Abdulla Qodiriy O’tkan kunlar yozg‘uchidan
Download 1.12 Mb.
|
Abdulla Qodiriy-O\'tkan kunlar
www.ziyouz.com kutubxonasi 109
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy — Ezmalik bo‘lsa ham boshimdan o‘tkanlarni so‘zlab beraymi, mehmon? — dedi. O‘z sarguzashti bilan farqsizg‘a o‘xshab ko‘ringan bu hikoyani eshitishka uning ishtiyoqi ortqan edi: — Siz so‘zlamasangiz-da, men so‘zlatmoqchi bo‘lib turar edim. — Manim sarguzashtimda siz kutkan qiziqliq yo‘q. Lekin shunday bo‘lsa ham so‘zlab berayin, — dedi va yostiqni ko‘kragiga qo‘yib olg‘ach, hikoyasini boshladi: — Men o‘zim asli qo‘qonliqman. Ota-onamdan yoshliqda yatim bo‘lib, tog‘amning qo‘lida o‘sdim. Yoshim 17—18 larga borg‘andan so‘ng o‘z kunim o‘zimga qolib, bir o‘rtog‘imning kengashi bilan bundan yigirma yillar burun Marg‘ilong‘a kelib, bu kungi ustakorimning otasig‘a to‘quvchiliq hunariga shogird tushdim. To‘rt yil chamasi qilg‘an xizmatimdan so‘ng haligi ustakorga xalfa bo‘lib ishlay boshladim. Boshqa yigitlardek ortiqcha o‘rinsiz sarflarim bo‘lmag‘ani uchun oz zamon ichida uch-to‘rt tilla pullik ham bo‘ldim. Ishimga ixlos bilan qarag‘anim uchun maning to‘qug‘an ishlarim o‘zgalarnikidan qadrlik yurar va xalq orasida ham otim «usta Alim kichkina» bo‘lib shuhratlangan edi. Ma’lumki, bofandalar oldig‘a ko‘pincha xotin-qizlar kelib, yangi nusxa qidirib yuriydirlar. Maning to‘qug‘an ishlarim va chiqarg‘an nusxalarim hammaga maqbul, ayniqsa xotin-qizlar uchun mashhur bo‘lib, har doim to‘quv do‘konim yonidan xotin-qizlar ayrilmas edilar. Kunlardan bir kun hali kishidan qochar darajaga yetmagan o‘n uch-o‘n to‘rt yoshlar chamaliq do‘ndiqqina bir qiz kelib, men chiqarg‘an yangi nusxa shohidan so‘radi. Qizning so‘rag‘an nusxasi to‘qilib va sotilib ketkan edi. Shuning uchun «yo‘q» deb javob berdim. Qiz ko‘zini jovdiratib turib, «maning uchun to‘qib berolmaysizmi?» deb so‘radi. Men qizning yuziga qarab, «mumkin emas opa, bir kiyimlik shohi deb nusxa bo‘yash og‘ir», dedim. Qiz so‘zni aylantirib mendan va’da olishg‘a tirishar edi. Men so‘z orasida yana unga qarab oldim. Yonimdag‘i xalfalardan bittasi qizg‘a o‘la, «to‘qib bering, usta, opani xafa qilmang!» deb qo‘ydi. Uchunchi qarashda o‘zimda qizg‘a qarshi bir yaqinliq his etkan, unga uzoqqina qarab qolishg‘a majbur bo‘lg‘an edim. Garchi qiz aytkan nusxani tayyorlash og‘ir bo‘lsa ham qandaydir bir kuch ta’sirida haligi qizg‘a va’da berib yuboribman. Ul chiqib ketkach, qanday va’da berganimni o‘ylab ko‘rib, va’da kuni kelsa to‘quy olmadim derman, degan so‘zni ko‘nglimdan o‘tquzdim, lekin qizning gunohsiz o‘ynab turg‘an qora ko‘zlari, qizil olmadek taram-taram yuzlari hamon ko‘z o‘ngimda ko‘rinib turar edilar va «maning uchun to‘qib berolmaysizmi?» so‘zi quloq ostimda takror aytilgandek bo‘lar edilar. Bir necha kun shu yo‘sun ikkilanib yurg‘ach, niho-yat o‘zimga tushunilmagan bir savq ostida va’damni ifoga ham boshlabman, bir kiyim shohi, deb o‘ttuz kiyim bo‘laturg‘an ipakni bo‘yash, tanda, arqoq, go‘la mashaq-qatlari ko‘zimga hech ko‘rinibdir. Va’damdan ikki kun ilgariyoq shohini to‘qib, uning kelar yo‘lini poylar edim, ul kelmas edi. Nihoyat va’da kuni ham kelib o‘tdi, kel-madi. Sizga shuni ham aytib qo‘yayki, bir ko‘rgan kishingizning tusini albatta uzoq fursat xotiringizda tutolmaysiz, lekin bu qiz to‘g‘risida man tamom boshqacha holatda bo‘ldim: shundoqki, uning qoshini, ko‘zini, tusini, qo‘g‘urchoqdek qaddini ko‘z o‘ngimda tuta-tuta tamom bir yillik bilishlardek bo‘lib qolibman. Uning tovush ohanglari qulog‘im xotirasida u daraja yaxshi saqlanmag‘an bo‘lsa-da, ammo «maning uchun to‘qib berolmaysizmi?» so‘zini hozirg‘ina eshitkandek bo‘lar edim. Va’da kunidan uch-to‘rt kun o‘tib ketkan bo‘lsa ham hanuz ul kelmas edi. Men uning ko‘chasini so‘rab qolmag‘animdan xafa bo‘lar edim. Chunki, shohini o‘zim eltib berishka ham endi hozirlanib qolg‘an edim. Bu kutish kunlarimda na uchundir yonimdag‘i xalfa shogirdlar bilan bo‘laturg‘an muomalalarim ham o‘zgara boshlag‘an, ya’ni so‘zlarim dag‘al va tundlikka aylangan, go‘yo buning ila Alining kekini Validan olar edim. |
ma'muriyatiga murojaat qiling