Abdullaeva mushtariy Obidjon
II.2-§. Milliy hunarmandchilikning spektral-variativlik xususiyatlari
Download 202.83 Kb.
|
ABDULLAEVA Mushtariy Obidjon qizi
II.2-§. Milliy hunarmandchilikning spektral-variativlik xususiyatlari.
Kashtalardagi o‘ziga xos etnik xususiyatlarni yoritishda ijtimoiy tabaqalar, turli yoshlarga xos bo‘lgan kiyimlar, unga bog‘liq urf-odatlar, turli jinslarga oid kiyimlarga tikilgan kashtalar tahlili muhim ilmiy- nazariy ahamiyat kasb etadi. SHu bois muammolarning echilishi ma’lum bir xalq yoki bitta mintaqada yashovchi bir nechta xalq etnik tarixi, madaniy an’analari va madaniy aloqalarini tahlil etishda boy va qimmatli ma’lumotlar beradi. Xalqimizning qadimiy milliy an’analari hisoblangan kashtado‘zlik buyumlarini o‘zida mujassamlashtirgan Farg‘ona vodiysi kashta naqshlari o‘ziga xosligi, etnografik va faktik materiallarga boyligi bilan ajralib turadi. Kashtado‘zlik buyumlari tikilishiga qarab, urf-odatlarga binoan, shuningdek, jinsiga, kiyimlarga tikilgan kashtalarga ko‘ra, bosh kiyimlar kashtalari, oyoq kiyimlar kashtalari, ust kiyimlar kashtalari, kashta buyumlariga bo‘lingan. Andijon do‘ppilarida suv, zanjir, yarim zanjir, ilmoq, yarim ilmoq, yo‘rma, qandaxayol choklaridan foydalanganlar. Namangan va Marg‘ilon, CHust do‘ppilarida qalampirgul maxsus qog‘oz eskizidan foydalanib, qog‘oz eskiz ustidan yo‘rma choqdan foydalanib tikilgan. Andijon do‘ppilari eskizsiz tikiladi. Do‘ppi chizadigan chizmakashlar tomonidan do‘ppining qizak va tepa qismlaridagi gullar chizilib bozorlarda sotilgan. Do‘ppi tikuvchilar do‘ppi qismlarini sotib olib, do‘ppini tikib, mahalliy bozorlarda sotishgan. Do‘ppi tikib tayyorlash jarayonida ham bir qator hududiy xususiyatlar bor. Bular, asosan, tikish va tayyorlash jarayonlaridagi usullarda ko‘rinadi. Andijon do‘ppisini tikish uchun bozordan sotib olingan do‘ppi tepa va qizak qismi alohida bir qator choklar bilan tikib chiqiladi. Bunda suv, ilmoq, zanjir, yarim zanjir, yo‘rma, yarim ilmoq choklaridan foydalanib tepa qismidagi qalampirgul va boldoq tasviri hamda qizak qismida joylashgan boldoqchalar tikiladi. Marg‘ilon, Namangan, CHust do‘ppilarida do‘ppining tepa qismi tepchima chok bilan tepchilmaydi, gulini tikishda qog‘oz qo‘yilib yo‘rma chok bilan tikiladi. Do‘ppi piltakach bilan piltalanmaydi. Faqat elim bilan do‘ppining tepa qismi va qizak qismi gul tikib bo‘lingandan so‘ng, astar qirqib olinib, elimlanadi va presslanib tekislanadi. Bu Surxondaryo, Buxoro, Samarqand do‘ppilarida o‘zgacha holatda bo‘ladi. CHunki ularda gul tikish usuli Farg‘ona vodiysi do‘ppi tikish usullaridan farq qiladi. CHoklari biroz yirik chok bilan tikilib, do‘ppi elimlanmaydi. Iroqi usulidagi gilam do‘ppilar ko‘proq tikiladi. Andijonda tayyorlanadigan ayollar do‘ppilari iroqi usulda tikiladi. Biz o‘rganayotgan davrda ayollar do‘ppilaridan baxmal do‘ppi tikilib, ularni tikishda yo‘rma, ilmoq choklaridan foydalanilgan. Ular tikkan kashta buyumlarini tagchoyshab, devorchoyshab, deb ataganlar. XX asrga kelib erkaklar ham, ayollar ham kashta tikkanlar. Bulardan M. Sa’dullaev, N. Mashrabboevalar, ularning shogirdlari A. Raximov va YO.Sodiqovlar, keyinchalik esa M. Koriev, S. YUnusov, M. Axmedova, K. Boyxonovalar, U. Boboev va boshqalarni sanash mumkin. M. Krriev hatto kashta tikish bilan birga kashta nusxalarini ham yaratgan. Namangan kashtachilari A. Raximov, YO. Sodiqovlar qadimgi Farg‘ona kashtado‘zligi an’anasi asosida ajoyib kashtalar yaratganlar. Ularning kashtalarida ham xoshiya, ramka ishlatilib guldastalar tikilgan. Biz o‘rganayotgan davrda Farg‘ona vodiysi kashtalariga yo‘rma usulining tikilishi bilan birga sekin-asta oldi-sotti tufayli bosma, ilmoq choklari bilan qo‘yko‘z, krest choklari ham kirib keldi. G‘ijduvon kashtalari Buxoro metodidagi kashtalarga o‘xshamaydi. Buxoroliklar breshm ipaqda tiksa, g‘ijduvonliklar kashtani ipak iplarda bajaradilar. Kashta naqshlarida qo‘chqoroq naqshlar, butagulli so‘zanalar bilan vodiy kashtalaridan ajralib turadi. Kashta maktablaridan yana biri Nurota kashtachilik maktabidir. Nurotada tikilgan kashtalardagi naqshlar-dan ba’zilarini Samarqand va Surxondaryo kashtalarida uchratishimiz mumkin. Nurota kashtalari guldastalar bilan bezatilgan. Nurota kashtalari gulli motivlarning boyligi yoki rang-barangligi bilan ajralib turadi. Sepini tikayotgan yosh kashtado‘z sochiq, kuyov dasturxon, devor choyshab, yostiq jild, ro‘molcha kabi kashta buyumlari tikadi. SHahrisabz so‘zanalarining ayrim namunalarida ham arabiy yozuvli naqshlar uchraydi. Buxoro joypush va joynamozlari chetlariga Qur’oni karim oyatlari, Hadisu sharif namunalari bilan birga pok tilak, ezgu niyatlar, go‘zal she’riy bitiklar yozib bezatilgan. Farg‘ona vodiysidagi yozuvli naqshlar ko‘p uchraydigan kashtalarga, asosan, devorchoyshab, tagchoyshab, joynamoz, qo‘lsochiq, qo‘shqiyiq kabilar kiradi. Kashtachi chevarlar o‘zlarining asosiy vazifalari bo‘lgan buyumni go‘zal tugallangan qiyofadagi mo‘‘jaz san’at asari darajasida yaratish lozimligini hech qachon esdan chiqarmaganlar. Bunday kashta namunalariga Andijon adabiyot va san’at muzeyida saqlanayotgan zangori rangli devorchoyshabni hamda ko‘k rangli belbog‘ni misol qilib ko‘rsatish mumkin. Bu buyumlarda ikki qator xoshiya chiziq chizilib, bu xoshiya chiziqlarni suvchok, deb ataluvchi chok bilan chokning chekka qismini gungura choki bilan tikilib, so‘ng uning ichiga arab imlosidagi bitiklar bitilgan. Mayda maishiy kashtalar. Farg‘ona vodiysida ham mayda maishiy kashtalar tikiladi. Ularning vazifasi uy-ro‘zg‘or buyumi sifatida foydalanishga mo‘ljallangan. SHunday bo‘lsa-da, har bir buyum yuksak did va takrorlanmas san’at bilan tayyorlangan. Har bir oilada ayollarda kashta tikish odat bo‘lib, qizlar yoshligidan o‘rgatilib borilgan. Ular o‘zlariga buvi va onalaridan chala qoldirilgai kashtalarni tikib davom ettirish bilan birga mayda hajmdagi qo‘lro‘molcha, oynaxalta, choyxalta, sochiq, jiyak, choynaktaglik, choynakyopqi kabi buyumlar tikishgan. Yirik kashta buyumlari ko‘p vaqt olgani uchun keksa kashtachilar tikkan. Xulosa qilib aytganda, Farg‘ona vodiysi xalqlarida kashtado‘zlikning mahalliylik jihatlari mavjud bo‘lib, ular quyidagilarni tashkil etadi: Birinchidan, Andijon va Namangan do‘ppilarining taglik materiali qora va to‘q zangori rangdagi matolar bo‘lsa, Marg‘ilon do‘ppilari zangori rangdagi matodan tayyorlanadi. Ikkinchidan, bu kashta buyumlarini tayyorlashda ishlatiladigan matolarda farqlanadi. Qo‘qon va Farg‘onada tikiladigan kashta buyumlari uchun och rangli matolar, pushti, sariq, qizil, havo rang, oq rangli matolar ishlatilgan bo‘lsa, Namanganda kashta buyumlari tikishda aralash matolardan, ya’ni och rangli hamda to‘q, rangli matolardan, Andijonda esa faqat to‘q rangli matolardan foydalanilgan. Uchinchidan, kashta buyumlarini tikishda ishlatiladigan choklardan foydalanishda ham o‘zining mahalliylik jihatlari mavjud. Qo‘qon va Farg‘onada kashta tikishda bosma, yo‘rma chokidan ko‘p foydalaniladi. Namanganda bosma chok kam qo‘llanilsa, yo‘rma va bigizi choklardan ko‘p foydalanilsa, Andijonda esa kashta tikishda bosma, yo‘rma, ilma, zanjir, yarim zanjir, iroqi, sanoq, choklaridan ko‘p foydalanadi. To‘rtinchidan, kashtalarga ornamentlar tikishda vodiy xalqlarining hududiy xususiyatlari yaqqol ko‘rinadi. Uyg‘urlarning kashta ornamentlarida ko‘proq ayollar tasvirlari va manzaralar ifodalansa, chorvador xalqlarda qo‘chqoroq, qo‘chqor tuyog‘i, uchburchak, doira, hayvonlar, parrandalar ornamentlari qo‘llaniladi. O‘zbeklarda mevalar, daraxtlar, qushlar kamdan-kam hollarda parrandalar ornamentlari ishlatiladi. Beshinchidan, kashtalarning umumiy mahalliylik jihati shundaki, vodiydagi o‘zbek kashtalari matoda ornamentlar simmetrik va xonavor joylashadi, chorvador xalqlarda mato foni kamdan-kam hollarda ko‘rinadi. Oltinchidan, matoga tikilayotgan ornamentlar quyidagi turlarga bo‘linib, undan vodiyda yashovchi barcha xalqlar foydalanadi. O‘simlik yoki uning ayrim elementlari aks etgan bezak turlari. Bunga lola, tuvakdagi gul, guldasta, anor, olma, «atirgul», olmagul, bodomgul, uzum, yakkagul kabi bezaklardan foydalanganlar. Ba’zi elementlar muayyan bir hayvon va parrandalarni aks etgan bo‘lsa, xo‘roz, bulbul, kabutar, tovus, to‘ti, qaldirg‘och, kiyik, echki, qo‘chqorshoxi kabi hayvonlar, parrandalar tasviri oq matolarga chizilib, deraza pardalarini bezashda foydalanilgan. Samo jismlari aks etgan bezak turlari: oy, yulduz, yarim oy, quyosh tasvirlari bo‘lib, ular belbog‘, bosh kiyimlarini bezashda, joynamoz va choyshablarni bezashda foydalanilgan. Download 202.83 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling