Abdulla Qodiriy O’tkan kunlar yozg‘uchidan
Download 1.12 Mb.
|
Abdulla Qodiriy-O\'tkan kunlar
www.ziyouz.com kutubxonasi 201
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy — Shuning uchunki qudachangiz kelinsiz qolaman deb orag‘a tushadir, ammo men shu yerda bo‘lsam, albatta tiliga kaltak keladir. Oftob oyim hamon oyog‘ uzatmadi, qizig‘a yalinib ko‘rdi: — Yosh joning bor, qizim, — dedi, — biravga yomonliq sog‘inma, man bilan birga ket, nima qilishsa o‘zluk-o‘zi qilishsin... Zaynab ham umid bilan bir yostiqqa bosh qo‘yg‘an. — Siz tushunmay yotibsiz, — dedi Kumush va eshikdan oyog‘ tovshini sezib gapni shu yerda to‘xtatdi. O‘zbek oyim so‘zlanib kirdi: — Nega muncha shoshmoq, yov quvladimi, aqalli bir oy bo‘lsin... Marg‘ilon degan yurtdan ot-otlab, tuya qo‘mlab kel emish-da bir oyg‘ina turmay ket emish! — Oftob oyim bilan Kumush uning hurmatiga o‘rinlaridan turdilar. O‘zbek oyim o‘ltura-o‘ltura so‘radi. — Hali eshitdinglarmi? Eshitdik, — dedi Oftob oyim biz ham shuning mojarosida edik. — Axir shu ham gapmi, xudda allakimlarga o‘xshab. Oftob oyim uzr aytdi: — Uyimiz yolg‘iz, shunchalik sizlarni ozor chekdirdik... Begona kishinikida ham yigirma kun turayliq-chi... Xudda o‘z uyimizdek yayrab-yashnadiq, sharofatlaringiz soyasida ko‘b kishilar bilan tanishdiq, izzat-ikromlaringiz ta’rifidan ojizmiz... Endi navbat sizlarning ham bizning shaharlarga borishlaringizg‘a keldi. — Bekor gap, — dedi O‘zbek oyim, — hali qudalarimizni muddaodagidek siylay olg‘animiz yo‘q, shu holda jo‘natsaq bizning sha’nimizga yaxshi emas... Men qudamning oldig‘a chiqaman, bizga nomus keltirmakchi bo‘lsa ertaga jo‘naybersin. Oftob oyim takror uzr aytdi: — Bizni uyaltirmoqchi bo‘lsangiz mayli, chiqing, agar xursandligimizga qarasangiz, qo‘ying. Kumushingiz ham; shuncha turg‘animiz bas, endi Zaynabni olib oyimning o‘zlari biznikiga borsinlar, deydi... Ketish orasig‘a Kumush ham kelturilib siqilg‘ach O‘zbek oyimning haligi odamgarchiliklari keyingi navbatka qoldi. — Hali Kumush ham ketmakchimi? Kumush kulimsirab onasig‘a qaradi. Oftob oyim uzr aytdi: — Shukur, sizning oldingizda Zaynabnisa bor. Manim bo‘lsa qanot-quyrug‘im shu Kumush. Ayniqsa, Kumushingizga javob bermasangiz bo‘lmas, oyi. O‘zbek oyim Kumushka xo‘mrayib oldi: — Yo‘q-yo‘q Oftobbonu, — dedi, — sizlarga javob bersam-da, Kumushka yo‘q. — Shu galcha javob berasiz, men sizdan so‘rayman. — So‘zingiz yerda qoladir, buv Oftob, bir oz andisha ham lozim, — dedi va Kumushka yuzini o‘girdi, — uyat emasmi, kelin? Kecha kelding surilib, bu kun ketkin burilib. — Menda ixtiyor yo‘q, oyijon, — dedi Kumush, — sizlar nimani ma’qul ko‘rsalaringiz menga baribir. O‘zbek oyim boshi bilan keliniga rizoliq bildirib «barakalla» deb qo‘ydi. Oftob oyim qizig‘a o‘qrayinqirab yer tegidan qaradi: — Albatta Kumush nima ham desin? — dedi, Kumushning ham haligidek qololmaslig‘a faqat meni ko‘zi qiymag‘ani uchun... bo‘lmasa albatta ketmas edi. O‘zbek oyim bir gapdan toymay: «Ketish uyat, Otabek, uch yil qatnag‘anda qizingiz bir yilgina Toshkandda tursa nima qipti...» kabi so‘zlarni o‘zgarishsiz bir maqomda aytilib turg‘andan keyin Oftob oyim boshqa yo‘l tutmoqchi bo‘lib, Kumushni uydan chiqib turishka buyurdi. Kumush chiqg‘andan so‘ng: — Qizini menga qoldirishg‘a ayadi demang, oyi, — deb qo‘ydi, — munda boshqa mulohazalar ham yo‘q emas... — Ayting. |
ma'muriyatiga murojaat qiling