22-modda. Maktabgacha ta’lim tashkilotlarining davlat akkreditatsiyasi
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarining davlat akkreditatsiyasi Davlat inspeksiyasi tomonidan attestatsiya asosida amalga oshiriladi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarining davlat akkreditatsiyasi besh yilda bir marta amalga oshiriladi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarining davlat akkreditatsiyasini amalga oshirish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
23-modda. Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etishning majburiyligi
Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari:
shaharlar, shaharchalar va boshqa aholi punktlari tashkil etilganda;
turar joy majmualari qurilganda;
tegishli hududda maktabgacha bo‘lgan yoshdagi bolalarning qonun hujjatlarida belgilangan cheklangan soni oshganda majburiy tartibda tashkil etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Bir nechta ko‘p kvartirali uydan yoki yakka tartibdagi uylar guruhlaridan iborat bo‘lgan yangi turar joy majmualarini loyihalashtirish va qurishda ko‘p kvartirali uylarning birinchi qavatlarida yoxud alohida bino tarzida har bir ikki yuzta kvartira yoki yakka tartibdagi uylar uchun kamida ellikta o‘rindan kelib chiqqan holda maktabgacha ta’lim tashkilotining mavjud bo‘lishi shartligi nazarda tutiladi.
24-modda. Maktabgacha ta’lim tashkilotining huquq va majburiyatlari
Maktabgacha ta’lim tashkiloti:
maktabgacha ta’lim va tarbiyaning davlat ta’lim dasturi asosida o‘z ta’lim dasturini ishlab chiqishga;
bolaning qonuniy vakillari bilan tuzilgan shartnoma asosida maktabgacha ta’lim va tarbiyaning davlat ta’lim dasturida nazarda tutilganidan tashqari qo‘shimcha pulli ta’lim xizmatlari ko‘rsatishga;
bolaning qonuniy vakillari bilan ta’lim va tarbiya borasida hamkorlikni amalga oshirishga haqli.
Maktabgacha ta’lim tashkiloti qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Maktabgacha ta’lim tashkiloti:
davlat maktabgacha ta’lim va tarbiya standarti talablariga mos keladigan maktabgacha ta’lim darajasini ta’minlashi;
bolalarning rivojlanishi, ta’lim va tarbiya olishi uchun xavfsiz shart-sharoitlar yaratishi;
bolaga ta’lim va tarbiya berish masalalari yuzasidan uning qonuniy vakillariga maslahat yordamini berishi;
bolaning hayotiga yoki sog‘lig‘iga tahdidlar, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi faktlari to‘g‘risida vakolatli organlarni xabardor qilishi shart.
Maktabgacha ta’lim tashkilotining zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Do'stlaringiz bilan baham: |