Aktiv — ma’lum bir sanaga pul ko‘rsatkichida korxonaning mablag‘lari, ularning tarkibi va joylashishini aks ettiruvchi buxgalteriya balansining qismi. Buxgalteriya balansi aktivdan tashqari passivga ham ega. Aktiv va passiv bo‘lim va moddalardan iborat. Balans aktiv tomonining jami passiv tomonining jamiga teng bo‘lishi kerak. Aktiv faol degan ma’noni ham anglatadi.
Aktiv schyotlar — korxona mablag‘larini hisobga oladigan buxgalteriya hisobi schyotlari. Ular mavjud mablag‘lar, ularning tarkibi va joylashishi to‘g‘risidagi ko‘rsatkichlarni beradi. Aktiv schyotlarda mablag‘larning ko‘payishi debetda, kamayishi kreditda aks ettiriladi. Qoldig‘i faqat debetda bo‘lib, balansning aktivida ko‘rsatiladi. Quyidagi schyotlar aktiv schyotlar hisoblanadi: bino, inshootlar, mashinalar, asbob-uskunalar va boshqa asosiy vositalarni (1000-schyotlar) hisobga oladigan schyotlar; pul mablag‘larini hisobga oladigan schyotlar; tovar-moddiy qiymatliklarni hisobga oladigan schyotlar; xarajatlarni hisobga oladigan schyotlar.
Aktsept — ma’lum shart bo‘yicha shartnoma tuzishga rozilik berish. Naqd pulsiz hisob-kitoblarda aktsept mol oluvchining mol yuboruvchi schyotini to‘lashga roziligidir. Aktsept oldindan va keyinchalik qilinishi mumkin. Oldindan aktseptda bankka schyot kelib tushgan kundan keyin mol oluvchi uch ish kuni ichida aktsept qilmaslik to‘g‘risida bankka arz qilmasa, mol yuboruvchining schyoti aktseptlangan hisoblanadi. Basharti mol oluvchi bankdan uzoqda joylashgan bo‘lsa, shuningdek yo‘l va aloqa yomon bo‘lsa, bank boshlig‘ining ruxsati bilan aktsept muddati uzaytirilishi mumkin.
Amortizatsiya — ob’ektning asta-sekin eskirishi va uning qiymatini ishlab chiqarilayotgan mahsulot yoki foydalanilishiga qarab boshqa xarajatlarga o‘tkazish. Boshqa ma’noda amortizatsiya bu: mulk qiymatining kamayishi; har zamonda to‘lash yo‘li bilan qarzning asta-sekin kamayishi; avtomobil harakati, samolyotlarni qo‘ndirishdagi silkinishlarni so‘ndirish va h.k.
Amortizatsiya ajratmalari — belgilangan normalar bo‘yicha asosiy vositalar va nomoddiy aktivlarga hisoblanadigan amortizatsiya.
Do'stlaringiz bilan baham: |