Postsinaptik potentsiallar. Miniatyur potentsiallar. Sinapsda presinaptik membranadan ajralgan neyromediator postsinaptik membrana retseptori bilan ta’sirlashib, postsinaptik potentsialni vujudga keltiradi. Postsinaptik potentsiallar qutbsizlantiruvchi, ya’ni qo’zg’atuvchi va qutblilik darajasini oshiruvchi, ya’ni tormozlovchi potentsiallarga bo’linadi. Postsinaptik membranada mediator ta’sirida Na+ ion kanallari aktivlashib, natriy ionlari hujayraga kira boshlasa, K+-kanallari orqali kaliy ionlarining tashqariga chiqishi kuzatiladi. Bunda riversiyalanish potentsiali 0 mV ni tashkil etuvchi qo’zg’atuvchi potentsial vujudga keladi. Postsinaptik membranada Cl- yoki K+ kanallari faollashishi natijasida kaliy va xlor ionlarining kontsentratsiya gradienti yo’nalishidagi harakati membrana qutbliligini oshirib, giperpolyarizatsiyaga olib keladi va tormozlovchi potentsial kelib chiqadi. B.Katts sinaptik jarayonlarni o’rganish davomida presinaptik membranadan neyromediatorning spontan portsiyalar holida ajralib chiqishi bilan ifodalanadigan, amplitudasi 0,5 mV va davomiyligi 20 ms ni tashkil etuvchi postsinaptik potentsiallarni qayd etadi va buni miniatyur potentsiallar deb nomlagan.
Presinaptik membranada joylashgan Sa2+ -ion kanallari faoliyati mediator ajratish jarayonida muhim ahamiyatga ega. Bunda kiruvchi Sa2+ ionlari mediator pufakchalari ustki qismida mavjud bulgan oqsil kompleksiga ta’sir ko’rsatib, pufakchalardan mediatorning sinaps tirqishiga ekzotsitoz orqali sekretsiyasini ta’minlovchi omillardan biri hisoblanadi.
Mahalliy o’simlik Aconitum zeravshanicum turidan ajratib olingan zeravshenizin alkaloidining Amerikana periplaneta suvaragi nerv-mushak sinapsida mediator ajralish jarayoniga ta’siri o’rganilganda, ushbu alkaloid sinaps presinaptik va postsinaptik membranalarda signal uzatish jarayonida hosil bo’luvchi miniatyur potentsiallar chastotasini dozaga bog’lik holatda kontrolga nisbatan 67,3 % ga kamaytirishi kuzatildi. Bizga ma’lumki, sinapsda miniatyur potentsiallar chastotasi to’liq holatda presinaptik membrana orqali ifodalanadi va zeravshanizin alkaloidi ushbu membranada joylashgan Sa2+ ion kanallari faoliyatiga susaytiruvchi ta’sir ko’rsatib, Sa2+ ionlarining membrana orqali kirishini cheklab quyadi va natijada mediator ajralish jarayoni faolligi pasayadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |