Алишер Навоийнинг "Насойимул муҳаббат"
Download 41.47 Kb.
|
Mumtoz asarlarni sharhlab oqitish
Mo burunro nangaremu qolro,
Mo darunro bingaremu holro. (Biz tashqi tuzilishga va so‘zga qaramaymiz, biz ichkariga va holga boqamiz), deydi Xudovand Musoga qarab. Bu Qur’ondagi oyatning she’riy tarjimasi ekani ko‘rinib turibdi. Zero, inson qalbi Ollohning uyi, bu uy qancha toza, sarishta bo‘lsa, Olloh nuri, Olloh ilmu hikmati unda shuncha aks etadi. Ko‘ngil— bu javhar, so‘z esa – araz(hodisa) deydi Rumiy. Agar kishi fikrini so‘z bilan ifodalasa ham, lekin bu so‘z ko‘ngildan chiqdimi yoki yo‘qmi –muhimi shu! So‘z – qurol, maqsad esa – ko‘ngil. Ko‘ngil o‘rtanmasa, ehtiroslarga to‘lishmasa, so‘zda ta’sir bo‘lmaydi: Chand az in alfozu izmoru majoz, So‘z xoham, so‘z, bo on so‘z soz! (Qachongacha bu so‘zlar, kinoya va majozlarni keltirasan, olov istayman, olov, olov bilan qizitgin). Olov —Ollohning ishqi, olov— ma’no, olov— Haq ishqida yongan ko‘ngil dardi.Demak, Mohiyatga ishq olib boradi. Shu bois Jaloliddin Rumiyning “Ma’naviy Masnaviy” asarini inson tafakkurini olovlantirib, ilohiy mohiyatni anglash sari olib boradigan Ishqning tafsiri desa bo‘ladi. Tinglagil, nay ne hikoyat aylagay, Ayriliqlardan shikoyat aylagay… deb boshlanadi bu muazzam falsafiy doston. Nay — Aslidan ajralgan ruh timsoli, oshiq qalb ramzi. U asliga qarab tinimsiz ravishda intiladi, nola-iztiroblar bilan o‘zligini va o‘z Robbini anglab boradi. Rumiy bu ma’noni olamjahon hikoyat va masallar keltirib, Qur’on oyatlari va hadislardan foydalanib tushuntirib beradi. Uning o‘tkir mushohadalari “Ichindagi ichindadir” asarida ham yorqin namoyon bo‘lgan. Bu asarda ham tashqi va ichki olamlar qiyosi, maqsad, g‘oyani, haqiqatlarni sharhlash asosiy o‘rinni egallagan. Odamlar ko‘p hollarda ko‘zga ko‘ringan tashqi belgilar, surat-shakllarga qarab hukm chiqaradilar, deydi mutafakkir. Siyrat va mohiyatni anglashga ojizlik qiladilar, shunda ular odatlar, marosimlar, aqidalarga yopishib oladilar: mazhabbozlik, tarafkashlik bilan shug‘ullanadilar. Xolbuki, Iloh talabgori bulardan yuqori ko‘tarilishi lozim. Darveshlar, so‘fiylar ana shunday odamlardir. Mohiyatni idrok etmay tavhid sirini, iymon nurini egallash, ilm-ma’rifat qozonish mumkin emas. Iloh haqida tasavvurlar ham har xil. Bu tasavvurlarning haqiqati to‘plansa, balki Olloh ma’rifatiga yaqinlashish iloji topilar? Rumiy quyidagi masalni keltiradi: to‘rtta ko‘zi ojizga filning qanaqa ekanligini anglatmoqchi bo‘libdilar. Filni ularning oldiga olib kelibdilar. Ulardan biri filning xartumini ushlab, ha, ilonga o‘xshar ekan debdi. Ikkinchisi oyoqlarini paypaslab, fil binoning ustuniga o‘xshash ekan debdi. Uchinchisi qornini ushlab, qopga o‘xshar ekan debdi, to‘rtinchisi filning quloqlariga qo‘l tekizib, supraga o‘xshar ekan debdi. Demak, ularning birortasida ham fil haqida to‘liq tasavvur yo‘q. Shu kabi odamlarda ham alohida-alohida olinganda Xudo haqida to‘liq tasavvur yo‘q. Faqat qalb ko‘zi bilan idrok etadiganlar bu Mohiyatga yaqinlashib boradilar. Suratga ishqiboz zohirbinlar esa bundan mahrumdirlar. Rumiy keltirgan mana bu masal ham shu o‘rinla ibratli: Bir tulki sherdan qutilish uchun unga qarab: o‘rmonda sendan ham zo‘r bir jonvor paydo bo‘libdi, u senga hujum qilib yemoqchi, debdi. Sherning qahri kelib, qani o‘sha maxluq, deb so‘rabdi. Tulki sherni quduq boshiga olib borib, suvga qaragin ko‘rasan, debdi. Sher suvga qaragan ekan, o‘z aksini ko‘ribdi va hali senmi meni yeydigan deya o‘zini quduqqa tashlabdi va halok bo‘libdi. Rumiyning xulosasi: suratparastlik, hovliqmalik, manmanlik taqlidchilikni yuzaga keltiradi. Manmanlik esa oxir-oqibatda insonni halokatga olib boradi. Shunday qilib, inson ruhi Ollohdan ajralib, “Ollohga qaytar ekan”(Qur’on oyati), u albatta yuksalib irfon nuridan bahramand bo‘lib borishi lozim. Bo‘lmasa, mohiyatlar mohiyati, jamiki haqiqatlar haqiqati – Haq ta’oloni anglamay, hodisalar, arazlar, suratlar ichida o‘ralashib qoladi. Albatta, Rumiy surat va hodisalar olamini inkor etuvchi emas. U tajalliyot falsafasining mutafakkiri sifatida Olloh nurining butun mavjudot bo‘ylab tarqalishi, har bir nafislik ohanglar, harakatlarda bu nur zuhur etishini g‘azallarida tarannum etgan. Ammo u hodisa va surat bilan cheklanishga qarshi. Kishi olamning o‘zini, hodisalarini idrok etish bilan chegaralanmasdan, hodisadan mohiyatga qarab borishi darkor. Shunda u shariat bosqichidan haqiqat martabasiga ko‘tariladi. Kamolot sari intilganlar yo‘lda to‘xtab qolishi mumkin emas. Ana shu ma’noda Jaloliddin Rumiy barcha dinlar va mazhablarni ham o‘zimga sig‘diraman va yana barchasidan o‘zib ketaman, deydi. Bu o‘rinda shuni ham qayd etmoqchimizki, Rumiy barcha mazhablar va dinlarni birlashtirishni maqsad qilgan emas yoxud ular o‘rniga yangi umumjahoniy din taklif qilgani ham yo‘q. (Ma’lumki, XX asr boshida Eronda Bahoullo degan kishi o‘zini payg‘ambar deb, bahoiya dini dunyoning yagona dini deb e’lon qilgan edi. Bu din tarafdorlari hozir ham bor. Ammo ular tasavvufni ham, Rumiyni ham xush ko‘rmaydilar. Jaloliddin Rumiy o‘zining barcha qarashlarida islom falsafasi, Qur’on g‘oyalariga tayanadi. Payg‘ambarimiz hadislaridan ko‘plab misollar keltiradi. Umuman olganda, chuqur o‘ylagan odam Rumiy ta’limoti islomning o‘zagidan kelib chiqishini yaxshi anglab yetadi. Nega? Chunki islom dini nisbatan yangi din bo‘lganligi sababli oldingi dinlarning irfoniy jihatini mustahkamladi, zotan, islom butparastlikka qarshi kurashib shakllangan din. Butparastlik esa suratparastlik, zohirbinlikdir. Shuning uchun islomda tavhid birinchi o‘rinda turadi: Xudo mutlaq va yagona yaratuvchi zot ekanligi chuqur isbotlanadi. Islomda, shuningdek, suvratga emas, ma’noga, g‘oyaga e’tibor qilish yetakchi fikrdir. Tasavvuf aynan ana shunga suyanadi va islomiy iymonni, tavhidni yana ham rivojlantiradi. Shu bois Rumiyning fikrlarini islomiy tavhidning yanada chuqurlashuvi, irfoniy mazmun kashf etishi deb bilishimiz lozim. Shu yerda Rumiyning yana bir fikrini o‘quvchilarga yetkazmoqchiman. Rumiy deydiki, Ollohning yaratgan odamlari cheksiz bo‘lganiday, Uning ilmi ham cheksizdir va Qur’oni karim Olloh ilmining hammasi emas. Qur’on bu ilmning bir qismi – Muhammad sollallohu alayhi vasallamga arab tilida yuborilgan ilm. Olloh ilmi oldingi payg‘ambarlarga boshqa tillarda ham yuborilgan edi, demak, keyin ham bu ilm kashf etilishi mumkin. Shunday bo‘lgach, dinlarni birlashtirish mumkinmi? Yo‘q, mumkkin emas, deydi Rumiy. “Ichindagi ichindadir” kitobida u yozadi: “Siz qanday qilib dinni bir qilasiz? Bu faqat qiyomatda mumkin. Bu yer dunyodir va shuning uchun ham dinning bir bo‘lishi mumkin emas. Chunki bu yerda ularning turli-tuman istagi va tilagi bordir. Din Dunyoda birlasholmaydi, faqat qiyomatda bir bo‘ladi. Qiyomatda ularning hammasi birlashadi, bir quloq, bir til holiga keladi”. Ha, dunyo kasrat (ko‘plik) olami. Kasrat esa xilma-xillik, turli xil qarashlar, tushunchalar, istak va xohishlar demakdir. Din ana shunga mos ravishda ko‘pdir. Qiyomatda ular birlashadi, chunki hamma yagona Parvardigor huzurida bo‘ladi, istaklar Olloh istagiga kelib ulanadi. Olloh—vahdat. Vahdat esa kasratni birlashtiradi. Demak, dinlarning, mazhablar, ta’limotlar, qarashlarning turli-tuman bo‘lishi qonuniyat, tabiiy hol. Unda bular orasidagi janjal va tortishuvlar ham qonuniyatmi? Jaloliddin Rumiy buni ochiq aytmagan. Ammo “din dunyoda birlashmaydi” degan fikrning o‘zi ular orasidagi farqlar, demakki, “mening dinim haq”, “mening mazhabim to‘g‘ri” degan tortishuvlar saqlanaveradi, degan ma’noni ham anglatadi. Zero, bu tortishuvlar zamirida dunyoviy manfaat yotadi. Diqqat qilinsa, Rumiy “din dunyoda birlashmaydi” deyish bilan din, garchi Xudoga e’tiqodni talab qilsa-da, oxirat haqida so‘zlasa-da, ammo u dunyoviy hodisadir. (Bu o‘rinda muallif mansux bo‘lgan dinlarni nazar tutgan—N.I.) Dunyoga emas, balki Ollohga bog‘lanish, haqqa yetishish uchun riyozatlarni rohat deb ulug‘ muhabbat bilan intilish faqat tasavvuf ta’limotiga xos. Ana shu jihati bilan tasavvuf ahli, ayniqsa, Rumiy, Ibn Arabiy, Jomiy, Mashrab kabi ulug‘ oriflar barcha dinlar va mazhablardan yuqori turganlar, mazhablararo tortishuvlarni ma’nisiz va behuda narsa deb qarab, odamlarni buni anglashga va birlashishga chaqirganlar. Tasavvuf gumanizmining umumjahoniyligi va o‘lmasligi ham shundadir. Bu maqolada biz “Ma’naviy Masnaviy”ning birgina jihatini gapirdik, xolos. Rumiy buyuk mutafakkir inson sifatida dunyo ziddiyatlari, ziddiyatlarning o‘zaro vobastaligi (“qarama-qarshiliklar birligi”), dunyoda milliard shaklu shamoyilda mavjud bo‘lgan ashyolarning o‘zaro aloqasi, bir-biriga o‘tish—evrilishlari, modda almashinishning zarradan koinot qadar amal qilishi, hayot va o‘lim sabablari (hayot— ziddiyatlar “kelishuvi”, “yarashishi”, o‘lim — ziddiyatlar “jangi”), jism va ruh, olam va Iloh haqida yozadi, bularni ajabtovur o‘tkir mantiq bilan tahlil va tadqiq etadi. “Masnaviy”da bir necha yuz hikoyat va rivoyatlar keltirilgan. Qur’oni karimning yuzlab oyati tilga olinib, tafsir etilgan. 690 hadisga rumiyona sharh berilgan. Ko‘z oldimizda ham kalom ilmining ulug‘ bilimdoni, ham tasavvuf ta’limotini sarbaland cho‘qqiga olib chiqqan orif inson va ham muqtadir daho shoir gavdalanadi. Oddiy latifalar, hikoyatlardan Rumiy favqulodda falsafiy-so‘fiyona ma’nolar chiqaradi, teran tafakkuri doiradan doiraga, darajadan darajaga ko‘tarilib boradi. “Qur’onning uch qabat botiniy ma’nosi bor”, deb qayd etadi u va ana shu ma’nolarni izchil bizga tushuntiradi. Butun “Masnaviy” boshdan oxirigacha ikki muhim g‘oyaning talqiniga bag‘ishlangan desam xato qilmayman. Bu g‘oyalarning biri—taqlidchilik, zohirbinlikning jaholatdan ekanligini isbotlash bo‘lsa, ikkinchisi—ilohiy ma’nolar, Haq haqiqatiga erishgan chin so‘fiylarni ulug‘lashdir. Asarning boshidan boshlab nayga murojaat qilgan shoir, nayning botiniy olami, nolasi, asroridan ko‘plar bexabar ekanligini ta’kidlaydi.Va mana shu bexabarlikning o‘nlab ko‘rinishlarini, salbiy oqibatlarini tamsil, hikoyalar sharhi bilan ochib beradi. Nay – ruhi Ilohdan ajralgan va o‘sha asliga qarab shiddat bilan intilayotgan oshiq orifdir. Butun “Masnaviy” shu oshiq orif qalbining tafsiridir. Bu qalb – Shams Tabriziyning, shayx Husomiddinning, ulug‘ Jaloliddin Rumiyning qalbidir, ularning pok ruhlari taratgan nurdir. Bu orif qalbi – kasrat dunyosini obdon o‘rganib, vahdat olamiga parvoz etadi, shu olam shavqida ilohiy hikmatlarni tizib tashlaydi. Shu bois Rumiy asarlarini anglash, undan bahra olish kishiga huzur bag‘ishlaydi, bu asarlar ma’naviyatning koni, ma’nolar xazinasidir. Jaloliddin Rumiyning nomi har holda O‘zbekistonda begona emas. Bu nom ko‘plarga tanish. Bunda Jamol Kamol tarjima qilgan Radiy Fishning kitobi muayyan rol o‘ynadi. Shu kabi J. Jabborov shoirning bir dasta g‘azallarini tarjima qilib, nashr ettirdi. Iste’dodli shoirimiz Asqar Mahkam “Ma’naviy Masnaviy” tarjimasiga qo‘l uribdi. Bunga uning haqqi bor. Chunki Asqar Mahkam o‘zi so‘fiyona she’rlar yozib yurgan, qalbida Rumiy g‘oyalari jo‘sh urgan odam. Asqar Mahkam ishining fazilati va foydali tomoni shundaki, u faqat Rumiy baytlarini tarjima qilish bilan chegaralanmagan. Balki turkiyalik atoqli rumiyshunos olim Mavlono Obidin Poshsho sharhini o‘zbek tiliga tabdil etib keltiribdi. Boshqacha aytganda, Asqar Mahkamning ishini ijodiy va tadqiqotiy ish desa bo‘ladi. Umuman, bu o‘rinda qadimgi shorihlar an’anasi saqlangan, ya’ni: avval original bayt keltiriladi, keyin uning nazmiy tarjimasi, so‘ngra lisoniy-nasriy tarjimasi beriladi va shundan keyin bayt sharhlanadi. Mavlono Obidin sharhi o‘zigacha bo‘lgan bir necha mo‘tabar sharhlarga suyanib yozilgani, xiyla chuqurligi bilan qimmatli. Albatta, bu sharh ham Rumiy ma’nolarini to‘liq qamrab oladi, deya olmaymiz. Har qanday sharh, har qanday talqin va tarjima buyuk asliyatni anglashga ko‘mak beruvchi bir vositadir. Jumladan, taqdim etilayotgan sharh haqida ham shuni ayta olamiz. Ushbu kitob “Masnaviy” birinchi daftarining (hammasi olti daftar) bir qismini o‘z ichiga oladi. Demak, taqdim etilayotgan kitob Rumiy ijodi bilan dastlabki tanishuvdir. Tarjimon sidqi dildan mehnat qilgan, menimcha, sharhning bir qancha o‘rinlarini to‘ldirib, qo‘shib tarjima qilgan. Natijada, bugungi o‘zbek kitobxoniga to‘hfa bo‘ladigan bir qimmatli asar vujudga kelgan. Agar “Masnaviy”ning barchasi shu zaylda sharh bilan birga tarjima qilib nashr etilsa, bu, shubhasiz, madaniy-ma’naviy hayotimizda bir voqea bo‘ladi. Asqar Mahkam esa minnatdor kitobxonlarning duosini oladi. Download 41.47 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling