Davr xarajatlari — butun ishlab chiqarish (korxona)ni boshqarish va unga xizmat qilish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar. Bu xarajatlar sotish xarajatlari, ma’muriy xarajatlar va boshqa operatsion xarajatlardan iborat. Bu xarajatlar 9410 «Sotish xarajatlari», 9420 «Ma’muriy xarajatlar», 9430 «Boshqa operatsion xarajatlar» va 9440 «Kelgusida soliq solinadigan bazadan chiqariladigan hisobot davri xarajatlari» schyotlarida jamlab borilib, qaysi hisobot davrida vujudga kelgan bo‘lsa, shu davrda quyidagi provodkalar bilan hisobdan chiqariladi: D-t 9910 «Yakuniy moliyaviy natija», K-t 9410, 9420, 9430 va 9440.
Dalolatnoma buxgalteriya hisobida keng qo‘llaniladigan dastlabki hujjat. Odatda komissiya yoki amalga oshirilgan xo‘jalik operatsiyalari uchun mas’uliyatli shaxslar tomonidan tuziladi.
Dastlabki hisob — hisob jarayonining dastlabki bosqichida xo‘jalik muomalalari ma’lumotlari o‘lchanadi va ular hujjatlarda qayd etiladi. Dastlabki hujjatlar sintetik va analitik hisobning asosi bo‘lib hisoblanadi. Shuning uchun ham hisob ko‘rsatkichlarining sifati va nazorat qilishdagi hamda korxonaning moliya-xo‘jalik faoliyatiga rahbarlik qilishdagi roli uning aniq va o‘z vaqtidaligiga bog‘liq.
Dastlabki hujjatlar — xo‘jalik muomalalari sodir bo‘lgan paytda tuziladigan va ular amalga oshganligining birinchi guvohi bo‘lgan buxgalteriya hujjatlari. Dastlabki hujjatlar tuzilishi xo‘jalik muomalalari hisob registratsiyasining boshlanishi bo‘lib hisoblanadi. Dastlabki hujjatlarga g‘azna kirim va chiqim orderlari, yukxatlar, qabul qilish-topshirish dalolatnomalari, naryadlar, kvitantsiyalar va h.k. kiradi. Hisobni soddalashtirish va hisob registratsiyasini tezlashtirish uchun ko‘pincha dastlabki hujjatlarga asosan yig‘ma hujjatlar tuziladi. Buxgalteriya hujjatlari tuzish tartibi bo‘yicha tasniflanganda hujjatlar dastlabki va yig‘ma hujjatlarga bo‘linadi.
Debet— buxgalteriya hisobi schyotining bir qismi. Aktiv schyotlarning debeti bo‘yicha hisob ob’ektining ko‘payishi aks ettiriladi, passiv schyotlarning debeti bo‘yicha esa kamayishi yoziladi. Hisoblashish schyotlarida debet mazkur korxonaning boshqa korxona va shaxslardan oladigan summasini aks ettiradi (debitorlik qarzlari). Debet qoldiq (saldo) faqat aktiv schyotlarda bo‘lishi mumkin.
Har bir schyot ikki qismdan iborat — debet va kredit.
Do'stlaringiz bilan baham: |