8-ma’ruza: Zamonaviy tilshunoslik yo‘nalishlari


Download 23.49 Kb.
Sana04.02.2023
Hajmi23.49 Kb.
#1159985

8-ma’ruza: Zamonaviy tilshunoslik yo‘nalishlari

Til va madaniyat o‘rtasidagi determinizm, ya’ni o‘zaro bir-birini taqozo etish haqiqiy “o‘zarochilik”dir. Shu sababli turli mamlakatlar olimlari tomonidan til va madaniyat munosabati masalasi turli yo‘nalishlarda o‘rganilayotganligi tabiiydir. Bu muammo tilshunoslar (Y.Sorokin, V.Teliya, Y.Vereshagin, A.Vejbitskaya, V.Kostomarov, D.Olford, D.Xayms kabilar) bilan faylasuflarning (G.Brutyan, E.Markaryan va boshqalar), psixologlarning (L.Vigotskiy, A.Leontyev, V.Petrenko, P.Gulviste) e’tiborini tortib kelmoqda. Bu masala nutq madaniyatiga oid tadqiqotlarda muhim o‘rin egallaydi. (Y.Skvorsov, E.Begmatov, A.Mamatov, B.O‘rinboev va boshqalar). Keyingi yillarda tilshunoslikda lingvokulturologiyaning alohida tadqiqot yo‘nalishi sifatida shakl topishi (A.Krasnix, V.Maslova, D.Gudkov, D.Ashurova) bu masalaning dolzarblashishiga sabab bo‘lmoqda.


E.Sepir va B.Uorflar o‘z farazlarida til va madaniyat uyg‘unlashuvini ilgari surgan holda, til – madaniyat mahsuli va shu bilan birga madaniyatni shakllantiruvchi omil deb talqin etadilar. Zero, har qanday madaniyat tilda namoyon bo‘ladi, tilda o‘zining moddiy qobig‘ini topishi bilan birga, atrof-muhit ta’sirida taraqqiyot qilib, o‘zgarib boradi. Turli millatlar madaniyati bir-biridan dastlabki o‘rinda voqelikni moddiy va ma’naviy o‘zlashtirishdagi farqi jihatidan ajralib turadi.
Rossiyalik filolog Ter-Minasova tilni madaniyat saqlanadigan xazinaga qiyoslaydi. Uning ta’biricha, til madaniy qadriyatlarni o‘z tarkibidagi leksika, grammatika, idiomatikada, maqolalarda, xalq og‘zaki ijodida, badiiy va ilmiy adabiyotlarda, qolaversa, og‘zaki va yozma nutqda saqlab keladi. Agar tilning tuzilishi, ifodalanishi va uni egallash uslublari nuqtayi nazaridan kuzatilsa, unda ijtimoiy-madaniy (sotsiokultur) qatlam yoki madaniyatning komponenti tilning bir qismi yoki uning borlig‘ining asosi sifatida namoyon bo‘ladi.
Til – bu yirik ijtimoiy quroldir, u bir elat miqyosida ijtimoiy oqimlarni shakllantiradi, bir tilda so‘zlashadigan jamoaning madaniyati, an’analari, ijtimoiy ongini o‘zida saqlaydi va yetkazib beradi, bu orqali millatlarning paydo bo‘lishiga zamin yaratadi. Tilga bir millatning asosiy belgisi sifatida murojaat qilganda uni ikki tomondan kuzatish mumkin “ichkaridan” va “tashqaridan”. Uni “ichkaridan” bo‘ladigan jarayon sifatida kuzatganda, til elatlarning o‘zaro integratsiyalashuvidagi muhim faktorlaridan biri bo‘lib chiqadi. “Tashqaridan” qaraganda esa bir elatni boshqa elatlardan farqlovchi belgi sifatida ko‘rish mumkin.
Til va madaniyatni uyg‘unlikda o‘rganish masalasi dolzarbligi, tilshunoslikda yangi bir lingvistik oqim, ya’ni lingvomadaniyatshunoslik fanining paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Lingvokulturologiya bu tilshunoslik va kulturologiyaning o‘zaro to‘qnashuvi asosida paydo bo‘lgan murakkab ilmiy fan yo‘nalishidir. U madaniyat bilan tilning o‘zaro bog‘liqligi va ta’sirini, tilni madaniyatning fenomeni sifatida o‘rganadi.
“Dunyoning lisoniy tasviri” yuzasidan ko‘plab olimlar tomonidan bildirilgan turli xil qarashlar mavjud. Shunday qarashlardan biri rus tilshunosi V.V.Krasnixga tegishli bo‘lib, u “dunyoning lisoniy tasviri umumiy dunyo tasvirining eng chuqur qatlamlaridan biri bo‘lib, u leksika, grammatika yoki paremiologiyaga muhrlangan dunyo to‘g‘risidagi bilimlar yig‘indisi sifatida namoyon bo‘lishi mumkin” deb ta’riflaydi.
Ushbu masalaga oid yana bir nazariya “atrofdagi borliq”- “o‘sha borliqning inson miyasida o‘z aksini topishi” - “uning tilda aks etishi natijalarining fiksatsiyasi” triadasiga asoslangan bo‘lib, eng so‘nggisi, ya’ni tilda tashqi olamning aks etishi dunyoning lisoniy tasvirini ifodalaydi. Yana bir nuqtayi nazarga ko‘ra dunyoning lisoniy tasviri deyilganda ma’lum verbal belgilarga yordamida shakllangan tushuncha, konsept, insoniy bilimlar yig‘indisi tushuniladi.
Dunyoning lisoniy tasviri tushunchasi nafaqat dunyo tasviri, balki dunyoning konseptual tasviri tushunchasi bilan ham mos keladi. Til borliq konseptualizatsiyasi jarayonida muhim rol o‘ynaydi. Dunyoning lisoniy tasviri dunyoning konseptual tasvirini yuzaga chiqaradi. Y. Kubryakova ta’kidlaganidek, “dunyoning konseptual tasviri lison yordamida ro‘yobga chiqadi, uning ma’lum qismi inson psixikasiga boshqa tipdagi mental reprezentatsiyalar – obrazlar, sxemalar, tasvirlar orqali muhrlanadi”.
Dunyoning konseptual tasviri dunyoning lisoniy tasviridan kengroq va boyroq bo‘ladi; dunyoning lisoniy tasviri qobig‘i dunyoning konseptual tasviriga bo‘ysunuvchi qatlam sifatida tasvirlanib, konseptual tasvir til ta’sirining turli zonalarini o‘z ichiga qamrab oladi. Eng avvalo, bevosita tilning shakllanayotgan konsept va tushunchalarga bo‘lgan ta’sir zonasi ajratiladi. Bir tomondan, bilim va ma’lumotlar gapiruvchilarning verbal qayta ishlashidan o‘tadi va lisoniy shaklga aylanadi. Boshqa tomondan, yangi tushunchalarning paydo bo‘lishi o‘sha paytgacha mavjud bo‘lgan sxemalar yordamida sodir bo‘ladi, ya’ni tilda mavjud bo‘lgan konseptlarning bevosita ta’siriga asoslanadi. Shuning uchun ham konseptlar, ham tushunchalar ifodalanishning konvensional lisoniy shakliga ega. Mazkur zonada dunyoning konseptual tasviri dunyoning konseptual-lisoniy tasviri bilan to‘laligicha tutashadi. Lisoniy belgilarning ma’lum xususiyatlari umumlashmasi asosida shakllangan abstraksiyalar vosita bo‘lib xizmat qiluvchi boshqa bir lisoniy ta’sir zonasi ham mavjud.
Shu tariqa, dunyoning lisoniy tasviri ikki tilning dunyo konseptual tasviriga bevosita va bilvosita ta’sir qilish zonalari hisobiga shakllanadi. Dunyoning lisoniy va konseptual tasvirlari verbal bosqichda chambarchas bog‘lanadi.
Hozirgi zamon tilshunosligida, dunyoning konseptual va lisoniy tasviri tushunchalari bilan birgalikda “milliy dunyo tasviri” tushunchasi ham keng qo‘llanmoqda. Ma’lumki, dunyodagi barcha mamlakatlar o‘zining ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti, o‘tmishi, madaniy rivojlanishi va turmush tarzi jihatdan bir-biridan farq qiladi va o‘z milliy dunyo tasviriga ega bo‘ladi.
Milliy dunyo tasviri verballashuvida til katta rol o‘ynaydi. Zero, til – bu madaniyat vositachisi, uning tarqatuvchisidir. Til o‘zida saqlab keladigan milliy- madaniy boyliklarni avloddan avlodga yetkazadi. Ona tillarida gapirishni boshlayotgan go‘daklarda ona tili bilan birgalikda ajdodlaridan qolgan umumiy madaniy tajriba ham singib boradi. Til – amaliy, haqiqiy ongdir, til ong singari boshqa kishilar bilan muomala qilish ehtiyoji muomala qilish zarurligi tufayli paydo bo‘ladi. Til kishilarning bir-biri bilan aloqa qilish vositasi va fikrning bevosita ifodasidir. Fikr ayirboshlash esa faqat til yordamida amalga oshirilishi mumkin. Til tafakkurning borliq shakli, taffakkur esa tilning mazmunidir. Insonda ongning shakllanib, tilning paydo bo‘lishi madaniyatning ilk qadamidir. Tilning shakllanib, o‘sib borishi bevosita inson ma’naviy qiyofasining rivojlanishiga o‘z tasirini ko‘rsatadi. Til bevosita xalqlar o‘rtasida madaniy, ma’naviy aloqalarning o‘sib borishiga yordam beradi. Til yillar, asrlar davomida jamiyatda ro‘y bergan voqea-hodisalarni o‘zida aks ettiradi. Ajdodlardan avlodlarga ma’lumot to‘plab, yig‘ib, saqlab yetkazadi.
Til kishilar o‘rtasidagi aloqaning eng muhim vositasi, fikrni boshqalarga yetkazuvchi quroldir. Til milliy madaniyatning oynasi, uni saqlovchi xazina ham. Har bir xalq yashayotgan joyining tabiati, u xalqning iqtisodiy tuzumi, og‘zaki ijodiyoti, badiiy adabiyoti, san’ati, fani, urf-odatini o‘zida aks ettirib, to‘plab, avloddan avlodga yetkazib berish tilning milliy-madaniy belgisidir. Til madaniyat ko‘zgusidir. Unda nafaqat insoniyat atrofidagi borliq, mavjud dunyo, yashash shart-sharoiti o‘z aksini topadi, balki xalqlarning o‘z-o‘zini anglashi, mentaliteti, milliy xarakteri, yashash tarzi. an’analari, urf-odatlari, ma’naviyati, qadriyatlari, dunyoni anglashi, dunyoqarashi namoyon bo‘ladi.
Har bir millatning o‘ziga xos turmush tarzi, yashash muhiti, fikr va mulohazalarni qabul qilib idrok etishi uning tilida ham namoyon bo‘ladi. Har bir xalq yashayotgan joyining tabiati, u xalqning iqtisodiy tuzumi, og‘zaki ijodiyoti, badiiy adabiyoti, san’ati, fani, urf-odatini o‘zida aks ettirib, to‘plab, avloddan avlodga yetkazib berish tilning milliy-madaniy belgisidir. Milliy-madaniy xususiyatlar tilning hamma qatlamlarida: leksikasida ham, grammatikasida ham, hatto fonetikasida ham mavjud. Biroq milliy-madaniy belgilar tilning harakatdagi birliklarida juda aniq namoyon bo‘ladi. Bunday til birliklari so‘zlar, frazemalar va paremalardir yoki maqollardir.
Umuman, tilshunoslikning antroposentrik paradigma doirasida shakllangan yangi yo’nalishlari lingvokulturologiya, pragmalingvistika, kognitiv tilshunoslik, psixolingvistika, sotsiolingvistika, mentalingvistika va b. til qonuniyatlarini inkishof etishda faol rivojlanmoqda. Buning natijasida 1. Dinаmik lingvistikа. 2. Stаtik lingvistikа. 3. Аtоmistik lingvistikа. 4. Strukturаl lingvistikа. 5. Sinхrоn lingvistikа. 6. Diахrоn lingvistikа. 7. Intrаlingvistikа. 8. Ekstrаlingvistikа. 9. Mаkrоlingvistikа. 10. Mikrоlingvistikа. 11. Pаrаlingvistikа. 12. Psiхоlingvistikа. 13. Sоstiоlingvistikа. 14. Etnоlingvistikа. 15. Mаtеmаtik lingvistikа. 16. Nеyrоlingvistikа. 17. Kоmpyutеr lingvistikаsi. 18. Kоgnitiv lingvistikа kabi yangi tarmoqlar shakllanmoqda.
Download 23.49 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling