Alisher navoiy lirikasining poetik timsollar olami


Download 21.25 Kb.
bet2/2
Sana03.11.2023
Hajmi21.25 Kb.
#1742288
1   2
Bog'liq
A.Navoiy lirikasinining poetik timsollari

Fano dayrin tilarmen men, vale uchmogʻni zohidkim,
Mening komim – qadah durdi, aning – kavsar zulolidur.
Albatta, “Nasoyimu-l-muhabbat” hamda shu yoʻnalishdagi asarlarda zikr etilgan koʻplab valiylar ana shu gʻoya bilan yashaganliklarini koʻrish, bu mavzu doirasida atroflicha fikr yuritish mumkin.
Dasht soʻzi ham koʻpincha fanoga tashbeh yoki istiora qilinadi. Bunda dasht bilan bogʻliq mashaqqatlarga zimdan ishora boʻladi:
Navoiy, gar xirad mulkida savdodin batang oʻlsang,
Qadam urgʻil fano dashtida majnunvor men yangligʻ.
Fano taʼrifida shoir hattoki shariat va tariqatni-da bir-biriga taqqoslaydi.
Shariat bilan hosil boʻlmagan murodga tariqat yetkazishi mumkinligini aytadi:
Garchi Kaʼba eshikin topmadi mingdin bir ochuq,
Kir fano dayridakim, anda yopuq boʻlmas eshik.
Navoiy fano talqinida turli istioralardan foydalanadi. Bu badiiy usul oʻxshatilmishdagi xossalarni fanoga koʻchiradi va fanoning mohiyatini yorqinroq anglatishga xizmat qiladi. Quyida mana shu jihatga kengroq eʼtibor qaratamiz.
Masalan, shoir bir qancha oʻrinlarda “fano togʻi” istiorasini qoʻllaydi. Va bunda oʻz qaʼrida qanchadan-qancha qimmatbaho maʼdanlarni berkitgan togʻlarga xos boʻlgan ulugʻvorlik, qattiqlik xususiyatlari fanoga koʻchadi:
Jigargundur Navoiy jismi qon yoshdin mahaldurkim,
Qazo bu navʼ laʼl uchun fano togʻini kon etkay.
Ushbu baytdan fanoning togʻlar kabi ulkan, zabt etish juda qattiq va mashaqqatli ekani, biroq taqdir laʼl, yaʼni visolni uning qaʼriga yashirganini tushunish mumkin. Tasavvuf manbalarida forscha koʻh, yaʼni togʻ atamasining fano maqomini anglatishi keltiriladi.
Bizningcha, buning sababiyati hazrat Muso (a.s.) guvoh boʻlgan tajalliga mazhar boʻlgan togʻ – “Koʻhi Tur”ga, Asʼhobi Kahf voqeasiga hamda Paygʻambarimiz (s.a.v.)ning vahiy kelishining dastlabki davrida togʻda chilla saqlashlariga borib tutashadi.
Bahr. Tasavvufda Allohning tajallilarini, Rabboniy vahiylarni, ilohiy haqiqatlarni barcha insonlarga maʼrifatlar shaklida, sel kabi davomli oqib kelishini bildiradi. Bu tajalli, maʼrifat va haqiqatlardan bahramand boʻlgan solik esa gʻamlardan xalos boʻladi. Dengiz kemalarni choʻktirsa, fano solikning gʻam zavraqini gʻarq qiladi:
Gʻarq etar bahri fano gʻam zavraqin, ey piri dayr,
Ilgiga chunkim Navoiy boda kashtiysin olur.
Koʻp oʻrinlarda fano dayr kalimasi bilan birikib keladi. Dayr – rohiblarning ibodatxonasi boʻlib, shahar atrofidagi voha, baland tepalik yoki togʻ yonbagʻrida qurilgan. Unda rohiblar jamiyatdan uzilgan holda ibodat qilishgan. Keyinchalik bu soʻz irfoniy maʼno kasb etgan.
Bizningcha, shoir oʻz lirikasida fano dayri istiorasini ishlatar ekan, dayrning aynan “jamiyatdan uzilgan”lar toʻplanadigan joy ekanini hisobga olgan. Fano dayrida solik xalqdan butkul uzilishi kerakligiga mana shunday poetik usullar orqali ham ishora qilgan:
Sirri vahdat chun fano dayrida sigʻmas lafz aro,
Nevchun oyo xonaqah ichra tuganmas aytilib?
Shoir lirikasida fano bilan faol qoʻllanuvchi tushunchalardan biri sahro boʻlib, u irfoniy maʼnoda ruhoniy olamni anglatadi [5:450]. Fano sahrosi shaklida qoʻllangan holatlar fanoning ruh olamiga dahldor, ruhiy-psixik jarayon ekanidan xabar beradi:
Ne dashti maxuf emish fano sahrosi
Kim, anda kirarga yoʻq balo yarosi.
Sahro tez-tez biyobon, choʻl, dasht soʻzlari bilan ham oʻrin almashib turadi. Bu holatlarda sahro va dashtlarga xos xavf-xatarlarning barchasi fanoga ham koʻchadi, bu dashtni bosib oʻtish oson emasligi anglashiladi:
Yoʻq harifeki, fano dashtida qoʻllar tutushub,
Boʻlsa yoʻl qatʼida hampoy mangavu hamdast.
Fano bilan istiora qilinuvchi soʻzlardn yana biri bozordir. Tasavvuf lugʻatlarida bozorning “ilohiy nurlar tajalli etadigan maqom, kasrat va tafriqa martabasi” ekani keltiriladi. Bunda fano bozorida umr naqdidan kechgandagina murod hosil boʻlishini tushunish mumkin:
Umr naqdin sarf etay dermen fano bozorida,
To qutulgʻay xotirim sudu ziyon savdosidin.
Qolaversa, kasrat mavjudotning borligʻini Allohdan deb bilish va har borliqda Allohning kuchini koʻrmoq, yaʼni kasratda vahdatni koʻrmoq demakdir. Demak, fano bozoriga qadam qoʻygan solik garchi kasrat qurshovida boʻlsa-da, faqat vahdatni his qiladi.
Fano xususida soʻz borar ekan, albatta, oʻt istilohiga ham alohida toʻxtalmoq joiz. Bu soʻz fano bilan birikkanda olov temirni kuydirib qanday poklasa, fano oʻtining ham solikni xuddi shunday kuydiruvchi va shu bilan birga Haq bilan toʻsiq boʻlib turgan kirlardan poklovchi ekaniga ishora qiladi:
Solgʻil, ey ishq, vujudumgʻa fano oʻtinikim,
Yopti maqsud yuzin pardayi pindor manga.
Yaldo kechasi atamasi ham fanoga aloqador boʻlib, maʼnaviy faqirlik, solikning fanoga, yoʻqlikka evrilishini anglatadi.
Boʻlmagʻay erdi falakning kiynasi davronida,
Boʻlmasa yaldo tuni oshiqligʻim tugʻyonida.
Nay obrazi ham fano bilan bogʻliq boʻlib, qamish ichi boʻshalmasdan – fano, yoʻqlik, hechlik kasb etmasdan turib, ruhoniy nafaslarni kuylay olmaydi.
Novaking kasrati koʻngul ichida,
Uylakim naysiton ichinda qamish.
Fanoni anglashda “safar dar vatan” tushunchasi ham juda muhim. Arab va fors tillaridan tashkil topgan, naqshbandiya tariqatiga aloqador bu soʻz vatanda safar qilishni anglatadi. Solikning yomon odatlardan yaxshilikka yoʻnalishi, insoniy sifatlardan farishtalik sifatlariga yetishi demakdir. Moddiy sayohat bilan odam yomon odatlaridan voz kechishi mumkin emas. Muhimi, ichki olamdagi sayohat.
Fano holidagi kishi koʻrmoq, eshitmoq, his etmoq bilan bogʻliq idroklardan tamoman ayriladi. Yomon sifatlardan uzoqlashib, Haqning sifatlari bilan sifatlanadi. Vaslga erishgan, Haqdan nishon topgan bunday kishining oʻzligidan nishon qolmaydi:
Navoiy, bilki topmishmen nishon maqsuddin beshak,
Oʻshal kunkim, nishone topmasang istab nishonimdin.
Ayni sababga koʻra, bu maqomdan belgi beruvchi tushunchalardan biri – benishon tishunchasidir. Manbalarda benishon fano maqomi, Zoti kibriyo, La Taʼayyun martabasi ekani keltiriladi. Fano shartlaridan biri – benishonlik kasb etish ekanini yaxshi bilgan shoir shunday deydi:
Xoslar vasl istagaylar, vahki, men devonadin
Ul pariy koʻyida benomu nishonroq yoʻq kishi.
Yuqorida keltirilgan tushunchalardan tashqari yuz, mayxona, ayvon, shol, bazm, jom, may, otashgoh, shuʼla, yoʻl, koʻcha, tosh kabi oʻnlab fano bilan jiddiy aloqada boʻlgan tushunchalar ham borki, ularni atroflicha taftish etish mohiyatni anglashga koʻmak beradi. Bular haqida navbatdagi maqolalarimizda qisqacha toʻxtalishni lozim topdik.
Demak, buyuk Alisher Navoiy lirikasini tadqiq etish orqali tasavvufdagi yirik masalalardan biri – fanoni, kengroq olganda, ijodkorning fanodagi maqomi, fanoga erishish shartlari, fanoda sodir boʻladigan hollar hamda fanoga aloqador boshqa koʻplab tushunchalarning mohiyatini chuqur anglash, qolaversa, bu mavzuni badiiy gavdalantirishda shoir keng foydalangan obrazlar, poetik vositalar, umuman, ijodkorning poetik mahorati haqida muhim ilmiy-nazariy xulosalarga kelish mumkin.

Foydalanilgan adabiyotlar


  1. Alisher Navoiy. Xazoyin ul-maoniy: Gʻaroyib us-sigʻar. TAT. J. 1. – Toshkent: Gʻafur Gʻulom nomidagi NMIU, 2013.

  2. Alisher Navoiy. Xazoyin ul-maoniy: Badoeʼ ul-vasat. TAT. J. 3. – Toshkent: Gʻafur Gʻulom nomidagi NMIU, 2012.

  3. “Alisher Navoiy: qomusiy lugʻat” / Masʼul muharrir: Sh.Sirojiddinov. 2 jildlik. – Toshkent: Sharq, 2016. J. 1. – B. 149.

1


Download 21.25 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling