Abdulla Qodiriy O’tkan kunlar yozg‘uchidan


Download 1.12 Mb.
bet125/221
Sana05.01.2023
Hajmi1.12 Mb.
#1080095
1   ...   121   122   123   124   125   126   127   128   ...   221
Bog'liq
Abdulla Qodiriy-O\'tkan kunlar

www.ziyouz.com kutubxonasi 123

O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy





* * *

Otabekning o‘sha voqi’adan so‘ngg‘i Marg‘ilon qatnashlari faqat natijasiz quruqqina bir qatnash edi. Bu qatnashning har birisida usta Alimnikiga tushar, ammo hanuz undan o‘zining sirrini yashirib, Andijondan qaytib kelishini va yo borishini va yo‘l ustidan ko‘rib ketish uchun kirganini aytib usta Alimni minnatdor qilar edi. Ul Marg‘ilonda ko‘b to‘xtamas, bir kun, uzoqqa tortilsa ikki-uch kun turib qaytar, ba’zi vaqtlarda yo‘l ustidan «Xo‘ja Ma’oz» mozorini ham tunab ketar edi. Uning o‘n kunlab yo‘l mashaqqatini o‘z ustiga olib, Marg‘ilonda qilaturg‘an ishi shu mashaqqatlar evaziga arzug‘uliq edimi, yo‘qmi, o‘qug‘uchi buni quyidan onglar:


Marg‘ilondan natijasiz, tamoman bo‘shka qaytib Toshkand kelgach, Kumushni unutkandek bo‘lib uch-to‘rt kun u-bu bilan ovinib yurar, so‘ngra hafta, o‘n kundan so‘ng yana Marg‘ilon to‘g‘risida o‘ylab boshlar, o‘ylab o‘yining tegiga yeta olmag‘ach, o‘zini qayoqqa urishini bilmay qolar, shundan so‘ng hamma alamini Chuqur qishloqqa havola qilib, o‘n-o‘n besh kun bosim ichkanidan so‘ng ichkulukdan ham lazzatlanmay qolar va shuning yonida uning ko‘ngli bir narsaning bo‘yini olg‘andek sezinar, go‘yo Marg‘ilon borsa bir gap bo‘laturg‘andek, bormay qolsa keyinchalikda o‘zi o‘kinaturg‘andek...


Shundan so‘ng to‘satdan Marg‘ilon yo‘lig‘a tushib qolar, yo‘lda borar ekan, o‘zini to‘rt ko‘z bilan kutib turg‘andek sezilgan Marg‘ilong‘a har nimadir, bir soat ilgariroq yetish uchun oshiqar edi. Le-kin... lekin Marg‘ilon darbozasidan kirishi ila uning holi o‘zgarib boshlar, yuragi qinidan chiqar darajada o‘ynamoqqa olur, ayniqsa poyafzal rastasiga yaqinlashgach, uning bu iztirobi shiddatlanur, poyafzal rastasining yaqini bilan bunchalik o‘zgarishda qolg‘an Otabek rastaning o‘zida qanday holg‘a tushmog‘ini tasavvurdan ojiz kelur va rasta ko‘rindi deguncha otining boshini chapka burib yuborar va orqasidan kimningdir «...boringiz, eshigim yonida to‘xtamangiz... uyatsiz!» tovshi eshitilgandek bo‘lar edi... O‘z-o‘ziga «haqiqatan men uyatsiz», deb qo‘yar va shuning ila hamma kutilgan-kuzatilgan gaplar, besh kunlik yo‘l mashaqqatlari havog‘a ketar, hatto xayolda emas, haqiqatda o‘ylab qo‘yg‘an qayin otasi bilan xotinini shari’atka chaqirish fikri ham unutilar va yo‘qolur, «hiylagarning yuzini qozixonada ko‘raymi, o‘zi ham qursin, yuzi ham!» der edi-da, otini to‘g‘ri usta Alimnikiga qarab solar edi.


Otabek usta Alimni juda yuqori darajaga qo‘yg‘a-nidek, uning majlisi bilan ham ancha yengillashar, o‘n yillardin beri usta Alim yuragida saqlang‘an va qabrg‘a ham birga ketishi kutilgan ishq tarixini qayta-qayta eshitkusi kelaberar, usta Alim ham o‘zining o‘lgan Saodati to‘g‘risidag‘i ipidan-ignasigacha bo‘lg‘an xotiralarini takror-takror hikoya qilib, hikoyasi oxirida: «Peshonamga sig‘madi-da, o‘ldi», deb qo‘yar, bu so‘z Otabekning ham yuragiga sovuq suv sepkan ta’sirini berib, ul ham ko‘nglidan: «Manim ham peshonamga sig‘madi-da, tiriklayin o‘ldi» degan so‘zni o‘tquzar edi. Shu holda ikki-uch kun usta Alimnikida turg‘ach, eng so‘ngg‘i martaba Marg‘ilon bilan xayrlashkan kabi shaharning har bir narsasiga alvido nazari bilan boqar va boshi og‘qan tomong‘a ketkandek Marg‘ilonning o‘ng‘ay kelgan darbozasig‘a qarab yo‘l olur edi. Qo‘qonda bir-ikki kun, Kirovchida uch-to‘rt kun, Qurama, Telov va shuningdek, qishloqlarda ham bir necha kunlab qo‘na-qo‘na nihoyat, Toshkandga kelib yetar yana... yana...


Otabekning Marg‘ilong‘a borib kelishi shu yo‘sunda edi. Uning sirri o‘zidan boshqa hech kimga ma’lum bo‘lmag‘anliqdan, orada uning holig‘a kulguchi va undan hisob olg‘uchi birav ham yo‘q, faqat ul hamma hisobni o‘z yuragidan olib, o‘z yuragiga berar edi. Shu yo‘sun oromsizlik va besaranjomlik ichida uning oy-kunlari o‘tib turar edi.








Download 1.12 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   121   122   123   124   125   126   127   128   ...   221




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling