Klassifikatsiyalash – bir turkum ichidagi narsalarning bir-biriga
o‘xshashligiga va boshqa turkumdagi narsalardan farq qilishiga qarab
narsalarni turkumlarga ajratish tizimidir. D.I.Mendelevni “Elementlarning
davriy tizimi” jadvali bunga yorqin misoldir.
Sistemalashtirish – tizimga solish shundan iboratki, bunda ayrim
narsalar, faktlar, hodisa va fikrlar muayyan tartibda makondagi, vaqtdagi
tutgan o‘rniga yoki mantiqiy tartibda joylashtiriladi. Shu sababli makon,
xronologiya va mantiqiy belgilar asosida tizimga solish turlariga ajratiladi.
Tafakkur shakllari
Psixologiyada nutq fikr yuritish faoliyatining vositasi deb yuritiladi.
Odamda nutq tafakkur jarayonida hukm, xulosa chiqarish va tushunchalar
shaklida ifodalanib keladi.
Narsa va hodisalarning belgi va xususiyatlari haqida tasdiqlab yoki
inkor qilib aytilgan fikr hukm deb ataladi.
Narsa va hodisalarda voqelikda haqiqatan o‘zaro bog‘liq bo‘lgan
belgilar, alomatlar hukmlarda bog‘liq ravishda ko‘rsatib berilsa yoki
voqelikda bir-biridan ajratilgan narsalar hukmlarda ajratib ko‘rsatilsa bu chin
hukm deb ataladi. Moddiy olamda haqiqatdan bog‘liq bo‘lmagan narsa
hukmda bog‘liq qilib ko‘rsatilsa, bunday hukm xato hukm deb ataladi
Xulosa chiqarish shunday tafakkur shaklidirki, bu shakl vositasi bilan
biz ikki yoki undan ortiq hukmlardan yangi hukm hosil qilamiz.
Xulosa chiqarish uch turga bo‘linadi: induktiv, deduktiv va analogiya.
Induktiv xulosa chiqarish – bu xulosa chiqarishning shunday
mantiqiy usulidirki, bunda bir necha yakka va ayrim hukmlardan umumiy
hukmga o‘tiladi, yoki ayrim fakt va hodisalarni o‘rganish asosida umumiy
qonun va qoidalar yaratiladi.
Deduktiv xulosa chiqarishda umumiy va yakka hukmlardan yakka
yoki juz’iy hukm keltirib chiqariladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |