Alisher Navoiy davlat arbobi va shoir sifatida (1441-1501) reja
Download 26.64 Kb.
|
Alisher Navoiy davlat arbobi va shoir sifatida
El-u yurt xizmatida. Alisher Navoiy 1469—1472-yillarda muhrdor, 1472-1476- yillarda vazir bo'lib xizmat qildi. 1487— 1488- yillarda Astrobodda hokimlik qildi. Husayn Boyqaro uni o'ziga g'oyat yaqin tutar, har bir narsada u bilan maslahatlashar va shoirning fikrini nihoyatda qadrlar edi. To'g'ri, Boyqaro va Navoiy o'rtasiga sovuqchilik tushgan paytlar ham bo'ladi. Lekin o'z davrining bu ikki buyuk arbobining do'stligi va hamkorligi juda ko'p sinovlardan muvaffaqiyat bilan o'tib, avlodlarga o'rnak bo'lib qoldi.
Husayn Boyqaroning barcha xotinlaridan o'n to'rt o'g'li bor edi. Hammasidan kattasi Badiuzzamon bo'lib, uning onasi Marv hokimi Sulton Sanjarning qizi edi. Eng suyukli o'g'li Muzaffar Mirzo edi. Boburning yozishicha, Muzaffar Mirzoning fe'li va xulqi sevishga u qadar munosib emas ham edi. Lekin Boyqaro boshqa o'g'illaridan uni ortiq ko'rgani, ayniqsa, uning onasi Xadichabegimning makr-hiylasi bilan Mo'min Mirzo qatl qilingani uchun sultonning qolgan o'g'illari otalari bilan yovlashib qoladilar. Badiuzzamon bilan Muzaffar Mirzo orasidagi munosabat esa o'ta yomon edi. Buyuk shoir ota-o'g'illar o'rtasiga juda ko'p marta tushadi, shahzodalarga nasihatlar qilib, yurtni g'alayonlardan saqlab qoladi. Sulton Husaynning Navoiyga yozgan xatlaridan ma'lum bo'lishicha, shoh Alisherning har qanday fikrini eshitishga doim tayyor bo'lgan, unga har bir masala bo'yicha to'qqiz martagacha o'z fikrini aytish huquqini bergan. Alisher ijod kishisi edi, albatta. U tabiatan buyruqbozlikdan va hukmfarmolikdan yiroq, tafakkur qilish hamda xayol surishga moyil, g'oyat nozikta'b bir kishi edi. Mansab-u lavozimlar har qancha yuksak bo'lmasin, uning uchun ortiqcha yuk bo’lib, Husayn Boyqaroga bo'lgan ixlos va muhabbatgina uni iste'fo berishdan saqlab turar edi. Donishmandligi, tadbirkorligi bilan ko'plab g'alayon-u qon to'kinishlarining oldini oldi, urushlarni yarashga aylantirdi. Uning bu fazilati, ayniqsa, 1472— 1476- yillardagi vazirlik faoliyatida yaqqol namoyon bo’ldi. Husayn Boyqaro hokimiyat ishlarida Navoiyning aql va sadoqatiga tayanib ish ko'rdi. Qarshiligiga qaramasdan, shoirni yuqori martabalarga tayinladi, 1472- yilda esa, „amir" (vazir)likka qo'ydi. Buyuk shoir „Amiri kabir" (ulug' amir), „amirul muqarrab" (podshohga eng yaqin amir) unvonlariga musharraf bo'ldi. Uning vazirlik yillari Hirotda obodonlik ishlari avj olgan, madaniyat gullab- yashnagan davr bo'ldi. Ulug' amir o'zi bosh bo'lib, suvsiz yerlarga suv chiqardi, eski ariqlarni tozalattirdi, yangi ariqlar qazdirdi. Eski binolarni ta'mir qildirib, yangilarini qurdirdi. Qanchadan- qancha madrasalar, xonaqohlar soldirdi. Xondamir o'zining „Makorim ul-axloq" nomli tarixiy asarida bunyodkorlik ishlarining batafsil ro'yxatini keltirgan. Shuningdek, Navoiyning „Vaqfiya" asarida ham bu haqda qiziqarli ma'lumotlar bor. Boburning qayd etishicha, Abusaid musodara qilgandan, so'ng Boyqaro tiklab bergan otameros katta mol-mulk, ko'plab yer va sarmoya egasi bo'lgan Navoiy Husayn Boyqaroga har yili mamlakatning obodonlik ishlari uchun mablag' berib turgan. Navoiy 1476-yilda vazirlikdan bo'shagandan so'ng ham obodonlik ishlariga rahnamolik qilaveradi. Podshohning eng yaqin kishisi sifatida unga barcha ishlarida yordam berib turdi. Navoiy ilm va san'at ahlining homiysi, madadkori edi. Zahiriddin Bobur yozadi: „Ahli fazl va ahli hunarg'a Alisherbekcha murabbiy va muqavviy (madadkor) ma'lum emaskim, hargiz paydo bo'lmish bo'lg'ay. Ustoz Qulmuhammad va Shayx Noyi va Husayn Udiykim, sozda saromad (mashhur) edilar, bekning tarbiyat va taqviyat (madad)i bilan muncha taraqqiy va shuhrat qildilar. Ustoz Behzod va Shoh Muzaffar tasvirda bekning sa'y (g'ayrat) va ehtimon (himmat)i bilan mundoq mashhur va ma'ruf (ma'lum) bo'ldilar...". Download 26.64 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling