9-Amaliy mashg‘ulot ilmiy tadqiqotda dalillarning ro‘li ishning maqsadi


Download 31.52 Kb.
Sana17.06.2023
Hajmi31.52 Kb.
#1520245
Bog'liq
9-Amaliy


9-Amaliy mashg‘ulot
ILMIY TADQIQOTDA DALILLARNING RO‘LI
Ishning maqsadi: Gipoteza, ilmiy-ijodiy faoliyatdagi innovatsiyalar. “Kashfiyot”, “ixtiro” tushunchalarining innovatsion harakteri. Ixtiro-kashfiyot va innovatsiya o‘rtasidagi o‘ziga xos “oraliq” holat. Ixtiro muayyan kashfiyot doirasida sodir bo‘luvchi innovatsion daraja. Kashfiyot va ixtirolar ijodiy faoliyat natijasini o‘rganish
Ishning borishi: Gipoteza-haqiqatni ijodiy izlash, yangi bilimlar hosil qilishning navbatdagi shakli bo‘lib, ilmiy tadqiqot jarayonida ilgari suriladi. U haqiqatni bilish yo‘lidagi dastlabki taxmin, hali yetarlicha tadqiq etilmagan, mantiqiy va empirik asoslarigina ochilgan, ammo isbotlanmagan ilmiy bilimdir.
Gipoteza ilmiy ijodda oldindan ko‘rish va amaliyotni uzviy bog‘lovchi rol o‘ynaydi, obyekt ichidagi mavjud aloqa va o‘zaro munosabatlar hamda bilishning turli obyektlari to‘g‘risidagi ilmiy asoslangan faraz hisoblanadi.
Gipoteza-bu, hali haqiqat emas, balki taxmin qilinayotgan, ehtimol tutilayotgan, real mumkin bo‘lgan va kutilayotgan yangi ilmiy bilimdir. Bu bilimning haqiqiyligi yoki yolg‘onligini isbotlash ilmiy ijodning asosiy vazifasidir.
Mavjud ilmiy bilimlarning umumashmasi sifatida vujudga kelgan gipoteza ilmiy ijod jarayoniga faol ta’sir ko‘rsatadi: xayol, tasavvur, intuisiyani qo‘zg‘aydi, harakatga keltiradi, tadqiqotchining hushyorligini oshiradi. Tadqiqotchini yangi ilmiy g‘oyalarga olib boradi.
Gipotezani isbotlash yo‘lida argument (dalil) lar izlash mavjud bilimlarni kengaytiradi va chuqurlashtiradi. Tadqiqotchini yangi ilmiy g‘oyalarni ilgari surishga va asoslashga undaydi. Dastlabki ilmiy faraz xuddi uzoqdan charaqlagan nur singari tadqiqotchi tafakkurida intuitiv harakterga ega bo‘ladi, ba’zan xuddi moʻjiza singari ro‘y beradi.
Ilmiy ijodning vazifasi gipotezaning haqiqiyligi yoki yolg‘onligini isbotlash, ilmiy gipotezani ilmiy analiz va izlanishga tatbiq etish mumkinligini asoslashdir. Binobarin, gipoteza o‘zida bilimning o‘z-o‘zidan rivojlanishi uchun evristik potensialni mujassamlashtiradi. Garchi gipoteza taxminlari ehtimolli harakterga ega bo‘lsa-da, gipotezaning o‘zi go‘yo tadqiqot jarayonidan ilgarilab ketadi, tadqiqotchi esa uni isbotlash uchun yangi ilmiy faktlar izlaydi, tajribalar o‘tkazadi, kuzatadi, fanning o‘z sohasi va yaqin sohalaridagi bilish natijalarini tahlil qiladi.
Gipoteza xuddi qor uyumlari singari o‘zining fan strukturasida yashash huquqini himoya qilib, o‘sib boradi. Tadqiqotchi o‘zining ilmiy ijodiy laboratoriyasida gipoteza o‘zining to‘liq mazmuni bilan bo‘lmasa-da, hech bo‘lmaganda uning biron bir qismi ishonchli ilmiy bilimga aylanadi degan umid bilan ilmiy gipotezani ilgari suradi.
Jorj Styuart Mill o‘zining “Logika sistemasi” asarida shunday deb yozgan edi: “Aftidan, ilmiy gipoteza mavjudligining sharti shundan iboratki, u har doim gipotezaligicha qolishga mahkum etilmasligi, balki kuzatilayotgan faktlar bilan qiyoslab, yo isbotlanishi, yoki rad etilishi kerak”.
Sinchkovlik bilan tashkil etilgan eksperiment ilmiy gipotezadan ishonchli ilmiy nazariyaga o‘tish imkonini beradi, ya’ni verifikasiya qiladi yoki uning haqiqiy emasligini ko‘rsatadi, ya’ni gipotezani falsifikasiya qiladi.
Binobarin, tajriba, eksperiment fanning haqiqiy faktlari haqiqatga o‘xshash gipoteza bilan ishonchli ilmiy nazariya o‘rtasida demarkasion chiziq tortish vazifasini o‘taydi.
Ilmiy bilishda gipotezalarni tasdiqlash yoki rad etishning mezonlari quyidagicha:
-gipotezaning asosiy mazmuni bo‘lgan ilmiy g‘oyani real predmet va hodisalarda topish;
-deduksiya yo‘li bilan haqiqiy bilim, xulosalarni gipotezaning o‘zidan keltirib chiqarish;
-bu xulosa va natijalarni voqelikdagi real ahvol bilan taqqoslash;
-gipotezani amaliyot, tajriba, vaqt orqali yo tasdiqlash, yoki rad etish;
-Gipotezani tekshirish uning haqiqiyligi yoki yolg‘onligini isbotlashni anglatadi. Birinchi holatda isbotlash, ikkinchi holatda esa rad etish haqida so‘z boradi.
Ilmiy ijod, ilmiy izlanish mavjud gipotetik bilimning voqelikka mos yekelishini tekshirishga qaratilgan bo‘lib, bu yerda paradoksal vaziyat vujudga kelishi, fanning ayni bir sohasidagi turli faktlar qarama-qarshi gipotezalarni tasdiqlashi mumkin.
Tadqiqotchining gipotezalardan ilmiy ijodning samarali vositasi sifatida foydalanishi o‘rganilayotgan hodisa mohiyatining chuqur ekanligidan guvohlik beradi.
Gipoteza evristik bilish rolini bajarishi uchun quyidagi talablarga javob berishi lozim: 1) u mavjud bilim va faktlarga zid bo‘lmasligi; 2) uni tekshirish imkoniyati albatta mavjud bo‘lishi; 3)nihoyatda oddiy bo‘lishi; 4) ilmiy bilimlar keng sohasiga bemalol taqdim etiladigan bo‘lishi zarur.
Buning uchun:
-gipoteza konkret ma’no va mazmunga ega bo‘lishi;
-ishonchli bilim va ilmiy haqiqatga zid bo‘lmasligi;
-sof mulohaza harakteriga ega bo‘lmasligi va tajribada tekshirib ko‘rish imkoniga ega bo‘lishi;
-kelajakni oldindan ko‘rish, asoslash qobiliyatiga ega bo‘lishi;
-ilmiy dunyoqarash prinsiplariga mos bo‘lishi;
-ilmiy ijod mexanizmida faol ishlashi, polkalarda chang bosib yotmasligi kerak.
Agar ilmiy ijodda yangi, Nils Borta’biri bilan aytganda, “aqlga sig‘maydigan” gipotezalar ilgari surilmasa, bu-fanning turg‘unlikka mahkumligini, ilmiy bilimlar rivojlanishdan to‘xtaganligini ko‘rsatadi. Aksincha, ilmiy bilish olamida yashab qolish uchun bir-biri bilan raqobatlashuvchi gipotezalar kurashi mavjud bo‘lsa, bu-haqiqiy ilmiy ijodning mavjudligidan, ilmiy bilimlarning gurkirab rivojlanayotganligidan guvohlik beradi.
Bir-biri bilan raqobatlashuvchi ilmiy gipotezalarni ijodiy analiz qilish, qiyoslash muhim metodologik xulosalarga olib keladi. Darhaqiqat, bizning bilishimiz uchun, narsalar tabiati uchun qarama-qarshiliklar xosdir, ya’ni bilish ham, hayotning o‘zi ham statik emas, balki dinamik, o‘z-o‘zidan rivojlanuvchi hodisadir.
Ilmiy ijodda chuqur va mazmundor ilmiy gipotezalar ilmiy bilimlar o‘sishining haqiqiy fundamenti, fanda istiqbolni oldindan ko‘rish, ilmiy qonuniyatlarni ochish va ilmiy nazariya yaratishning asosi hisoblanadi.
Gipotezalar evristik bilishda bir-biridan quyidagicha farqlanadi:
1. Gipotezalar mazmuniga ko‘ra: a) xususiy, b) umumiy, v) eng umumiy gipotezalar;
2. Obyektni aks ettirish darajasiga ko‘ra: a) mikroobyektlar to‘g‘risidagi; b) makroolam hodisalari to‘g‘risidagi; v) megaobyektlar to‘g‘risidagi gipotezalar;
3. Vaqt omiliga ko‘ra: a) o‘tmish to‘g‘risidagi, b) hozirgi hodisalar to‘g‘risidagi, v) bo‘lg‘usi hodisalar to‘g‘risidagi gipotezalar.
4. Obyekt mohiyatiga kirib borish darajasiga ko‘ra: a) tasvirlovchi, b) izohlovchi, v) sistemali gipotezalar.
5. Hodisalarni ifodalash usuliga ko‘ra: a) mazmunli, b) formallashgan, v) modal gipotezalar;
6. Ijodiy jarayondagi roliga ko‘ra: a) gumon-gipotezalar,b) ishchi gipotezalar, v) konstruktiv gipotezalar.
Yuqoridagilardan shunday xulosaga kelish mumkin: gipoteza, bu-o‘zida yangi bilimni mujassamlantirgan, ilmiy bilim erishgan daraja tomonidan belgilanadigan, ammo hali amaliyotda tasdiqlanmagan taxminiy bilimdir. Ilmiy ijodda gipoteza bilmaslikdan bilishga, to‘liqsiz bilishdan to‘liq bilishga, faktlarni tadqiq etishdan mavjud obyektning ichki mantig‘ini bilishga, bir ilmiy nazariyadan ancha yuqori darajadagi ilmiy nazariyaga o‘tish shaklidir.
Nazorat savollari:
1. Gipoteza deganda nima tushuniladi?
2. Gipotezalarni tasdiqlash yoki rad etish mezonlari haqida tushuncha bering.
3. Gipoteza evristik bilish rolini bajarish uchun qanday talablarga javob berishi kerak?
4. Gipotezalar evristik bilishda bir-biridan qanday farq qiladi?
5. Vaqt omiliga ko’ra qaysi gipotezalarni bilasiz?
Download 31.52 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling