Kredit-modul tizimida o‘quv jarayonini rejalashtirish va tashkil etish. - Kredit-modul tizimida o‘quv jarayonini rejalashtirish va tashkil etish. Oliy ta’lim tizimidagi o‘quv jarayonlari oliy malakali mutaxassisni tayyorlashdagi tashkiliy, boshqaruv, bilish faoliyatini rivojlantirish kabi ko‘p qirralarni o‘z ichiga oluvchi murakkab jarayondir. O‘quv jarayoni asosan o‘quv mashg‘ulotlari va nazorat jarayonlaridan tashkil topgan. O‘quv mashg‘ulotlari barcha turdagi akademik mashg‘ulotlarni, talabalarning mustaqil ta’limi va malakaviy amaliyotlarni o‘z ichiga oladi. Nazorat jarayonlari talabalarning ta’lim dasturini qay darajada o‘zlashtirganligini ko‘rsatadi. O‘quv jarayonini rejalashtirish oliy o‘quv yurtining o‘quv faoliyatini boshqarishda muhim elementlaridan biri hisoblanadi. U quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi: • malakaviy talablar, o‘quv rejasi va fanlar katalogi ilg‘or xorijiy ta’lim tajribasi asosida respublika iqtisodiyoti tarmoqlarida amalga oshirilayotgan islohotlar, kadrlar iste’molchilari talablari va milliy qadriyatlarni e’tiborga olgan holda ishlab chiqiladi; • mahalliy va xorijiy yangi avlod adabiyotlariga tayangan holda fanlar katalogi bo‘yicha fanlarning o‘quv dasturlari ishlab chiqiladi; • fanlarning o‘quv dasturlari asosida sillabuslar (ishchi o‘quv dasturlari) ishlab chiqiladi; • o‘quv rejaga qo‘shimcha ravishda tanlov fanlarining ro‘yxati shakllantiriladi; • o‘quv reja va tanlov fanlari ro‘yxatiga mos ravishda edvayzerlar (va tyutor-maslahatchilar) yordami bilan, Registrator Ofisi va dekan nazorati ostida har bir talabaning shaxsiy o‘quv rejasi shakllantiriladi; • talabalarning shaxsiy o‘quv rejalari asosida ishchi o‘quv rejalari tuziladi; • o‘quv yili mobaynidagi asosiy o‘quv jarayonlari va ularni amalga oshirish muddatlari aks ettirilgan o‘quv jarayoni jadvali (akademik taqvim) tuziladi; • yo‘nalish va mutaxassisliklarning ishchi o‘quv rejalariga mos ravishda kafedralarning o‘quv yuklamalari rejalashtiriladi va professor-o‘qituvchilarning shtat jadvali hamda ularga taqsimlangan kreditlar tasdiqlanadi; • akademik guruhlar uchun asosiy dars jadvallari (fan mashg‘ulotlari jadvallari) tuziladi va talabalarga tanlov uchun taqdim etiladi; • talabalarning tanlovlari asosida talabaning shaxsiy dars jadvallari tuziladi va tasdiqlanadi. Fan bloklaridagi fanlar majburiy va tanlov fanlariga ajratiladi. Majburiy fanlarga malaka talablarida keltirilgan, o‘zlashtirilishi shart bo‘lgan fanlar kiradi. Tanlov fanlariga kadrlar buyurtmachilari talabi bilan oliy o‘quv yurti tomonidan taklif etiladigan va boshqa fanlar kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |