8-mavzu. Mustaqillik yillarida O‘zbekistondagi madaniy va ma’naviy taraqqiyot. Ta’lim sohasida amalga oshirilgan islohotlar


Download 156.5 Kb.
bet1/3
Sana28.12.2022
Hajmi156.5 Kb.
#1015506
  1   2   3
Bog'liq
3-savol javobi

8-mavzu. Mustaqillik yillarida O‘zbekistondagi madaniy va ma’naviy taraqqiyot. Ta’lim sohasida amalga oshirilgan islohotlar


Reja;

  1. Ma’naviy-ma’rifiy islohotlar – jamiyat taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishi sifatida.

  2. Diniy va milliy qadriyatlarning tiklanishi.

  3. Ta’lim rivojining o‘ziga xos xususiyatlari.

1-masala. Jamiyat ma’naviyati mamlakat barqarorligi va taraqqiyotining muhim sharti va kafolatidir. Biron-bir mamlakat o‘z ma’naviy imkoniyatlarini, odamlar ongida ma’naviy va axloqiy qadriyatlarni rivojlantirmay, xalqning milliy ruhini uyg‘otmay va mustahkamlamay turib yuksak taraqqiyot darajasiga ko‘tarila olmaydi. Shuning uchun ham jamiyat ma’naviyatini yuksaltirish O‘zbekiston taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishi deb belgilandi.
Tarixdan ma’lumki, mamlakatimiz bir necha bor ajnabiy bosqinchilar hujumiga duchor bo‘lgan, qaramlik va zulm ostida qolgan. Buning oqibatida xalqimizning boy ma’naviy merosi, urf-odatlari qadrsizlanishga mahkum bo‘lgan. Ayniqsa, Rossiya mustamlakachiligi va sovetlar tuzumi davrida milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz oyoq osti qilindi. Ona tilimiz, boy ma’naviy merosimiz qadrsizlantirildi, ko‘plab masjidu-madrasalar, milliy maktablar, tarixiy yodgorliklar buzildi, qarovsiz qoldi. O‘zbekiston davlat mustaqilligini qo‘lga kiritgan kundan boshlaboq mamlakatimizda boy ma’naviy merosimizni tiklash va rivojlantirish, jamiyat ma’naviyatini yuksaltirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Jamiyat ma’naviyatini tiklash va yuksaltirishni ta’minlovchi ma’naviy-ma’rifiy islohotlarning yo‘nalishlari belgilab olindi.
Mustaqillik yillarida boy ma’naviy merosimizni tiklash tadbirlari amalga oshirildi. Milliy madaniyatimizga, jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga buyuk hissa qo‘shgan bobolarimiz - Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband, Xo‘ja Ahmad YAssaviy, Al-Xorazmiy, Al-Farg‘oniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa ko‘plab ajdodlarimizning milliy va ma’naviy merosi xalqimizga qaytarildi, tavallud topgan kunlari butun mamlakat bo‘yicha nishonlandi, ruhlari shod etildi, asarlari nashr etildi. Ularning ma’naviy merosi bugungi kunda xalqimizga yangi jamiyat qurishda ma’naviy kuch-qudrat bag‘ishlamoqda, jamiyatimizni ma’naviy yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Jamiyat ma’naviyatini yuksaltirishda tarixiy xotira, ajdodlar tarixini bilish, milliy axloqiy qadriyat hamda an’analar va muqaddas dinimizning o‘rni va ahamiyati katta. Biron-bir xalq o‘z tarixini bilmay, asrlar osha yaratilgan ma’naviy merosga tayanmay va uni yanada rivojlantirmay turib o‘z kelajagini tasavvur eta olmaydi. Shu bois mustabid tuzum davrida soxtalashtirilgan xalqimiz tarixini xolisona, haqqoniy yoritish, barcha o‘quv maskanlarida Vatan tarixini o‘qitish borasida muhim tadbirlar amalga oshirildi.
O‘zbek xalqi va o‘zbek davlatchiligi tarixini, tariximizning boshqa sahifalarini xolisona ilmiy asosda yoritish vazifalari birinchi Prezident I.A.Karimovning bir guruh tarixchilar bilan 1998-yil iyun oyida bo‘lgan suhbatida, Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 27-iyulda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tarix instituti faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarorida belgilab berildi.
Mustaqillik yillarida Vatanimiz tarixini yoritish va o‘rganish masalalari partiyaviylik, sinfiylik yondashuvlaridan, hukmron kommunistik mafkura ta’siridan xalos etildi. Necha 10 yillar davomida buzib ko‘rsatilgan yoki so‘z yuritilmay kelgan tarixiy voqealarni xolislik, tarixiylik, haqqoniylik tamoyillari asosida yoritilgan qator ilmiy asarlar, darsliklar va o‘quv adabiyotlari yaratildi.
Prezident Farmoni bilan 1996-yil Amir Temur yili deb e’lon qilindi. Amir Temur tavalludining 660-yilligini nishonlashga bag‘ishlangan tadbirlar O‘zbekistonda, dunyoning 50 dan ortiq mamlakatlarida o‘tkazildi. YUNESKO qarori bilan Sohibqiron yubileyi jahon miqyosida nishonlandi. Parijda Amir Temurga bag‘ishlangan madaniyat haftaligi, «Temuriylar davrida fan, madaniyat va maorifning gullab yashnashi» mavzuida xalqaro konferensiya va ko‘rgazmalar bo‘lib o‘tdi. Toshkent shahrida Amir Temurga haykal qo‘yildi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi tashkil etildi, uning nomi bilan bog‘liq tarixiy yodgorliklar ta’mirlandi.
Istiqlol yillarida xalqimizning o‘tmishiga, boy tarixiy merosiga, ma’naviy qadriyat va an’analariga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgardi. Milliy madaniyatimizga, jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan bobokalonlarimizning ma’naviy merosi xalqimizga qaytarildi, tavallud topgan kunlari mamlakat va xalqaro miqyosda keng nishonlanmoqda. Jumladan:
1991 yil ― Alisher Navoiy tavalludining 550 yilligi;
1993 yil ― Bahouddin Naqshbandiyning 675 yilligi;
1993 yil ― Najmiddin Kubro tavalludining 850 yilligi;
1994 yil ― Mirzo Ulug‘bek tavalludining 600 yilligi;
1995 yil ― Mahmud az ― Zamaxshariyning 920 yilligi;
1996 yil ― Amir Temur tavalludining 660 yilligi;
1998 yil ― Imom Buxoriy tavalludining 1225 yilligi;
1998 yil ― Ahmad al-Farg‘oniy tavalludining 1200 yilligi;
1999 yil ― Jaloliddin Manguberdining 800 yilligi;
2000 yil ― Burhoniddin Marg‘inoniyning 910 yilligi;
2000 yil ― Imom Moturidiy tavalludining 1130 yilligi;
2000 yil ― Kamoliddin Behzod tavalludining 545 yilligi;
2003 yil ― Abduxoliq G‘ijduvoniyning 900 yilligi;
2004 yil ― Xoja Ahror Valiyning 600 yilligi zo‘r tantana bilan nishonlanganligi fikrimizning dalilidir.
Uzoq va boy tarixning hamda madaniyatimiz, shuningdek, ma’naviyatimizning ildizi qadimga borib taqalishiga guvohlik beruvchi Xiva va Buxoro shaharlarining 2500 yillik to‘ylarining o‘tkazilishi jahon madaniyati tarixining ibtidosi sifatida ham e’tirof etilgan edi. 1999 yilda “Alpomish” eposining 1000 yilligi, 2001 yilda “Avesto” yaratilganining 2700 yilligi, 2002 yilda Termiz shahrining 2500 yilligi, 2002 yilda Shahrisabz shahrining 2700 yilligi, 2006 yilda Qarshi (Nasaf) shahrining 2700 yilligi, 2006 yilda Xorazm Ma’mun akademiyasining 1000 yilligi, 2007 yilda Samarqand shahrining 2750 yilligi, 2007 yili Marg‘ilon shahrining 2000 yilligi, 2009 yilda Toshkent shahrining 2200 yilligi nishonlanishi Vatanimizning ma’naviyat sohasida bardamligi va shaharsozlik madaniyati ham baquvvatligini ko‘rsatuvchi dalil bo‘ldi.
Vatanimiz ozodligi yo‘lida shahid ketgan Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat, Usmon Nosir va boshqa xalq jigarbandlarining nomi, izzat-ikromi, hurmati o‘z joyiga qo‘yildi, asarlari chop etildi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan Toshkentda mustamlakichilik davri qurbonlari xotirasini abadiylashtirish maqsadida «Shahidlar xotirasi» yodgorlik majmui, «Qatag‘on qurbonlari xotirasi» muzeyi, fashizmga qarshi janglarda jon fido etgan xalqimizning farzandlari xotirasini abadiylashtirish maqsadida «Xotira-maydoni» majmuasi barpo etildi. Bu tadbirlar xalqimizda milliy ongni yuksaltirishga, tarixiy xotirani tiklanishiga, yoshlarni milliy istiqlol g‘oyalari ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
2-masala. Madaniy taraqqiyot inson ma’naviy kamolotining asosiy ko‘rsatkichi hisoblanib, mamlakat ravnaqi har bir fuqaroning ongliligi, ularning madaniy-tarixiy boyliklarini yaratish, saqlash va rivojlantirish jarayonlariga bo‘lgan munosabatlariga har tomonlama bog‘liqdir. Davlatimiz rahbari SH.M.Mirziyoev «Har bir suveren davlat o‘zining betakror tarixi va madaniyatiga egadir. Bu tarix, bu madaniyatning haqiqiy ijodkori, yaratuvchisi esa xaqli ravishda shu mamlakat xalqi hisoblanadi»1. Ta’kidlash joizki, madaniy-tarixiy taraqqiyot nihoyatda murakkab hisoblanib, uning ichki mohiyatini ham moddiy, ham ma’naviy madaniyatlar tashkil etadi. Ularning o‘zaro aloqasi hamda mavjudlik shakllarini anglab etish uchun madaniy taraqqiyotning o‘ziga xos xususiyatlari, qonuniyatlari, rivojlanish bosqichlari va o‘lchovlarini aniqlash, shuningdek madaniy hodisalarning o‘zaro aloqasi, madaniyatning ijtimoiy taraqqiyotdagi vazifalari, o‘rni va roli, madaniyat va sivilizatsiya tushunchalari to‘g‘risida muayyan bilimga ega bo‘lish talab etiladi. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.A.Karimovning «Biz xalqni nomi bilan emas, balki madaniyati, ma’naviyati orqali bilamiz, tarixining tag-tomirigacha nazar tashlaymiz», – degan fikrlarida juda katta mantiq va ma’no bor. Biroq, sovet mustabid tuzumi sharoitida o‘zbek milliy madaniyati haddan ortiq darajada zarar ko‘rdi. Barcha mustamlakachilar kabi kommunistik mafkura maddohlari ham o‘zbek xalqini qul qilish uchun, eng avvalo, xalqimizning milliy madaniyatini yo‘q qilishga zo‘r berdilar! Taniqli olim A.Mavrulov shunday ta’kidlagan edi: «o‘zbek xalqi katta yo‘qotishlarga qaramasdan, o‘zligini, o‘z milliy madaniyatini muayyan darajada saqlab qola bildi. Bunga uzoq va yaqin tarix guvoh. Endigi vazifa ma’naviy hayotdagi barcha yo‘qotishlarning o‘rnini qoplashdan iboratdir. O‘zbek xalqi ana shu yo‘ldan bordi, o‘z milliy tarixiy, madaniy merosiga sodiqligini ko‘rsata oldi. Bu esa mustamlakachiliklar davrida yo‘qotilgan, toptalgan madaniy merosni tiklash, o‘zligini anglashga bo‘lgan rag‘batni uyg‘otdi»1.
Mustaqillik sharofati bilan diniy qadriyatlar, diniy e’tiqod qayta tiklandi. Ramozon hayiti, Qurbon hayiti, qadimiy xalq bayrami Navro‘z qayta tiklandi, bu kunlar Prezident Farmoni bilan dam olish, bayram kuni bo‘lib qoldi. Musulmonlar O‘zbekiston xalqi tarixida birinchi-marta bevosita hukumat homiyligida har yili Haj va Umra amallarini ado etish imkoniyatlariga ega bo‘ldilar. Prezident Farmoni bilan tuzilgan «Ma’naviyat va ma’rifat» jamoatchilik markazi (1994 yil 23 aprel PF-842-son)2, «Oltin meros» xalqaro xayriya jamg‘armasi (Vazirlar Mahkamasining 27.09.1996 yil 338-sonli Qarori)3 jamiyatning ma’naviy-ma’rifiy ravnaqi yo‘lida xizmat qilmoqda.
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda jamiyat hayotining ma’naviy-ma’rifiy asoslarini mustahkamlash, milliy istiqlol g‘oyasining asosiy tushuncha va tamoyillarini hayotga joriy etish, yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yosh avlod qalbida Vatanimiz taqdiri va kelajagi uchun daxldorlik va mas’uliyat hissini oshirish, yot g‘oyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirishga yo‘naltirilgan targ‘ibot tizimi shakllandi. Bu jarayonda Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi, uning joylardagi tuzilmalari hamda Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilganini qayd etish lozim.
Bugungi kunda dunyoda globallashuv jarayonlari kuchayib, tinchlik va barqarorlikka qarshi yangi tahdid va xatarlar tobora ko‘payib bormoqda. Bunday murakkab va tahlikali vaziyat sohada amalga oshirilgan ishlarni tanqidiy baholab, uning faoliyatini zamon talablari asosida takomillashtirishni taqozo etmoqda.
Xususan, oila, mahalla va ta’lim muassasalarida yoshlar tarbiyasi, chekka hududlar va mahallalarda uyushmagan yoshlar bilan maqsadli g‘oyaviy-tarbiyaviy ishlarning yuzaki tarzda olib borilayotgani, jinoyatchilik, diniy ekstremizm va terroristik harakatlarga adashib qo‘shilib qolish, milliy qadriyatlarga e’tiborsizlik, erta turmush qurish, oilaviy ajralishlar kabi salbiy holatlarning oldini olishga qaratilgan targ‘ibot ishlarining aksariyat hollarda kutilgan natijani bermayotgani bu masalalarga jiddiy e’tiborni talab etmoqda.
Mamlakatimizda qabul qilingan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida eng avvalo, davlat boshqaruvi organlarining quyi bo‘g‘inlari faoliyatini tubdan yaxshilash, ularning xalq bilan muloqot qilishini ta’minlash, bu borada samarali ijtimoiy hamkorlik mexanizmini mustahkamlash ustuvor vazifa sifatida belgilab qo‘yilgan.
Ana shu maqsad va vazifalardan kelib chiqqan holda, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarining mazmun-mundarijasini tubdan yaxshilash, ularning ko‘lami va miqyosini kengaytirish, tizimda faoliyat ko‘rsatayotgan soha xodimlarining bilim va malakasini izchil oshirib borish, tuman (shahar) darajasidagi xodimlar mehnatiga haq to‘lashning barqaror tizimini yo‘lga qo‘yish, sohada faoliyat olib borayotgan muassasa va tashkilotlar ishini muvofiqlashtirish va ularning samarasini oshirish maqsadida: Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi hamda Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazini birlashtirish yo‘li bilan ularning negizida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 28 iyul №PQ-3160-sonli Qarori bilan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazini qayta tashkil etildi1.
Bugungi kunda respublikada 7476 ta moddiy madaniy meros ob’ekti mavjud. SHundan, 7123 tasi davlat mulki, 353 tasi xususiy mulk hisoblanadi. Jumladan, 4308 ta arxeologiya, 2079 ta arxitektura ob’ekti, 694 ta mahobatli san’at asari, 395 ta diqqatga sazovor joy bor. Milliy fondlarimizda esa 2,5 milliondan ziyod muzey ashyolari, 100 mingdan ortiq yozma asarlar saqlanadi.
Madaniyat vazirligi huzurida ushbu noyob merosimizni asrab-avaylab, kelajak avlodga bekamu ko‘st etkazish, ularni ilmiy tadqiq qilish, saqlash uchun mas’ul muassasa — Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarma mavjud bo‘lgan bo‘lsa-da, uning ayni paytdagi faoliyatida jiddiy xatoliklar va muammolar borligi ko‘zga tashlanib qoldi. Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, sohada boshqaruv tizimi izdan chiqqan edi. Achinarlisi, mavjud moddiy madaniy meros ob’ektlarining atigi 25 foiziga muhofaza belgisi o‘rnatilgan bo‘lib, zarur hujjatlashtirish ishlari o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Hatto 5755 ta ob’ektning kadastr hujjatlari ham yo‘q. Boshqarma arxeologiya yo‘nalishida mutlaqo qoniqarsiz faoliyat olib borgan.
Madaniy meros bo’ektlarini muhofaza qilish maqsadida 2018 yil 19 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Moddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinishi bilan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarmasi hamda uning mintaqalararo (mintaqaviy) davlat inspeksiyalari negizida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzurida Madaniy meros departamenti hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari tashkil etilmoqda. Departamentning asosiy vazifalaridan biri moddiy madaniy meros, jumladan, arxeologiya ob’ektlari, muzey ashyolari va kolleksiyalari hamda madaniy boyliklarni muhofaza qilish, ulardan foydalanishga oid qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirishdan iborat. Qarorga asosan, Departamentning vakolatlari kengaytirilib, moddiy madaniy meros, jumladan, arxeologiya ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasida yagona maxsus davlat muassasasi etib belgilandi. Uning qarorlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy hokimliklar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy ekanligi va uning rahbari Madaniyat vazirining o‘rinbosari hisoblanishi yangi tizimning mavqei va mas’uliyati balandligini ko‘rsatib turibdi1.
2019 yil 30 martda esa Vazirlar Mahkamasining №230-sonli O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamenti faoliyatini tashkil etish hamda moddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishga oid ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida2gi Qarori qabul qilindi.
Respublikada 16 diniy konfessiya ro‘yxatga olingan va rasman faoliyat ko‘rstamoqda. 2200 dan ortiq diniy tashkilotlar ishlab turibdi va ularda O‘zbekistonda yashovchi 130 dan ortiq millat va elat vakillari o‘zlarining diniy ehtiyojlarini qondirmoqdalar. 2 mingdan ortiq masjidlar, xristian ibodatxonalari, sinagogalar va boshqa diniy markazlar ta’mirlandi va yangidan qurildi. 10 ta diniy ta’lim muassasasi faoliyat ko‘rsatmoqda. 1999-yilda Toshkent islom universiteti ochildi. 2018 yil 16 aprelda “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”3gi PF-5416-sonli Farmoni bilan Toshkent islom unisersiteti negizida O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasi tashkil etildi.
O‘zbekiston hududida xalqning ulug‘vor va shonli tarixiga oid 2000 dan ortiq yodgorliklar ta’mirlandi.
O‘zbek xalqining ming yillar davomida shakllangan, mustamlakachilik davrida oyoq-osti qilingan, insonparvar urf-odatlari va an’analari, madaniy qadriyatlari ehtiyotlab tiklandi va yangi ma’no-mazmun bilan boyitildi. Maqomchilar, to‘y-marosim qo‘shiqlari, shoir-baxshilar va folklor-etnografik dastalarning o‘nlab ko‘rik-tanlovlari o‘tkazildi. Pianinochi va skripkachilarning simfonik va kamer musiqalari, zamonaviy estrada guruhlarining festival va tanlovlari bo‘lib o‘tmoqda.
Mamlakatimizda o‘zbek tilining xalq va davlat turmushidagi o‘rni va ahamiyati qayta tiklandi. Davlat tili haqidagi qonunda o‘zbek tili o‘zbek xalqining ma’naviy mulki ekanligi, uning ravnaqi, qo‘llanilishi va muhofazasi davlat tomonidan ta’minlanishi belgilab qo‘yildi. Oliy davlat hokimiyati, mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlarida, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda ish yuritish asosan o‘zbek tilida olib borilmoqda. 2019 yil 21 oktyabrda “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5850-sonli Prezident farmoni, 2020 yil 10 aprelda “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi O‘RQ-615 sonli O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qabul qilinishi o‘zbek tilining maqomini yanada mustahkamlanishiga qaratilagn huquqiy chora hisoblanadi.
Respublikamizning ma’muriy-hududiy birliklari, ko‘chalari, geografik o‘rinlarning nomlariga yagona milliy shakl berildi va o‘zbek tilida yozib qo‘yildi. Natijada o‘zbek xalqining milliy qadr-qimmati qayta tiklandi va mustahkamlandi. SHuningdek, O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan barcha millat va elatlarning tillari, qadr-qimmati ham o‘z o‘rniga qo‘yilgan.
3-masala. Ma’naviy-ma’rifiy sohadagi yutuqlarimiz ta’lim tizimidagi tub o‘zgarishlarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Xalq ta’limini isloh qilish, kadrlar tayyorlash tizimini mustahkamlash sohasida muhim Chora-tadbirlar amalga oshirildi. Yangi oliy o‘quv yurtlari tashkil etilib bilimlarning yangi tarmoqlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi Oliy ta’lim tizimidagi 16 universitetning 12 tasi mustaqillik yillarida tashkil etildi. Mustaqillik yillarida eng zarur zamonaviy mutaxassisliklar bo‘yicha o‘nlab yangi oliy o‘quv yurtlari-Mudofaa vazirligi qoshida Harbiy akademiya, Ichki ishlar vazirligi qoshida Ichki ishlar akademiyasi, Bank-moliya akademiyasi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent aviatsiya instituti, Navoiy tog‘-konchilik instituti, Toshkent Moliya instituti va boshqalar tashkil etildi.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan ta’limni tubdan isloh qilish yo‘llari ishlab chiqildi. 1997 yil 29 avgustda Oliy Majlisning IX sessiyasida O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida» Qonuni va «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» qabul qilindi. Milliy dasturning maqsadi ta’lim sohasini tubdan isloh qilish, uni o‘tmishdan qolgan mafkuraviy qarashlar va sarqitlardan to‘la xalos etish, rivojlangan demokratik davlatlar darajasida, yuksak ma’naviy va axloqiy talablarga javob beruvchi yuqori malakali kadrlar tayyorlash milliy tizimini yaratishdan iboratdir.
Milliy dastur ro‘yobga chiqmoqda. Yoshlar umumiy o‘rta ta’limni 9-yillik maktablarda oladilar, yana uch yil davomida yangidan tashkil etilgan akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarida o‘rta maxsus bilim va kasb-hunar o‘rganadilar.
Kadrlar tayyorlash milliy dasturida belgilangan vazifalarni bajarish umumxalq, umummillat ishiga aylandi.
Oliy ta’lim tizimida katta o‘zgarishlar qilindi. Oliy ta’lim ikki bosqichdan-bakalavriat va magistraturadan iborat etib qayta tashkil etildi.
Mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni izlab topish, ularga ko‘maklashish, qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat siyosati sobit qadamlik bilan olib borilmoqda. Iste’dodli yoshlarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish, chet elda o‘qishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Respublika bolalar fondi”, “Sog‘lom avlod uchun”, “Iste’dod” jamg‘armalari tashkil topdi. Ta’lim sohasida AKSELS, AYREKS, AQSH kollejlari konsortsiumi, SARE, Tinchlik korpusi (AQSH), Konrad Adenauer fondi, Britaniya kengashi, SAUD Al-Baptin fondi (Misr) kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
2003 yil 1 iyulda «Iste’dod» jamg‘armasi tashkil etildi. O‘zbekiston Prezidentining 2017 yil 27 iyuldagi farmoniga muvofiq jamg‘armaning nomi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining chet elda stipendiatlarning malaka oshirishi, stajirovka o‘tashi va ta’lim olishini tashkil etish «Iste’dod» jamg‘armasi”ga o‘zgartirildi. Jamg‘arma faoliyatining maqsadi yuqori malakali, xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh etuk mutaxassislarni jahonning nufuzli ta’lim va ilmiy muassasalarida magistratura va PhD dasturlari asosida tayyorlash orqali respublika iqtisodiyotining ustuvor sohalarini rivojlantirishga ko‘maklashish, davlat va jamoat tuzilmalari xodimlarning, pedagog va ilmiy kadrlarning bilim va malakalarini oshirish darajasini yuksaltirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ularning hamkorlik asosida rivojlangan mamlakatlarda malaka oshirish, stajirovka o‘tash va ta’lim olishlariga ko‘maklashishdan iborat etib belgilandi1.
Bugungi kunda “Iste’dod” jamg‘armasi negizida “El-yurt umidi” jamg‘armasi faoliyat yuritmoqda.
Xorijda yashayotgan va professional faoliyatini yuritayotgan vatandoshlarimiz, ayniqsa, katta ilmiy salohiyatga ega olimlar, mutaxassislar va iste’dodli yoshlar bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, O‘zbekistonning har tomonlama va jadal rivojlanishi uchun zarur, jahon mehnat bozorida raqobatbardosh va yuqori malakali mutaxassislarni etakchi xorijiy ta’lim muassasalarida hamda O‘zbekistonda tayyorlash va malakasini oshirish orqali kadrlar bilan ta’minlash maqsadida 2018 yil 25 sentyabrda “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha «El-yurt umidi» jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PF-5545-sonli O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni2 e’lon qilindi.
Shuni ta’kidlash joizki, bugungi kunda yurtimizda “Ta’lim jarayonini isloh etish va mehnat bozorida talab qilinadigan yuqori malakali kadrlar tayyorlashda oliy o‘quv yurtlari muhim o‘rin egallamoqda.
Mamlakatimizda istiqlolning dastlabki yillaridan boshlab ta’lim-tarbiya tizimini tubdan isloh qilishga alohida e’tibor qaratilib, farzandlarimizning jahon andozalari darajasida zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi, jismonan va ma’nan etuk insonlar bo‘lib ulg‘ayishi, ularning qobiliyat va iste’dodini, intellektual salohiyatini yuzaga chiqarish, yosh avlod qalbida Vatanga sadoqat va fidoyilik tuyg‘ularini yuksaltirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning 2017 yil 7 fevraldagi "O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida"gi farmonida ijtimoiy soha, xususan, ta’lim va ilm-fan sohalarini takomillashtirish borasida qator vazifalar belgilangan. Hujjatda ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yangi ta’lim muassasalari qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash barobarida ularni zamonaviy o‘quv va laboratoriya jihozlari, kompyuter texnikasi, o‘quv-metodik qo‘llanmalar bilan ta’minlash nazarda tutilgan. 2017-2021 yillarda oliy ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish dasturini ishlab chiqish, o‘quv dasturlarini yanada zamonaviylashtirish, pullik xizmatlar ko‘rsatish va moliyalashtirishning qo‘shimcha manbalarini izlashda oliy o‘quv yurtlarining vakolatlarini kengaytirish yo‘li bilan ularning mustaqilligi bosqichma-bosqich rivojlantirib boriladi. Keyingi bir yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining etmishga yaqin farmon, qaror va farmoyishi qabul qilindi. Bu tom ma’noda ta’lim tizimidagi o‘zgarish va yangilanishlar jarayonini boshlab berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2017 yil 20 aprelda “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2909-sonli Qaror1ni imzoladi. Qaror bilan ta’lim-tarbiya jarayonlarining sifati ustidan samarali davlat nazoratini o‘rnatish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzurida Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘yicha davlat inspeksiyasi (Vazirlar mahkamasining 18.07.2017 yil 515-sonli Qarori2) tashkil etildi. Uning asosiy vazifasi – ta’lim-tarbiya jarayoni, professor-o‘qituvchilar tarkibi, ta’lim tizimida kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish sifati hamda mulkchilik shakli va idoraviy bo‘ysunishidan qat’i nazar, ta’lim muassasalarini attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish, ta’lim-tarbiya sifatini nazorat qilish bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshirishdan iborat.
O‘zbekiston ta’lim tizimi dunyo miqyosida kaeta qiziqish uyg‘otmoqda. Moskvadagi Oliy ta’lim Xalqaro Fanlar akademiyasi prezidenti V.SHukshunov O‘zbekistonda ishlab chiqilgan bu Milliy dasturni mazmun-mohiyati jihatidan tengi yo‘q hujjat, deb ta’rifladi. O‘zbekistonda yaratilayotgan ta’lim tizimi «Ta’limning o‘zbek modeli» deb e’tirof etildi.
2020 yil 23 sentyabrda yangi tahrirdagi “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Unga muvofiq, ta’lim turlari quyidagilardan iborat:
• maktabgacha ta’lim va tarbiya;
• umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim;
• professional ta’lim;
• oliy ta’lim;
• oliy ta’limdan keyingi ta’lim;
• kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
• maktabdan tashqari ta’lim.
Umumiy o‘rta ta’lim I–XI sinflarni o‘z ichiga oladi.
O‘rta maxsus ta’lim akademik litseylarda 9 yillik tayanch o‘rta ta’lim asosida 2 yil mobaynida amalga oshiriladi.
Professional ta’lim boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim darajalariga ajratiladi.
Boshlang‘ich professional ta’lim kasb-hunar maktablarida IX sinf bitiruvchilari negizida kunduzgi ta’lim shaklida 2 yillik integratsiyalashgan dastur asosida bepul amalga oshiriladi.
O‘rta professional ta’lim kollejlarda davlat buyurtmasi yoki to‘lov-shartnoma asosida davomiyligi 2 yilgacha bo‘lgan kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim shakllari bo‘yicha amalga oshiriladi.
O‘rta maxsus professional ta’lim texnikumlarda davlat buyurtmasi yoki to‘lov-shartnoma asosida davomiyligi kamida 2 yil bo‘lgan kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim shakllari bo‘yicha amalga oshiriladi.
Qonunga ko‘ra, davlat oliy ta’lim, o‘rta maxsus, professional ta’lim muassasalari va ularning filiallari, shuningdek davlat ishtirokidagi oliy, o‘rta maxsus, professional ta’lim tashkilotlari va ularning filiallari Prezident yoki Hukumat qarorlari bilan tashkil etiladi. 
Nodavlat ta’lim muassasalarini tashkil etish ularning ta’sischilari tomonidan amalga oshiriladi.
Nodavlat ta’lim tashkilotlariga litsenziya Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan beriladi.
SHuningdek, mazkur Qonun bilan, 1997 yil 29 avgustdagi “Ta’lim to‘g‘risida” gi hamda “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida” gi Qonunlar o‘z kuchini yo‘qotdi1.
Xulosa qilib aytganda uzoq ming yilliklar shundan dalolat beradiki, o‘zbek milliy davlatchilik tarixi eng avvalo ma’naviy-ma’rifatning jamiyat hayotida muhim o‘rin egallaganligi bilan bog‘liq bo‘lgan. Ushbu azaliy an’anaga mustaqillik yillarida alohida e’tibor berilishi katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Milliy madaniyatitmizga, jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan bobokalonlarimizning ma’naviy merosi xalqimizga qaytarildi. Milliy pedagogik tafakkur ta’sirida ta’limni sog‘lomlashtirish jarayoni boshlandi. Uzoq vaqt mobaynida tashqi dunyodan uzib qo‘yilgan, o‘zga mamlakatlar tarixiy tajribasidan ham, milliy ma’rifiy-pedagogik merosdan ham bahramand bo‘lmagan milliy pedagogikamiz jahon maydoniga chiqdi. Erishilgan natijalarni o‘zgalarniki bilan qiyoslash, boshqalardagi ijobiy natijalarni o‘zlashtirish imkoni paydo bo‘ldi. Mamlakatning madaniy hayotida ro‘y bergan muhim voqealar shu davr adabiyoti, teatr san’ati, rang tasvir ijodkorligi sohalariga keng imkoniyatlar eshigi ochildi. SHuningdek, istiqlolning har bir yili mamlakatimiz tarixi sahifalariga ulkan bunyodkorlik, xalqimiz erishayotgan olamshumul yutuqlar, ezgulik va shodumonlik, taraqqiyot va faravonlik yili sifatida zarhal harflar bilan bitilmoqda.

Download 156.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling