Yillik moliyaviy hisobot — hisobot yilida korxona faoliyatini har tomonlama ta’riflovchi hisobot turi. Yillik moliyaviy hisobot inventarizatsiya va boshqa usullar bilan tekshirilgan hisob ma’lumotlariga asosan tuziladi. O‘zbekiston Respublikasining «Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida»gi Qonuni (16-modda) bilan yillik hisobotning quyidagi shakllarini tuzish nazarda tutilgan: I. Korxona balansi; 2. Moliyaviy natijalar to‘g‘risida hisobot; 3. Asosiy vositalar harakati to‘g‘risida hisobot; 4. Pul oqimlari to‘g‘risida hisobot; 5. Xususiy kapital to‘g‘risida hisobot. Yuqoridagi hisobot shakllariga izohlar, hisob-kitoblar va tushuntirishlar ilova qilinadi.
Kalkulyatsiya — xarajatlarni guruhlash va sotib olingan moddiy qiymatliklarni, tayyorlangan mahsulot va bajarilgan ishlar tannarxini aniqlash usuli. Kalkulyatsiya tannarx bo‘yicha reja bajarilishi, uning pasayishi va haqiqiy xarajatlarning rejadigidan farqlanishini aniqlash imkoniyatini beradi.
Demak, tannarxni kalkulyatsiya qilish korxonaning har bir bo‘limida tejamkorlik rejimini amalga oshirish quroli bo‘lib hisoblanadi. U xarajatlar ob’ektlari bo‘yicha va kalkulyatsiya moddalari bo‘yicha ko‘rsatiladigan hujjat ko‘rinishida rasmiylashtiriladi.
Tuzilgan vaqti va tayinlanishiga qarab kalkulyatsiya rejali, normativ va hisobot kalkulyatsiyasiga bo‘linadi.
Kapital qo‘yilmalar — natijada asosiy vositalarni ko‘paytiradigan xarajatlar. Ular bino va inshootlarni qurishga, mashina, asbob-uskuna va inventarlarni sotib olishga, bog‘lar tashkil qilish va h.k.larga yo‘naltiriladi. Korxonalarda kapital qo‘yilmalar tasdiqlangan titul ro‘yxati va loyiha-smeta hujjatlari bo‘lsagina amalga oshirilishi mumkin. Kapital qo‘yilmalar ularning yo‘nalishi, rejalashtirish tartibi, kapital ishlar turlari, qurilish ob’ektlarining qiymati, qurilish ishlarini olib borish usullari bo‘yicha guruhlanadi. Yo‘nalishi bo‘yicha ishlab chiqarish ob’ektlari turar joy, maktab, shifoxona va h.k.larga bo‘linadi. Rejalashtirish tartibiga qarab kapital qo‘yilmalar davlat rejasida nazarda tutilgan va davlat rejasida nazarda tutilmagan qo‘yilmalarga bo‘linadi. Davlat rejasida nazarda tutilmagan kapital qo‘yilmalar korxonaning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |