Akrom abbasovich karimov, farxod rashidovich islomov, anvar ziyadullaevich avloqulov


V BOB. OSIYO DAVLATLARIDA AUDITORLIK FAOLIYATI


Download 2.41 Mb.
Pdf ko'rish
bet55/174
Sana18.10.2023
Hajmi2.41 Mb.
#1707809
1   ...   51   52   53   54   55   56   57   58   ...   174
Bog'liq
xalqaro audit (1)

V BOB. OSIYO DAVLATLARIDA AUDITORLIK FAOLIYATI 
5.1. Yaponiyada auditorlik faoliyati 
Ikki yoqlama yozuvning evropacha usuli Yaponiyada XIX asrning 
o’rtalariga qadar mutlaqo ma’lum emas edi. Aynan shu davrga kelib bu orol davlat 
AQShning bosimi ostida XVII asrning boshlaridan boshlab o’tkazib kelinayotgan 
o’z-o’zini izolyatsiya qilish siyosatidan nihoyat voz kechdi. Ikki yoqlama yozuv 
birinchi marta Yaponiyada 1865 yilda Edo davrida taqdim etilgan deb hisoblanadi. 
Amaliyotda esa u Yaponiya Milliy bankining tegishli yo’riqnomalari ishlab 
chiqilgandan so’ng va Moliya vazirligining Ginko Boki Seico (Bankdagi 
buxgalteriya hisobi operatsiyalarining usuli) nomli me’yoriy hujjati e’lon 
qilingandan keyin qo’llanila boshlandi. 
1878 yilda Tokio va Osakada fond birjalari ochildi, keyinchalik esa 
yomg’irdan keyingi qo’ziqorin singari ko’plab turli aktsionerlik jamiyatlari paydo 
bo’la boshladi. 1890 yilda Tijorat kodeksi qabul qilindi. Unga muvofiq aktsioner 
jamiyatlar jamoatchilikka mavjud aktivlar va buxgalteriya balansi to’g’risidagi 
ma’lumotlarni taqdim etishlari shart etib qo’yildi. Aynan shu yildan boshlab 
Yaponiyada buxgalteriya hisobi rivojlanishida kuchli taraqqiyot boshlandi. 
Yaponiyada buxgalterlik kasbining paydo bo’lishida shuningdek, soliq 
qonunchiligi ham sezilarli rol o’ynadi. Daromad solig’i 1896 yilda joriy etildi. 
Shundan so’ng oddiy buxgalterlardan tashqari kompaniyalarga soliq to’lash 
sohasida professional maslahat beruvchi soliq agentlari ham paydo bo’ldi. Shunday 
qilib, XIX asrning oxirlaridayoq Yaponiyada ikki toifadagi buxgalterlar faoliyat 
ko’rsatar edi: ularning birinchi toifasi kompaniyalarda hisob yuritar va moliyaviy 
hisobotni tayyorlar edilar, ikkinchi toifadagilar soliq hisobi va maslahatlar taqdim 
etishga ixtisoslashgan edilar. 
1890 yildagi Tijorat kodeksi qoidalariga muvofiq shtatli auditorlar 
tomonidan majburiy auditorlik tekshiruvlari tashkil etilgan edi. Shtatli auditor roli, 
T.Kuk va M.Kikuyyalar ko’rsatib o’tganidek, g’arb mamlakatlaridagi ichki 
auditorlar roliga o’xshash bo’lib, ularda professional buxgalter sertifikatining 


87 
mavjud bo’lishi talab etilmas edi. Haqiqatda bu kishilar nominal ravishda 
auditorlar deb yuritilar va nazorat vazifasini bajarmas edilar. 
Masalan, 1909 yilda Dai Nihon Seito Co. kompaniyasida firibgarlik faktlari 
aniqlandi (Keyinchalik bu holat "Nitto Inc ishi" nomi bilan mashhur bo’lgan). 
Firibgarlik hisobdagi noqonuniy operatsiyalarni yashirishga qaratilgan bo’lib, unda 
Nazorat kengashi a’zolariga "dividendlar" to’langan va shu sababli ular ushbu 
operatsiyalarga ko’z yumganlar. Natijada aktsiyalarga bo’lgan narxlarning 
kutilmaganda pasayib ketishi kompaniyaning bankrot bo’lishiga olib kelgan. 
Shundan so’ng o’sha davrda Britaniyaning Yaponiyadagi elchisi hisoblangan ser 
Klod Maksvell Makdonald keskin tarzda auditorlar faoliyatining zarurligini 
ko’rsatdi. Shunday qilib, Buyuk Britaniya amaliyotiga o’xshash yapon auditining 
shakllanishiga asos solindi. Ta’kidlash lozimki, XIX asrning boshlarida Buyuk 
Britaniyaning hisob va audit tizimi eng rivojlangan va ilg’or hisoblanar edi. 
O’sha davrda ushbu masalada eng katta vakolatga ega bo’lgan Yaponiya 
qishloq xo’jaligi va savdo vazirligi zudlik bilan Buyuk Britaniya, AQSh va 
Evropada hisob tizimlarini tadqiq qildi. Ushbu tadqiqotning natijasi 1909 yilda 
"Diplomga ega jamoat buxgalterlari tizimi (tayyorlash) tadqiqoti to’g’risida 
Hisobot" nomi bilan nashr etildi. Shuni ta’kidlash lozimki, mazkur davrda yapon 
buxgalterlari orasida “Ro’yxatga olingan buxgalterlar to’g’risida”gi Qonun qabul 
qilishni yoqlab faol harakatlar boshlandi. Bunday qonunning birinchi loyihasi 1914 
yilda tayyorlandi, ammo hal etilmagan bahsli jihatlar tufayli qabul qilinmadi. 
Hammasi bo’lib ushbu qonun loyihalari 8 marta muhokamaga qo’yildi va faqat 13 
yildan so’ng (1927 yilda) “Ro’yxatga olingan buxgalterlar to’g’risida”gi Qonun 
nihoyat qabul qilindi. Bu qonun ilgarigi loyihalarining rad etilishiga olib kelgan 
sabab shunda ediki, Yaponiyada XX asrning boshlarida auditorlarni jamiyat 
tomonidan qabul qilinishiga olib keladigan muhit shakllanmagan edi. Ko’plar 
ushbu qonunchilikning zarurligiga shubha bilan qarayotgan edilar. Hatto 1927 
yilda qabul qilingan “Ro’yxatga olingan buxgalterlar to’g’risida”gi Qonun ham 
talab darajasidan ancha yiroq bo’lib, avval boshdan namuna sifatida qabul qilingan 
hisobning britancha usulidan ko’p jihatlari bilan farq qilar edi. Unda buxgalterlarni 


88 
himoya qiladigan bitta ham band kiritilmagan edi. Universitet (kollej)da 
buxgalteriyani o’rgangan yoki hech bo’lmaganda bir yillik amaliy tajribaga ega 
bo’lgan har qanday kishi professional buxgalter sifatida ro’yxatdan o’tishi mumkin 
edi.
XX asrning 20-30 yillarida buxgalterlar misoli bo’yicha o’z faoliyatini 
legallashtirishni istovchi soliq agentlari soni oshib bordi. Buning uchun zarur 
bo’lgan shart-sharoitlar soliqlar sezilarli darajada oshgan 2-jahon urushi davrida 
shakllandi. Soliq islohotlari bilan bog’liq siyosatni muvaffaqiyatli amalga 
oshirishni ta’minlash uchun Yaponiya milliy hukumati tomonidan 1942 yilda soliq 
agentlari to’g’risida Qonun qabul qilindi.
Yaponiyaning 2-jahon urushidagi mag’lubiyatidan so’ng keyingi barcha 
islohotlar okkupatsiya kuchlari Ittifoqi (GHQ)ning Bosh shtabi tomonidan amalga 
oshirilgan okkupatsion siyosatning tarkibiy qismi sifatida o’tkazildi. Ushbu 
siyosatning bosh yo’nalishlaridan biri dzaybatsu – yapon moliyaviy birlashmalarini 
tarqatib yuborish bilan bog’liq iqtisodiy siyosat bo’ldi. Okkupatsiya kuchlari 
qo’mondonligi qimmatli qog’ozlar bozorini demokratlashtirish va yapon 
iqtisodiyotiga xorijiy kapitalni jalb etish uchun zaruriy sharoitlarni (shu jumladan, 
huquqiy sharoitlarni) barpo etishni ta’minlashga harakat qildi. 
1948 yilda qimmatli qog’ozlar va fond bozori to’g’risida Qonun qabul 
qilindi. Bu qonun investorlar manfaatlarini himoya qilish uchun moliyaviy 
hisobotda zaruriy ma’lumotlarning majburiy ochiqligini va uning mustaqil 
auditorlar tomonidan tasdiqlanishini talab qildi. Bu qonun deyarli AQSh 
qonunchiligining (1933 yilda AQShda qabul qilingan Qimmatli qog’ozlar bozori 
to’g’risidagi Qonun va 1934 yilda qabul qilingan fond birjasi to’risidagi Qonun) 
to’liq nusxasi bo’ldi. 
Audit tizimini barpo etish bilan bog’liq muammolar paydo bo’ldi, chunki 
Yaponiyada professional auditorlar mavjud emas edi, ro’yxatga olingan 
buxgalterlarni esa okkupatsion kuchlar qo’mondonligi yangi qonunchilik 
sharoitida ishlash uchun tayyor emas deb hisoblar edi. Natijada 1948 yilda 
diplomga ega jamoat buxgalterlari (SRA) to’g’risida Qonun qabul qilindi. 


89 
Yangi qonun eng kamida uch yillik amaliy tajribaga ega bo’lgan ro’yxatga 
olingan buxgalterlar uchun maxsus imtihon o’tkazishni ko’zda tutar edi. Ilgari 
amal qilgan hisob tizimi bekor qilindi. Agar ilgari ko’plab buxgalterlar hech 
qachon auditorlik jarayonlarini o’tkazishni sinab ko’rmagan bo’lsalar, endilikda 
okkupatsion kuchlar qo’mondonligining sa’y-harakatlari bilan ular buni 
o’rganishga shuningdek, G’arbda qabul qilingan buxgalteriya hisobi tamoyillarini 
o’zlashtirishga majbur edilar. 
Okkupatsiya kuchlari qo’mondonligi tomonidan o’tkazilayotgan iqtisodiy 
islohotlar yapon soliq tizimiga ham tegishli bo’ldi. 1949 yilda Yaponiyaga 
Kolumbiya Universiteti professori Karl S. Shoun boshchiligidagi ekspertlar guruhi 
tashrif buyurdi. Ushbu guruh soliq tizimini isloh qilish bo’yicha tavsiyalar ishlab 
chiqishi lozim edi. Shoun guruhi tomnidan taklif qilingan bevosita soliqlarga 
qo’llaniladigan progressiv soliq tizimi Yaponiyada hozir ham amal qiladi. Bundan 
tashqari Shoun tavsiyalarida soliq agentlarining past malakasi ko’rsatib o’tilgan 
edi. Shu sababli urushdan keyingi soliq ma’muriyatida tez-tez anglashmovchiliklar 
uchrab turdi. O’tkazilgan kengash natijasida soliq agentlarining faoliyati bilan 
bog’liq eski tizim bekor qilindi. 1951 yilda esa “Diplomga ega jamoat soliq 
buxgalterlari to’g’risida”gi Qonun qabul qilindi. Bu qonun bugungi kunda ham 
faoliyat ko’rsatmoqda.
Shunday qilib, murakkab yo’lni bosib o’tar ekan, yapon buxgalterlarining 
ikki professional toifasi vujudga keldi. Ulardan birinchisi – diplomga ega jamoat 
buxgalterlari – buxgalterlik va auditorlik vazifalarini bajaradilar, soliq 
buxgalterlarini o’zida birlashtirgan ikkinchi toifa buxgalterlar soliq hisobi 
masalalariga ixtisoslashganlar. Har ikkala professional guruh diplomga ega 
buxgalter darajasini olishga da’vogar buxgalter uchun qattiq talablar qo’ygan va 
o’z tashkilotlarini tuzganlar. 
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, moliyaviy axborotni ommaviy oshkor qilish 
va Yaponiya iqtisodiyotining nodavlat sektorida mustaqil audit tizimi 2-jahon 
urushining oxirigacha deyarli mavjud emas edi. Amalda butun Yaponiya 
iqtisodiyoti dzaybatsular tomonidan nazorat qilinar edi va ular barham topgandan 


90 
keyin o’ziga xos vakuum hosil bo’ldiki, u qandaydir yo’l bilan to’ldirilishi lozim 
edi. Urushdan keyingi Yaponiyada kompaniyalar ilgari AQSh yoki Buyuk 
Britaniyadagiga nisbatan boshqacharoq asosda birlasha boshladilar. Dzaybatsular 
tarqatib yuborilgandan keyin ko’plab kompaniyalar uchun zaruriy mablag’larni 
olishning qulay yo’li fond bozori yordamida bevosita moliyalashtirish emas, balki 
bank tomonidan bilvosita moliyalashtirish bo’ldi. Shunga muvofiq ravishda 
urushdan keyingi Yaponiyada g’arb kompaniyalari (korporatsiyalari) uchun 
xarakterli bo’lgan hisobning konsolidatsiyalashgan tizimi yaratilmadi va ko’p sonli 
bo’limlarga ega bo’lgan aksariyat kompaniyalar o’z ishlarini eskichasiga davom 
ettirdilar. Bunday operatsiyalarni hisobga olish daromadlarni ko’plab yashirish, 
foydadan turli maqsadlarda foydalanish hamda firibgarlik holatlarini keltirib 
chiqarar edi. 
Ayni vaqtda diplomga ega kam sonli yapon buxgalterlari audit o’tkazish 
bo’yicha qandaydir tajribaga ega edilar, xolos. Bunday holatning sababi yuqorida 
keltirib o’tildi. Auditni amalga oshirish malakali kadrlar etishmovchiligi tufayli, 
albatta cheklangan edi. Faqat fond birjasida ro’yxatga olingan korporatsiyalargina 
auditorlik tekshiruviga tortilar va shu sababli aynan shu korporatsiyalar 1948 
yildagi “Qimmatli qog’ozlar va fond bozori to’g’risida”gi Qonun qoidalari asosida 
faoliyat ko’rsatar edi. Ayni vaqtda qator yirik korporatsiyalar mustaqil auditga jalb 
etilmas, amalda barcha o’rta va unchalik katta bo’lmagan kompaniyalar faqat 
Tijorat kodeksiga muvofiq faoliyat ko’rsatuvchi ichki audit bilan qamrab olingan 
edi. Ko’plab ichki auditorlar butun umr bitta kompaniyada ishlagan, buxgalteriya 
hisobi va nazorat uslubiyati sohasida etarli bilimga ega bo’lmagan hamda ular 
ob’ektiv bo’lish uchun etarli mustaqillikka ega emas edi. 
Shunday qilib, auditning isloh qilinmagan tizimi oqibatida Yaponiyada 
korporativ nazorat XX asr 40 yillarining ikkinchi yarmiga qadar zaif va samarasiz 
bo’ldi. Ishonchsiz buxgalteriya hisobi sharoitida bunday nazorat Yaponiya uchun 
juda zarur bo’lgan xorijiy investitsiyalarning tezda paydo bo’lishini katta so’roq 
ostida qoldirar edi. Va nihoyat, urushdan keyingi dastlabki yillarda Yaponiyada 


91 
auditorlik firmalari mutlaqo mavjud emas, kamdan-kam auditorlik tekshirishlari 
esa alohida diplomga ega buxgalterlar tomonidan amalga oshirilar edi. 
Albatta, ba’zan audit bir necha birlashgan auditorlar tomonidan o’tkazilgan 
vaqtlar ham kuzatilar edi, ammo ko’plab kompaniyalar SRA sertifikatiga ega 
alohida ekspert-buxgalterlar bilan hamkorlik to’g’risida bitimlar tuzar edilar. Bir 
nafar auditor esa gap yirik korporatsiyalar haqida ketganda barcha zaruriy ishlarni 
jismonan bajara olmas edi. Biroq u korporatsiya taklif etadigan juda yuqori ish 
haqidan manfaatdor bo’lib, uni o’z hamkasabalari bilan bo’lishmas edi. Shunday 
qilib, mustaqillikni yo’qotib qo’yish uchun shart-sharoitlar vujudga kela boshladi, 
chunki alohida auditorlar o’zlarining korporativ mijozlarini juda qadrlar va har 
qanday sharoitda ham ularni yo’qotib qo’ymaslikni istar edilar. Bundan tashqari 
madaniy va mentalitet xarakteridagi muammolar tufayli yapon auditorlari uchun 
mustaqillik juda muammoli masala hisoblanar edi.
Yaponiyada keng miqyosli auditni kiritgunga qadar ko’p vaqt o’tib ketdi. Bu 
faqat 1957 yilga kelib amalga oshirildi. Unga qadar (1951-1957 yillar) yapon 
auditorlari sinov va tajribalar yo’li bilan kasbni egallashga harakat qildilar.
Majburiy audit joriy etilgandan so’ng (u alohida tushunmovchiliklarsiz 
amalga oshirildi. Unga olti yillik tajriba davri ijobiy ta’sir ko’rsatdi) audit yapon 
erida mustahkam o’rnashadigandek bo’lib ko’ringan edi, ammo amaliyotda ko’p 
yillar davomida hukm surgan yashirincha dividend olishning firibgarlik sxemalari 
tag tomiri bilan bartaraf etilmadi. Kompaniyalar tomonidan haqiqiy axborotni 
yashirish bo’yicha ko’plab dalillarga bo’lgan e’tibor vaqtincha zaiflashdi. Bunga 
XX asr 60 yillari boshlariga qadar davom etgan iqtisodiy o’sish sabab bo’ldi.
1963 yilda yapon iqtisodiyotida inqiroz boshlandi. Bu esa ayniqsa, 1964-
1965 yillarda ko’plab korxonalarning bankrot bo’lishiga olib keldi. Aynan shu 
davrda haqiqiy foyda miqdorini yashirish va ikki yoqlama hisob yuritish bilan 
bog’liq kompaniya rahbarlarining noqonuniy harakatlari oshkor etildi. Alohida 
faoliyat yuritgan mustaqil auditorlarning ko’pchiligi inqiroz davrida o’zlarini 
yaxshi tomondan ko’rsatmadilar. Shu sababli kompaniyalarning bir kishi 


92 
tomonidan audit qilinishi ta’qiqlandi va 1967 yildan boshlab SRAlarni o’zida 
birlashtiruvchi birinchi firmalar tashkil etila boshlandi.
Amaliy faoliyat yuritayotgan auditorlarning aksariyat qismini o’zida 
birlashtirgan JICPA qayta tashkil etildi. Bundan tashqari, ichki audit ham o’zini 
yaxshi tomondan ko’rsatmaganligi tufayli yapon korporatsiyalarida ichki audit 
tizimini mustahkamlash bo’yicha chora-tadbirlar amalga oshirildi. Afsuski, amalga 
oshirilgan chora-tadbirlarga qaramasdan yapon auditorlari yangi muammolarga 
duch keldilar.
Birinchidan, JICPA maxsus korporatsiya maqomiga ega bo’ldi. Bu esa ko’p 
jihatdan bankrotlikka uchragan kompaniyalar (Ayniqsa, Sanyo Special Steel 
Co.ning bankrotlikka uchrashi ibratli bo’lib, u Yaponiya tarixidagi eng shov-shuvli 
janjal sifatida qayd etiladi) atrofidagi janjallarga nisbatan javob reaktsiyasi edi. O’z 
ishini vijdonan bajarmagan auditorlarga nisbatan ro’yxatga olishni bekor 
qilishgacha bo’lgan ma’muriy sanktsiyalar joriy qilindi. 
Hukumat faqat shu sanktsiyalar bilan cheklanib qolmadi. JICPAning o’z-
o’zini tozalash va yangilanish qobiliyatiga unchalik ishonch bildirmagan Moliya 
vazirligi ushbu tashkilotga ta’sir o’tkazishning aniq dastaklariga ega bo’ldi. 
JICPAga maxsus korporatsiya maqomining taqdim etilishi ushbu tashkiliy tuzilma 
turining o’ziga xosligi bilan shartlangan qattiq hukumat nazoratini o’rnatishni 
ko’zda tutar edi (Yaponiyada maxsus korporatsiyalar hukumat tomonidan strategik 
maqsadlarni ko’zda tutgan holda tashkil etiladi va hukumat tomonidan qattiq 
nazorat qilinadi). 
Ikkinchidan, buxgalteriya hisobi tizimini isloh qilish sekin sur’atlarda 
kechayotgan edi. Faqat 1974 yilga kelib SRA tomonidan o’tkazilayotgan audit 
korporatsiyalarda ishonchli ichki nazoratni tashkil etishga bo’lgan ehtiyojlarning 
o’sib borishiga javob sifatida Tijorat kodeksi tomonidan tan olindi. Hisob tizimi va 
auditni isloh qilish yopiq eshiklar orqasida o’tkazilar va amaliy faoliyatda bo’lgan 
mutaxassislarning jarayonga ta’siri hukumat rahbarlariga nisbatan sezilarli 
darajada past edi. 


93 
Uchinchidan, har yili korporatsiyalar hisobida firibgarlikning yangidan-
yangi turlari oshkor etila boshlandi. Ayni vaqtda bunga mas’ul bo’lgan 
buxgalterlar va auditorlar bunday operatsiyalardan osonlikcha qutulib qolar edilar, 
ya’ni odatda noqonuniy operatsiyalar oddiygina bekor qilinar edi, xolos. Hisob 
tizimida aks etgan firibgarlik sxemalari uchun mas’ul bo’lgan menejerlar ham hech 
qanday jazoga tortilmas edi. 
Bunday sharoitda 90 yillarning boshlarida yapon iqtisodiyoti kuchli 
depressiyaga duch keldi. 1996 yilda uy-joy qurilishiga ssuda berishga 
ixtisoslashgan ko’plab korxonalar inqirozga yuz tutdi, 1997 yilda xuddi shunday 
holat qator qurilish kompaniyalari bilan ham yuz berdi. Keyinchalik 1998 yilda 
Hanwa bankining inqirozi va Yaponiya uzoq muddatli kreditlash bankining 
bankrotlikka uchrashi yuz berdi. Shunisi e’tiborga molikki, ushbu holatlarning 
barchasida auditorlarning xulosalari ijobiy xarakterga ega edi. Albatta, 
korporatsiyalarning birin-ketin moliyaviy inqirozga uchrashlari natijasida 
auditorlar mutlaqo asoslangan tanqidlarning kuchli alangasi ostida qoldilar. 
Shunday qilib, AQShning yirik energetika kompaniyasi hisoblangan Enronning 
bankrotlikka uchrashi Yaponiyada tushunish hissi bilan qabul qilindi. Negaki, 
Yaponiyaning o’zi 90-yillarning ikkinchi yarmida xuddi shunday, ammo yirik 
miqyosdagi bankrotliklarni o’z boshidan kechirgan edi. 
Mustaqil auditorlik nazoratining zaiflashuvi ko’p jihatdan Yaponiya Moliya 
vazirligining siyosati bilan bog’liq bo’lib, u JICPAni to’liq o’ziga bo’ysundirib 
olgan edi. JICPA rahbariyatining ko’plab a’zolari Moliya vazirligining sobiq 
mas’ul ishlovchilari bo’lib, ular formal mustaqil yapon auditorlari faoliyatiga 
sezilarli ta’sir ko’rsatar edilar. Auditorlar bankrotlikka uchragan kompaniyalar 
uchun ijobiy xulosalarni Moliya vazirligi tomonidan o’tkazilgan yuqori bosim 
natijasida berganliklari ma’lum bo’ldi. Aynan shuning uchun ham potentsial 
bankrot uchun ijobiy xulosalar bergan auditorlar hech qanday jazoga tortilmadilar, 
Boshqacha bo’lishi mumkin ham emas edi, chunki aks holat Yaponiya Moliya 
vazirligining o’zini o’zi ommaga oshkor qilishi bilan barobar edi. 


94 
Albatta Yaponiyada yuz bergan iqtisodiy inqiroz sabablarini faqat hisob va 
audit muammolari bilan izohlab bo’lmaydi. Ammo shunga qaramasdan bu omilni 
inqirozga olib kelgan asosiy omillardan biri sifatida e’tirof etish mumkin. Yapon 
korporatsiyalarida mustaqil audit va ichki nazorat tizimining iqtisodiy rivojlanish 
darajasiga, shuningdek, bozor talablariga muvofiq kelmasligi inqirozni sezilarli 
darajada chuqurlashtirdi. Mo’tadil hisob va audit tizimi sharoitida balki 
inqirozning oldini olib bo’lmas, ammo uni yumshatish mumkin edi. 
Garchi 1999 yildan keyin Yaponiyada CPA tomonidan o’tkaziladigan audit 
sifatini oshirish bo’yicha qator chora-tadbirlar tizimi amalga oshirilgan bo’lsa-da 
(auditorlarni muntazam ravishda majburiy o’qitish tizimi va JICPA tomonidan 
doimiy tarzda auditor firmalar ishini tekshirishning joriy etilishi), ko’plab 
mutaxassislar 
yuzaga kelgan holatning tubdan yaxshilanishiga shubha 
bildirmoqdalar. Afsuski, Yaponiya Moliya vazirligining auditga ta’siri sezilarli 
darajada saqlanib qolmoqda. Bu esa auditorlar va audit firmalari mustaqilligiga 
ziyon etkazadi. Bundan tashqari, yapon korporativ madaniyati va menejmentining 
o’ziga xosligi to’laqonli ichki auditni, masalan, AQShdagi ko’rinishda joriy etishni 
muammoga aylantiradi. 
Shuni ta’kidlash lozimki, Yaponiyada buxgalteriya hisobi va auditning g’arb 
modellarini joriy etishga qaratilgan urinishlar to’la amalga oshmadi. Xususan, 
hisob va audit amaliyotini rivojlantirish va takomillashtirish kafolati bo’lib xizmat 
qiladigan buxgalterlar va auditorlarning mustaqil professional tashkiloti tuzilmadi 
(Amalda to’liq Yaponiya Moliya vazirligiga bo’ysunadigan JICPAdan tashqari). 
Ichki audit yapon korporatsiyalarida yashovchan bo’lmadi, bu esa korporativ 
nazorat samaradorligini sezilarli darajada pasaytiradi. Ko’rinib turibdiki, bunday 
nomuvofiqlik noqulay holatlarga olib keladi.

Download 2.41 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   51   52   53   54   55   56   57   58   ...   174




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling