Ahmad Donish
(1826-1897)
Tayanch so’z va iboralar
Ta’lim, tarbiya, falakiyot, ilm, axloq, kasb-hunar “ Navodirul-vaqoe”, bilim axloqiy tarbiya, mehnat, jismoniy mehnat, aqliy mehnat, “Tarix risolasi”, naqqosh, rassom.
«Ahmad Kalla», «Ahmad maxdum» nomlari bilan zamonasida shuhrat qozongan va ilmiy-adabiy tafakkurning yangilanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan Ahmad Donish XIX asr Buxorosining qomusiy ilm egalaridan edi. U Buxoroda shofirkonlik mudarris oilasida tug‘ildi. Otasi madrasasida o‘qidi. Yoshligida naqqoshlik, rassomlik, xattotlik hunarlarini o‘rgandi. Tarix va falsafaga ko‘ngil qo‘ydi. Zehni, salohiyati bilan darrov ko‘zga tashlandi. 1857 yilning kuzida Amir Nasrulloning Rusiya imperatori Nikolay I vafotiga ta’ziya bildirish va valiahd Aleksandr I ning taxtga chikishini qutlash uchun yuborilgan elchi Mullajon Miroxurga kotiblik qiladi. Peterburgda uch oy san’at-madaniyat obidalari bilan tanishadi. 1869 yili yangi shart-sharoit taqozosi bilan Amir Muzaffar Peterburgga yana elchi yubordi. Bu elchilik yarim vassalga aylangan davlatning hokimi mutlaq ko‘nglini olish harakati edi. Uning ham kotibligiga Ahmad Donish tanlandi. 1873 yilning oxirida Ahmad Donish uchinchi marotaba elchilik tarkibida Rusiyaga yo‘l oldi. 1874 yil yanvar - mart oylarida Peterburgda turib qaytdi. Aleksandr II bilan uchrashdi. So‘ngroq bularni qog‘ozga tushirdi. Hozirda O’zFA Sharqshunoslik instituti Qo‘lyozmalar fondida Ahmad Donishning 16 qo‘lyozma asari saqlanadi. Aksariyati uning o‘z qo‘li bilan yozilgan asl nusxalardir.
Muallifning «Navodirul-vaqoe» asari 15 yil davomida, 1870— 1885 yillar oralig‘ida yozilgan tarixiy, falsafiy, memuar asardir. 23 bobdan tashkil topgan bu asar haligacha to‘la nashr etilgan emas. Uning ayrim boblarigina chop qilingan. Shu jumladan, uning bir qismi 1964 yili o‘zbekchaga ham ag‘darilgan va bosilgan edi.
Kitobning ikki bobida Rusiya safari taassurotlari berilgan. Chunonchi: VII bobi A. Donishning 1869 yilgi Rusiya safariga bag‘ishlangan va 1957 yilda chop etilgan. VIII bob podshoh Aleksandr II ning qizi Mariyaning 1874 yilda bo‘lgan nikoh to‘yiga yuborilgan elchi Abdulqodirbek safari haqida. Qolgan boblari xilma-xil mavzuda. Masalan, ota-ona va farzand munosabatlari (1-bob), mol-dunyo (2-bob), tarix (Z-bob), olim va johil taqdiri (4-bob), vaqt qadri (5-bob), safar qilish foydalari (b-bob), ilm-fan manfaati (9-bob), haqiqiy va majoziy ishqhamda uning odobi (10-bob), nikoh (11-bob), taqdir (12-bob), kasbkor (13-bob), jism va ruh (14-bob), yer tuzilishi va ma’danlar (16-bob), tush ta’biri (19-bob), Bedil baytlari (20-bob), ayrim hadislar talqini (22-bob), inson axloqini belgilash (23-bob) kabi. Ta-maddun (madaniyat) haqidagi risolasi (15-bob) va xilma-xil voqeiy hikoyalar (18, 21-boblar) ham undan joy olgan. Ularning har biri ham muhim va qiziqarlidir. Masalan, so‘ngti risolada podshohning xalq oldidagi mas’uliyati 10 shart asosida ko‘rsatib beriladi. Shu jihatdan, u bir tomondan, Yusuf Xos Hojibning «Qutadg‘u bilig»idagi bek va raiyat munosabatlarini esga tushirsa, ikkinchi yoqdan, Russoning «Ijtimoiy shartnoma»sini yodga soladi.
Yoki tanlagan usulini oling. Muallif kasb-hunar egallash haqida yozar ekan, uni o‘z o‘g‘illariga «vasiyatnoma»ga aylantiradi. Va bu orqali o‘quvchida katta qiziqish va ishtiyoq paydo qiladi. Darhaqiqat, adib boshidan kechgan baxtli-baxtsiz, shirin-achchiq kunlar, hayot, sayohat xotiralari, safarlar davomida do‘stlardan tinglangan hikoyalar va bulardan kelib chiquvchi ibratlar hech kimni befarq qoldirmaydi. Muhimi shundaki, bu ibratlar XIX asr Yevropa tamaddunini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, ayni paytda, shu davr Sharq ilm-fanining Turkiston sarhadidagi eng buyuk namoyandasi vasiyatlari edi. Kasb-hunarga, ilm-fanga mehr, halollik, mansab-martaba, mol-dunyo hirsidan uzoq bo‘lish, bani basharga xayrixohlik, har qanday holda ham yaxshilik qilish, islomiy axloq bu vasiyatlarning asosiy mazmunini tashkil etadi. Diqqatga sazovor yana bir narsa shundaki, Ahmad Donish farang donishmandlari, «siyosiy hukamolar»i haqida yozdi. Ularning «ixtilol va inqiloblar tarixini chuqur o‘rganib», barcha haqsizlik va adolatsizlik sababini «davlat ishlarining yolg‘iz podsho qo‘lida bo‘lishi»dan topganliklarini ma’lum qildi. Ular shu sababli eski «davlat tuzumini o‘zgartirganlar», deb yozdi. Ular «huquqda hammaning tengligi»ga rioya etishlari, darajalar esa, kishilarning «fazl va hunarlarining oz-ko‘pligiga qarab bo‘lishi», «davlatni hammaning o‘rtasida turgan kishi idora qilishi» haqida «qonunlar chiqarganlari»ni uqdirdi. Yevropaning «barcha davlatlarni yengib, butun dunyoga ega bo‘lishlari»da bu asosiy omil bo‘lganini ta’kidladi.
Darhakiqat, ushbu vasiyatnoma ta’limiy-axlokiygina emas, muhim ijtimoiy-siyosiy mazmun ham tashir edi.
Shuningdek, uning «Majmuai hikoyati Ahmad Kalla» («Ahmad Kalla hikoyatlari to‘plami») (1877), «Isloh miyoni shia va sunn» («Shia va sunniyni yarashtirish haqidagi nasihat») kabi risolalari, «Daftari taqvim» («Kundaliklar»)i ham muhim ahamiyatga ega.
Ahmad Donish umrining oxirlarida «Tarix risolasi» kitobini yozdi. Bir yoqdan, Amir Temur, Husayn Boyqaro, Abdullaxon, Subhonqulixon, Shohmurod, ikkinchi tarafdan, Amir Muzaffar saltanati misolida har bir davlatning taraqqiy va tanazzuli sabablarini tahlil qildi. Birinchi guruhni mujaddidlar (din va davlatni poklovchilar) deb hisobladi.
Bu asarlar sodda va jonli tili, ifoda uslubi bilan o‘tmishdoshlarinikidan ajralib turadi. Sinchkov ilmiy mulohaza, tanqidiy va tahliliy tafakkur ularga alohida ruh bag‘ishlaydi. Tasvir va ifodadagi dramatizmga moyillik, suhbatdialogdan unumli foydalanish muallif fikrlarining o‘quvchi ongiga yetib borishini osonlashtiradi.
|