“Albatta, Siz buyuk xulq uzradirsiz!”


Download 16.47 Kb.
Sana28.12.2022
Hajmi16.47 Kb.
#1017886
Bog'liq
Alloh taoloning insoniyatga ato etgan eng buyuk in

Alloh taoloning insoniyatga ato etgan eng buyuk in’omi, bu Muhammad alayhissalomni payg‘ambar qilib yuborish bilan bashariyatni jaholatdan ma’rifatga, zalolatdan hidoyat sari olib boradigan yo‘llarni ochiq va ravshan ko‘rsatib berganligidir. Darhaqiqat, Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi va sallam insoniy fazilatlar borasida insoniyat uchun yuksak bir namunani taqdim qildilar. U zotning siyratlari, xulqlari asrlar osha ahli iymonga o‘rnak va dastur-ul amal bo‘lib kelmoqda. Hatto Yaratgan zot Alloh taolo Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam (sollallohu alayhi vasallam)ni O‘zining eng mahbub bandasi va ulug‘ xulq sohibi ekanliklarini bizlarga ma’lum qilib: “Albatta, Siz buyuk xulq uzradirsiz!” (Qalam, 4) deya u zot barokoti, axloqi tarbiyalari bilan butun insoniyat uchun namuna bo‘ladigan darajada ekanligini bildirdi.


Oqil inson hayoti davomida solih kishilarning eng go‘zal fazilati, jihatlaridan o‘rnak olib yashaydi. Darhaqiqat, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak so‘zlari, u zotning turmush tarzlari, hayotlari, u kishining odob-axloqlari va barcha yaxshi sifatlari umrimiz davomida dasturul amal qilib olishga arzigulik buyuk bir namuna maktabidir. Bu ummatning kamoloti uchun u zotning gapirgan so‘zlari, aytgan pand-nasihatlari hayot tarzi to‘g‘risidagi ma’lumotlar haqida muhaddis allomalarimiz tomonidan tom-tom kitoblar bitildi.
Islom dinida Qur’oni karimdan keyingi mo‘tabar manba sanalgan Payg‘ambarimizning hadisi shariflarida ota-onaga hurmat, Vatanga sadoqat, mehnatsevarlik, mehr-oqibat, ehson, sabr-toqat, kamtarlik, vafo-sadoqat, poklik kabi insonga xos axloqiy fazilatlar bilan birga, insonning ijtimoiy kamol topishi, atrofidagilar bilan xushmuomala bo‘lish, butun borliq – tabiatga mehr-shafqatli bo‘lish targ‘ib qilingan. Shu sababdan ham Markaziy Osiyo xalqlari Qur’on karim va hadislarni ma’naviy barkamol komil insonni tarbiyalovchi muhim manba sifatida qaraydi. Shuning uchun ham oila, madrasa va dorilfununlarda ularni o‘qib-o‘rganish va yod olishga etibor berib kelingan.
Hadislar musulmonlarning qimmatli ma’naviy qadriyati hisoblanib, ular asrlar davomida yoshlarning ongini ma’naviy jihatdan takomillashtirishda, ota-onalarning tarbiya usulida, masjid, madrasa va maktablarda tayanch qo‘llanma sifatida xizmat qilib kelgan. Hadislarni o‘z hayotiga tatbiq etish orqali har bir musulmon kishida shaxsiy (ota-ona, oila, qarindosh urug‘, farzand oldidagi mas’uliyat) burchi va ijtimoiy (xalqi, jamoasi oldidagi javobgarlik hissi, Vatanning gullab yashnashida, xalq manfaatlari uchun halol mehnat qilish) burchlarining mutanosibligi asosida shakllangan ma’naviy-madaniyatning yuksak namunasini ko‘rish mumkin.
Hadislar “savob” mohiyatini ochib beruvchi, ota-ona va keksalarga hurmat, hamkorlik, do‘stlik, ilmsevarlik, insonparvarlik, ayollarni qadrlash, saxovat, rostgo‘ylik, iffat, rahm-shafqat, e’tiqod, mehr-oqibat, pokizalik, tadbirkorlik, halimlik, sabr-qanoat, ishonch, himmat, xushxulqlik, muloyimlik, to‘g‘rilik, vafodorlik, tejamkorlik, ahdga sadoqat, hayo kabi fazilatlar inson ma’naviy taraqqiyotini belgilab beruvchi ma’naviy-axloqiy omillar tarzida namoyon bo‘ladi.
Shuni alohida ta’kidlab o‘tish joizki, hadis nafaqat musulmonlarning axloqi va ma’naviyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi, balki Qur’oni karimdan keyin turadigan asosiy manba ham hisoblanadi. Din ulamolari uchun Qur’oni karimdagi ba’zi ko‘plab oyatlar ma’nolarini aniqlashtirishda va oyatlarda keltirilgan voqea, hodisalarni tushuntirishda sharh, tafsir vazifasini ham o‘taydi.
Shuningdek, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir hadislarida: “Imon daraxt yangligʻ oltmishdan ortiq shoxga egadir. Alloh va bandalaridan uyalib gunoh qilmaslik o‘sha shoxlarning bittasidir,”[1]– deb imon bir necha insoniy fazilatlar majmuasi ekanligini bayon qiladilar. Demak, insonda mujassam bo‘lgan insoniy fazilatlar hamda u tomonidan amalga oshirilayotgan xayrli va savobli ishlarning aksari imon bilan bog‘liq ekan. Ushbu fazilatlarning eng a’losidan biri undagi hayo sifati alohida ahamiyatga molikdir. Chunki, insonni hayvondan ajratib turuvchi eng oliy sifat undagi sharm-hayo bo‘ladi.
Shuningdek, sahobayi kiromlardan ham Vatan tuyg‘usi haqida ibratli fikrlar rivoyat qilingan. Jumladan hazrati Umar “Vatanni sevish bo‘lmaganda yomon yurtlar (yashashga noqulay) xarob bo‘lur edi”, Hazrati Alidan esa “Vatanni sevish tufayli dunyo obod bo‘ladi” kabi hikmatlar yetib kelgan. Yuqoridagi keltirilgan oyat-hadislar Islomda shar’iy-naqliy dalillar deyiladi. Tor mahalliychilik, yoki millatchilikni, aqlga ham naqlga ham muvofiq keladigan vatanparvarlik bilan chalkashtirib yuborib, ikkinchisini islomga zid deb da’vo qilish jaholatdan darak beradi. Yuqoridagi oyat-hadislar esa vatanparvarlik, vatan hissi islomga begona tushunchalar emasligini ko‘rsatadi.
Shu o‘rinda “Hubbu-l-vatani mina-l-iymon” (Vatanni sevish – iymondandir) iborasi haqida qisqacha to‘xtalib o‘tishni o‘rinli deb bildik. Bu ibora (yoki shartli ravishda hadis) haqida Ibn Hajar va Muborakfuriy kabi hadis allomalari “kelib chiqishi noma’lum, lekin ma’nosi durust” deydilar. Ya’ni “hadis” nomini ko‘tarishi uchun kerakli talablarga javob bermasa-da uning ma’no-mazmuni shariat mezoniga zid emasligini aytmoqchi bo‘ladilar.
Hadislarda ulug‘lanuvchi insoniy fazilatlar bilan bir qatorda, insonlarga makruh qilingan, ta’qiqlangan va islomda qoralanuvchi illatlar haqida ham gapiriladi. Shunday hadislardan biri “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Badgumon bo‘lmanglar, tirnoq ostidan kir qidirmanglar, gap poylamanglar, bir-biringizga hasad qilmanglar, bir-biringizdan arazlamanglar va nafratlanmanglar. Aka-uka tutinib, Ollohning solih bandalari bo‘linglar! Musulmon odam o‘z birodari bilan dindoshi bilan uch kundan ortiq arazlashmasin!” – deydilar”[2].
Ushbu hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam jamiyatni badbaxtlikka eltuvchi illatlar; badgumonlik, birovning aybini qidirish, gap poylash, gap tashish, hasad, araz va nafratdan saqlanishga hamda o‘zaro birodar, aka-uka bo‘lib umrguzaronlik qilishga buyurdilar. Agar, inson zoti Payg‘ambarimizning ushbu ko‘rsatmalariga amal qilib yashasa, yer yuzida unday jamiyatdan go‘zal jamiyat bo‘lmaydi.
Ma’lumki, Islomda munofiqlik, ya’ni ichi boshqa usti boshqalik qattiq qoralangan. Madinada munofiqlar bir u tarafga bir bu tarafga o‘tib, Rasululloh va musulmonlarga qattiq zarar yetkazishgan. Tilda iymon keltirib, dillarida kufr va adovatni saqlagan holda musulmonlarga muomala qilganlar. Hozirgi kunda o‘zbek xalqi uchun Vatan mustaqilligi va unga daxldor ne’matlarga sadoqat Rasululloh davrlaridagi islom ne’matlariga sadoqat kabi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shuning uchun Rasululloh zamonlarida munofiqlar kofirlardan ko‘ra muammoliroq bo‘lishgan bo‘lsa, undan keyingi hamma davrlarda sabotsiz, beburd, loqayd odamlar bilan muomala qilish jamiyat uchun turli qiyinchiliklar va muammolar tug‘dirgan.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida Vatanga, din-diyonatga sadoqat nimaligini bilmagan munofiq kimsalar qattiq qoralanadi. Munofiqlik, xolislik va samimiylik pardasi bilan pardalanganligi hamda uni ochiq ko‘rish imkoniyati bo‘lmaganligi uchun Rasululloh bir hadisi shariflarida uning belgilarini, dalolat va alomatlaridan muhimlarini zikr qilib o‘tdilar: “Munofiqning alomati uchta: so‘zlasa, yolg‘on so‘zlaydi, va’da bersa va’dasiga vafo qilmaydi, omonat berilsa unga xiyonat qiladi.” [3]
Biroz fikr yuritsak, ma’lum bo‘ladiki, yuqoridagi uch illat qasddan sodir etilsa, kishining o‘sha holatda ichki boshqa tashqi boshqa bo‘lganligini bildiradi. Agar bu ikki-uch bor qaytarilsa demak, bu illatlar o‘sha odamning fe’l-atvoriga aylanib bo‘lganligini ko‘rsatadi. Munofiqlik illati Rasululloh davrlaridagi aynan munofiqlarning belgisi sifatida tushunishni keltirib chiqardi. “Deylik falon ish mushriklarning ishi” deyilsa, u ishdan qanchalar hazar qilsak, yuqoridagi illatlarni sodir etib, munofiq bo‘lib qolishdan yoki munofiqqa o‘xshab qolishdan shunchalar saqlanishimiz kerak .
Qur’oni karimda: “Munofiqlar do‘zaxning eng tubida, eng qa’rida bo‘ladilar” deyilganiga qaraganda munofiqlikning jazosi mushrik bo‘lishdan ham og‘irroq. Shuning uchun tafsirlarda do‘zaxning tabaqalari haqida gapirilganda uning eng tubida, ya’ni azobi eng og‘ir qismida munofiqlar bo‘lishini aytganlar. Yuqorida keltirilgan xolislik tushunchasi orqali yoshlarimizni barcha munosabatlarda, ayniqsa, millat va mamlakatga bo‘lgan munosabatlarida sadoqatli, xolis va sodiq bo‘lishga da’vat etish mumkin. Ma’lumki, har qanday ulug‘ g‘oyani amalga oshirish uchun odamlar tarafidan o‘sha g‘oyaga ishonch, sadoqat, xolislik juda muhim va hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Shuningdek, yolg‘onchilik sifati ham hadislarda qattiq qoralanib, “Yolg‘onchilar mening ummatim emas” deyiladi. Jumladan, ota-onaga oq bo‘lish, qo‘shnichilik haqlarini bajarmaslik, Vatan himoyasida dushmanga orqa o‘girish, hayosizlik, axloqsizlik kabi illatlar qattiq qoralangan.
Pag‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislari odob-axloq va ma’rifatga asoslangani uchun ham har bir shaxsni aqliy, jismoniy, axloqiy jihatdan kamolga yetkazishga oid e’tiqod va imondan iborat bo‘lib, faqat ezgulikka xizmat qiladi. Diniy qadriyatlarimiz oliyjanob bo‘lish, pokiza yurish va bir burda luqmani halol qilib yeyish, jaholat va jaholatparastlikka yo‘l qo‘ymaslik, o‘z birodarining, qarindosh-urug‘larining, millatining va Vatanining qadriyatlarini asrashdan iboratdir
Download 16.47 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling