Adabiyotshunoslik (Oliy adabiyot kursi) Nozimaxon Ikromova Boborahim Mashrab


Download 21.71 Kb.
Sana22.05.2020
Hajmi21.71 Kb.
#108883
Bog'liq
Mashrab


Adabiyotshunoslik (Oliy adabiyot kursi) Nozimaxon Ikromova

Boborahim Mashrab she’riyatining janr xususiyatlari va mavzu ko’lami

Boborahim Mashrab mumtoz adabiyotimiz buyuk namoyandalarining ilgʻor anʼanalarini oʻrganib yirik shoir boʻlib shakllandi, kamolga yetdi. U qoddirgan merosda, birinchi navbatda, ishqiy mavzudagi gʻazalmuxammaslardan ana shu anʼanalarning barakali taʼsirini aniq kuzatish mumkin. Masalan: Mashrab Lutfiyning mashhur:

Sen-san sevarim, xoh inon, xoh inonma,

Qondur jigarim, xoh inon, xoh inonma –

matlaini oʻzgartirmay kabul qilib, uni shu oʻynoqi vazn, shu qofiya va radif, shu ruhda davom ettiradi, buyuk ustoziga hurmat hamda sanʼatini tan olishi belgisi sifatida oʻxshatma gʻazal yaratadi.

Mashrabning ijodiy kamolotida, ayniqsa, Navoiy merosining ijobiy taʼsiri katta boʻldi. Shoirning eng yaxshi asarlarida biz Navoiy ijodiga xos falsafiylik va dunyosevarlikni koʻramiz, mazmunning hayotiyligi, xalqchilligini, vazn ravonligi va oʻynoqiligini qayd etamiz, mavzu tanlash va uni badiiy talqinida yaqinlik va oʻxshashlikni uchratamiz. Mashrab muxammaslaridan birida maʼshuqaning uchrashuv haqida oshiqqa vaʼda bergani, oshiqning tunlarni bedor oʻtkazib, intizorlik bilan vasl daqiqalarini kutishi toʻgʻrisida soʻz boradi. Ammo, maʼshuka vaʼdani buzadi, vafosizlik koʻrsatib uchrashuvga kelmaydi. Muxammas oshiqning ana shu holatdagi hayajonini, histuygʻularini, hijronda yorni kutishdagi nozik kechinmalarini yuksak badiiylik bilan nihoyatda jonli ifodalaydi:

 Vaʼda qildi bir kelay deb, koʻzga uyqu kelmadi,



Telmurub yoʻlida qoldim, shoʻxi badxoʻ kelmadi,

Necha keldi shum raqiblar, ul pariroʻ kelmadi,

Dardidin oʻldim, tabib, dardimgʻa doru kelmadi,

Men shahidi ishq boʻldim, qatrai suv kelmadi.

 

Oʻn ikki band davomida mavzuni shu yuksak saviyada badiiy tahlil etuvchi bu muxammas Mashrab ijodiga Navoiyning barakali taʼsirini koʻrsatuvchi yaqqol misol boʻla oladi. Bunda ulugʻ shoirning: “Kecha kelgumdur debon ul sarvi gulroʻ kelmadi” misrasi bilan boshlanuvchi mashhur gʻazalidan Mashrab ilhomlanganligi koʻzga ravshan tashlanadi.



Mashrab Navoiy merosidan lirikada jiddiy ijtimoiy mazmun ifodalashni, norozilik ohanglari va tanqidiy fikrlarni ishq-muhabbat mavzuidagi sheʼrlar jismiga “joylab yuborish” mahoratini ham oʻzlashtirdi, ijodiy rivojlantirdi.

Mashrab ijodidagi ijtimoiy mazmundorlik va kuchli tanqidiy yoʻnalish shoirning ilgʻor dunyoqarashi, xalqchil falsafasi, zamonasidagi salbiy voqea-hodisalarga aniq tanqidiy munosabatidan shakllangan. Qatiy aytish mumkinki, chuqur ijtimoiylik va kuchli tanqidiy munosabat Mashrabning umumijodiy faoliyatida ustivorlik qilgan hamda yaratgan koʻpdan-koʻp asarlarining asl fazilati darajasiga koʻtarilgan.

Shahar va qishloqlar ezilgan ommasining gʻamu hasratlarga toʻla kulfatli hayotini badiiy tasvirlash xalqchil shoir ijodida yetakchi mavzulardan biri boʻlgan. Doimo xalq ichida yurib, uning yashash sharoiti va orzu-intilishlaridan yaqindan xabardor boʻlgan Mashrab mashaqqatli hayotni haqqoniy badiiy lavhalarda mahorat bilan tasvirladi, nihoyatda sodda, ravon, ammo mazmunan zalvorli misralarda samimiy hamdardlik va yurakdan achinish tuygʻularini taʼsirchan ifodaladi. Sheʼrlaridan birida “Azaddin men dili gʻamgin xaloyiq xaylini sevdim!” deb yozgan shoir boshqa bir oʻrinda “Oʻzimdek xonavayronlarni koʻrsam zor yigʻlarman!” deya ezilgan ommaga toʻla xayrixoh ekanligani alohida taʼkidlaydi.

Mashrab sheʼriyatida “koʻzi yoshli”, “baxti qaro”, “dard axdi”ga, “gʻam xayli”ga hamdardlik, ular bilan hamdamlik gʻoyalari qayta-qayta takrorlanishi bejiz emas.

Mashrabning “Tanho” radifli muxammasida bevosita xalq va uning turmush sharoitini haqqoniy koʻrsatuvchi lavhalar chizilgan. Har bir oʻquvchi yuragini oʻrtovchi mana bu misralar shoir ijodining toʻla xalqchil mohiyatiga ishonchli dalildur:

 

Dili tigʻi sitamdin pora boʻlgan xalqni koʻrdim,



Tanu dardu alamdin yora boʻlgan xalqni koʻrdim,

Koʻzi vaqti sahar sayyora boʻlgan xalqni koʻrdim…

 

Boborahim Mashrab qoldirgan ijodiy merosda diniy va tasavvufiy gʻoyalar ham, oʻsha zamonda keng tarqalgan qalandarlik tariqatining ayrim ohanglari ham sezilarli oʻrin egallaydi. Shoir islomning asosiy nazariy qoidalarini shubhasiz qabul etadi. Ammo, ayni zamonda, islom taʼlimotining bir qator zohiriy belgilarini, birlamchi deb hisoblangan qonun-qoidalarini, shariatning ayrim koʻrsatma talablarini, farz sunnatlarini tan olmaslik va past nazar bilan qarash ham koʻzga tashlanadi, ayrim diniy rukn tushuncha va muqaddas deb bilingan marosim va odatlarga, talqin va aqidalarga shubha bilan qarash, hatto, ochiqdan-ochiq mensimaslik va masxaraomuz munosabat anchamuncha uchraydi.



Turli-tuman shakl va talqinlarda jilovlanuvchi bu dunyoqarashning butun mohiyat magʻzi shoirning quyidagi qatʼiy eʼtirofida nihoyatda yaqqol va loʻnda ifodalangan:

 

Bir Xudodin oʻzgasi barcha gʻalatdur, Mashrabo,



Gul agar boʻlmasa ilkimda tikonni na qilay?!

 

Ha, birgina qudratli Yaratuvchidan boshqa hamma-hammasi “gʻalat”, yaʼni xatodir, deydi shoir. Baytda Mashrab birinchi misra mazmunini ikkinchi misrada hayotiy va tasavvufiy ramz timsollar vositasida namoyon etadi.



Umuman tasavvuf taʼlimotida boʻlganidek, Mashrab ijodida ham, faqat Allohnigina tan olish, yakka ungagina chin muhabbat qoʻyish va uning vasliga talpinish jarayonida barcha “gʻalat”larni rad etish soʻfiy adabiyotda asrlar davomida qaror topgan ramz-timsollar, tushuncha-boralar (“Ishq”, “Muhabbat”, “Yor”, “Jonona”, “Gul”, “May”, “Boda”, “Visol” va boshqalar) vositasida amalga oshirilgan. Shoir sheʼrlarida bu mazmun qatiy keskin ruhda, baʼzan, hatto qoʻpol, dagʻal ohangda, ammo doimo ravshan ifodasini topgan: …Yorsiz ham bodasiz Makkaga bormoq ne kerak?! …Urayinmu boshima sakkiz behishtu doʻzaxin?! …Koʻrmasam bir dam Seni bayt ul-haramni naylayin?! …Ikki dunyodin koʻzum yumdum Sening zavqing bilan! …Meni devona Mashrabgʻa muhabbatdin bayon aylang…

Yuqorida aytilganlar toʻla nazarda tutilsagina, Mashrab ijodiy merosida koʻplab uchrovchi bu kabi xitob taʼkidlarning asl mazmuni, tasavvufiy mohiyati yuzaga chiqadi, faqat shundagina shoir falsafasi, kuzatayotgan bosh maqsadi toʻgʻri baholanadi.

Albatta Mashrab sheʼriyatining har bir namunasidan tasavvufiy mazmun va soʻfiy ramz timsollarni qidirish, har bir holatda maʼshuqa madhi va uning vasliga intilish zaminida Yaratuvchi madhi va unga sigʻinish, talpinishni tushunish xatodir.

Mashrab qoldirgan ijodiy merosda hayotiylik, tirik inson va uning insoniy kechinmalarini ifodalash, xislat fazilatlarini taʼriflash, orzu-umidlari, shodlik-quvonchlari va gʻam-tashvishlarini haqqoniy tasvirlash ham salmoqli oʻrin egallaydi. Bu mavzu asosan, hayotiy ishq-muhabbatni ulugʻlash, goʻzal yorni – maʼshuqa husnu latofatini taʼriflash, oshiqning sevgi-sadoqatini, yor vasliga intilishini ishonchli tasvirlash jarayonida tahlil etiladi.

Hayotiy ishq-muhabbat mavzui Mashrab ijodida Sharq sheʼriyatining gʻazal, mustazod, murabbaʼ va muxammas, shuningdek, musaddas va musabbaʼ turlarida ishlandi. Bu guruh asarlari asosida tashvish va lazzatlarga toʻla insoniy sevgi yotganligini koʻramiz. Shoir maʼshuqa siymosini chizar ekan, shunday badiiy mahorat namoyish etadiki, natijada lirik “men” koʻnglini zabt etgan yor oʻquvchi koʻzi oddida oʻzining butun ayollik latofati, nazokati, ichki hissiyoti, xulq-atvori, sharmu hayosi, nozu jilvasi, kiyinishi, yurish turishi bilan jonli gavdalanadi; oʻquvchi ham uni oshiq qatorida sevib qoladi, oʻzida ham qandaydir latif hissiyot joʻsh urayotganini, koʻnglida nozik kechinmalar tugʻyonga kelayotganini sezadi. Xuddi shuning uchun ham oʻquvchi oshiqning alam-iztirobiga, hijronda cheksiz qiynalayotganiga ishonadi, oshiq bilan hamkorlikda xayolga choʻmadi, ezgu orzularga beriladi, uning qaygʻusiga sherik boʻladi.

Chindan ham Mashrabning ishqiy lirikasi, uning barcha sheʼrlari kabi, hayotiy mavzui va joʻshqinligi, nihoyatda ravon va oʻynoqiligi, xalq qoʻshiqlari kabi sodda va samimiyligi bilan tinglovchilar qalbiga tezda yoʻl topa biladi, ularga badiiy zavq baxsh etadi. Shoir agar taʼbir joiz boʻlsa, asarlarining shu fazilatlari bilan sheʼriyatda Mashrabona uslub yaratdi. Aytilgan fazilatlar jumlasiga shoʻx vazn va jarangdor radifqofiyalar tanlash, xalq jonli tilidan oʻrinli va unumli foydalanish, har bir misraga surʼat va joʻshqinlik baxsh etish mahoratini ham kiritish joiz.



Mashrabning adabiy merosi toʻgʻrisida soʻz borganda uning mustazod va murabbaʼlari xususida alohida toʻxtash zarurati bor. Taʼkidlash lozimki, shoir oʻtmish sheʼriyatimizda eng koʻp va har jihatdan yetuk mustazod yaratgan ijodkor sifatida bu oʻynoqi va shoʻx lirik turning adabiyotimizda uzilkesil mustahkamlanishi va boyishiga katta hissa qoʻshdi. Mashrab mustazodlarida insoniy sevgi-muhabbatni kuyladi, shu zamin goʻzalini madh etdi, uning barkamol chiroyi va latofatini ulugʻladi, sadoqat va vafodorlikni chin ijobiy fazilatlar sifatida targʻib etdi.
Download 21.71 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling