Buxgalteriya hisobining asosiy qoidalari — buxgalteriya hisobini ikki yoqlama yozuv usulida yuritish, uzluksizlik; xo‘jalik operatsiyalari, aktivlar va passivlarning pulda baholanishi; aniqlik; hisoblash; oldindan ko‘ra bilish (ehtiyotkorlik); mazmunning shakldan ustunligi; ko‘rsatkichlarning qiyoslanuvchanligi; moliyaviy hisobotning betarafligi; hisobot davri daromadlari va xarajatlarining muvofiqligi; aktivlar va majburiyatlarning haqiqiy baholanishi.
Buxgalteriya hisobining ikkiyoqlama tizimi — ikkiyoqlama yozuvga asoslangan buxgalteriya hisobi tizimi. Hisobning oddiy tizimiga nisbatan ancha mukammallashgan bo‘lib, buxgalteriya hisobi predmeti to‘g‘ri aks etishini ta’minlaydi. 1996 yil 30 avgustda O‘zR Oliy Majlisi tomonidan qabul qilingan «Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida»gi Qonunning 6-moddasida buxgalteriya hisobining asosiy qoidalaridan birinchisi etib «buxgalteriya hisobini ikkiyoqlama yozuv usulida yuritish» belgilangan. Demak, buxgalteriya hisobining ikkiyoqlama yozuv tizimi barcha korxona, muassasa va tashkilotlarda qo‘llanilishi kerak.
Buxgalteriya hisobining maqsadi va vazifalari — foydalanuvchilarni o‘z vaqtida to‘liq hamda aniq moliyaviy va boshqa buxgalteriya axboroti bilan ta’minlash, vazifalari: buxgalteriya hisobi schyotlarida aktivlarning holati va harakati, mulkiy huquqlar va majburiyatlarning holati to‘g‘risidagi to‘liq hamda aniq ma’lumotlarni shakllantirish; samarali boshqarish maqsadida buxgalteriya hisobi ma’lumotlarini umumlashtirish, moliyaviy, soliqqa doir va boshqa hisobotlarni tuzish.
Buxgalteriya hisobining memorial-order shakli — buxgalteriya hisobining shakllaridan biri. Bu shaklda hisob jarayoni quyidagicha amalga oshiriladi: dastlabki, yig‘ma va jamg‘arma hujjatlariga asosan memorial-orderlar tuzilib, ro‘yxatga olish jurnalida registratsiya qilinadi. Keyin memorial-orderlarga asosan sintetik schyotlarga va bosh daftarga yoziladi. Memorial-orderlarga ilova qilingan hujjatlar analitik hisob registrlariga yozish uchun asos bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |