2-§. Hakamlik muhokamasi taraflari
Hakamlik muhokamasi deganda nizoni hakamlik sudida hal etish jarayoni tushuniladi.
Hakamlik muhokamasi taraflari deganda, o‘z huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun hakamlik sudiga da’vo taqdim etgan yuridik va jismoniy shaxslar (da’vogarlar), shuningdek o‘ziga nisbatan da’vo taqdim etilgan shaxslar (javobgarlar) tushuniladi.
Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari hakamlik bitimi taraflari bo‘lishi mumkin emas.
3-§. Nizolar hal etilayotganda va hal qiluv qarorlari qabul qilinayotganda hakamlik sudi tomonidan qo‘llaniladigan normalar
O‘zbekiston Respublikasi “Hakamlik sudlari to‘g‘risida”gi Qonunining 10-moddasiga asosan hakamlik sudlari nizolarni O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga asosan hal qilishi belgilangan. Hakamlik sudlarining fuqarolik huquqiy munosabatlardan, shuningdek tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida vujudga keladigan iqtisodiy nizolarini hal qilish vakolatiga ega ekanligidan kelib chiqqan holda, ushbu sohani tartibga soluvchi qonun hujjatlarini qo‘llagan holda nizoni hal qilishi to‘g‘risida xulosaga kelishimiz mumkin.
Bundan tashqari, nizolarni hal etishda shartnoma shartlari va ish muomalasi odatlari ham muhim ahamiyatga ega. Shartnoma shartlari Fuqarolik kodeksining 359-moddasiga asosan tegishli turdagi shartnomalar uchun ishlab chiqilgan namunaviy shartlardan, agar namunaviy shartlarga havola qilinmagan hollarda bunday namunaviy shartlar taraflarning munosabatlariga ish muomalasi odatlari sifatida qo‘llanilishi mumkin.
Shuningdek, hakamlik sudi shartnoma shartlari mazmunini Fuqarolik kodeksining 363-moddasi talablariga rioya qilgan holda aniqlaydi:
Shartnoma shartlarini sharhlashda sud tomonidan undagi so‘z va iboralarning asl ma’nosi inobatga olinadi. Shartnoma shartining asl ma’nosi uning aniq emasligi holatida boshqa shartlar bilan taqqoslash orqali va shartnomaning umumiy ma’nosi orqali o‘rnatiladi.
Shartnoma maqsadiga asosan, taraflarning haqiqiy erki aniqlanishi lozim. Bunda barcha tegishli holatlar inobatga olinadi, shu jumladan shartnomadan oldin bo‘lgan muzokaralar va xat yozishmalar, taraflar o‘zaro munosabatlarida bo‘lib o‘tgan tajriba, ish muomalasi odatlari, taraflarning keyingi o‘zini tutishlari ham.
Agar hakamlik bitimi taraflarining munosabatlari qonun hujjatlari yoki hakamlik bitimi taraflarining kelishuvi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri tartibga solinmagan bo‘lsa va bu munosabatlarga nisbatan qo‘llaniladigan ish muomalasi odati mavjud bo‘lmasa, hakamlik sudi shunga o‘xshash munosabatlarni tartibga soluvchi qonun hujjatlari normalarini qo‘llaydi (qonun o‘xshashligi), mazkur hollarda qonun o‘xshashligidan foydalanish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda esa hakamlik bitimi taraflarining huquq va majburiyatlari qonun hujjatlarining mazmunidan (huquq o‘xshashligi) hamda halollik, oqillik va adolat talablaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |