8-mavzu. Estetika nazariyasi Reja: 1
Download 80.28 Kb.
|
8-mavzu
Komiklik va kulgililik. Kulgililikdan komiklik tushunchasi ancha tor. Har qanday kulguli narsa komik bo‘lavermaydi. Komik voqea deganimizda ijtimoiy va estetik ahamiyatga ega bo‘lgan hodisani anglaymiz. Kulgili yoki eng sodda komik voqea latifa mavzui bo‘lib xizmat qilishi mumkin va undan hajviy o‘xshatma (parodiya), hazil (sharj) kabi san’at ko‘rinishlari o‘rin olgan.
Komediya – eng oddiy kulgi bilan emas, balki komik matn bilan bog‘liq bo‘ladi. Gogol: «Komediya uchun qiyshiq burun emas, qiyshiq jon kerak». Komediyaning asosini komik to‘qnashuvlar, komik tabiat ramziy qiyofalar, «fosh» etilishi zarur bo‘lgan komik vaziyat tashkil etadi. Komediya – salbiy xislatli odamlarni aks etuvchi asar ma’nosini anglatadi. Ammo bu adabiy janr kishilarning o‘ta buzuqligini emas, balki kulgililik jihatlarinigina qamrab oladi. Kulgi dunyodagi g‘ayritabiiy-hodisalarni qoralabgina qolmay, balki ularni yaxshilashni ham ko‘zga tutadi. Komediya eng avvalo, o‘z-o‘zini tanqid qilishning maxsus shakli sifatida amal qiladi. Komediya o‘zining ijtimoiy vazifasini o‘ta soddalashtirib, u yomon xulq, yomon odam, yomon hodisalarni to‘g‘ridan – to‘g‘ri, bevosita tuzatishga, yaxshilashga olib keladi. Komediyaning bosh vazifasi – odamlar axloq-odobini sahnadan turib to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bevosita miyasiga joylashtirib, tuzatishdan emas, balki insonning hayotdagi kulgililikni ilg‘ab olishdagi qobiliyatini mashq qildirib turishda, ya’ni odamlarda hazil tuyg‘usi kabi qimmatbaho fazilatni rivojlantirishdir. Shu tariqa komediya odamlarni yaramas va xunuk hodisalarni kulgili tomonlarini ko‘ra olishga, ularni anglash, fosh qilish, qoralashga o‘rgatadi. Komediyadagi kulgi esa yaramas va xunuk hodisalarning bo‘sh eri, zaif tomonini tanqid qiladi. Kulgining badiiy shakllari orasida masxara (satira) alohida ahamiyatga ega. Umumiy estetik ma’noda masxara voqelikni badiiy tasvirlash turi bo‘lib, hayotning salbiy hodisalar, yuksak insoniy orzularga zid ekanligini bo‘rttirib ko‘rsatadi. Satira san’atning har xil turlari va ko‘rinishlarida namoyon bo‘ladi: unga lirika ham, epos ham, drama ham yot emas. Komediya san’atiga xos tanqidiy yo‘nalish masxarada to‘laqonli aks etadi. Satiradagi fosh etuvchi kulgi qahr - g‘azabdan ajralmagan holda namoyon bo‘ladi. Satirada zardali hazil, achchiq kinoya, hazil mutoyibadan foydalaniladi. Tabiat haqida gap ketganda, “tabiatni asrash”, hatto “tabiatni qutqarish” degan so’zlarni tez-tez eshitamiz. Xo’sh, tabiatni kimdan asrash va qutqarish kerak? Odamdan, jamiyatdan. Demak, odam, markschilar ta’riflaganidek, tabiatning bir qismi emas, uni odam bir-birini bo’ysundirganidek bo’ysundirishi, “olamni o’zgartirishi” mumkin emas. Aks holda oxir-oqibat insoniyat, hayvonot va nabotot dunyosi halokatga mahkum etilishi muqarrar. Keyingi bir asr mobaynida inson tafakkurining qudrati, fan-texnika taraqqiyoti jahonning deyarli barcha stivilizastiyalashgan mamlakatlarida landshaftning (er yuzi manzarasining) o’zgarishiga, buzilishiga olib keldi. Masalan, birgina suv omborlarini olib ko’raylik. Hozirgi paytda minglab kvadrat kilometr takrorlanmas landshaft suv ostida qolib ketdi. Vaholanki, landshaft hayvonlar, qushlar, o’simliklar, suv, tuproq kabi qit’aviy xazinalarning uyg`unligidir. Biz esa tabiatga bo’lgan xudbinlarcha munosabatimiz, unga qornimizni to’ydiradigan, hayotimizni farovon qiladigan vosita deb qarashimiz tufayli ana shu uyg`unlikni muntazam ravishda buzib kelmoqdamiz. Biz tabiatni nutqlarimizda, she’rlarimizda, maqolalarimizda “Ona-tabiat” deb ataymiz. Darhaqiqat, tobimiz qochsa, shifokorlar bizga bahavo, shaffof suvli tabiat qo’ynida joylashgan oromgohlarga borishni, kimsasiz daryo bo’ylaridagi butazorlar orasida chodir qurib, bir muddat tashvishlardan forig` yashashni tavsiya etadilar. Shahar shovqinlaridan, mehnatdan, axborotlar siquvidan charchaganimizda, jamoa bilan yoki oilaviy tarzda tabiat qo’yniga chiqib dam olamiz. Toliqsak, doim “onamiz” qo’yniga intilamiz, ona-tabiat bizni davolaydi, go’zalligi bilan hayratlantiradi, ruhlantiradi. Lekin bir-ikki kundan so’ng yana hammasini unutamiz, tag`in tabiatga bir xizmatkordek qaraymiz. Nega shunday? Chunki biz uni tushunmaymiz, uni bilmaymiz. Shu sababli biror bir odamning yaxshi yoki yomonligiga asl sabablar nimaligini, uning mohiyatini bilmaganimiz, tushunmaganimiz uchun “falonchining tabiati o’zi shunaqa”, yoki muayyan hayvon yoxud o’simlikning sir-sanoatidan bexabarligimiz tufayli uni “tabiatan o’zi shunday” deyish bilan muammoga nuqta qo’yamiz. Zero tabiat olamiy kubromi (katta olammi), olami sug`romi (kichik olammi), ya’ni odammi, u – sirli, uni lozim darajada tushunmaymiz va bilmaymiz. Har qancha ekologiyaga e’tibor qilmaylik, uni fan sifatida zo’r berib o’qitmaylik, baribir tabiatni tushunishimiz qiyin, zotan ekologiya tabiatni asrashni, qutqarishni, boyitishni targ`ib qiladi. Biroq ularning hammasiga faqat estetika yordamida, uning ekologiya bilan hamkorligida erishish mumkin. Chunki estetika insonga tabiatni sevishni, uning go’zalligiga beg`araz munosabatda bo’lishni o’rgatadi, ya’ni tabiatni faqat odamlar uchun yaratilgan deb emas, uni jamiyatdan tashqaridagi umumolamiy mustaqil qadriyat sifatida idrok etishni taqozo qiladi. Ha, tabiat go’zallik va ulug`vorlik manbai, lekin faqat inson uchungina shunday emas. Masalan, bulbul tunda, odamlar uxlaganda sayraydi, namozshomgul va ba’zi boshqa gullar faqat qorong`u tushayotgan paytdan boshlab ochiladi. Demak, hayvonlarni, o’tloqlarni, daraxtlarni, daryolarni, tog`larni faqat “biz uchun” deb emas, “biz uchun ham” deb tushunishimiz lozim. Buyuk faylasufi I. Kant tabiatni axloqiylik bilan bog`laydi: “Kimniki bevosita tabiat go’zalligi qiziqtirsa, bu uning fikrlash tarzida, yo’q deganda, axloqiylikka, ezgulikka qobiliyat mavjudligidan dalolat beradi”, – deydi u.1 Ammo H. Hegelning, tabiatda ideal yo’q, shu sababli u ikkinchi darajali go’zallik turi, degan fikri estetikada hukmronlik qilib keldi, ayniqsa, bu fikr tabiatni “bo’ysundirishni” targ`ib qilgan markschilikning tegirmoniga suv quydi. Natijada uzoq yillar mobaynida tabiat estetikasiga e’tibor qaratilmadi. Biz me’moriy obidalarni asrash, tiklash haqida qayg`urdik, ularni estetik qadriyatlar deb e’lon qildik, lekin landshaft estetikasini chetga chiqarib qo’ydik. Hozirgi kunda shu narsa aniq bo’ldiki, tabiatni eng ulug` va mangu estetik qadriyat deb bilmaslik borib turgan estetik savodsizlikdir. Aniqrog`i, bugun tabiatsiz estetikani tasavvur qilish mumkin emas. Buning sababi, birinchidan, tabiatni nosan’at estetik ob’ekt sifatida to’g`ridan-to’g`ri idrok eta olsak (bunga keyinroq bafurja to’xtalamiz), ikkinchidan, u san’at uchun insondan keyin eng boy material, manba; san’at vositasida in’ikos ettirilgan tabiat estetik qadriyat sifatida ma’naviyatimizni boyitib yashaydi. San’atda aks etgan tabiat o’zining g`oyaviy-badiiyligi, abadiylikning o’chmas lahzasi takrorlanmas go’zallik yoki ulug`vorlik, ba’zan esa fojeaviylik sifatida bizni doimiy rom etishi bilan ajralib turadi. Nosan’at estetik ob’ekt sifatida esa tabiat faqat go’zallik va ulug`vorlikni ifodalaydi, g`oyaviy-badiiy urg`uga ega emas, hissiyotlarimizga san’atdagidek kuchli ta’sir ko’rsatolmaydi, ammo san’atda landshaftning butun go’zalligini aks ettirish imkoni yo’q. Masalan, o’tloqdagi giyohlar ranginligining o’rnini hech bir rassom bo’yog`i bosa olmaydi, ranglarning barchasini aks ettiraman desa, rassomning rangtasviri bir-biri bilan nouyg`un olachalpoq ranglar yig`indisidan iborat bo’lib qoladi, san’at asariga aylanmaydi. Rassom bizga faqat o’tloqning bir parchasini, o’zi “tanlab olgan” qisminigina, “tanlangan” ranglarnigina ko’rsatishi mumkin. Yoki musiqa san’atiga aylangan tabiatni, deylik, Sayfi Jalilning dutorda ijro etilgan “To’rg`ay” kuyini bir-ikki, boringki, o’n-o’n besh marta eshitsangiz, huzur qilasiz, estetik zavq olasiz, biroq uni har kuni tinglasangiz, u kuy qanchalik buyuk san’at asari bo’lmasin, joningizga tegadi. Jonli to’rg`ayning sayraganini esa, yillar davomida har kuni eshitsangiz ham, har gal zavq olasiz. Shu sababli estetikada tabiatni ham nosan’at, ham san’atga aylangan estetik ob’ekt sifatida ikki yoqlama ilmiy yondashuv orqali o’rganish maqsadga muvofiq. San’atga aylangan estetik ob’ekt sifatida tabiat deyarli barcha san’at turlarida va janrlarida o’z aksini topadi. Boshqacharoq aytganda, tabiatni “o’rganish”, “tushunish” barcha san’at turlariga xos. Masalan, badiiy adabiyotda hikoyadan – romangacha, she’rdan – dostongacha tabiat manzarasi tasvirlanmaydigan biror janrni topish mumkin emas. O’rik daraxtining to’rt fasldagi holati, ko’klamdagi gullagan, yozda barg yozib, meva qilgan, kuzdagi oltin rangiga kirgan, qishda yalang`och, shoxlari nayzaga o’xshagan ko’rinishlari badiiy adabiyotda ham, rassomlikda ham o’z ifodasini topgan. O’zbek xalq kuyi “Cho’li iroq”da fojeaviylikni, Betxovenning “Oydin sonati”sida inson qalbi evrilishlarining, xayolga cho’mgan quvonchning ifodasini ilg`aymiz. Me’morlikda yaproqlarning peshtoqlardagi xandasaviy jilvasi, haykaltaroshlikdagi go’zal kiyikning tasviri deysizmi, xullas, tabiat barcha san’at turlarida badiiy asarni go’zallashtirib, ulug`vorlashtirib turuvchi omil bo’lib xizmat qiladi. Xulosa qilib shuni aytish lozimki, tabiat estetikasini “ekologik estetika” doirasiga tiqib qo’yish mumkin emas, uni texnika yoki mehnat estetikasidan keyin turadi, degan gaplar asossiz. U bugungi kunda san’atdan keyingi eng qamrovli tadqiqot ob’ektiga ega bo’lgan, muhimlardan muhimroq estetik nazariya turidir, uning “hurmatini joyiga qo’yish” vaqti allaqachon kelgan. Download 80.28 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling