Amir tеmur bog‘lari amir temur bogʻlari


Download 1.29 Mb.
Sana15.10.2023
Hajmi1.29 Mb.
#1703899
Bog'liq
amir temur bog\'lari



AMIR TЕMUR BOG‘LARI
Amir temur bogʻlari — Amir Temur Samarqand atrofida bunyod ettirgan bogʻlar. A.Amir Temur bogʻlari xususidagi dastlabki maʼlumotlar oʻtmish tarixchilari, shoirlari, sayyohlari asarlarida uchraydi. Shuningdek, A.Amir Temur bogʻlari Oʻrta asrlar rassomlari miniatyuralarida ham tasvirlangan.
A.Amir Temur bogʻlari tuzilishiga koʻra ikki turga boʻlingan: 1) chorbogʻlar — geometrik (toʻrtburchak, toʻgʻri toʻrtburchak) shaklda boʻlib, har tomoni taxminan 1 km masofaga choʻzilgan. Sahnidan oʻtgan ariqlar ularni teng 4 qismga ajratib turgan. Atrofidagi baland paxsa devorlarning har burchagida minora boʻlgan. Markazda saroy joylashgan. Bunday bogʻlarning darvozalari shahar tarafga qaratib qurilgan; 2) tuzilishi geometrik shaklda boʻlmagan, tabiiy daraxtzor va chakalaklar bagʻrida barpo etilgan bogʻlar. Bunday bogʻlar hukmdor shikor (ov) qilishi uchun moʻljallangan boʻlib, asosiy qismi tabiiy, qoʻl tekkizilmagan holda saqlangan. Ularning kichik bir qismigagina dam olish uchun saroy, koʻshk va chodirlar qurilgan, hovuzlar qazilib, favvoralar oʻrnatilgan. Bu turdagi bogʻlarning oʻsimlik va hayvonot dunyosi nihoyatda boy boʻlgan.
A.Amir Temur bogʻlaridan eng mashhurlari quyidagilar;Bogʻi Baland. Amir Temur Samarqandning shimolidagi Choʻponota maqbarasi yaqinida nabirasi (Mironshohning qizi)ga atab qurdirgan. Uni barpo qilishda Eron, Ozarbayjon va boshqa mamlakatlar bogʻchilik sanʼati ustalari hamda meʼmorlari qatnashgan. Bogʻ oʻrtasida Tabriz oq marmaridan qurilgan hashamatli qasr boʻlib, uning atrofidagi uzumzor, anjirzor va olmazorlar boqqa goʻzal bir tarovat baxsh etib turgan

Bog‘ yaratish, bog‘dorchilik amali insoniyat taraqqiyoti tarixidagi eng ulug‘ kashfiyotlardan biridir. Inson ibtidoiy zamonlardan bog‘ni hayot va to‘kinchilik ramzi sanaydi. Barcha qadimiy diniy asotirlarda jannat mangu yashnab turgan bog‘ga qiyos etiladi. Shu sababdan Sharq shoirlari go‘zal bog‘larni va yashil-ko‘kalamzor shaharlarni “jannatmonand”, “firdavsmonand” deya ta’rif etadilar.


Eng qadimiy Shumer saltanatidan boshlab insoniyat sug‘orish tarmoqlarini takomillashtirib borgan. Bu esa o‘z navbatida bog‘dorchilikni rivojlantirishga turtki bergan. Olis yulduzlar sirini kashf etishga ishtiyoqmand qadim donishmandlar tabiatni go‘zallik timsoli deb bilib, undan ruhiy zavq olishga intilganlar, oxir-oqibatda nafis tabiat ijodidan qiyos olib bog‘lar yaratishga tutinganlar. Meloddan avvalgi 811-781 yillarda Ashshura (Assiriya) malikasi Shamuramat – Semiramada yaratgan osma bog‘lar, Misr podshosi Shaddod bunyod etgan Bog‘i Eram haqidagi afsonalar hanuz-hanuzgacha ko‘ngillarni hayajonga soladi.
Bog‘dorchilik xalq tarixi, uning madaniyati, ilm-fani, adabiyoti va san’ati, dehqonchiligi tarixi va tajribasi bilan chambarchas bog‘liq. Muayyan xalq yashagan jo‘g‘rofiy hudud, uning madaniy-ilmiy ravnaqi, adabiyoti va san’ati, dehqonchilik va suhorish tarmoqlari darajasi o‘tmishda yaratilgan bog‘u-rog‘larda o‘z aksini topgan.
Buyuk bobomiz Amir Temur bunyod etgan bog‘lar jahon bog‘dorchilik tarixida alohida o‘rin egallaydi. Sohibqiron tarixini o‘rganish bilan shug‘ullangan barcha muarrixu-olimlar Turon Sultonining bog‘dorchilik san’atidagi salohiyatini e’tirof etib, o‘z asarlarida u insho etgan bog‘larni ta’rifu-tasnif aylaydilar.
Firdavsmonand deb madh etilgan Samarqand tuprog‘i azal-azaldan bog‘lar mamlakati sanalgan. Ming yilcha burun bu tuproqqa kelgan Istahriy shunday ma’lumot yozib qoldirgan edi: “Biron tepalikka chiqib, atrofga nazar tashlaydigan bo‘lsangiz, Samarqand So‘g‘dida, shuningdek, Samarqandning o‘zida ham nigohingiz ko‘kalamzorga va yoqimli joylarga tushadi. Uning yaqinida dov-daraxtsiz tog‘lar va changi fig‘on urayotgan dashtlar yo‘q. Samarqand So‘g‘di biz tilga olgan uch joy orasida eng go‘zalidir, chunki u Buxoro chegarasiga qadar So‘g‘d (Zarafshon) daryosi bo‘ylab o‘ng va chap tomondan uzilmay davom etib keladi. Uning kattaligi shunchaki, ko‘kalamzor va bog‘lar orasidan sakkiz kun yurasan. Bu doimo suv oqib turadigan ariqlar bilan o‘rab olingan yaxlit bog‘lardir, o‘tloqlar va dalalar o‘rtasida esa hovuzlar bor. Daryoning har ikki yoqasi ko‘m-ko‘k daraxtlar va ekinzorlar bilan qoplangan. Yashil daraxtlar ekinlarni himoya qiladi, ekinzorlardan keyin esa chorva mollari uchun yaylovlar yastangan. Bu yerdagi har bir shahar va qishloqda qo‘rg‘on bo‘lib, u ko‘kalamzorlar orasida bamisoli suv o‘zanlari bilan to‘qilgan va qasrlarning jilvasi bilan bezatilgan yashil parcha libosdek yarqirab turadi. So‘g‘d, Alloh mamlakatlarining eng unumdor yeridir, unda eng yaxshi daraxtlar va mevalar, odamlar yashaydigan barcha maskanda bog‘lar, hovuzlar va oqar suvlar bor. Oqar suvli arig‘i bo‘lmagan ko‘cha yoki uy kamdan-kam uchraydi”.
Amir Temur zamonida Zarafshon vohasi Istahriy ta’riflagan go‘zalligini saqlab qolgan edi. Sohibqiron faxr bilan aytar ekanki: “Mening bir bog‘im borki, u Buxorodan Samarqandgachadir”. Yana aytar ekanlarki: “Shoh bo‘lsang-da, bog‘ yarat, gado bo‘lsang-da bog‘ yarat, bir kuni mevasidan totarsan”. Qudratli saltanat poytaxti tevaragida Amir Temur tomonida bunyod etilgan bog‘lar xususida muarrix Abu Tohirxo‘ja Samarqandiy shunday yozadi: “Samarqandda Amir Temur Ko‘ragon soldirgan bog‘larkim, Eram gulistoni rashk qilar darajada, yettita ekan:
Birinchisi – Bog‘i Shimol – Samarqand shimolida. Devori Qiyomat ichida. Ikkinchisi – Bog‘i Baland. Uchinchisi – Bog‘i Behisht. To‘rtinchisi – Bog‘i Chinor. Bu ikki bog‘ shaharning kunchiqar tomonida. Beshinchisi – Bog‘i Dilkusho bo‘lib, Konigilning janub tomonida. Konigil Ko‘hak daryosining yoqasida, Samarqandning eng go‘zal va chiroylik yeridir. Oltinchisi – Bog‘i Zog‘on – Shovdor tumanining shimol tomonida voqedir. Yettinchisi – Bog‘i Jahonnamo – Anhor tumanida bo‘lib, tog‘ etagiga yaqin yerda, Samarqandning janubida bunyod qilingandir”.
Biz Abu Tohirxo‘ja hazrat Sohibqiron tiklagan bog‘larning hammasini sanamagani uchun sanoqda davom etamiz: Sakkizinchi bog‘ning nomi Bog‘i Nav. To‘qqizinchisi – Bog‘i Bo‘ldu. Bu bog‘ taxminan Bog‘i Dilkushoga yaqin yerda joylashgan. O‘ninchisi – Bog‘i Naqshijahon – Cho‘ponota tepaligining janubiy etaklarida bo‘lgan. Tadqiqotchilar bu bog‘ni Amir Temur bino etgan dastlabki bog‘lardan biridir deb hisoblaydilar. Bobur mirzoning yozishicha, bog‘ Obi Rahmat arig‘i yoqasida joylashgan. O‘n birinchisi Bog‘i Davlatoboddir. U Samarqandning janubida, Termizga ketish yo‘lining chap tomonida, Bog‘i Dilkusho bilan Bog‘i Jahonnamo oralig‘ida barpo etilgan. Yana bir hujjatga ko‘ra, Darg‘om arig‘i yoqasida bo‘lgan. O‘n ikkinchi bog‘ Sohibqiron zamonida amirzoda Shohruh sharafiga yoki mirzoning o‘zi tomonidan tiklangan bog‘ bo‘lib, u kitoblarda “Bog‘i amirzodayi Shohruh” nomi bilan tilga olinadi. O‘n uchinchisi – Bog‘i Maydon. O‘n to‘rtinchisi – Bog‘cha. O‘n beshinchisi – Gulbog‘ yoxud Taxtiqoracha bog‘i.
Biz mazkur bog‘lar xususida muxtasar ma’lumot berishni maqsad qildik, toki moziy muarrixlaridan biri aytganidek, “har ezgu ishdan ibrat olingiz, ey aqli solim egalari!”
1. BOG‘I SHAMOL. Bu bog‘ xalq orasida Bog‘ishamol nomi bilan mashhur bo‘lgan. U 1397 yili insho etilgan. Muarrix Sharafiddin Ali Yazdiyning qayd etishicha, bu manzil bog‘ asos bo‘lmasdan oldin ha ko‘kalamzor joy bo‘lgan. Muarrix yozadi: “Hazrati Sohibqiron obod Samarqandning shimoliy tomonida barpo etgani Bog‘i Shimol nomi bilan mashhur boqqa ko‘chib o‘tib, jahon ahli sig‘gudek ulkan saroparda (shohona chodir) qurdirdi. Uning darvozasi oldidagi chodir (ko‘ndalon) hamda podshoh qabulxonasi (borgoh) bazmlar uchun tikilgan katta va kichik chodirlar ko‘kka bo‘y cho‘zib, oyga tekkudek tuyulardi. Bu bog‘i Eram yanglig‘ orom maskani jannatning bazm saroyi hasad qiladigan darajada orasta va salobatli qilib bezatdilar. Qazodek keskin farmon sodir bo‘ldiki, ul firdavsmonand bog‘da amirzoda Mironshohning qizi, oliy iffat sohibasi Beka Sulton nomiga atab dilni rom etuvchi baland qasr va go‘zal bir ishratgoh qursinlar. Fors o‘lkasining barcha viloyatlari, Iroq, Ozarbayjon, Dorussalom (Bag‘dod) va boshqa mamlakatlardan jam’ bo‘lgan mohir muhandislar, ravshan fikrli me’morlar qasrning tarhini teran farosat qalami bilan mahorat lavhasiga chizdilar. Uni hazrati Sohibqiron ma’qullagach, yorqin ra’yli munajjimlar qasr qurilishini boshlash uchun munosib vaqtni belgilashda hushyorlik va ehtiyotkorlikning barcha shartlariga rioya qilgan holda 799 sana jumodul oxir oyining (1397 yil, mart) quvonchli bir soati va baxtli bir tole’ida inshosini boshladilar.
Qasrning to‘rt ruknini amirlar o‘rtasida taqsimlab, har bir ishboshi ixtiyoriga biror mamlakatdan keltirilgan hunarmandlarni tayin qildilar… mustahkam ruknlarini bag‘oyat mahkam va puxta qilib ko‘tardilar. Har bir rukniga bittadan Tabrizdan keltirilgan marmar toshdan ishlangan ustun o‘rnatdilar. Devorlari sathini lojuvard va oltin bilan shunday ajoyib va hayratomuz darajada go‘zal etib naqshladilarki, ularning tarovatidan Moniy rasmlari va Chin nigorxonasini uyatu-xijolat g‘ubori qopladi. Qasrning sahniga marmar toshlardan va Ko‘hi Nur (Nurota)dan keltirilgan toshlardan chiroyli qilib yotqizdilar… Tashqi devorining ich tarafidagi izorasini koshin bilan ziynatladilar”.
Bu saroy haqida mashhur mojor olimi Armeniy Vamberi “Buxoro yoxud Movarounnahr tarixi” asarida shunday yozadi: “Mazkur saroy to‘g‘ri to‘rtburchak shaklida bo‘lib, har tomoni bir yarim ming qadam kelardi. Uning marmar naqshlari ajoyib, hayratli edi. Zamini qayrag‘och va fil tishidan ishlangan koshinli edi…”
Bir qancha tarixiy manbalarda bog‘ shaharning “Devori Qiyomat” deb atalgan qadimiy devori chegarasida, Damashq (Dimishq) qishlog‘i yaqinida bo‘lgan, deb ko‘rsatiladi. O‘sha yerda bog‘ nomi bilan atalgan ariq oqib o‘tgan. Samarqandliklar Amir Temur sharafiga shahar tumanlaridan birini Bog‘ishamol deb atashgan.
2. BOG‘I BЕHISHT – Samarqandning g‘arbiy tarafida malika Tuman og‘o sharafiga 1378 yilda insho etilgan. Bu bog‘ Bog‘i Shimolning janubi-g‘arbida joylashgan. Sharafiddin Ali Yazdiyning yozishicha, bog‘dagi saroy atrofini suv bilan to‘ldirilgan xandaq o‘ragan bo‘lib, bir necha ko‘prik saroy bilan bog‘ni o‘zaro bog‘lab turgan. G‘oyat ko‘rkam bog‘ saroyi ataylab ko‘tarilgan dasti tepalik ustida Tabrizdan keltirilgan oq marmardan tiklangan.
Bog‘i Behishtning bir tomonida hayvonot bog‘chasi – qo‘riqxona bo‘lib, undagi jonivorlar qafaslarda emas, atrofi o‘ralgan maydonchalarda erkin holda saqlangan. Shuning uchun bir qator G‘arb tadqiqotchilari Amir Temurni ilk qo‘riqxona asoschisi deb hisoblaydilar.
Bog‘ manzili haqida turli fikrlar mavjud. Agar “Samariya” muallifi uni Samarqandning sharqida joylashgan deb yozsa, Bobur mirzo “Boburnoma”da: “shaharning quyi yonida Bog‘i Shimol va Bog‘i Behishttur”, deya qayd etadi. Qadimshunos M.Masson o‘z tekshirishlarida bu bog‘ning o‘rnini Bog‘i Shamoldan janubi-g‘arbda bo‘lgan, deb ko‘rsatadi. O‘zbek olimi O‘.Alimov esa “O‘rta asrlarda Movarounnahrda bog‘dorchilik xo‘jaligi tarixi” kitobida olib borgan izlanishlari natijasida bog‘dan biror iz topilmagani haqida yozadi. Biz bu o‘rinda ko‘proq Bobur mirzo guvohligi haqiqatga molik deb hisoblaymiz.

3. BOG‘I BALAND – shaharning shimolidagi Cho‘ponota tepaligi yonbag‘rida barpo etilgan bog‘. U Amir Temurning eng go‘zal bog‘laridan sanalib, bog‘ni yaratishda Eron, Iroq, Ozarbayjon va boshqa zabt etilgan o‘lkalardan keltirilgan usta me’morlar qatnashgan. Bog‘dagi Tabriz marmari bilan tiklangan saroy binosi uchta katta xonadon iborat bo‘lib, unda qimmatbaho buyumlar, nodir san’at asarlari saqlangan. Bu bog‘ Sohibqironning suyukli nabirasi, Mironshohning qizi Og‘abegimga atab qurilgan. Poytaxt shimolidagi tepalikda barpo etilgani sabab, Bog‘i Baland nomini olgan. Bog‘ning asosiy qismi uzumzor, olmazor va anjirzordan iborat bo‘lgan. Hozirgacha Bog‘i Baland deb ataluvchi bu manzil o‘zining to‘kin anjirzorlari bilan mashhur.



4. BOG‘I DULKUSHO – Samarqand sharqidagi bog‘. Shahardan taxminan olti chaqirim masofada, Panjakent yo‘lining o‘ng tomonida bo‘lgan. Sharafiddin Ali Yazdiyning yozishicha, Bog‘i Dilkushoni bino qilish davomida oldindan mavjud bo‘lgan o‘n ikkita bog‘ birlashtirilib mukammalashtirilgan. Bog‘ qurilishi 1396 yilda boshlangan. Bog‘da gumbaz shaklida tiklangan qasr va uning uch tomonida minoralar yuksalib turgan. 1398 yil bahorida – Hind yurishi arafasida Amir Temur shu yangi bog‘da mislsiz tantanalar o‘tkazib, amir Xizrxo‘ja qizi – To‘kalxonimga uylangan va bog‘dagi qasrni yosh malikaga atagan.
“Zafarnoma” muallifi yozadi: “Bog‘ nihoyatda dilkusho va go‘zal tarzda barpo etilgach, bezavol iqbol tili uning ismi-jismiga monand bo‘lsin uchun “Bog‘i Dilkusho” deb atadi”.
Bog‘i Dilkusho to‘rtburchak shaklida bo‘lib, har bir tomoni bir yarim ming gazga en bergan. To‘rt tomonda toqi rangli koshinlaru-naqshi nigorlar bilan ziynatlangan darvozalari bo‘lgan. Shaharga qaragan darvoza toqida “Darvozayi Feruza” deb hal bilan juda chiroyli yozilgan. Bobur mirzo yozishicha, “Andin (bog‘dan) Feruza darvozasigacha xiyobon qilib, ikki tarafida terak yig‘ochlari ektiribtur”.
Bog‘ning to‘rt burchagida, muarrixlar ta’riflaganidek, at-Toir yulduziga yetgudek baland minoralar qad ko‘targan. Bog‘ sahni handasa uslubida to‘rtburchak shaklidagi yo‘laklar va oltiburchagu-uchburchak shaklidagi chamanzorlarga bo‘lingan. Yo‘laklar chetida oqteraklar, olti va uchburchakli chamanzorlar atrofida mevali daraxtlar, gulbutalar yashnagan.
Boya aytganimizdek, bog‘ o‘rtasida tiklangan yuksak gumbazli qasrning uch peshtog‘i va uch minorasi bo‘lgan. Oq marmardan tiklangan mazkur saroy oy nurida tovlanib turgan. Uzoqdan ham saroyning keng, katta, osmon va yulduzlar aks etgan koshinlar bilan bezatilgan peshtoqlari yaqqol ko‘ringan. Peshtoqlarda osmonu-yulduzlarning aks ettirilishi, Sohibqironning ilmi-falakiyotga qiziqqani xususidagi oldingi so‘zlarimizni tasdiqlaydi.
Melodiy 1399 yilda qasr devorlarida Amir Temurning Hindiston yurishi voqealari rangin tasvirlangan – “Boburnoma”dan: “…Ko‘shkta Temurbekning Hindiston urushini tasvir qilibtur”. O‘sha paytda saroydagi naqqosh va musavvirlarning rahbari Abdulhayy al-Bag‘dodiy bo‘lgan. Abdulhayy qo‘l ostida ishlagan san’atchilardan ayrimlarining, jumladan, usta Abdulloh va Zahiriddin Azhor kabilarning nomlari ham ma’lum. Agar Abdulhayy al-Bag‘dodiy Samarqandga 1393 yili keltirilganini, Hindiston yurishi esa 1398-1399 yillarda bo‘lganini inobatga olsak, Bog‘i Dilkusho devorlaridagi jang manzaralarini Abdulhayy va uning tasarrufidagi ustalar ijod qilgani ayni haqiqatdir.
Turon sultoni 1404 yilning 8 sentyabrida Kastiliya qiroli elchisi Rui Honsales de Klavixoni Bog‘i Dilkushoda qabul qilgan. Elchi bog‘dagi favvoradan otilib turgan suvning tepadagi oltindan yasalgan olmalarga urilib sochilishini ko‘rib, bu go‘zal va g‘aroyib manzaradan benihoya hayratga tushganini yozadi.
Muhtasham Bog‘i Dilkusho ta’rifida Sharafiddin Ali Yazdiy, Ibn Arabshoh, Abu Tog‘irxo‘ja Samarqandiy kabi muarrixlar ha qalam tebratganlar. Hazrat Alisher Navoiy bog‘ xususida shunday satrlarni bitganlar:
Goh bo‘stoni Dilkusho ichra,
Kasru ayvone jonfizo ichra,
Qilsa ne rang ichiga naqqoshe
Tashi ham bo‘lg‘ay ul sifat koshe…
Keyinchalik bog‘ o‘rni Xonchorbog‘ deb atalgan. Rus harbiy ekspeditsiyasi ishtirokchisi Abdurrahmon Mustajir qalamiga mansub “Iskandarko‘l safari kundaligi”da bu haqda shunday satrlarni o‘qidik: “U yerdan o‘tib, bir joyga yetdikki, Xonchorbog‘ deydilar, aytishlaricha bu joylar Amir Temur Ko‘ragon chorbog‘i bo‘lgan. Yo‘lning har ikki chetida hozir ham o‘sha chorbog‘ devorlari nishonasi saqlanib qolgan. Hozir ham devor o‘rtasidagi chorbog‘ Amir Temurning vaqfi sanaladi”.
5. BOG‘I CHINOR – Samarqand janubida, Darg‘om arig‘i yoqasida bino etilgan bog‘. U yerda chinorlar haddan ziyod ko‘p bo‘lgani sababidan “Bo0i Chinor” deb atalgan. Bu bog‘ o‘rni bo‘lgan va keyinchalik Xoja Kafshar nomini olgan manzilda hozir ham chinorlar ko‘p. (“Samariya”dan: “Xoja Kafshar shaharning janubiy tomonida, bir toshning uchdan bir ulushi (to‘rt ming qadam) chamasi oldindadir”).
Muarrix G‘iyosiddin Ali bu bog‘ haqida ma’lumot berib, u sharq tomonda bo‘lgan deb yozadi. Sharafiddin Ali Yazdiy esa bog‘ Kesh shahridan kelaverishda (shaharga yaqin turgan) birinchi bog‘dir deb xabar beradi. Boshqa ma’lumotlar Yazdiyning ma’lumotini tasdiqlaydi. Masalan, Bobur mirzo yozadikim: Yana Samarqandning janubida Bog‘i Chinordur, qal’ani yovuqtur”. Klavixo o‘z safarnomasida “Bog‘i Chinor yangi qurilgan hashamatli saroy joylashgan bog‘ edi” deb qayd etadi. Mazkur ma’lumotga ko‘ra, bog‘ 1400 yildan keyin tiklangan bo‘lishi ehtimoli bor.
Armeniy Vamberi yozadi: “Bog‘i Chinor ham shaharning shu (janubiy) qismida edi, go‘zal yo‘laklari, yo‘llarni bezagan ko‘rkam chinorlari bor edi. Bu yerda, brg‘ ichida, dasti tepalikda salb shaklidagi qasr qad ko‘targan. Uning tashqarisi Shom naqqoshining (Abdulhayy al-Bag‘dodiyning – muallif) mohirona ijodi bilan ichkarisi go‘zal suvrat va lavhalar bilan ziynatlangan, qimmatbaho buyumlar bilan liq to‘la edi. Masalan, og‘ir kumush qubbilar, taxtlar va boshqa nodir buyumlar ertaklardagi ajoyibotlarni eslatardi”.
Tarixdan ma’lumki, keyinchalik Movarounnahr hokimi bo‘lgan Mirzo Ulug‘bek davrida ham bog‘ obod bo‘lgan. Abdurazzoq Samarqandiyning yozishicha, 1420 yil bahorida hukmdor poytaxt Hirotdan kelgan onasi, saltanat mahdi ulyosi Gavharshod og‘o sharafiga Bog‘i Chinorda “podshohona to‘y va xusravona ziyofat” bergan.
6. BOG‘I ZOG‘ON – Samarqandning sharqiy tomonida, shahardan taxminan 20 chaqirim masofada, Ko‘chayi Xiyobon, ya’ni shaharning Xiyobon mavzesiga olib boradigan yo‘l ustida, “Samariya” muallifi yozganidek, “Shovdor tumanining shimol tomonida” bo‘lgan. Bu bog‘ o‘rnida hozir Bog‘i Zog‘on qishlog‘i mavjud.

7. BOG‘I NAV – Samarqand janubida Lolazor qishlog‘i yaqinida 1404 yil barpo etilgan bog‘. Bog‘ Amir Temurning barcha bog‘lari kabi to‘rtburchak shaklida bo‘lib, baland devor bilan o‘ralgan. Bog‘ning har burchagida minoralar qad tiklagan. O‘rtasidagi gumbaznamo qasr qurilgan, uning oldida katta hovuz ham bo‘lgan. Qasr xonalari qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan. Sharafiddin Ali Yazdiy yozishicha, bog‘i Nav bilan Bog‘i Dilkushoning har tomoni bir yarim gaz, ya’ni tomonlari mingga ming metrliye shaklda – kvadratdan iborat bo‘lgan. Fazlulloh ibn Ro‘zbehon “Mehmonnomayi Buxoro” asarida XVI asr voqealari bayonida Bog‘i Navni Samarqandning Chorraha darvozasi yaqinida deb yozadi. Shunga asoslangan ayrim tadqiqotchilar, jumladan, M.Masson bu bog‘ o‘rni hozirgi shahar istirohat bog‘ida bo‘lgan bo‘lsa kerak, deya taxmin qiladi. Klavixo sayohatnomasida Bog‘i Nav haqida yozadi: “Bog‘ning to‘rt tomoni baland devor bilan o‘ralgan, har bir burchida baland, yumaloq minora qad ko‘targan. Devor ham minora kabi ziynatlangan edi. Bog‘ o‘rtasida esa xoch shaklida muazzam bino qad rostlagan, uning oldida katta hovuz bor. Bu bino biz oltin va lojuvard bilan ziynatlangan. Bu bog‘ va saroylar shahardan tashqarida, u maskanni Bagina (Bog‘i Navning ispancha aytilishi) deb ataydilar” (Muallifdan: 5 sinfda o‘qiganimda, sovuq dekabr oyida Bog‘i Zog‘onda paxta tergan edim.) .


8. BOG‘I JAHONNAMO – Samarqand janubidagi Taxtiqoracha devoniga yaqin, shahardan 24-25 chaqirim uzoqdagi Qorateta qishlog‘ida bino qilingan bog‘. Bog‘ning yonida katta qal’a ham bo‘lgan. Bog‘ va qal’a Amir Temur harbiy yurishlar arafasida va jangdan qaytishda hordiq oladigan maskan hisoblangan. Ayrim tadqiqotchilarning yozishicha, Sohibqiron barpo qilgan bog‘lardan yolg‘iz Bog‘i Jahonnamo yo‘qdan bor etilgan, qolgan bog‘lar esa asosan mavjudlari o‘rnida ta’mir va kengaytirish yo‘sunida bunyod etilgan. “Zafarnoma” muallifi bog‘dagi saroy 1398 yil qurilgan deb ma’lumot beradi. Muarrixlarning mubolag‘asiga ko‘ra, bog‘ shu qadar ulkan ekanki, u yerda bir ot yo‘qolib qolib, olti oydan keyin topilgan ekan.
9. GULBOG‘ – Samarqandning janub tomonida, Taxti Qoracha dovoni yaqinidagi bog‘. Bog‘ o‘rtasida nasr joylashgan va uning yonidan tog‘dan tushgan jilg‘a oqqan. Sharafiddin Ali Yazdiyning ma’lumotiga ko‘ra bog‘ 1398 yilda barpo qilingan. Muarrix yozadi: “Hazrati Sohibqiron bir necha kundan so‘ng (Samarqanddan ko‘tarilib), azimat jilovini Kesh tomon jo‘natdi. Bu yo‘lda bir tog‘ borki, undan Samarqandgacha qariyib yetti farsah keladi. Uning boshlanishida bir anhor oqadi. Daryodek saxiy va osmondek shavkatli podshohona tashrif shu’lasi u toqqa tushdi. Olamni tartibga keltirib ravnaq berish borasida himmatining zo‘rligi tufayli imorat qurishga yaroqli har bir joyning zoye ketishini ravo ko‘rmaydigan, mamlakatlarga oro beruvchi ra’y bu mavzeda bir boqqa asos solishga farmon berdi, toki bu chuchuk suvli anhor u jannat asarli bo‘stonda “uning tagida anhor joriydir” degan oyati karimani eslatib tursin. Bog‘ o‘rtasida voqe bo‘lgan ko‘phora ustida esa bir qasr qurishni buyurdi. Bajarilishi vojib bo‘lgan bu amr ijro etilib, qasr qurilishi bitgach, unga “Taxti Qoracha” deb nom berildi”.
Darhaqiqat, bog‘ni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan Klavixo bog‘ni shunday tasvirlaydi: “Bog‘ning atrofi paxsa devor bilan o‘ralgan bo‘lib, devor aylanasi to‘la bir liga (liga – ispancha uzunik o‘lchovi bo‘lib, 5572 metrga to‘g‘ri keladi) kelar edi. Bog‘da po‘rtahol (apelsin) va limudan tortib, har xil mevali daraxtlar bor edi. Bog‘da oltita hovuz bo‘lishiga qaramay, bog‘ni kesib o‘tgan anhor oqib turadi. Hovuzlarning biridan ikkinchisiga baland va katta soyali daraxtlardan bamisoli yo‘l solingan. Bu yashil yo‘llar o‘rtasidan balandlikka tomon ko‘tarilgan xuddi shunday so‘qmoqlar butun bog‘ bo‘ylab o‘tgan. Bu yo‘ldan yana qiyalab boshqa butun bog‘ bo‘ylab o‘tgan. Bu yo‘ldan yana qiyalab boshqa yo‘llar o‘tkazilgan. Undan yana boshqalari tarmoqlab ketgan. Xullas, bu yo‘llardan yurib, butun bog‘ni tomosha qilish mumkin edi. Bog‘da atrofi yog‘och qoziqlar bilan o‘ralgan sun’iy barpo qilingan usti tekis tepalik bor. Tepalik ustida ajoyib saroy qad ko‘targan. Saroy oltin, lojuvard va yaltiroq koshinlar bilan to‘kis ziynatlangan. Saroy joylashgan mazkur tepalik suvga to‘la handaq bilan o‘ralgan. Handaqqa doimiy ravishda katta suv oqimi tushib turadi. Tepalik ustidagi saroyning ikki qarama-qarshi tomonida unga kiriladigan ikkita ko‘prik qurilgan. Har bir ko‘prikning oldida darvoza bor, undan keyin tepalik ustida ko‘tariladigan zinapoya. Xullas, mazkur saroy mustahkam qo‘rg‘on edi. Bog‘da shoh (Temur) topshirig‘i bilan erkin qo‘yilgan kiyiklar va tustovuqlar (tovuslar ham) mavjud. Bog‘dan katta uzumzorga chiqadigan darvoza bor. Bog‘ kabi katta va keng uzumzor atrofidagi tepalik bo‘ylab o‘stirilgan baland daraxtlar juda chiroyli ko‘rinadi. Mazkur bog‘ va saroy “Talisiya”, ularning tilida esa Kalbet (Gulbog‘) deb ataladi”. Hozir bu bog‘ning o‘rnida Gulbog‘ qishlog‘i mavjud.
10. BOG‘I BO‘LDU – Samarqand sharqida barpo bo‘lgan bog‘. Bobur mirzo yozadiki: “(Temurbek) Samarqandning sharqida ikki bog‘ solibtur, birikim yiroqroqtur, Bog‘i Bo‘ldudur, yovuqrog‘i (yaqinrog‘i) Bog‘i Dilkushodir”. V.Vyatkin qadimiy Samarqand topografiyasiga oid maqolasida Bog‘u Bo‘lduni Bog‘i Dilkushoga yaqin yerdagi Qo‘rg‘oncha qishlog‘ida bo‘lgan, deb ma’lumot beradi. O‘.Alimovning tekshirishlari natijasida bog‘ning Panjakentga ketadigan yo‘lning o‘ng tomonida, Bog‘i Dilkushodan bir yarim kilometrcha narida joylashganligi aniqlangan.
Bog‘ nomi xususida fikr yuritganda aytish joizki, “Bo‘ldu” kalimasini ayrimlar “kamolotga yetgan, yetuk, kam-ko‘stsiz”, boshqalar esa “farovonlik, mo‘lchilik” ma’nosiga ega deb ko‘rsatadilar. V.Radlovning turk shevalari lug‘atida bu so‘z “badavlat” ma’nosini bildiradi deb qayd etilgan. Shunga ko‘ra, Bog‘i Bo‘ldu “to‘kin bog‘” ma’nosiga egadir.
Afsonalarning birida aytilishicha, Bog‘i Bo‘ldu darvozalari peshtog‘iga o‘rnatilgan marmartosh kechasi o‘zidan yog‘du taratib, atrofni yoritib turar ekan. Xalq to‘qigan bu afsonada jon bor. Chunki saroy darvozasi peshtoqidagi zarhal naqshlar oy yorug‘ida shu’lalanib turgan. Biz bu bog‘ni Bog‘i Dilkushodan keyin, 1398-1400 yillarda barpo etilgan bo‘lsa kerak, deb taxmin qilamiz.
11. BOG‘I NAQSHI JAHON – Cho‘ponota tepaligining janubiy etaklarida bunyod etilgan bog‘. Ayrim tadqiqotchilar Bog‘i Naqshi Jahon Amir Temur qurdirgan dastlabki bog‘larning biri, deb hisoblaydilar. “Naqshi Jahon” so‘zi “dunyo bezagi” ma’nosini bildiradi. Mirzo Bobur yozadi: “(Temurbek) yana Pushtai Ko‘hak domanasida, Konigilning qora suyining ustidikim, bu suvni Obi Rahmat derlar, bir bog‘ solibtur, Naqshi Jahong‘a mavsum. Men ko‘rgan mahalda bu bog‘ buzulub erdi, oti besh qolmaydur edi” (ya’ni nomidan boshqa hech narsasi qolmagan edi).
12. BOG‘I DAVLATOBOD – Samarqand janubida, Termiz yo‘lining yoqasida, Bog‘i Dilkusho bilan Bog‘i Jahonnamo oralig‘ida barpo etilgan bog‘. Temuriylar davriga oid vaqf hujjatlariga ko‘ra, bog‘ Darg‘om arig‘i bilan Shovdor arig‘i yaqinida bo‘lgan. Harbiy yurishlardan qaytgan jahongir shu bog‘da tantanali marosimlar o‘tkazgan, elchilarni qabul qilgan. Xususan, Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma” asarida Amir Temur 1399 yili Hindiston yurishidan qaytayotib, Bog‘i Jahonnomada orom olgandan so‘ng Davlatobod bog‘iga, u yerdan Bog‘i Dilkushoga kelganini hikoya qiladi. O‘.Alimovning yozishicha, bog‘dagi saroy baland tepalik ustida qurilgan bo‘lib, shimol tarafdan Darg‘om arig‘i hamda Samarqandning go‘zal manzaralari, janub tarafidan esa Qoratepa tog‘lari ko‘rinib turgan. Sharq tarafidan qishloqlar, g‘arb tomondan esa bepoyon dalalar o‘rab turgan.
13. BOG‘CHA – Samarqand shahrining ichida, amirzoda Muhammad Sulton madrasasi va dahmasi (bu yer Go‘ri Mir deb ataladi) yonida barpo etilgan kichik bog‘. Sharafiddin Ali Yazdiy yozadi: “Olamni zabt etuvchi Sohibqiron Jahonnamo qasridan saodat bilan otga minib, 807 yil muharram oyida (1404 yil iyulida) Samarqandda Bog‘i Chinorga kelib qo‘ndi, u yerdan shahar ichiga kirdi va (marhum) baxtli shahzoda Muhammad Sulton madrasasini kelib ko‘rib, (qabrni) ziyorat qilish rasmini ado etdi… Bu yerda farmon chiqdiki, shahzodanig nurli qabri uchun uning himmat me’mori tomonidan qurilgan madrasaga ulab bir gumbaz ko‘tarsinlar. Farmonga muvofiq xonaqoh maydonining old tomonidan (madrasaning) janubiy suffasiga ulab, falak yanglig‘ bir qubba bunyod ettilar, uning izorasini tillo va lojuvard bilan naqshlangan marmar toshlardan ishladilar hamda mag‘rifatga cho‘milgur murdani qo‘yish uchun bir sardoba kovladilar. So‘ngra xatmi Qur’on qilib, ojizu-ehtiyojmandlarga sadaqalar ulashib, barcha rasm-rusumlarga rioya qilingan holda marhum shahzoda jasadini xonaqohning gumbazi ostidan shu sardobaga ko‘chirdilar. Madrasa atrofida bo‘lgan bir nechta uyni buzib, jannat misol bir bog‘cha yaratdilar…”
14. BOG‘I MAYDON – Samarqand shimolida, Afrosiyob bilan Cho‘ponota (Ko‘hak) tepaliklari oralig‘ida barpo etilgan bog‘. Bobur mirzo bu bog‘ni Ulug‘bek mirzo barpo etgan deb yozsa-da, boshqa bir qator asarlar bog‘ Amir Temur zamonasidan qolgani va Sohibqiron nabirasi uni ta’mirlagani, u yerda ko‘shk tiklagani haqida yozadilar. “Boburnoma”dan: “Yana pushtai Ko‘hakning domanasida g‘arb sari bog‘ye srolibtur, Bog‘i Maydong‘a mavsum. Bu bog‘ning o‘rtasida bir oliy imorat qilibtur, Chilsutun derlar, du oshyona (ikki qavatli), sutunlari tamom toshdin. Bu imoratning to‘rt burchida to‘rt manordek burjlar qo‘poribturlarkim, yuqqorig‘a chiqar yo‘llar bu to‘rt burjdindur. O‘zga tamom yerlarda toshdin sutunlardir. Ba’zini morpech xiyora qilibturlar, Yuqqorig‘i oshyonining to‘rt tarafi ayvondur, sutunlari toshdin. O‘rtasi chordara uydur. Imorat kursisini tamom toshdin farsh qilibturlar”…
Bu bog‘ni Ulug‘bek mirzo tiklagan saroy nomi bilan Bog‘i Chilsutun deb ham atashgan.
Tarixiy manba’larga ko‘ra, Amir Temur zamonida bog‘da chiroyli ayvon qurilib, unda qimmatbaho toshdan yasalgan taxt saqlangan.
Shuningdek, Amir Temur zamonida Sohibqiron farzandlari, nabiralari va saltanatning nufuzli amirlari tomonidan bunyod etilgan bog‘lar ham mavjud bo‘lgani bir qator tarixiy solnomalarda qayd etilgan. Keyinchalik buyuk bog‘bon – Amir Temurning avlod o‘z otalari va bobolaridan ibrat olib, Samarqanddagina emas, Hirotda (Shohruh, Husayn Boyqaro), Hindistonda (Bobur mirzo va boburiylar) ko‘plab ajoyib va beqiyos bog‘lar yaratdilar. Bu an’ana bugun ham o‘lgani yo‘q. Samarqandda Amir Temur bog‘larining tiklanayotgani, Toshkentda Milliy bog‘ va boshqa yashil chamanzorlarning, Andijonda Bobur bog‘ining bunyod etilgani fikrimiz dalilidir.
Bu hikoyamizni o‘n beshinchi bog‘ bilan bog‘liq rivoyat bilan yakunlaymiz.
Rivoyat qiladilarki, Sohibqironning kenja o‘g‘li, Ulug‘bek mirzoing otasi bo‘lmish Shohruh mirzo ham Amir Temurga ergashib, bir bog‘ barppo qilibdi. Bog‘ bitgach, otasi bilan o‘g‘lining sharafiga o‘sha yashil go‘shada ziyofat va majlis tuzibdi. Ziyofatdan so‘ng Shohruh mirzo otasidan:
— Padari buzrukvor, mening bu bog‘im haqida nima deysiz, sizga ma’qul bo‘ldimi? – deb so‘rabdi.
Amir Temur shunday javob qilibdi:
— Ey ko‘zimning nuri o‘g‘lim, sening bog‘ing juda ham zebo va dilkusho bog‘ bo‘libdi. Ammo davlati, boyligi bor har bir kishi bunday bog‘ni barpo eta oladi. Lekin dunyoda shunday benazir ikki bog‘ mavjuddirkim, ularning birini bunyod etishga sen ham, men ham mudom intilishimiz kerak, ammo ikkinchisini barpo etmoqqa yolg‘iz Ulug‘bek mirzogina muyassar bo‘lajakdur!
— Birinchi bog‘ qanday bog‘ ekan? – deb so‘ragan ekan, Sohibqiron javob beribdi:
— U bog‘ olimlar, fozillar, shoirlar, donishmandlar va boshqa ahloqli, tarbiyali ulug‘ insonlar suhbatidur. Shu ulug‘ zotlardan tarbiya topib, yaxshi va ibratli ishlarni zuhurga keltirish bu bog‘ning daraxti bo‘lib, mevasi yaxshi nomga ega bo‘lishdir.
Shohruh mirzo:
— Ulug‘bek bunyod etishga qodir ikkinchi bog‘ qanday bog‘ ekan? – deb so‘ragan ekan, Amir Temur shunday javob beribdi:
— Saltanatimning gavhari bo‘lmish Ulug‘bek barpo etadigan bog‘ning nomi ilmu-ma’rifat bog‘idur, tafakkur bog‘idur. Bu bog‘ning daraxtlari kitoblaru, mevalari hikmatlardur. Qalam va Aql yodgorligi o‘lmasdur, abadiydur. Men ham, sen ham kun kelib bir hovuch tuproqqa aylanajakmiz, lekin Ulug‘bek yaratgan ilm kitoblari abadiyan odamlarga hamnafas bo‘lajaklar.
Ha, ko‘zimning nuri o‘g‘lim, mudom yodingda bo‘lsinkim, kitoblar bunyodkorlik, aql-idrok va ilmu-donishning asosi, hayotni o‘rgatuvchi murabbiydur!










Download 1.29 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling