8-mavzu: Yer osti boyliklaridan foydalanish va ularni muhofaza qilishning huquqiy tartibi


Download 46.5 Kb.
Sana19.04.2023
Hajmi46.5 Kb.
#1362135
Bog'liq
8 maruza


8-mavzu: Yer osti boyliklaridan foydalanish va ularni muhofaza qilishning huquqiy tartibi

Reja.
8.1. Yer osti boyliklari tushunchasi va turlari


8.2. Yer qa’ridan foydalanishning huquqiy tartibi
8.3. Yer osti boyliklaridan foydalanishda litsenziya
8.4. Yer osti boyliklarini muhofazalashning ekologik-huquqiy talablari

Tayanch tushuncha va iboralar: ekologik funksiya, imperativ normalar, yer osti boyliklari, ekologik-huquqiy muhofaza qilish




8.1. Amaliyotda keng qo‘llaniladigan yer osti boyliklari nisbiy tushuncha bo‘lib, uning tarkibiga nafaqat yer ostidagi, balki yer ustidagi mineral boyliklar (qum, tosh, toshko‘mir va h.k.) ham kiradi. Yer osti boyliklari deyilganida yer qobig‘ining yuqori qismini qamrab oluvchi, tadqiqotlar o‘tkazish va foydali qazilmalar kavlab olish mumkin bo‘lgan sath tushuniladi. Ularga nafaqat xalq xo‘jaligida ishlatiladigan tabiiy resurs, balki mamlakatning tabiiy boyligi sifatida qarash va muhofaza qilish zarur, chunki jamiyatda tabiiy boyliklar tarkibiga kirgan minerallar boshqa resurslardan (mexnat, moliyaviy, iqtisodiy...) farq qilib bir necha o‘ziga xos xususiyatlarga ham ega. Ular tabiiy boyliklarni iqtisodiy, ekologik va madaniy-sog‘lomlashtirish vazifalarni bajarishi va tiklanishi muddatlari bilan bog‘liq.
Yer osti boyliklarining ekologik funksiyasi - yer ustining tabiiy fundamenti, tuproq va ularni hosil qiluvchi ona jinslarning tarkib topishidagi mineral asosi ekanligi. Mineralning ximik, fizik va biologik yemirilishi natijasida ona jins (lesslar) hosil bo‘ladi va ularda tirik organizmlarning aktiv faoliyati esa tuproq hosil bo‘lishiga olib keladi. Yer osti boyliklarini iqtisodiy funksiyasi - insonlarning kundalik hayotidagi (energetika, qurilish, sanoat va h.k. jabhalarida) moddiy ehtiyojlarini qondirish uchun mineral resurslardan foydalanishidir.
Yer osti boyliklarini madaniy-sog‘lomlashtirish funksiyasi - yer qa’ri va minerallarning inson organizmi uchun foydali tomonlarini inobatga olib, dam olish va salomatligini tiklashda foydalanishidir.Yer osti boyliklarining o‘ziga xos tomonlaridan biri ularni tugallanadigan va qayta tiklanmaydigan tabiiy resurslar toifasiga kirishidir.
Yer osti boyliklarining huquqiy holati deb yer osti boyliklarini muhofaza qilish, mineral xom ashyodan o‘ta samaradorlik bilan foydalanish va uning natijasida buzilgan tabiiy komplekslarni qayta tiklashda yuzaga keladigan munosabatlarni ma’lum bir davrdagi huquqiy tartibga solish holatiga aytiladi.
Mamlakatimizda yer osti boyliklarining huquqiy holati Konstitutsiyada belgilangan imperativ normalar va uning asosida ishlab chiqilgan umumlashtirilgan (Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida, Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida...), kodifikatsiyalangan (Yer Kodeksi, Jinoyat Kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeks, Fuqarolik Kodeksi...) va ixtisoslashtirilgan (Yer osti boyliklari to‘g‘risida, Konsessiyalar to‘g‘risida...) qonunlar va qonun osti normativ hujjatlar asosida tartibga solinadi. Ushbu qonun aktlar orqali tartibga solinadigan obyekt bo‘lib yer osti hamda suv tagidagi mineral boyliklardir. Ulardan huquqiy foydalanish va ularni muhofaza qilish ushbu huquq tarmog‘inining predmetidir. Yer osti boyliklaridan huquqiy tartibga solish mazmuni ruxsat beruvchi, oldini oluvchi va taqiqlovchi huquqiy meyorlar orqali ularni muhofaza qilish va o‘ta samaradorlik bilan foydalanishdir.

  • 8.2. O‘zbekistonda yer osti boyliklaridan foydalanish va ularni muhofazalashning huquqiy-ekologik talablari Konstitutsiyada, “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunning18-moddasiga asosan yuridik va jismoniy shaxslar berilgan yer osti boyliklaridan quyidagi ekologik shartlar asosida foydalanishlari belgilab qo‘yilgan:

  • qazib olishda yer osti boylik va qazilmalar hamda ularga qo‘shilib chiqadigan boshqa tabiiy resurslardan kompleks va oqilona foydalanish ta’minlansa, shuningdek atrof tabiiy muhit va yer osti boyliklari ifloslanishining oldi olinsa;

foydali qazilmalarni kavlab olish chog‘ida holati o‘zgargan yerlar rekultivatsiya qilinsa;
qayta tiklanadigan foydali qazilmalardan tabiiy qayta tiklanishiga erishiladigan darajadagina foydalanilsa.
Umumlashtirilgan huquqiy-ekologik talablar ixtisoslashtirilgan holda “Yer osti boyliklari to‘g‘risida”gi qonunning 35-moddasida o‘z aksini topgan va ular quyidagilardan iborat:
-yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganish to‘la-to‘kis bo‘lishini va undan kompleks foydalanilishini ta’minlash;
- foydali qazilmalarning o‘zboshimchalik bilan kavlab olinishiga va ular joylashgan maydonlarda imorat qurilishiga yo‘l qo‘ymaslik;
-foydali qazilmalar zaxiralarining davlat hisobi yuritilishini amalga oshirish;
-foydali qazilmalar zaxiralarini tasdiqlash va geologik materiallarning davlat ekspertizasini o‘tkazish;
-yer qa’ridan asosiy foydali qazilma va u bilan birga joylashgan foydali qazilmalar hamda qo‘shilib chiqadigan foydali komponentlarning iqtisodiy jihatdan rentabelli zaxiralari mumkin qadar to‘liq chiqarib olinishini ta’minlash;
-foydali qazilma konlarini suv bosishdan, suv chiqib ketib to‘lib qolishdan, yong‘indan hamda foydali qazilmalar sifatini va konlarning sanoat ko‘lamidagi ahamiyatini pasaytiruvchi yoki ularni ishga solishni murakkablashtiruvchi boshqa omillardan muhofaza qilish;
-yer qa’rida konservatsiya qilib qo‘yiladigan foydali qazilmalar zaxiralarining, yer qa’ridan foydalanish bilan bog‘liq ishlarni olib borishda kon qazishmalari, quduqlar va yer osti inshootlarining saqlanishini ta’minlash;
-uglevodorodlar va ularni qayta ishlash asosida hosil qilingan mahsulotlarni, boshqa moddalar va materiallarni yer ostida saqlashda, chiqindilarni saqlash va ko‘mishda, oqova suvlarni chiqarib tashlashda yer qa’ri ifloslanishining oldini olish;
-foydali qazilmalarni kavlab oluvchi korxonalarni va foydali qazilmalarni kavlab olish bilan bog‘liq bo‘lmagan yer osti inshootlarini tugatish va konservatsiya qilishni belgilangan tartibda o‘tkazish.
Shuningdek, mazkur qonunda yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganishga doir (36- modda), foydali qazilma konlarini ishlatishga va mineral xom ashyoni qayta ishlashga doir (37-modda). asosiy talablar belgilab qo‘yilgan.
8.3. Yer osti boyliklaridan foydalanish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining (respublika ahamiyatiga molik obyektlar uchun) litsenziya (ruxsatnoma)si asosida yuridik va jismoniy shaxslarga berilishi mumkin. Ularning foydalanish muddatlari “Yer osti boyliklari to‘g‘risida”gi qonunning 22-moddasiga muvofiq muddatli va muddatsiz bo‘lishi mumkin. Yer qa’ri uchastkalari muddatli foydalanish vaqti foydalanish turiga qarab turlicha bo‘lishi mumkin. Qonunning 23 –moddasiga muvofiq yer qa’ri geologik jihatdan o‘rganish uchun - besh yilgacha muddatga; foydali qazilmalarni kavlab olish va texnogen mineral hosilalardan foydalanish uchun — foydali qazilma konini yoki texnogen mineral hosilalarni ishga solishning texnik-iqtisodiy asoslarda belgilangan muddatiga;nodir tosh xom ashyosi namunalarini, paleontologik qoldiqlarni va boshqa geologik kolleksiyabop materiallarni to‘plash uchun - ikki yilgacha muddatga beriladi.
Yer qa’ridan foydalanuvchi litsenziyada belgilangan shartlarni bajargan taqdirda hamda yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganish, shuningdek foydali qazilma konini ishlatish, texnogen mineral hosilalardan foydalanish yoxud foydali qazilmalarni kavlab oluvchi korxonalarni va foydali qazilmalarni kavlab olish bilan bog‘liq bo‘lmagan yer osti inshootlarini tugatish yoki konservatsiya qilish ishlarini amalga oshirish zarurati bo‘lgan taqdirda, yer qa’ridan foydalanish muddati yer qa’ridan foydalanuvchining yer qa’ri uchastkasidan foydalanish huquqini beruvchi litsenziyani bergan organga yer qa’ridan foydalanish muddati tugashidan kamida olti oy oldin yuborgan arizasiga binoan uzaytirilishi mumkin.
Yer qa’ridan foydalanish muddatini uzaytirish yoki uning muddatini uzaytirishni rad etish to‘g‘risidagi qaror litsenziya bergan organ tomonidan yer qa’ridan foydalanuvchining arizasi kelib tushgan kundan e’tiboran o‘ttiz kun ichida qabul qilinadi. Chet el yuridik va jisimoniy shaxslarga “Konsessiyalar to‘g‘risida”gi qonunning17-moddasiga binoan tanlov va auksion o‘tkazish orqali 15 yil muddatga Vazirlar Mahkamasining qarori asosida yer osti boyliklari foydalanish uchun beriladi. Zaruriyatga qarab bu muddat ma’lum bir davrga, lekin 15 yildan oshmagan holda, uzaytirilishi mumkin. Yer osti boyliklaridan foydalanish asosiy maqsad va vazifalariga qarab 6 turga bo‘linadi:
1) geologik jihatdan o‘rganish;
2) foydali qazilmalarni kavlab olish;
3) texnogen mineral hosilalardan foydalanish;
4) foydali qazilmalarni kavlab olish bilan bog‘liq bo‘lmagan yer osti inshootlarini, shu jumladan neft, gaz, gaz kondensati (bundan buyon matnda uglevodorodlar deb yuritiladi), boshqa moddalar va materiallarni yer ostida saqlash inshootlarini qurish hamda ulardan foydalanish, chiqindilarni saqlash va ko‘mib tashlash;
5) alohida muhofaza etiladigan geologik obyektlarni barpo qilish;
6) nodir tosh xom ashyosi namunalarini, paleontologik qoldiqlarni va boshqa geologik kolleksiyabop materiallarni to‘plash.
Ekologiya huquqi tamoyillaridan biri-tabiiy resurslardan umumiy foydalanishning pulsiz va maxsus foydalanishning pullikligidir. Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunning 33 va “ Yer osti boyliklari to‘g‘risida”gi qonunning 21-moddalariga binoan yer osti boyliklaridan foydalanish pullikdir. Chunki mineral xom ashyodan insonlarning umumiy holda foydalanish imkoniyati kam hamda mineral boylik tugallanadigan va tiklanmaydigan tabiiy obyektlar toifasiga kiradi.
8.4. Yer osti boyliklaridan foydalanish qonunlarini buzganlik uchun huquqiy javobgarlik ko‘zda tutilgan. O‘zbekiston Respublikasining “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi Kodeksning 70-moddasada yer osti boyliklarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish talablarini buzganlik uchun javobgarlik belgilangan, bunga ko‘ra, foydali qazilmalar joylashgan maydonlarga o‘zboshimchalik bilan imoratlar qurish, foydali qazilma konlarini tabiatni muhofaza qilish va kon nazorati organlari bilan kelishmay turib ishga solish, yer osti boyliklaridan foydalanish talablari va tartibini buzish, yer osti boyliklarini muhofaza qilish qoidalarini va tabiiy muhitni, binolar va inshootlarni yer osti boyliklaridan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan ishlarning zararli ta’siridan muhofaza qilish talablarini bajarmaslik, yer osti suvlari rejimini kuzatish uchun qazilgan quduqlarni, marksheyderlik va geologik belgilarni yo‘q qilish yoki shikastlantirish, xuddi shuningdek yerga egalik qiluvchilar va yerdan foydalanuvchilar tomonidan umumtarqalgan foydali qazilmalardan foydalanish qoidalarining buzilishi - fuqarolarga eng kam ish haqining bir baravaridan ikki baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa - uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Konlarning boy uchastkalarini tanlab ishlatish, mineral xom ashyoni qazib olayotganda va qayta ishlashda foydali qazilmalarni normativdan ortiq nobud qilish, foydali qazilma konlarini yaroqsiz holga keltirish va foydali qazilma zaxiralaridan oqilona foydalanish talablarini boshqacha tarzda buzish - mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Marksheyderlik hujjatlarini yo‘qotish, tugatilayotgan yoki konservatsiya qilinayotgan konlarni va burg‘ilangan quduqlarni aholining xavfsizligini ta’minlovchi holatga keltirib qo‘yish talablarini, shuningdek konservatsiya vaqtida konlarni, qazilayotgan joylarni va burg‘ilangan quduqlarni muhofaza etish talablarini bajarmaslik -mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
“Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi Kodeksning 71-moddasida yer osti boyliklarini geologik jihatdan o‘rganish ishlarini olib borish qoidalari va talablarini buzganlik javobgarlik belgilangan ya’ni, yer osti boyliklarini geologik jihatdan o‘rganish ishlarini olib borish qoidalari va talablarini topilgan foydali qazilmalar zaxiralariga yoki foydali qazilmalar qazib olish korxonalari, shuningdek foydali qazilmalar qazib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan yer osti inshootlari qurish va ulardan foydalanish sharoitlariga noto‘g‘ri baho berilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan yoki olib kelgan tarzda buzish, yer osti boyliklarini keyingi geologik jihatdan o‘rganishda va konlarni ishga solishda zarur bo‘lgan geologik hujjatlarni, foydali qazilma namunalari dublikatlarini va kernlarini yo‘qotib qo‘yish ham javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Amaldagi Jinoyat kodeksining 197-moddasida yer, yer osti boyliklaridan foydalanish shartlarini yoki ularni muhofaza qilish talablarini buzish: Yer, yer osti boyliklaridan foydalanish shartlarini yoki ularni muhofaza qilish talablarini buzish og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, eng kam oylik ish haqining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilab qo‘yilgan.
Yer osti boyliklarini ekologik-huquqiy muhofaza qilish ichki ishlar organlari faoliyatida alohida o‘rin tutadi.
Zero, ichki ishlar organlari ushbu jarayonda faol ishtirok etib, yer osti boyliklaridan oqilona foydalanish, ularni muhofaza qilish ishiga katta hissa qo‘shadilar, atrof-tabiiy muhit va yer osti boyliklari ifloslanishining oldini oladilar, foydali qazilmalardan o‘zboshimchalik bilan foydalanish, ularni qazib olish hollariga chek qo‘yadilar.
Yer osti boyliklarini ekologik-huquqiy muhofaza qilishda barcha profilaktika nozirlari (ayniqsa, foydali qazilmalar mavjud joylardagi profilaktika nozirlari), sanitariya militsiyasi, yo‘llar harakatlanish xavfsizligi davlat xizmatining xodimlari, yong‘indan saqlash, qo‘riqlashda xizmatlarining mas’uliyati katta bo‘ladi.
Mazkur bo‘linmalarning oldidagi barcha vazifalar IIVning 1998 yil 10 aprelda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi IIV idoralarining sanitariya nazorati militsiya bo‘linmalari haqidagi nizomida» va «O‘zbekiston Respublikasi IIV tizimida sanitariya nazorati to‘g‘risida»gi 1999 yil 17 yanvar buyrug‘ida o‘z aksini topgan.
Mustahkamlash uchun savollar
1. Yer osti boyliklarining huquqiy holati nima?
2. Yer osti boyliklarining ekologik funksiyasi qanday?
3. Yer osti boyliklaridan foydalanish kimlarga beriladi?
4. Yer osti boyliklaridan foydalanish asosiy maqsad va vazifalariga qarab necha turga bo‘linadi
5. Yer osti boyliklarini muhofazalashning ekologik-huquqiy talablari qanday?
Download 46.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling