Inventarizatsiya — natura shaklidagi mavjud mablag‘lar haqiqiysining buxgalteriya hisobi ma’lumotlariga to‘g‘ri kelishini, majburiyatlar hisobda to‘g‘ri aks ettirilishini tekshirish usuli. U buxgalteriya hisobi ko‘rsatkichlari ishonchliligini va korxona mulki butligini ta’minlaydi.
Inventar kartochkalar — asosiy vositalarni ob’ektlar bo‘yicha hisobga olish uchun tayinlangan namunali shakldagi hisob registrlari. Inventar kartochkalar asosiy vositalar xo‘jalikka tushgan vaqtda har bir ob’ektga to‘ldiriladi. Bir xildagi ob’ektlar guruhiga bitta inventar kartochka ochishga ruxsat etiladi. Kartochkada inventar ob’ekti to‘g‘risidagi barcha zaruriy ma’lumotlar ko‘rsatiladi: uning nomi, inventar nomeri, amortizatsiya normasi, rekonstruktsiya, modernizatsiya, kapital ta’mirlash, xo‘jalik ichidagi bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirishlar va ob’ektning tugatilishi.
Investitsiya — milliy iqtisodiyotning sanoat, qishloq xo‘jalik, transport va boshqa tarmoqlariga uzoq muddatli kapital qo‘yilmalar. Investitsiya asosan aktsionerlik jamiyatining aktsiyalari va obligatsiyalarini sotib olish tarzida amalga oshiriladi. Investitsiya bu biron-bir tadbirga, ishga oddiy kapital qo‘yish emas, balki uzoq muddatli mablag‘ qo‘yishdir. Shu munosabat bilan hozirgi sharoitda Prezidentimizning investitsiya siyosatidagi yangi yondashuvning uchta asosiy xususiyatini ajratib ko‘rsatish mumkin.
Isbotlovchi hujjatlar — xo‘jalik muomalalari sodir bo‘lganligani isbotlovchi buxgalteriya hujjatlari. Bu hujjatlar xo‘jalik muomalalarini buxgalteriya hisobi schyotlarida aks ettirish uchun asos bo‘lib hisoblanadi. Isbotlovchi hujjatlar bo‘lib materiallarning kirim orderlari, kvitantsiyalar, qabul qilish-topshirish dalolatnomasi, yukxat va boshqalar hisoblanadi. Isbotlovchi hujjatlar ijro hujjatlari deyiladi. Buxgalteriya hujjatlari tayinlanishi bo‘yicha tasnif etilganda isbotlovchi hujjatlar guruhi ajratib ko‘rsatiladi.
Ishbay ish haqi — xodimning ish haqi bajarilgan ishning hajmiga bog‘liq bo‘lgan ish haqi tizimi. Ishbay ish haqi quyidagi ko‘rinishda bo‘lishi mumkin: to‘g‘ri ishbay (ish birligining rastsenkasi mahsulot ishlab chiqarish normasi bajarilishiga qarab o‘zgarmaydi); progressiv ishbay (normadan ortiq bajarilgan ishga oshirilgan rastsenka bo‘yicha haq to‘lanadi); mukofot ishbay (ishbay rastsenka bo‘yicha ish haqining ustiga ishda erishilgan natijalar uchun mukofotlar to‘lanadi); egri ishbay (mazkur xodimning ish natijasi bo‘yicha to‘lov emas, balki uning rahbarligidagi ishbay ishchilar yoki uchastka (tsex)ning pirovard ish natijalari bo‘yicha haq to‘lash). Ishbay ish haqi yakka va guruhli (brigadali) bo‘lishi mumkin. Oxirgisida bajarilgan ishlar bo‘yicha haq brigada a’zolari o‘rtasida xodimlarning razryadlari va ularning ishlagan vaqti miqdoriga mutanosib taqsimlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |