joylashganligi tufayli oynadan atrof yaxshi ko‘rinadi. Ikki qavatli avtobuslarning pastki qavatlaridan qisqa ekskursiyalarda transport vositasining sig‘imini oshirish maqsadida yo‘lovchilar saloni sifatida yoki kichkina stol-stullar bilan jihozlangan bufet tarzida foydalanilishi mumkin.
Turistlarni tashiydigan avtobuslarning qulay va shinamligiga butun dunyoda katta talablar qo‘yiladi. Xalqaro yo‘nalishda qatnaydigan avtobuslarda konditsioner, audio- va videosistemalar, oshxona, garderob, biotualet bo‘lishi lozim. Aksariyat avtobuslarning salonlari individual yoritish lampochkalari, oyoq qo‘yish uchun maxsus joylar, kreslolar suyanchig‘ida yig‘iladigan stolchalar bilan jihozlanadi. Kreslolar qulay va yumshoq, orqaga tashlanadigan, qiyaligi rostlanadigan bo‘lishi lozim.
Avtomobil transport xalqaro uyushmasi huzuridagi Klassifikatsion komissiya tomonidan turli toifadagi turistik avtobuslarga qo‘yiladigan muayyan talablar ishlab chiqilgan. Avtobus toifasi uning klassi bilan belgilanadi va 1 tadan 5 tagacha yulduz bilan ifodalanadi. «1 yulduzli» avtobuslar toifasiga shahar bilan tanishtirish ekskursiyalari hamda mahalliy ekskursiyalar o‘tkazish uchun mo‘ljallangan xalqaro klassga mansub avtobuslar kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |