Afinada demokratiya mavjud edi, bu «xalq boshqaruvi»


Download 13.79 Kb.
Sana07.05.2023
Hajmi13.79 Kb.
#1436770
Bog'liq
Afinada demokratiya


Afinada demokratiya
Afinada demokratiya mavjud edi, bu «xalq boshqaruvi» demakdir. Barcha fuqarolar har oyda o‘tkaziladigan «assambleya» (ekklesiya— xalq yig’ini)da ishtirok etish hamda shahar hayotiga taalluqli ishlarga oid masalalar bo‘yicha ovoz berish huquqiga ega edilar. Faqat Afinada tug‘ilgan katta yoshdagi erkaklar fuqaro hisoblanar, ayollar va qullar esa ovoz berish huquqiga ega emas edilar. Fuqarolar yoki demos qudratli hokimiyatga ega edi: ular o‘zlariga ma'qul bo‘lmagan siyosatchini quvg‘in ostiga olishi va surgun qilishi mumkin edi. Agar kamida 4 ming fuqaro siyosatchiga ishonchsizlik bildirib, uning ismini sopol parchasiga yozgan taqdirda shunday qilinardi. Afinada huquqshunoslar yo‘q edi, shu bois xalq o‘z vakillarini sudga yo‘llardi. Maslahatchilar huqm chiqarar ekanlar, «aybdor» yoki «aybsiz»ligini kichik doirachalar chizib ko‘rsatardilar. Yunon-Eron urushlaridan keyin Afinaning dengizchilik qudrati yanada o`sdi. Miloddan avvalgi VI asrda Solon islohotlari natijasida mulkiy mavqega ko`ra siyosiy huquqlarga ega bo`lgan fuqarolar orasida I-Afina dengiz ittifoqining tayanchiga aylangan fetlar - Afinaning kambag`al fuqarolari mavqei yanada oshdi. Urushlar vaqtida ko`pchilik demokratik qatlamlari Afinada yo`qligi paytida aslzodalar hokimiyati va ularning tayanchi areopag kuchaygan bo`lsa, urushlardan so`ng demokratik qatlamlar kuchayib, siyosiy kurashlar avj oldi. Miloddan avvalgi 462 yilda demokratik guruhlar yo`lboshchisi Efialt o`tkazgan islohotlar natijasida areopag-Afina Oliy sudi faoliyatini chekladi. Buning uchun aslzodalar Efialtni o`ldirganlar. Shunga qaramay Afinada demokratik qatlamni siyosiy mavqei mustahkamlanib borgan. Perikl davrida esa aslzodalar guruhi rahbari Fukidid (tarixchi emas) mamlakatdan badarg`a qilingach demokratik jarayonlarni yanada takomillashtirish imkoniyatlari paydo bo`lgan.
qadim zamonlardan boshlab Afinada, shuningdek Attikaning boshqa joylarida ham xalq yig`inining ta`siri kuchli edi. Xalq yig`ini bir oyda 4 marta chaqirilgan. Oliy hokimiyat xalq yig`ini ixtiyorida edi. Xalq yig`inida qonunlar qabul qilingan, urush, sulh va davlat ahamiyatiga molik masalalar hal etilgan. ayni paytda xalq yig`ini davlatni boshqaradigan strateglarni va har xil mansabdor shaxslarni saylagan va o`rnidan olib tashlagan.
Yig`inda Attikaning barcha shahar va qishloqlaridan kelgan bir necha ming kishi ishtirok etgan. Yig`in qizg`in munozara bilan o`tgan. Minbarga chiqgan notiqlarning bir guruhi aslzodalar manfaatini himoya qilsa, ikkinchi guruhida esa demos, ya`ni oddiy xalq manfaatini himoya qilgan. Yig`in nihoyasida ko`rilgan masalalar yuzasidan ko`pchilik ovoz bilan tegishli qarorlar qabul qilingan.
Miloddan avvalgi 443 yilda xalq yig`ini Periklni davlatning oliy lavozimi bo`lgan birinchi strategi qilib saylandi. U aslzoda va badavlat oiladan chiqqan bo`lib, unga qarashli yerlarda va ustaxonalarda o`nlab qullar, yollangan ishchilar ishlagan. Perikl iste`dodli va bilimli kishi bo`lib, ajoyib notiq ham edi. U minbarga chiqqanda o`zini vazmin va ulug`vor tutgan, dona-dona qilib, so`zlagan. Lekin u ba`zan g`azab bilan so`zlaganda yunonlar uni xuddi dushmanlarga yashin va chaqmoq otayotgan Zevsga o`xshab ketadi, deyishgan.
Perikl ko`p hollarda Attika demosi manfaatlarini ko`zlab ish tutgan. Shuning uchun ham demos va xalq yig`ini 15 yil surunkasiga uni birinchi strateg lavozimiga saylangan. Bu lavozimda u umrining oxirigacha ishlagan. U o`z faoliyati davomida butun Yunonistonni Afina qo`l ostida birlashtirishga harakat qilgan. U butun choralar bilan dengiz ittifoqini mustahkamlaydi. Unga yangi-yangi ittifoqchilarni jalb qiladi. Ittifoqda afinaliklarning hukmronlik qilishidan norozi bo`lgan ba`zi shahar-davlatlar ittifoqdan chiqishga uringan. Perikl bunday urinishlarga qarshi kurashib, turli yo`llar bilan ularni ittifoqda qolishga undagan. Ittifoqdan chiqib ketishga astoydil harakat qilganlarni esa qurol kuchi bilan ayovsiz bostirib turgan.
Perikl ittifoqchilarni itoatda tutish maqsadida ularning yerlarida afinaliklarning mustamlakalarini tashkil qilgan. U Afina davlatini mustahkamlash uchun harbiy dengiz kuchlari va quruqlikdagi qo`shinlarni kuchaytirishga ham alohida e`tibor bergan. Perikl qishloq xo`jaligi, chorvachilik, hunarmandchilik va savdo-sotiqning rivojlanishiga ham katta ahamiyat bergan. Afinada jamoat binolar qurish borasida xalq yig`iniga qator takliflar kiritgan. U yunon madaniyatining rivojlanishiga o`zining katta hissasini qo`shgan davlat arbobi edi.
Yunonlar Afinadagi davlat idora usulini demokratiya deb ataganlar. Buning ma`nosi "demos" - xalq xokimiyati demakdir. Demos davlatidagi o`z hokimiyatidan quldorlik tuzumini hamda Afinaning ittifoqchilari ustidan hukmronlikni mustahkamlash maqsadida foydalangan. Afina demokratiyasining bu idora usulidan faqat quldorlargina emas, balki ma`dan va tosh konlaridagi qullar mehnatidan, shuningdek, ittifoqchilar to`laydigan a`zolik badalidan foyda ko`rib turadigan fetlar ham manfaatdor bo`lganlar.
Afina quldorlik demokratiyasi quldorlarning qullar ustidan hukmronligini ta`minlaydigan idora usuli edi. Yunonistondagi boshqa shahar-davlatlarning aksariyatida Afina demokratiyasi singari demokratiya o`rnatilgan.
Miloddan avvalgi V asrda quldorlik demokratiyasi o`zining eng yuqori pog`onasiga ko`tariladi. Hamma yerda bu demokratiya erkin kishilarning qullar ustidan bo`lgan hokimiyatini ta`minlaydi. Shuni ta`kidlab o`tish kerakki, bu xokimiyatdan Attikadagi aholining ozgina qismi foydalangan, xolos. Otasi ham onasi ham tub afinalik bo`lgan erkak kishilargina Afina quldorlik davlatining to`la huquqli fuqarosi hisoblangan. Ular xalq yig`inida faol qatnashib, saylash va saylanish huquqiga ega edilar.
Ammo boshqa viloyatlardan Attikaga ko`chib kelgan kishilar va ularning avlod-ajdodlari Afina fuqarolari ega, bo`lgan huquqlardan mahrum bo`lgan. Ular Attikada yashayotganliklari uchun alohida soliq to`lashlari kerak edi. Odamlarni va ma`muriyatni aldab o`zini Attika fuqarosi qilib ko`rsatgan yoki ko`rsatishga harakat qilgan kishilar qul qilingan. Afinalik ayollar xalq yig`inlarida qatnashtirilmagan, ularning asosiy vazifasi - "uy-ro`zg`orni yaxshi tutish va eriga itoatda bo`lish" dan iborat edi.
Afina fuqarolari qatoriga kirish juda qattiq cheklab qo`yilgan. Ammo qadimgi dunyoning hech bir joyida davlatni idora etish ishlarida va ijtimoiy hayotda kishilar Afinadagidek, faol qatnashmaganlar. Erkin afinaliklar eng og`ir ishlarini qullar zimmasiga yuklab, ko`p vaqtlarini shaharning jamoat joylarida madaniy, ma`rifiy va maishiy ishlar bilan o`tkazganlar.
Afinada odamlar eng ko`p to`planadigan va eng gavjum joy - bu agora edi. Ertalab bu yerga savdo-sotiq qilinadigan peshtaxtalar qo`yilgan va kechgacha savdo-sotiq ishlari olib borilgan. Kechgacha borib savdo-sotiq tugagach, peshtaxtalar yig`ib olingan.
Agoraning bir tomonida Afina davlatining qonunlari o`yib yozilgan tosh taxtalar turgan. Unda xalq yo`g`ini bo`ladigan kun va sudda qanday ishlar ko`rinishi to`g`risidagi bildirishlar osib qo`yilgan. Xalq yig`ini bo`ladigan kuni boylar ham, hunarmandlar ham, bozorda buyumlarni sotib bo`lgan savdogaru dehqonlar ham, xullas hamma agorada to`planishgan.
Afinaliklar agorada turli yangiliklardan xabardor bo`lishgan. qadimgi yunonlar uchun agorada borish, bizning zamondagi odamlar uchun gazeta, radio va televideniya qanday ahamiyatga ega bo`lsa, xuddi shunday ahamiyatga ega edi. O`spirinlar, yigitlar va katta yoshdagi erkaklar gimnasiylarda to`planishar edilar. Bu yerda mashhur olimlar ma`ruzalar o`qigan, suhbatlar o`tkazib turilgan. Shu yerning o`zida yunonlar tajribali muallim rahbarligida kurash, har xil o`yin va mashqlar bilan shug`ullanganlar.
Konsertlar quyiladigan katta binoda Yunonistondagi eng yaxshi sozanda va xonandalar musobaqalari o`tkazilgan. Musobaqalarda ko`plab musiqa ishqibozlari ham to`plangan, kim yutib chiqqanligini ham shular belgilagan. Yiliga bir necha marta teatr tomoshalari qo`yilib, turilgan va bu tomoshalarda o`ng minglab tomoshabinlar hozir bo`lishgan.
Shunday qilib, Afinadagi ijtimoiy hayot erkin kishilarning aqliy va jismoniy jihatdan kamol topishi uchun keng imkoniyatlar yaratib bergan edi. Ayni paytda Afina iqtisodiy va siyosiy jihatdan ham ravnaq topadi. Afinaning savdo-sotig`i Egey, Marmar, qora va Ioniya dengizlarida juda avj olib ketgan. Miloddan avvalgi V asrning birinchi yarmida Afina O`rta yer dengizi havzasidagi eng kuchli davlatga aylangan edi. 
Download 13.79 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling