Oltin O‘rda, Jo‘ji ulusi – XIII asrning 40-yillari boshida Jo‘jixonning o‘g‘li Botuxon (1236–1255)
tomonidan asos solingan davlat.
Boshqaruv tizimi. Oltin O‘rdani Botuxon va uning avlodlari boshqargan. Muhim masalalarni hal etish uchun qurultoy chaqirilgan. Ijro hokimiyati boshlig‘i beklarbegi bo‘lib, devon ishlarini vazir boshqargan. U yetakchiligidagi devon soliqlar, moliya, savdo ishlariga mas’ul bo‘lgan. Rusda barcha knyazlar Oltin O‘rdadan boshqaruv yorlig‘i olgan. Vladimir knyazi Yaroslav ularning «ulug‘i» deb tan
olingan. Istilo qilingan hududlar tumanlarga bo‘lingan. Bo‘ysundirilgan hududlarda mo‘g‘ullar dastlab o‘zlarining an’anaviy boshqaruv tizimini joriy etgan. Egallangan dashtlar Botuning ukalariga berilib, ularning suyurg‘ol mulkiga aylangan. Suyurg‘ol egalari xon qo‘shiniga ma’lum belgilangan sondagi jangchilarni jo‘natishdan tashqari, unga aholidan to‘plangan soliqlarning bir qismini ham yuborgan.
XIV asrga kelib Oltin O‘rda ulus nomini olgan 4 ta yirik viloyatga bo‘linib ketadi. Bu viloyatlar ulusbegisi – qo‘shin boshlig‘i bo‘lishidan tashqari, o‘ziga tegishli hududdagi boshqaruvga oid barcha masalalarni ham hal etgan. Oltin O‘rda qo‘shinini beklarbegi boshqargan. U ko‘chmanchilar zodagonlari yetakchisi hisoblanib, ba’zida xondan ham ko‘proq mavqega erishgan. Oltin O‘rda xonligida davlat boshqaruvining taraqqiyoti amaldorlarning kuchayishiga olib kelgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |