Kontraktiv schyotlar— aktiv schyotlarning ko‘rsatkichlarini tartibga solish uchun tayinlangan kontrar schyotlar. Kontraktiv schyotlarga 0200 «Asosiy vositalarning eskirishini hisobga oluvchi schyotlar», 0500 «Nomoddiy aktivlar amortizatsiyasini hisobga oluvchi schyotlar», 2980 «Savdo ustamasi», 4910 «Dargumon qarzlar bo‘yicha rezerv» schyotlari kiradi.
Kontrpassiv schyotlar — passiv schyotlar ko‘rsatkichlarini tartibga keltirish uchun tayinlangan kontrar schyotlar. 8600 «Sotib olingan xususiy aktsiyalarni hisobga oluvchi schyotlar», 9040 «Sotilgan tovarlarning qaytishi», 9050 «Xaridor va buyurtmachilarga berilgan chegirmalar» schetlari kontrpassiv schyotlarga misol bo‘ladi.
Korxona va muassasalarning banklardagi schyotlaridan ko‘chirma — bank muassasalari tomonidan korxonalarga beriladigan va ularning hisob-kitob, joriy va ssuda schyotlaridagi pul mablag‘lari harakatini aks ettiradigan hujjatlar. Ko‘chirmalarda korxona schyoti bo‘yicha bankdagi yozuvlar kopiyasidagi sana, hujjatlar nomerlari, schyotning debeti va krediti bo‘yicha yozuvlar summasi, shuningdek mablag‘lar qoldig‘i yoki ssudalar bo‘yicha qarz ko‘rsatiladi. Isbotlovchi hujjatlar (schyotlar, to‘lov topshiriqnomalari va b.) ilova qilingan holda ko‘chirmalar korxonaga har kuni yoki boshqa belgilangan muddatlarda beriladi. Olingan hujjatlar buxgalteriya tomonidan tekshiriladi va «Hisob-kitob schyoti»ga, «Bankdagi maxsus schyotlardagi pul mablag‘larini hisobga oluvchi schyotlar»ga, qisqa va uzoq muddatli kreditlar va qarzlarni hisobga oluvchi schyotlarga yozish uchun asos bo‘ladi. Ko‘chirmalardagi yozuvlarning to‘g‘riligi tekshirilgandan so‘ng korrespondentlanuvchi schyotlar aniqlanadi. Bunda shuni e’tiborga olish kerakki, bankning ko‘chirmalaridagi debet va kreditning ma’nosi korxonadagi schyotlarning debet va kreditiga teskari.
Kredit — buxgalteriya hisobi schyotining bir qismi. Aktiv schyotlarning krediti bo‘yicha kamayishi passiv schyotlarning krediti hisob ob’ektini ko‘payishini ko‘rsatadi. Kredit qoldiq faqat passiv schyotlarda bo‘lishi mumkin.
Kreditorlar — mazkur korxonaning boshqa korxona (tashkilot, muassasa)lar va ayrim shaxslar oldidagi ma’lum qarzi. Bu korxonalarga to‘lanadigan qarz kreditorlik qarzi deyiladi. Kreditorlar bilan olib boriladigan hisoblashishlar majburiyatlarni hisobga oladigan schyotlarda yuritiladi. Kreditorlarning analitik hisobi har bir kreditor bo‘yicha yuritiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |