Soliqlar — korxona va ayrim shaxslarning davlat yoki mahalliy byudjetga majburiy to‘lovlari.
Sof foyda — soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar to‘langanidan keyin yuridik shaxs ixtiyorida qoladigan foyda.
Schyot-faktura — qat’iy hisobot hujjati bo‘lib, mol yuboruvchi tomonidan har bir jo‘natilgan yoki sotilgan mahsulot, shuningdek bajarilgan ish va xizmatlar uchun yoziladi.
Tayyor mahsulot — korxonada ishlab chiqarishi tugallangan, belgilangan standartlarga yoki texnik shartlarga to‘g‘ri keladigan mahsulot.
Tannarx — mahsulot ishlab chiqarish, ishlar bajarish, xizmatlar ko‘rsatishda foydalaniladigan moddiy resurslarning, asosiy fondlarning, mehnat resurslarining, shuningdek tovarlar ishlab chiqarish, ishlar bajarish, xizmatlar ko‘rsatish jarayonini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan boshqa turdagi xarajatlarning qiymat bahosi.
Tovar mahsuloti — hisobot davrida ishlab chiqarilgan va sotish uchun tayinlangan yoki shu davr ichida haqiqatda sotilgan mahsulot. Tovar mahsuloti yalpi mahsulotning tarkibiy qismi bo‘lib hisoblanadi.
To‘lov vedomosti — ish haq to‘lash bo‘yicha buxgalteriyada tuziladigan hujjat. Hisoblash-to‘lov vedomostidan shu bilan farqlanadiki, oy boshiga bo‘lgan hisoblashish holati, nimalar uchun hisoblangani va ish haqidan ushlanmalar ko‘rsatilmaydi. To‘lov vedomostida faqat familiyasi, ismi, otasining ismi, uning tabel nomeri va vedomost bo‘yicha tartib nomeri, olinadigan summasi va olgani to‘g‘risida imzosi ko‘rsatiladi. To‘lov vedomostining birinchi betiga vedomost bo‘yicha beriladigan umumiy summa va korxona rahbarining hamda bosh (katta) buxgalterining imzolari va muhr qo‘yiladi.
To‘lov talabnomasi — mablag‘ oluvchining to‘lovchi tomonidan bank orqali ma’lum bir summani to‘lash to‘g‘risida talabi aks ettirilgan pul-hisob-kitob hujjati.
To‘lov topshiriqnomasi — mijozning unga xizmat qiluvchi bankka o‘z schyotidan oluvchining schyotiga ma’lum bir summani o‘tkazish to‘g‘risidagi topshirig‘i.
Do'stlaringiz bilan baham: |