Haq yo‘linda kim senga bir harf o‘qitdi ranj ila,
Aylamak oson emas haqqin ado ming ganj ila.
(Alisher Navoiy)
Fardni “mufradot”, “fardiyot” deb ham yuritadilar. Turkiyalik olim Tohirul Mavlaviy, bir bayt qofiyadosh bo‘lsa (yuqoridagidek) “musarra’”, qofiyadosh bo‘lmasa (pastdagidek) “fard” deb yuritadi.
Xalq og‘zaki ijodida bu shakl “maqol”, “matal”, “hikmat”, “otalar so‘zi” nomlari bilan yuritilgan:
Dunyo chamanining bulbulisen,
Gul shoxida oshiyon etib ket.
(Nodira)
Ikki nafarning ovqati uch nafarga yetadi.
Yaxshi odamning mehmoni ko‘p bo‘ladi.
(“Otalar so‘zi”)
Bo‘lar odam yoshida bosh bo‘lar,
Bo‘lmas odam qirqida ham yosh bo‘lar
(“Amir Temur o‘gitlari”)
Bilagi zo‘r birni yiqar,
Bilimi zo‘r mingni yiqar.
(Maqol)
1.2. Qit’a va g‘azal munosabatiga doir
O‘zbek mumtoz she’riyati janr e’tibori bilan juda boy va xilma-xildir. Undagi janrlar faqat shakliy belgilari, paydo bo‘lish tarixi, taraqqiyot tamoyili yoki mavzu xususiyatlari bilan emas, ifoda usullari, tili, obrazlar tizimi, poetik ruhi jihatidan ham bir-biridan ajralib turadi.
Har bir lirik janr voqelikni, inson fikr va his-tuyg‘ularini o‘z badiiy ifoda usulari hamda xarakteriga mos tarzda tasvirlaydi. Shuning uchun ularni mohiyat e’tibori bilan biri ikkinchisiga uncha o‘xshash bo‘lmagan, o‘z-o‘zicha tugal bir san’at olami deyish mumkin.
Lirik janrlar tarixi va poetikasiga qiziqish o‘zbek adabiyotshunosligida keyingi yillarda ancha jonlandi. Ba’zi lirik janrlar haqida u yoki bu san’atkorning adabiy faoliyati bilan bog‘liq holda muhim nazariy fikrlar bayon etildi. Ayrim janrlar haqida maxsus ilmiy ishlar yuzaga keldi. Ammo shunga qaramasdan, bu sohada hali ko‘pgina jiddiy tadqiqotlarni amalga oshirish kerak bo‘ladi. Bu gap qit’a janriga ham tegishli. To‘g‘ri, ushbu janr uzoq zamonlardan beri olimlarning diqqatini o‘ziga qaratib keldi. Bu o‘rinda YE.E.Bertel`s, A.Mirzoev, A.Hayitmetov, A.Abdug‘afurov,YO.Is’hoqov, R.Orzibekov, L.Serikova boshqa adabiyotshunoslarning qit’a haqidagi ilmiy qayd hamda maqolalarini eslash mumkin. Shunga qaramasdan, bu masalaning ayrim tomonlari hali tadqiqga muhtoj.
Do'stlaringiz bilan baham: |