Abdulla Qodiriy O’tkan kunlar yozg‘uchidan
Download 1.12 Mb.
|
Abdulla Qodiriy-O\'tkan kunlar
8. BAXT VA BAXTSIZLIK
Oshni suzib keltirgach, mehmonni oshg‘a taklif qi-lishdan burun yana toqchadagi ko‘vachani olib bir pi-yolani to‘ldirdi va Otabekka uzatdi. — Iching buni ham, so‘ngra oshni yeymiz, — dedi. Bu gal uncha qistatishqa to‘g‘ri kelmadi, birinchi piyola bilan uning ko‘z o‘nglari jimirlashmakka va o‘zida bir yengillik his etmakka boshlag‘an va bu ikkinchi piyola go‘yo «meni ichsang tag‘in ham yengil tortasan», der edi. Otabekning ikkinchi piyolasidan so‘ng oshg‘a o‘lturdilar. Bitta «don» www.ziyouz.com kutubxonasi 108 O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy hazmini ham tasavvur qilmag‘an uning me’dasi ketma-ket tushib turg‘an luqmalarni e’tirozsiz qabul qilmoqda edi. Bunday ishtihoni, ehtimolki, ul o‘z umrida birinchi martaba ko‘rgandir. Tomoq orasida uy egasining bergan savollariga yaxshi javob berganidek, o‘zi ham ba’zi so‘zlarni to‘qib yubormoqda, boyag‘i oz so‘zliliklar o‘rnini ezmalik bo‘lmasa ham mo‘’tadil bir hol olg‘an edi. Oshdan so‘ng lagan va dasturxonni yig‘ishtirib olg‘uchi uy egasiga sarxush va qizarg‘an ko‘zlari bilan uzoq qarab qo‘ydi. Bu qarash unga minnatdorliq va tashakkur qarashi edi. Uy egasi Otabekning yonig‘a ikkita yostiq olib qo‘ydi va bittani o‘z yonboshig‘a ham oldi. — Yonboshlangiz bek, — dedi, boshlab o‘zi yonboshladi. Otabek ham unga ergashdi. Ikkisining orasidag‘i sham’ yel bilan o‘ynashibg‘ina nur separ, ikkisi ham so‘z qo‘yishqandek sham’ga ko‘z tikib qanday o‘yg‘adir berilgandek ko‘rinar edilar. Bir necha vaqtdan so‘ng uy egasi ko‘zini sham’dan oldi va yer ostidan Otabekni kuzatkach, so‘radi: — Uylanganmisiz, bek? Otabekning kayfi kuchlikmi edi yoki so‘zni onglamay qoldimi, haytovur shu onda javob berolmadi. — Uylanganman. So‘rag‘uchi bir oz to‘xtab olg‘ach, yana so‘radi: — Xotiningizga muhabbatingiz bormi? Otabek bu savol qarshisida garangsib qolg‘andek bo‘ldi, voqi’an orag‘a og‘ir savol tushkan edi, bilintirmaslik qilib uflab oldi. — Muhabbatim yo‘q. — Yaxshi ekan, — dedi uy egasi. Otabek uning bu so‘ziga tushuna olmay, «nega?» degandek qarab turar edi. — So‘zimga ajablandingiz shekillik? — Yo‘q, — dedi Otabek, lekin uning taajjubi uy egasiga ochiq ko‘rinib turar edi. — Balki muhabbat baxtlik kishilar uchun yaxshidir, lekin o‘z tajribamcha, baxtsiz kishi uchun badbaxtlikdir. Masalan, siz agar chindan ham xotiningizg‘a muhabbatsiz bo‘lsangiz, o‘zingiz ham iqror qila olasiz: uyga kirsangiz xotiningiz bordek, ko‘chaga chiqsangiz yo‘qdek, bas, sizga xotinning og‘irlik va yengilligi birdak. Shundoq emasmi? — Shundoq, — dedi Otabek, ammo muhabbat to‘g‘risida so‘zlangan bu so‘zlar uning kayflik ko‘zini ocha yozdilar. Uy egasi davom qildi: — Men bu so‘zlarni o‘z holimdan chog‘lab aytaman, ehtimolki men yanglisharman, — dedi va uzoq tin olg‘ach, so‘radi: — Siz uylanganda o‘zingiz yoqtirib uylandingizmi yoki oradag‘ilarning yoqtirishlari bilanmi? Otabek so‘rag‘uchining qanday muddaosi borlig‘ig‘a tushunmay qoldi. — Onamning yoqtirishi bilan. — Barakalla, — dedi uy egasi va, — manimcha, hamma balo o‘zing ko‘rib, suyib uylanishda, — dedi va eshitkuchisi kutmagan joyda sukutka ketdi. Otabek bir ko‘ynakni o‘zidan burun yirtkan kishi to‘g‘risida go‘yo o‘z sarguzashtining eski tarixini mulohaza qila bosh-lag‘an, qarshisida o‘lturg‘uchini-da, qayin ota eshigidan quvlang‘an kishi deb bilgan edi. Qayin otang sani ham quvladimi, deb aytmasa ham shunga yaqin bo‘lg‘an «suygan xotiningiz sizni tashlab ketdimi?» degan savolni berdi. Uy egasi boshini chayqadi: — Tashlab ketishka — ketdi, lekin o‘z ixtiyoricha emas, — dedi. Otabek bu so‘zdan so‘ng buning ham qayin otasi yoki qayin onasi tomonidan zulm ko‘rganiga ishong‘an edi. — Yomon odamning yuzi qursin, — deb qo‘ydi, bu so‘z uy egasiga tushunarlik bo‘lmadi shekillik, Otabekka savol nazari bilan qarab oldi. |
ma'muriyatiga murojaat qiling