Аl вukhari university nodavlat oliy ta’lim muassasasi
Tarix vaqti – bu inson vaqti
Download 1.22 Mb.
|
Аl вukhari university nodavlat oliy ta’lim muassasasi
Tarix vaqti – bu inson vaqti, yani ijtimoiy vaqtning eng oliy darajasidir, chunki tarix o‘z-o‘zini yaratuvchi, o‘z-o‘zidan rivojlanuvchi jarayondir. Individ o‘limga mahkum, avlodlar keladi va ketadi, lekin birorta ham hayot izsiz yo‘q bo‘lib ketmaydi, yani tarixdan chetda qolmaydi. Tarixiy vaqt o‘limga mahkum bo‘lgan odamlarning real hayot faoliyati bilan uzviydir. Ayni paytda u har bir individga nisbatan uning substansiyasi sifatida amal qiladi. Bu individ va avlod o‘z asri bilan uzviy ekanligini, insonning mohiyati ijtimoiy munosabatlar majmui bilan belgilanishini anglatadi.
«Tarixni odamlar yaratadi» degan tezis va «tarix odamlarni yaratadi» degan antitezis sintez yo‘li bilan echiladi: odamlar o‘z tarixi vositasida o‘zlarini o‘zlari yaratadilar. Barcha odamlar, barcha avlodlar faoliyatining umumiy mahsuli bo‘lgan «tarix daryosi» o‘ziga olg‘a yo‘l ochish bilangina kifoyalanmaydi. O‘z yo‘lida u kengayib, suvga to‘lib boradi. Uning oqimi ham jadallashadi, qirg‘oqlari kengayadi, tubi yanada chuqurlashadi. Tarixni vaqt nuqtai nazaridan o‘rganish uning «uzunlik», «kenglik» va «chuqurlik» mezonlariga muvofiq o‘rganish demakdir. Tarixiy vaqtning «uzunligi» deganda asosan uning topologik xossalari: o‘lchamlari, asosiy bosqichlarining ketma-ketligi, bu ketma-ketlikning muqarrarligi tushuniladi. Tarixning «kengligi» - bu tarix chegarasining kengayishi demakdir. Bunda kengayish tushunchasini ikki xil manoda: tarixiy jarayon yangi va yangi hududlarni qamrab olishi sifatida (kengayishning yuzaki, ekologo-geografik jihati) va «tarix doirasi»ning, yani kishilar umumiy tarixiy faoliyati maydonining kengayishi sifatida tushunish o‘rinli bo‘ladi (kishilar umumiy tarixiy faoliyati faol tarix ijodkorligiga uning yangi va yangi ishtirokchilarini keng jalb qilishni ham nazarda tutadi). Insoniyat tarixi vaqti – bu uning obektiv vaqtigina emas. U ong fenomeni hamdir. Jamiyat, tarix nafaqat obekt, balki subekt sifatida ham maydonga chiqadi. Bunda u gnoseologik subektning eng oliy tipi va darajasi hisoblanadi. Ijtimoiy ongning yaxlit strukturasida vaqtni anglab etish o‘zini uning alohida, ichki darajasi sifatida, jamiyatni tarixiy anglash sifatida namoyon etadi. Darhaqiqat, tarixiy jarayon insoniyat vaqtda boshdan kechiruvchi o‘zgarishlarning umumiy xususiyati va manosi demakdir. Ushbu o‘zgarishlarning mazmuni tarixiy vaqtning ichki ziddiyatlari va jumboqlarini belgilaydi. Bu erda shunday jumboqlardan ikkitasini ko‘rsatib o‘tamiz. Insoniyat yildan-yilga ulg‘ayib va ayni paytda yosharib boradi. Uning ulg‘ayishi yoshiga yosh qo‘shilishi bilan, yosharishi esa – ijtimoiy hayot uzluksiz yangilanishi bilan izohlanadi. Insoniyat bolaligi – biz uchun qadim zamon, yangi davr esa, aksincha, o‘zimiz yashayotgan zamondir. Ko‘rib turganimizdek, bu jumboq tarixiy davrlar tasnifida o‘z ifodasini topadi. O‘tmishni o‘zgartirish mumkin emas, deb hisoblanadi. Bu fikr tabiat uchun mutlaqo o‘rinlidir. Ammo jamiyatda, tarixda o‘tmish o‘zgarishi mumkin. Har bir yirik tarixiy voqea nafaqat istiqbolli kuchga, balki retrospektiv kuchga ham ega bo‘ladi. Hozirda yashayotgan avlod o‘z izdoshlarini tayyorlash, ularga talim va tarbiya berish bilan bir vaqtda o‘z ishlari, g‘oyalarining salafchilarini ham tanlaydi. Lo‘nda qilib aytganda, u o‘tmish ummonidan bugungi maqsad, bugungi manfaatlarga muvofiq o‘ziga zarur va qadrli bo‘lgan mo‘ljallarni tanlab oladi. Masalan, O‘zbekiston mustaqilligining o‘tmishi – bu Muqanna qo‘zg‘oloni, Jaloliddin Manguberdi kurashi, Parij Kommunasining o‘tmishi – bu Spartak qo‘zg‘oloni va Buyuk fransuz inqilobi, gitlerchilar natsizmining o‘tmishi esa – bu «ko‘ppak-ritsarlar» va Barbarossa. Shunday qilib, o‘tmishning mazmuni o‘zgaradi, yani u xotirada, kelajak avlodlar munosabatida o‘zgaradi. Tarix haqida biz uning oqibatlari, yani hozirgi zamonga qarab hukm chiqaramiz. Tarixning intihosi insoniyat halokati bilan barobardir. Ammo tarixning mazmuni uning obektiv qonuniyati tan olinishi bilangina belgilanmaydi. Amalda jamiyatgina emas, balki tabiat ham muayyan qonunlarga muvofiq rivojlanadi. Ammo o‘simliklar dunyosining rivojlanish jarayoni ham, hayvonot dunyosining rivojlanish jarayoni ham «mazmun»ga ega emas, u faqat insoniyatning rivojlanish jarayonida, yani kishilik tarixidagina mavjud. Inson hayoti mazmunga ega bo‘lgani, yani qadriyat hisoblangani tufayli ham insoniyat tarixi mazmunga egadir. Shu manoda insoniyat tarixi mazmunining mezoni va ayni paytda uning taraqqiyotini belgilovchi mezon sifatida insonparvarlik maydonga chiqadi66. Tarixiy jarayon yo‘li, uning yo‘nalishi sirtdan belgilanmagan, lekin u insoniyat tomonidan ham maqsad sifatida qo‘yilmagan va anglab etilmagan. Tarixning mazmuni individlarning muayyan maqsadga erishishga qaratilgan faoliyatidan kelib chiqadi, lekin uning o‘zigagina bog‘liq bo‘lmaydi va u bilan to‘la muvofiq kelmaydi. Tarixning mazmuni deganda inson avlodlarining hayoti va almashuvi jarayonlarining obektiv mazmuni tushuniladi. Unda inson borlig‘ining murakkabligi, ziddiyatlarga to‘laligi va o‘ziga xosligi bo‘rtib namoyon bo‘ladi. Har kim va hammaning erkin rivojlanishini qaror toptirish uchun kurash bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday jarayon teran tarixiy mazmun kasb etadi. O‘z shaxsiyatini namoyon etish uchun kurashni inson ham tabiiy, ham o‘z faoliyati natijasida vujudga kelgan stixiyali kuchlarga qarshi olib boradi. Insoniyatning ijtimoiy-tarixiy rivojlanishi zamirida orqaga qaytarib bo‘lmaydigan jarayon – ijtimoiy ishlab chiqarish yotadi. Bu mexanizmning ishi tarix motorigina emas, balki uning soati hamdir. Tarixiy va astronomik soatlar ayni bir vaqtni ko‘rsatmaydi. Tarixiy vaqtga nisbatan xronologik shkala tashqi chegara hisoblanadi. U voqealarning davomliligi va ketma-ketligini yagona obektiv miqyosda ifodalash imkoniyatini beradi. Tarixiy jarayon suratining o‘sishi yoki pasayishini faqat shu asosda aniqlash va kuzatish mumkin. Ammo xronologiya ijtimoiy rivojlanish yo‘lining mazmuni va xususiyatiga tegishli emas. O‘tmish voqealari, hodisalari va obidalarining eng aniq sanasi ham ularning umumiy tarixiy jarayondagi sabablari, asoslari va mazmuni haqidagi savollarga javob bermaydi, chunki buning uchun jarayon chegarasinigina emas, balki uning manzarasini, yani harakatning o‘ziga mos mantiqini ham bilish talab etiladi. Tarixiy jarayon va uning mazmuni tabiat va tabiiy vaqtga nisbatan malum darajada mustaqildir. Bu mustaqillik nisbiydir, chunki jamiyatning o‘zini ham bir paytlar tabiat yaratgan. Ammo ijtimoiy hayot rivojlanishi va murakkablashib borishi bilan ijtimoiy ishlab chiqarish qonunlari biologik tanlanish qonunlariga nisbatan ustunlik qila boshlagan. Ijtimoiy sikllar, yani ijtimoiy hayotning moddiy va manaviy ishlab chiqarish qonunlarini ifodalovchi ijtimoiy vaqt sikllari kunlarning birida harakatga keltirilgach, keyinchalik bu harakatni immanent sabablar tasirida, o‘z zaminida amalga oshiradi. Bu jamiyat tabiatdan xalos bo‘lishini anglatmaydi, aksincha, insonning muhim kuchlari rivojlanishi bilan odamlar tabiatni o‘zlariga bo‘ysundirib, shu tariqa u bilan yanada chuqurroq aloqaga kirishadilar, ammo bu aloqa biologik organizm va muhit o‘rtasida mavjud bo‘lgan birlamchi, tabiiy rishtalardan butunlay farq qiladi, zero bu erda gap ijtimoiy organizmning o‘zini qurshagan tabiiy muhitga moslashuvi haqida emas, balki uning yanada kengroq va teranroq strukturalarini o‘zgartirishi haqida boradi. Tabiat inson ishlariga befarq. Tarixiy xronologiya astronomik vaqt maromidan o‘z mezoni sifatidagina foydalanadi. Ammo tarixda vaqtni xronologiyaning o‘zigagina bog‘lash o‘rinli bo‘lmaydi. Ijtimoiy jarayonlarning rivojlanishida yuz bergan sifat o‘zgarishlarini ifodalash ham uning muhim tomonlaridan biri hisoblanadi. Ijtimoiy munosabatlarning yangi tipi, yangi ijtimoiy strukturalarning vujudga kelishi, ularning shakllanishi kabi hodisalar asta-sekin yuz berishi va asrlarni (qadimgi jamiyatda esa – ming yilliklarni) qamrab olishi tufayli, ularning sanasini aniq belgilash mumkin emas va biron-bir tarixchi o‘z oldiga bunday vazifani qo‘ymaydi67. Insoniyat tarixi boshlangan vaqtni aniqlashning o‘zi fan uchun uning imkoniyatlari doirasidan tashqaridagi vazifa hisoblanadi. Tarixning boshlanishi bir lahzali voqea emas, balki o‘ta murakkab, ziddiyatlarga to‘la va ancha davomli jarayondir. Ibtidoiy odamlar o‘rtasidagi biologik aloqalar o‘rnini ijtimoiy aloqalar darhol va o‘z-o‘zidan egallagani yo‘q, balki ular bilan uzoq vaqt mobaynida yonma-yon mavjud bo‘lib, asta-sekin, bosqichma-bosqich ulardan ustunroq mavqeni egallagan va ularni siqib chiqarib, dastlabki tobe va tasodifiy munosabatlardan hukmron va zaruriy munosabatlarga aylangan. Insoniyat hayotini avlodlar bilan o‘lchash tarixiy vaqtni oldinma-ketin keluvchi avlodlar zanjiri sifatida tasavvur qilish imkoniyatini beradi. Bunda har bir avlod mazkur zanjirning bir bo‘g‘ini hisoblanadi. Insoniyat yoshi boshqacha mezonlarga ega. Bosib o‘tilgan yo‘lni odamlar o‘z ishlari, yutuqlari va mag‘lubiyatlari bilan o‘lchaydilar. Hayvonlar va o‘simliklardan farqli o‘laroq, inson o‘z hayot yo‘lini, o‘tmishdan kelajakka eltuvchi yo‘lni o‘zi tanlaydi, o‘z tarixini, yani o‘z vaqtini o‘z qo‘li bilan yaratadi. O‘tmishda qolgan avlodlar – bugungi kunga olib kelgan yo‘ldagi bosqichlargina emas, balki uning hammualliflari hamdir. Homo sapiens inson filogenezi tarixida oxirgi va yakuniy tur hisoblanadi, shu tufayli ham ijtimoiy tarix tabiiy intihoga ega bo‘lmaydi, u hamisha kelajak sari ochiqdir. Insoniyat vaqtda yangi tur sari emas, balki o‘zining yangi yutuqlari sari harakatlanadi. Bu yutuqlar qancha ulkan bo‘lsa, tarix shuncha yangi, tarixiy vaqt shuncha yosh bo‘ladi. Ayrim mamlakatga nisbatan ham, ayrim xalqqa nisbatan ham u o‘zining har bir tub burilishi, o‘z yo‘lining har bir yangi bosqichi bilan birga go‘yoki yosharib boradi: tarixiy rivojlanish jarayonining butunlay o‘zgacha imkoniyatlar va istiqbollar ochuvchi yangi bosqichi boshlanadi. Biologik turdan farqli o‘laroq, odamzot, yani insoniyat tarixi vaqt o‘tishi bilan o‘zining har tomonlama, keng rivojlanish qobiliyatini yo‘qotmaydi, balki uni kasb etadi va ko‘p karra kuchaytiradi. Tarixiy rivojlanish jarayonida jamiyatning imkoniyatlari doirasi qisqarmaydi, balki kengayib boradi. Bu insoniyat ulg‘aygani sari qarimasligini yana bir karra tasdiqlaydi. Ijtimoiy munosabatlar rivojlangani sari yanada etukroq, mukammalroq tus oladi, chunki tarixiy jarayonga yangi va yangi omillar qo‘shiladi, tabiatning ko‘r-ko‘rona determinizmiga nisbatan insonning mustaqilligi oshadi. Download 1.22 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling