Alisher navoiy gʻazallari tarjimasiga oid ayrim mulohazalar annotatsiya


Download 27.41 Kb.
Sana17.06.2023
Hajmi27.41 Kb.
#1542199
Bog'liq
Alisher Navoiy gʻazallari tarjimasiga oid ayrim mulohazalar


ALISHER NAVOIY GʻAZALLARI TARJIMASIGA OID AYRIM MULOHAZALAR
Annotatsiya
Ushbu maqolada “Jahon adabiyoti” jurnalining ba’zi sonlarida berilgan Alisher Navoiy qalamiga mansub gʻazallarning oʻzbek va ingliz tillaridagi shakllari tadqiq qilinadi. Tadqiqot predmeti sifatida mazkur jurnaldan oʻrin olgan va “Xazoyin ul-maoniy” kulliyotining “Gʻaroyib us-sigʻar” devonidagi ayrim gʻazallarini asos qilib oldik. Kichik tadqiqot jarayonida tarjimonning badiiy tarjima sohasidagi mahorati, soʻz va birikmalarni tarjima qilish xususiyatlari oʻrganiladi. Shu bilan birgalikda gʻazallarda ayrim soʻzlarning tarjimasidagi nozikliklar va bu boradagi tavsiyalar bayon qilinadi. Soʻzlarning mohiyati, gʻazaldagi vazifasi nuqtayi nazaridan ularni tarjima qilish borasida oʻz mulohazalarimiz ifoda etiladi.
Kalit soʻzlar: “Gʻaroyib us-sigʻar”, Samandar, Kavsar, ekvivalent, modern, zamona, visol, ajin, dogʻ, striped, stain

Bugungi kunda Alisher Navoiyning asarlarini tarjima qilish, ularni xorijiy oʻqirmanlar minbariga olib chiqishni yanada ommalashtirish kun tartibidagi mavzu sanaladi. Hozirgacha Navoiy qalamiga mansub ilmiy, badiiy asarlar bilan hamohang ravishda goʻzal lutf bilan yaratilgan ijodkorning gʻazallari ham dunyoning turli tillariga tarjima qilinmoqda. Badiiy tarjima sohasidan ma’lumki, lirik asarlarni tarjima qilish, undagi unsurlarning aynan muqobil ekvivalentini berish tarjimonning yelkasidagi katta mas’uliyat sanaladi va bu borada, ayniqsa, mumtoz adabiyot namunalarini xorijiy tillarga oʻgirish tarjimondan katta mahorat va tarjima qilinayotgan tilni va shu bilan birgalikda ijod namunasini chuqur bilish, undagi har bir tushuncha , nainki tushuncha hatto har bir soʻzning mazmun-mohiyatiga yetishi talab qilinadi. Qayd etmogʻimiz lozimki, “Jahon adabiyoti” jurnali Navoiyning gʻazallarini rus va ingliz tillariga tarjima qilish borasida alohida jonbozlik koʻrsatib kelmoqda. Jurnalning deyarli har bir sonida berilayotgan gʻazallar ingliz tiliga oʻgirilar ekan undagi shakl va mazmunning mutanosib ravishda tarjima qilinayotganiga guvoh boʻlamiz. Tadqiqotimizning obyekti uchun mazkur jurnalning soʻnggi 2 yillik sonlarida berilgan ba’zi gʻazallarning oʻzbek va ingliz tillaridagi shakllarini asos qilib oldik. Avvalo, Alisher Navoiyning “Vah, necha jismimni...” deb boshlanuvchi gʻazaliga e’tiborimizni qaratamiz. Ushbu gʻazal ijodkorning “Xazoyin ul-maoniy” kulliyotining birinchi devoni hisoblanmish “Gʻaroyib us-sigʻar” ga kiritilgan. Mazkur gʻazal ingliz tiliga “Wow……separation” deb oʻgirilgan1. Vah soʻzi Navoiy asarlarida “oh, oʻkinch, tashvish, afsus, ajab, ajabo” ma’nolarida keladi2. Bu yerda esa “e voh, attang, afsuslanish” ma’nolarini ifodalab kelmoqda. Muqobil variant sifatida berilgan wow soʻzi ( expressing astonishment or admiration) “qoyil qolish , hayratlanish” ma’nolarini oʻzida mujassam etadi. Mohiyatan olib qaraganda bu soʻz ham kontekstga mos tushadi, lekin undov soʻzlarning ishlatilishidagi ma’no nozikliklari nuqtayi nazaridan, bizning nazarimizda, bu joyda ach variantini ( used to express variously complaint, surprise, sympathy, worry, etc) berish maqsadga muvofiq boʻladi va gʻazalning rus tilidagi tarjimasida ham aynan bu undov soʻz “ax” shaklida berilganini ta’kidlamoqni joiz deb hisoblaymiz. Gʻazalda qoʻllangan hajr, vasl, diydor, dard, koʻngil kabi soʻzlarning tarjimada berilishida toʻgʻri yondashilgani, ularning mohiyati tushunib talqin qilingani har bir oʻqirmanni xushnud qiladi. Xususan, quyidagi bayt:


Vaslidin dam urmayin qilsak firoq ichra basar,
Shoyad oʻzin bizga bir kun mehribon etkay firoq
ingliz tiliga quyidagicha tarjima qilinadi:
Not mentioning tryst, we spend life in torture of separation,
Perhaps, someday to be kind to us, separation does attempts.
Mazkur baytdagi vasl, ya’ni visol soʻzi ingliz tiliga tryst (a private romantic rendezvous between lovers) shaklida tarjima qilinadi. Ingliz tilida bu soʻz “pinhona uchrashuv yoki diydor” ma’nolarida keladi. Albatta, gʻazalning butun mohiyatini tarjimaga singdirishning, taassufki, imkoni mavjud emas. Ayniqsa, Navoiy asarlarining til xususiyatlari bunga yoʻl qoʻymaydi. Shunga qaramasdan tarjimon puxtalik bilan ish tutganini e’tirof etmoq joiz.
Hazrat Navoiyning “Ishq aro vasling tilab..” deb boshlanuvchi gʻazali ijodkorning yuqorida ta’kidlab oʻtilgan devonidan oʻrin olgan. Ushbu gʻazal ingliz tiliga “In love to date with you” deya tarjima qilingan3. Samandar qushi gʻazal tarkibida kelganligi tufayli tarjimon bu soʻzni aynan keltiradi va soʻnggi qismda uning ma’nosini ( a mystic inflammable creature which lives in fire) qayd etib oʻtadi, ya’ni baytning ingliz tilidagi shakli quyidagicha jaranglaydi:
Hey adviser, with hell’s fire don’t try to frighten me,
How should Samandar fear of fire spark, phew.
Mazkur gʻazalda bundan tashqari kavsar nomi keltiriladi:
Soldi may ul hur shavqin koʻngluma, ey bogʻbon,
Berding oʻxshar parvarish kavsar ziloli birla tok
Tarjimon tarjimada paradise spring water birikmasiga mazkur soʻz ma’nosini yuklaydi. Mohiyatan bu soʻz aynan shunday ma’noda kelgani tufayli ham uni jannat bulogʻi sifatida tarjima qilish mumkin. Yanada mulohaza qiladigan boʻlsak, Kavsar aslida oʻziga xos gidronim , ya’ni islom dinida jannatdagi buloqlardan birining nomi sifatida tilga olinadi va ta’kidlab oʻtmogʻimiz joizki, Qur’oni karimning 30-juz tarkibidagi 108-surasining nomi aynan “Kavsar” surasi deb atalgan, ya’ni jannatda buloq birgina bu emas, bundan oʻzga buloqlar ham mavjud va Kavsar esa ularning ulugʻlaridan va jannat ahliga beriladigan ne’mat hisoblanadi. Tavsiya sifatida shuni aytishimiz mumkinki, aynan gʻazalning tarjimasida bu soʻzni Kausar shaklida berish va yuqorida qayd etganimizdek, Samandar singari bu soʻzning ham izohini berish orqali gʻazalning mohiyatini yanada ravshanroq, badiiyati ham shu qadar yuksak boʻladi.
Alisher Navoiyning “Gʻaroyib us-sigʻar” devoni 99-gʻazali boʻlgan “Agar desang, beray ul koʻzguga jilo, qadah ich...” deb boshlanuvchi gʻazaliga diqqat qilamiz. Mazkur gʻazal “To make it bright like a mirror, drink cups of wine...” shaklida ingliz tiliga oʻgiriladi4. Quyidagi misralar va uning tarjimasiga e’tibor beramiz:
Mukaddar oʻlsa zamiring zamona mehnatidin,
Agar desang, beray ul koʻzguga jilo, qadah ich.
If modern hardships dust and dim your heart so,
To make it bright like a mirror, drink cups of wine
Mazkur misralarda qoʻllangan zamona soʻzi tarjimada modern shaklida beriladi. Zamona soʻzi Navoiy asarlarida davr, falak, taqdir, ayni vaqt kabi ma’nolari ifoda etadi5. Modern soʻzi (relating to the present or recent times as opposed to the remote past) zamonaviy, hozirgi kabi ma’nolarni ifodalaydi. Ya’ni u davr ma’nosida kelmaydi. Shu jihatdan modern soʻzining oʻrniga period yoki era soʻzlaridan istifoda etmoqlikni maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz. Yoki “Koʻngul fano kuchidin zoʻri bozu istarkim...” gʻazalining oʻzbek va ingliz tilidagi6 quyidagi misralariga e’tibor berishimiz mumkin:
Xayoli xayli koʻzumga kelurgadur goʻyo,
Yuzumki yoʻl-yoʻl oʻluptur sirishkdin rax-rax.
On my face the stains of my tears made trails,
So that your dream’s arms advance could.
Misralarni tadqiq qilar ekanmiz rax-rax va yoʻl-yoʻl soʻzlari e’tiborimizni tortdi. Navoiy asarlarida rax-rax soʻzi “ chiziq-chiziq, taram-taram, ajin” ma’nolarida keladi7. Baytda esa taram-taram ajinlar ma’nosini ifoda etmoqda. Yoʻl-yoʻl esa chiziq-chiziq bilan birgalikda ola-bula, rang-barang kabi ma’nolarni ifoda etadi. Tarjimada mazkur soʻzlar stain (mark or discolour with something that is not easily removed) shaklida, ya’ni ketkazib boʻlmas dogʻ ma’nosida kelayotgan soʻz bilan va trails (a long thin part or line stretching behind or hanging down from something) ya’ni uzun chiziq ma’nosidagi soʻz bilan ifoda etilmoqda. Nazarimizda, stain soʻzi oʻrniga aynan ajin ma’nosidagi wrinkleni , trails soʻzi bilan birga striped soʻzini ishlatish ham oʻrinli boʻladi.
Xulosa sifatida shuni ma’lum qilamizki, kichik tadqiqotimiz davomida ba’zi gʻazallarning ayrim tushunchalari tarjimasida soʻz ma’nosini aynan berishning iloji mavjud emasligiga guvoh boʻldik. Yana shu alohida ta’kidlab oʻtmogʻimiz lozimki, tarjima birdaniga emas, balki yillar davomida sayqallanib boradigan oʻziga xos ijod namunasi sanaladi. Bu jarayonda soʻzlarning mohiyatiga mos oʻzga tildagi ekvivalentlar topiladi va gʻazalga oʻzgartirishlar kiritiladi. Tadqiqotimiz davomida oʻz mulohazalarimizni bayon etishga harakat qildik. Navoiyning ijod namunalarini oʻzga tillarga, xususan, ingliz tiliga tarjima qilish murakkab va uzoq davom etadigan va sabot bilan bajarilishi kerak boʻlgan jarayon sanaladi. Bu borada tarjimonning katta mehnat qilgani va gʻazallar tarjimasida oʻz hissiyotlarini-da qoʻshganligini e’tirof etmoq joiz. Mumtoz adabiyot namunalarini tarjima qilish, ularni talqin va tadqiq qilishda aynan bir soʻzning maqbulini berish maqsadida koʻplab lugʻatlarni koʻrib chiqish, ularning har birining ma’nosini chuqur tushunish dolzarb sanaladi.
Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug‘ati. 1-jild. A-Z. E.I.Fozilov tahriri ostida. T.: Fan, 1983

  2. Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug‘ati. 2-jild. I-R. E.I.Fozilov tahriri ostida. T.: Fan, 1983

  3. Ma’murov Q.“Ishq aro vasling tilab” gʻazalining inglizcha tarjimasi//Jahon adabiyoti. –Toshkent, 2020. -№8. –B 7

  4. Ma’murov Q.“Vah necha jismimni” gʻazalining inglizcha tarjimasi//Jahon adabiyoti. –Toshkent, 2020. -№10.

  5. Ma’murov Q.“Agar desang, beray ul koʻzguga jilo, qadah ich” gʻazalining inglizcha tarjimasi//Jahon adabiyoti. –Toshkent, 2022. -№1. –B 7

  6. Ma’murov Q.“Koʻngul fano kuchidin zoʻri bozu istarkim...” gʻazalining inglizcha tarjimasi//Jahon adabiyoti. –Toshkent, 2022. -№2. –B 7




1 Ma’murov Q.“Vah necha jismimni” gʻazalining inglizcha tarjimasi//Jahon adabiyoti. –Toshkent, 2020. -№10. –B 7

2 Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug‘ati. 1-jild. A-Z. E.I.Fozilov tahriri ostida. T.: Fan, 1983. –B 369

3 Ma’murov Q.“Ishq aro vasling tilab” gʻazalining inglizcha tarjimasi//Jahon adabiyoti. –Toshkent, 2020. -№8. –B 7



4 Ma’murov Q.“Agar desang, beray ul koʻzguga jilo, qadah ich” gʻazalining inglizcha tarjimasi//Jahon adabiyoti. –Toshkent, 2022. -№1. –B 7



5 Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug‘ati. 1-jild. A-Z. E.I.Fozilov tahriri ostida. T.: Fan, 1983. –B 615

6 Ma’murov Q.“Koʻngul fano kuchidin zoʻri bozu istarkim...” gʻazalining inglizcha tarjimasi//Jahon adabiyoti. –Toshkent, 2022. -№2. –B 7



7 Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug‘ati. 2-jild. I-R. E.I.Fozilov tahriri ostida. T.: Fan, 1983. –B 610

Download 27.41 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling