YURAK
Yurak, sensan mening sozim,
Tilimni nayga jo‘r etding.
Ko‘zimga oyni berkitding,
Yurak, sensan ishqibozim
Senga tor keldi bu ko‘krak,
Sevinching toshdi qirg‘oqdan.
Tilim charchar, ajab, gohi
Seni tarjima qilmoqdan.
Sen ey, sen — o‘ynoqi dilbar,
Zafardan izla yoringni.
To‘lib qayna, toshib o‘yna,
Tirikman, kuyla boringni.
Itoat et!
Agar sendan
Vatan rozi emas bo‘lsa,
Yoril, chaqmoqqa aylan sen,
Yoril! Mayli, tamom o‘lsam!..
1933, Samarqand
|
Usmon Nosirning «Yurak» she’ri shoirning insoniy xarakterini va ijodiy taqdirini o‘zida mujassam etgan she’rlar sirasiga kiradi. Ijodkor tarjimai holidan o‘rin olgan shoir Turob To‘laning unga bergan ta’rifi yodingizdami? «Yurak» she’ridan xuddi shu bo‘ronday shiddatni, to‘polonni, to‘lqinni his qilmaymizmi? Shoir Yurak obrazini o‘zining ilhomi, ijodiy intilishlari, his-tuyg‘ulari, orzu-o‘ylarining mujassam timsoli deb biladi. Ya’ni uning Yurakka murojaati, aslida, o‘z shaxsiga, ijodiga murojaatidek yangraydi. Qalbida ilhom bulog‘i jo‘sh urgan shoirgina:
Senga tor keldi bu ko‘krak,
Sevinching toshdi qirg‘oqdan.
Tilim charchar, ajab, gohi
Seni tarjima qilmoqdan, —
deyishi mumkin.
Qarang, Yurakning xuddi qaldirg‘och jivir-jiviridek, bulbul chax-chaxidek kuyini, zavq-u shijoatini shoirning tili bor-yo‘g‘i tarjima qilishga zo‘rg‘a ulguradi. Chunki, ichingizda ozmi-ko‘pmi: she’r, hikoyalar yozishga ishtiyoqmand o‘quvchilar bo‘lsa guvohlik berishlari mumkinki, ilhom degan to‘lqin hech bir ogohlantirishsiz egasini qalam-qog‘oz olishga-da ulgurtirmay, toshib keladi. Usmon Nosir bir she’rida aytganiday «Ilhomning vaqti yo‘q, selday keladi...»
Shoir fikricha, Yurakka faqat bir o‘rinda buyruq bermoq, uni itoatga ko‘niktirmoq, balki majburlamoq ham qiynamoq mumkin: agar undan «Vatan rozi emas bo‘lsa...»
Usmon Nosir ham ko‘ziga oyni berkitib, u bilan ishqibozlik qilishiga-da yo‘l qo‘yib bergani Yurakdan avvalo Vatan rozi bo‘lishini talab qiladi. Aks holda «Yoril, chaqmoqqa aylan sen, Yoril! Mayli, tamom o‘lsam!..» deya yurtga nafi tegmaydigan ijoddan o‘limni afzal biladi.
|