Adilov farxod abduvaliyevich


O‘zbekiston tarixini davrlashtirish masalasi


Download 384.96 Kb.
bet6/84
Sana18.06.2023
Hajmi384.96 Kb.
#1560274
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   84
Bog'liq
yangi tarix - ҚЎЛЛАНМАохиргиси (2)

O‘zbekiston tarixini davrlashtirish masalasi.

O‘rta Osiyo mintaqasi jahon sivilizatsiyasining ajralmas qismi bo‘lib, insoniyat qadimgi tarixi va madaniyati o‘chog‘laridan biri hisoblanadi. Uzoq yillar mobaynida olib borilgan tadqiqotlar natijasida mintaqaning turli viloyatlarida bir umumiy, bir-biriga o‘xshash, ko‘p hollarda bir-birini takrorlaydigan madaniyatga oid yodgorliklar topib o‘rganilgan. CHunonchi, O‘rta Osiyo hududlarida qadimgi davrlarda yuz bergan tarixiy-madaniy, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy jarayonlar bir-biriga yaqin bo‘lib, turli migratsion jarayonlarga qaramasdan bu hududda yashagan qadimgi qabilalar va elatlarni umumiy va etnik ildizlar birlashtirib turgan. SHuning uchun ham O‘rta Osiyo xalqlarining tarixiy taqdiri qadimgi davrlardan boshlab bir-biriga uzviy bog‘langan bo‘lib, qadimgi davrlar haqida so‘zlaganimizda “O‘rta Osiyo tarixi” va “O‘zbekiston tarixi” atamalarini yonma-yon ishlatishimizning boisi ham ana shundadir.
Ma’lumki, nafaqat O‘zbekiston, balki butun insoniyat tarixi uzoq va murakkab jarayon bo‘lib, tarixiy-madaniy voqealarga nihoyatda boy hisoblanadi. So‘nggi yillarda O‘rta Osiyoning turli hududlarida arxeologiya, antropologiya, etnografiya va numizmatikaga oid ko‘plab kashfiyotlar qilindi hamda tariximizni xolisona yoritish uchun xizmat qiladigan muhim ma’lumotlar to‘plandi. Ushbu ma’lumotlar va ashyolar o‘lka tarixining qadimgi bosqichlaridagi iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy-siyosiy jarayonlari haqida yanada to‘laroq tasavvurlar hosil qilish imkonini berib, ular eng qadimgi xo‘jaliklar va mehnat qurollari, zamonaviy qiyofadagi odamning paydo bo‘lishi, xo‘jalikning ishlab chiqaruvchi shakllariga o‘tilishi, ishlab chiqarishda metallning ishlatila boshlanishi, ayirboshlash va savdo sotiq, ilk shaharlar va davlatlarning tashkil topishi kabi ko‘plab tarixiy-madaniy jarayonlar bilan bog‘lanadi. Tarixni davrlashtirishda ushbu jarayonlarga asosiy e’tibor qaratish muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘rta Osiyo, jumladan O‘zbekiston tarixini zamon talablariga asoslanib davrlashtirish masalasida olimlar orasida hamon bahslar davom etmoqda. Bu masala yuzasidan, xususan, eng qadimgi davrlardan bugungi kunga qadar bo‘lgan tariximizni davrlashtirishda e’tibor berilishi lozim bo‘lgan tarixiy-madaniy jarayonlar, masalaga sivilazitson yondoshuv, davrlashtirishning metodologik asoslari kabilarga A.Asqarov, E.Rtveladze, A.Sagdullaev va boshqa olimlar e’tibor qaratgan bo‘lishlariga qaramay, davrlashtirish masalalari to‘la echimini topmagan. So‘nggi yillarda amalga oshirilgan tadqiqotlardan kelib chiqib, O‘zbekiston tarixini davrlashtirish masalalariga ham qisqacha to‘xtalib o‘tishni lozim topdik. CHunki, o‘rganilayogan tarixni avvalo, xronologik izchillikda davrlarga bo‘lib, har bir davrning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olib darslik nuqtai nazaridan ma’ruzalar belgilash hamda dars soatlarini taqsimlash maqsadga muvofiqdir. Qanchalik sodda ko‘rinmasin, ushbu jihat ham murakkab masala hisoblanagan tarixni to‘g‘ri davrlashtirishni talab etadi. Masalaning eng muhim tomoni esa, yoshlarimizga ilmiy asoslangan davrlashtirish asosida tarix fanidan ta’lim berishdir.
Yuqorida ta’kidlanganimizdek, mustaqillik davriga kelib, haqqoniy tariximizni yaratish borasida olib borilgan tadqiqotlar tufayli sovet davri mafkurasiga asoslangan besh bosqichli formatsion davrlashtirish inkor etildi. Qadimgi tarixni davlashtirish masalasida tarixiy-madaniy taraqqiyotining ijtimoiy-iqtisodiy omillariga asosiy e’tiborni qaratish g‘oyalari paydo bo‘ldi. Xususan, A. Sagdullaevning fikricha, O‘rta Osiyo tarixining eng qadimgi davri bir necha yuz ming yillarni o‘z ichiga oladi. Evropa va Osiyo hududlarida tarixiy va madaniy jarayonlar rivojlanishining notekisligi, ayniqsa, turli davrlarda moddiy madaniyatdagi o‘zgarishlarning bir-biriga mos kelmasligi tufayli, ayrim hududlarga tegishli tarixiy sana va davrlashtirish bir-biridan farqlanadi.
A.Asqarovning fikricha, O‘zbekiston tarixi jahon tarixining tarkibiy qismidir. Bu zaminda yuz bergan tarixiy jarayonlarni jahon tarixidan ajratib o‘rganish mumkin emas. Ular o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik jamiyat taraqqiyoti qonuniyatlarining mahsulidir. Har bir xalq er kurrasining qaysi mintaqasida yashamasin, taraqqiyotning barcha bosqichlarini u yoki bu darajada bosib o‘tishi shart. Ammo, jamiyat rivojlanishi hamma erda birday kechmagan. Jamiyatning notekis rivojlanish qonuniyati esa, qadimgi zamonlarda ko‘proq mintaqaning tabiiy-gegrafik va ekologik imkoniyatlariga bog‘liq bo‘lgan. Jamiyat hayotida yuz beradigan tub ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar, O‘rta Osiyo tarixining rivojlanish darajasi va ana shu mintaqa tarixi taqozo etgan holatdan kelib chiqib, O‘rta Osiyo, jumladan O‘zbekiston tarixini davrlashtirish mumkin.
Tarixini davrlashtirish masalasi A.Asqarovning “O‘zbek halqining kelib chiqish tarixi” monografiyasida keng yoritilgan va unda tarixni davrlashtirishda nimalarga e’tibor berish lozimligi ta’qidlanib, O‘zbekiston tarixini 7 ta davrga bo‘lib o‘rganish muvofiqligi ilgari surilgan2. Unda jamiyatda yuz beradigan tub o‘zgarishlar hisobga olingan holda, birinchidan, har bir ulkan tarixiy davrda jamiyat iqtisodiy asosini harakatlantiruvchi kuchlari kimlar edi? Ikkinchidan, jamiyatda mulkka egalik qilishlikning xarakteri qanday bo‘lgan? Uchinchidan, jamiyat ijtimoiy hayotining ma’naviy asosini qanday mafkura tashkil etgan? degan savollar qo‘yilib, kishilik jamiyati tarixi davrlashtirilishi kerak, degan fikrni ilgari surgan3 va quyidagi davrlashtirishni ilgari surgan:
I. O‘zbekistonda “Ibtidoiy to‘da davri” (mil. avv. I million – 40 ming yilliklar)4.
II. O‘zbekistonda “Ibtidoiy urug‘chilik jamoasi va mulk egaligining shakllanish davri” (bundan 40 ming yil avval to milodiy III-IV asrlargacha). Bu davrni uch bosqichga bo‘ladi: 1 bosqich – matriarxat urug‘ jamoasi bosqichi. 2 bosqich - patriarxal urug‘ jamoasi bosqich. 3 bosqich urug‘ jamoalarining harbiy demokratiya bosqichi.
III. O‘zbekistonda “Ilk o‘rta asrlar davri” (milodiy V asrdan to VIII asr oxirigacha).
IV. “O‘rta asrlar davri” (9 asrdan Somoniylar davlatini tashkil topishidan to XIX asr o‘rtalarigacha).
V. O‘rta Osiyo, jumladan, O‘zbekiston tarixining beshinchi davrini “Mustamlakachilik va milliy uyg‘onish davri” deb atash mumkin. Uning davriy chegarasi – Chor Rossiyasi bosqinidan to 1917 yil Oktyabr to‘ntarishiga qadar davom etgan davrni o‘z ichiga oladi.
VI. O‘zbekiston tarixining oltinchi davri “Sovetlar hokimiyati davri” bo‘lib, bu davr 1917 yildan 1991 yilgacha davom qilgan.
VII. O‘zbekiston tarixining yettinchi davri “Milliy istiqlol, demokratik davlat va fuqarolik jamiyati qurish davri” deb atab, bu davr 1991 yil 31 avgustdan to bugungi kungacha bo‘lgan davrlarni qamrab oladi.
Akademik A.Asqarov tomonidan ilgari surilgan bu davrlashtirish uslubida ham O‘zbekiston xududining o‘ziga xos taraqqiyot yo‘li aks etgan. Shuningdek, biz o’rganayotgan davr, ya’ni O’zbekiston tarixining yettinchi davri “O’zbekistonning eng yangi tarixi” deb ham atalib, ushbu davr ham o’z ichida bir necha bosqichlardan iborat. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Respublika Prezidenti Islom Karimov asarlari orqali mustaqillik davrida mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida amalga oshirilgan ulkan o‘zgarishlarni, respublika aholisining serg‘ayrat va fidokorona mehnati tufayli qo‘lga kiritilgan katta yutuq va natijalarni, ularning mohiyati va ahamiyatini hisobga olib mustaqil taraqqiyot 3 bosqichga bo‘linishini ko‘rishimiz mumkin. Birinchi bosqich 1991-2000 yillarni o‘z ichiga olib, bu davrda mustaqillikning mustahkam poydevori bunyod etilib, “o‘zbek modeli” asosida ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot sari yo‘l tutildi, O‘zbekiston jahon hamjamiyati tomonidan tan olindi, milliy istiqlol mafkurasi jamiyat hayotida keng kirib bordi.
2001-2010 yillarni o‘z ichiga olgan ikkinchi bosqich, I.Karimov ta’biri bilan aytganda, “fan demokratik yangilanishlar va mamlakatni modernizatsiya qilish davri esa iqtisodiyotimizni barqaror rivojlantirish, siyosiy hayotimizni, qonunchilik, sud-huquq tizimi va ijtimoiy gumanitar sohalarni izchil isloh qilishni ta’minlashda g‘oyat muhim rol o‘ynagan davr bo‘ldi”.
Uchinchi bosqich esa, 2010 yildan keyingi davr bo‘lib, bunda davlat hokimiyati va boshqaruvini demokratlashtirish, sud huquqi va axborot sohalarini isloh qilish, saylov huquqi erkinligini ta’minlash, fuqarolik institutlarini rivojlantirish, bozor islohotlarini va iqtisodiyotni liberallashtirishni yanada chuqurlashtirish davri bo‘lib qoldi. Ushbu davrning boshlanishi Birinichi Prezidentimiz I.A.Karimov tomonidan mamlakatda fuqarolik jamiyatini shakllantirish va demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish konsepsiyasining ishlab chiqarilishi bilan bog‘liqdir.
Shuningdek, O’zbekistonning eng yangi tarixida yuqoridagi bosqichlarga qo’shimcha ravishda 2017-yildan keyingi davrni ham alohida jarayon sifatida qabul qilish mumkinki, bu davr tarixi 2016-dekabr oyida saylangan O’zbekiston Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev strategik taraqqiyotga asoslangan keng ko’lamli jadal islohotlar davri boshlanganligi bilan izohlash mumkin.
Ta’kidlash lozimki, taklif etilayotgan ushbu davrlashtirish bu mavzuni yakunlamaydi. Tarix fanini o‘qitish borasida dolzarb bo‘lib turgan davrlashtirish masalalari hali jiddiy bahs-munozaralarga sabab bo‘lishi tabiiydir. Ammo, bu yo‘nalishda aniq konsepsiya ishlab chiqilib, o‘quv jarayoniga joriy etilishi davr talabidir.



Download 384.96 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   84




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling