9-may-Xotira va qadrlash kuni” bo`limi materiallarini o`rganish


Bo`limdagi hikoyalarni o`rganish metodikasi


Download 77.09 Kb.
bet6/6
Sana08.01.2022
Hajmi77.09 Kb.
#241336
1   2   3   4   5   6
Bog'liq
9may

2.3. Bo`limdagi hikoyalarni o`rganish metodikasi.
Yosh avlodni barkamol inson qilib tarbiyalash masalasi hozirgi ta’lim jarayonining asosiy ustuvor vazifalaridan biridir. Bu vazifa boshlang`ich ta’limda hikoya o`qish darslarida ham amalgam oshiriladi. Hikoya o`qish darslari boshlang`ich ta’lim o`qish va nutq o`stirish dasturi asosida tashkil qilinadi. Dastur asosida tuzilgan “O`qish kitobi” darsliklaridagi materiallar o`quvchilarda o`qish ko`nikmasi, o`qilgan matn mazmunini to`g`ri tushunish va unda ishtirok etgan personajlarning xatti-harakatlarini, voqea-hodisalarni to`g`ri baholay olish ko`nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi.

3-sinf “O`qish kitobi” darsligining “9-may – Xotira va qadrlash kuni” bo`limida Ullibibining “E’zoz” hamda Sobit G`ofurovning “Mag`zi shirin” hikoyalari berilgan. Mazkur hikoyalar ham o`quvchilarning xalqimiz hayotida keng nishonlanadigan tarixiy sana 9-may kuni haqida, uning nomlanishi haqidagi tushunchalarini kengaytirishga xizmat qiladi. Zero, bolalar yoshligidan bu kunning shonli kun ekanligini, barcha odamlar tomonidan nishonlanib bayram qilinishini biladilar. Ularning o`zlari ham bevosita shu narsalarning ishtirokchilari bo`lganlar. Endi ular bo`limda berilgan hikoyalarni o`qish, uni mazmunini o`zlashtirish jarayonida bu kun haqidagi tasavvurlarini yanada kengaytiradilar. Chunki, hikoya mazmunan boshlang`ich sinf o`quvchilari uchun mos janr hisoblanadi. Binobarin, o`quvchilarni qahramonlarning xatti-harakati, tashqi ko`rinishi, portret tasviri, voqea-hodisalari haqidagi hikoyalar ko`proq qiziqtiradi. Shundan kelib chiqqan holda o`quvchilarni badiiy asar turi hisoblanmish hikoya bilan tanishtirish uning syujetini tushuntirishga bog`lab olib boriladi.

3-sinflarda hikoyani o`qishga bag`ishlangan izohli o`qish darslarida o`qilgan hikoya mazmunini ochish, lug`at ustida ishlash, o`qilgan matnni qayta hikoyalash kabilar asosiy ish turlaridan hisoblanadi.

“E’zoz” va ”Mag`zi shirin” hikoyalarining mazmuni savollar asosida tahlil qilinadi. O`quvchilarga beriladigan so`roqlardan ikki maqsadda: hikoya mazmunini tahlil qilish hamda dalillar, mulohazalar, xulosalarni taqqoslash, voqea-hodisalar, xatti-harakat o`rtasidagi bog`lanishni aniqlash va umumlashtirish uchun foydalaniladi. Shu bilan birga bu hikoyalarni o`qish darslarida o`quvchilar tushunmaydigan so`z va iboralar ma’nosini tushuntirish ham muhim, bo`lmasa o`quvchilar hikoya mazmunini tushuna olmaydilar.

Bu hikoyalarni o`qishda uning mazmunini tahlil qilish va shu asosda o`quvchilar nutqini o`stirish markaziy o`rin egallaydilar. Hikoya o`qib bo`lingach, o`quvchilar o`ylashi, o`z mulohazalarini aytishi uchun tayyorlanishga vaqt berish kerak. O`qilgan asar yuzasidan beriladigan dastlabki savollardan maqsad, hikoya bolalarga yoqqan-yoqmaganligi, undagi qaysi qahramonning xarakteri bolaga ta’sir etganini bilishdan iborat. Shundan keyingina hikoya syujeti, voqeaning yo`nalishini ochishga, personajlar xarakterini tushunishga, nihoyat , asarning asosiy g`oyasini bilib olishga yordam beradigan savollardan foydalaniladi.

Badiiy asarni tahlil qilishda syujetni to`liq tushuntirishga berilib ketib, qahramonlarga tavsif berish, asar qurilishi va tilini tahlil qilish kabi ish turlari e’tibordan chetda qolmasligi lozim.

Ma’lumki, ertak janriga xos matnlar jozibadorligi bilan bolani o`ziga tortadi. Lekin hikoya janri ham hayotiyligi bilan o`ziga xos. Hikoyada voqealar tez rivojlanib boradi. Unda inson hayoti, u bilan bog`liq hayotiy lavhalar bayon etiladi. O`quvchilar qahramonlarning xarakteri, ulardagi xususiyatlar bilan qiziqadilar. O`quvchilar “E’zoz” hikoyasida Bob ova uning nevarasi Nodir suhbatidan 9-may kunining qanday kun ekanligini, nima uchun bu kunning Xotira va qadrlash kuni deb atalishini bilib oladilar. Hikoyaning mazmunini anglatish uchun quyidagi savollar beriladi:

  1. 9-may qanday kun?


  2. Bobo bilan nodir qayerda yonma-yon o`tirishdi?


  3. Bobo “Motamsaro ona” yodgorligi haqida nimalarni aytdi?


  4. Keksalar qanday tilak bildirishdi?


O`quvchilar bilan shu tarzda savol-javob o`tkazilgach, ularning hikoya mazmuni va g`oyasini qanday anglaganliklarini aniqlash, o`z xulosalarini bayon etish uchun ham “Aqliy hujum” uyushtirish mumkin. Bunda quyidagi savollarni berish maqsadga muvofiq bo`ladi:




  1. “Motamsaro ona” yodgorligi qanday yodgorlik, u haqida nimalarni bilib oldingiz?


  2. “Xotira va qadrlash kuni” ning ma’nosi nimadan iborat ekan?


  3. Siz 9-mayda Mustaqillik maydonida bo`lganmisiz?


O`quvchilar bu savollarga javob berishga ijodiy yondashadilar, bunda ularning tafakkurlari bilan birga nutqlari ham rivojlanib borishiga sharoit yaratiladi.

S.G`ofurovning “Mag`zi shirin” hikoyasi yuzasidan quyidagi savollarni berish mumkin:

  1. Nima uchun otaning ko`zlarida yosh qalqidi?


  2. Ota hayol surib nima dedi?


  3. Bolalar otani yupatib nima dedilar?


Bu kabi savollar o`quvchilarni o`ylanishga, mulohaza yuritishga undaydi, ularning bilim doirasini kengaytiradi. Voqea-hodisalarga o`z shaxsiy munosabatlarini paydo qilishga yordam beradi. Shu bilan birga o`qituvchi o`quvchilarning o`ziga hikoya bo`yicha savollar tuzdirishi va shu asosda savol-javob orqali o`quvchilarning hikoya mazmunini o`zlashtirib olishlariga erishish mumkin.

3-sinf hikoyalarni o`qish darslarida amalga oshiriladigan ish turlaridan yana biri lug`at ustida ishlash hisoblanadi. Zero, hikoyalarni o`qish darslarida matndagi o`quvchilar tushunmaydigan so`z va iboralar ma’nosini tushuntirish juda muhim, bo`lmasa o`quvchilar hikoya mazmunini tushuna olmaydilar.

“E’zoz” hikoyasi matnidagi xotira, yodgorlik, motamsaro, majmua, qadr kabi so`zlar ma’nosini izohlash muhim hisoblanadi.

“Mag`zi shirin” hikoyasidagi hasrat, navqiron o`g`il kabi so`z va so`z birikmalarining ma’nosini tushuntirish yaxshi samara beradi.

Boshlang`ich sinflarda hikoya tahlili adabiy tur sifatida o`ziga xos xususiyatlari va vazifasidan kelib chiqib ish ko`rishni taqozo etadi. Undagi har bir so`z, ibora gap yozuvchining fikrini ifodalashga xizmat qiladi. Hikoya matni uning mazmunini yoki badiiy xususiyatlarini o`rganishdagina emas, tahlilning ifodali, adabiy, shartli yoki ijodiy o`qish, muammoli usullardan foydalanish uchun ham manba bo`lishi lozim.

3-sinfda “E’zoz” va “Mag`zi shirin” hikoyalari syujeti, kompozitsiyasi, qahramonlarni o`rganish bo`yicha turli tahlillar matn ustida ishlash asosida olib boriladi. Bunda o`quvchining ijodiy faolligi ortadi, ijodiy fikrlash doirasi kengayadi.

“E’zoz” hikoyasi qahramonlarini, ularning xatti-harakatlarini o`rganish va tahlil qilishni matnga tayangan holda quyidagi reja asosida amalgam oshirish mumkin;


  1. Bobo bilan nabira.


  2. “Motamsaro ona” yodgorligi.


  3. Keksalar ko`rindi.


  4. Keksalar tilagi.


Shundan so`ng o`quvchilar xotira va qadrlash kuni haqida ongli fikr yuritadilar. Tinchlikning oily qadriyat ekanligi xususida fikr yuritadilar.

Mazkur hikoyalar mazmunini o`zlashtirish bo`yicha matn asosida quyidagicha ishlar amalga oshiriladi.

  1. Matn mazmuni yuzasidan o`qituvchi savollarga javob berish;


  2. Hikoya matniga berilgan savol-topshiriqlarni bajarish;


  3. Hikoya mazmuni yuzasidan o`quvchilarning savollar tuzishi;


  4. Hikoya mazmuniga mos rasmlar chizish;


  5. Hikoya matnini qismlarga bo`lish;


  6. Har bir qismga sarlavha topish;


  7. Hikoyaga reja tuzish;


  8. Reja asosida qayta hikoyalash (to`liq, qisqartirib va ijodiy qayta hikoyalash)


  9. Reja asosida bayon yozish.


Hikoyalarni o`rganishda qo`llaniladigan metodlardan yana bir hikoya matnini qismlarga ajratish va ularning har biriga sarlavha topishdan iboratdir. Masalan, “Mag`zi shirin” hikoyasi uch qismga bo`linishi, har bir qismga quyidagicha sarlavha qo`yilishi mumkin:




  1. Otaning hasrati.


  2. Bolalar otani yupatdi.


  1. Ota va bolalar quvonchi.


Tahlilida o`qilayotgan hikoya matnining tushunarliligi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Tushunarlilik deganda yozuvchi yaratgan badiiy olamning o`ziga xosligi, obrazli tasvirning o`quvchi hayotiy tajribasi, bilim darajasiga muofiqligi nazarda tutiladi.

Hikoyani o`rganishda savollarni, odatda, o`qituvchi beradi, ammo asar mazmuni, qatmashuvchi shaxslarning xulq-atvorini ochish yuzasidan o`quvchilarga ham savol tuzdirish juda foydali. Bu usul bolalarga juda yoqadi va ishni jonlantiradi, asar mazmunini yaxshi tushunish, o`z fikrini izchil bayon qilish malakasini egallash, mazmun va voqealar orasidagi bog`lanishli to`liq esda saqlab qolishda o`quvchilarga yordam beradi.

“E’zoz” va “Mag`zi shirin” hikoyalarini izohli o`qish darsini quyidagicha reja asosida olib borish mumkin:


  1. Hikoyani o`qishga tayyorlash ( hikoyadagi kabi odamlar hayoti va davrga xarakteristika berish va boshqa);


  2. Hikoyani o`qish ( bunda to`liq va ma’no jihatdan tugal qismini o`qituvchi yoki oldindan tayyorlangan o`quvchi ifodali o`qishi mumkin);


  3. Lug`at ustida ishlash;


  4. Idrok etishni tekshirish ( qatnashuvchilarning xatti-harakatlari, shaxslar va voqealar o`rtasidagi munosabatlar yuzasidan qisqacha suhbat);


  5. Hikoyani qayta o`qish ( qismlarga bo`lib, rollarga bo`lib o`quvchilarga o`qitish);


  6. Hikoyaning har bir bo`limi ( qismi) yuzasidan uyushtirish, hikoya rejasini tuzish;


  7. Reja asosida qayta hikoyalash;


  8. Hikoya asosida ijodiy va mustaqil ishlar;


  9. Hikoyani ifodali o`qishga yoki sahnalashtirishga tayyorlanish ( sinfda yoki uyda);


  10. Hikoyani ifodali o`qish va ifodali qayta hikoyalash.




Yuqoridagilardan ko`rinadiki, bo`limdagi hikoyalarni o`qish darslarini tashkil qilishda o`qituvchi to`g`ri ish metodlaridan foydalanadi va bulardan barchasi dars samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga bu hikoyalar o`qish bilan o`quvchilarda Vatan uchun jon fido qilgan ajdodlarimiz xotirasini muqaddas bilish, el-yurt uchun xizmat qilganlarni qadrlash tuyg`ularini hosil qilishga erishiladi.
Download 77.09 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling