AMALIY MASHG’ULOT №3
Mavzu: Changli havoni skrubberlar yordamida tozalash usuli
Mashg’ulotning maqsadi: 1) Skrubberning tuzilishi va ishlash printsipini o’rganish, 2) skrubber yordamida changli havoni tozalash darajasini hisoblash.
Mashg’ulotni o’tkazish uchun kerakli o’quv va ko’rgazmali qurollar: 1) Ma’ruzalar matni, 2) Skrubberning chizmasi; 3) Ma’lumot beruvchi manbalar.
N a z a r i y m a ‘ l u m o t l a r
Skrubber inglizcha so’z bo’lib, changli havo yoki gazlarni yuvish yoki namlash usuli bilan tozalaydigan qurilmadir.
Ekologik muammo shundan iboratki, ishlab chiqarish korxonalarida hosil bo’ladigan o’lchami kichik turli zararli changlarni quruq holatda chang cho’ktirish kameralari va siklonlar yordamida havo yoki gaz tarkibidan ajratish nihoyatda qiyin.
Skrubberlar ish uslubiga ko’ra siklonlarga o’xshaydi, ammo ularning siklonlardan farqi – ularda suv, ishqor, kislota tuz eritmalari bilan changli havo namlanadi va tarkibidagi chang ushlab qolinadi. Bu suyuqliklar skrubberning korroziya (yemirilish)ga uchratib, ishdan chiqishiga sabab bo’ladi. Changli havo oqimini yuvish yo’li bilan havoni changdan tozalash mumkin. Changli havo oqimi suyuqlik qatlami yoki uning tomchilari bilan kontaktda bo’ladi. Chang zarrachalari esa suyuqlikka yopishib olib, tozalash qurilmasida quyqum-cho’kma hosil qiladi.
Suyuqlikni sochib beradigan changli havoni yuvuvchi qurilmalar, forsunkali skrubberlar deb ataladi. Ularning ichi bo’sh bo’lib, pastki qismidan changli havo va yuqori qismidan forsunkalar yordamida suv purkab beriladi (7-rasm). Suv yuqoridan pastga, changli havo esa unga qarama-qarshi harakat qiladi.
Suyuqlikni purkab beruvchi qurilmalar (forsunkalar) 0,3-0,4 MPa bosim bilan ishlaydi. Agar changli havo oqimining tezligi 5 m/s dan yuqori bo’lsa, forsunkalarning yuqori qismida tomchilar tozalangan havo bilan birga skrubberdan chiqib ketmasligi uchun tomchi ushlagich moslama o’rnatiladi.
Changli havo oqimini yuvish yo’li bilan nihoyatda kichik (0,1 mkm dan kichik) chang zarrachalarini ushlab qolish mumkin. Natijada havoni 99% gacha tozalash mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |