Kiyim va poyafzalga bo’lgan gigiyena talablari. Odamning kiyimi va poyabzali yil fasllariga mos bo’lib, havoni yaxshi o’tkazish xossasiga ega bo’lishi kerak. Sintetik materiallardan tikilgan kiyim, rezinadan tayyorlangan poyabzallar havo o’tkazmaydi. Shuning uchun, ter bezlaridan ajralgan suyuqlik yaxshi bug’lanmaydi. Buning oqibatida ichki kiyim, paypoq ho’l bo’lib, bola shamollab qolishiga sabab bo’ladi. Shunga ko’ra, ayniqsa O’zbekistonning issiq iqlim sharoitida sintetik materiallardan tikilgan kiyim, paypoq va rezina poyabzal kiyish gigiyena nuqtai nazaridan tavsiya etilmaydi. Bunday materiallardan tayyorlangan sport kiyimlari va poyabzallarni faqat mashg’ulot vaqtida kiyish mumkin.
Issiq sharoitda yoz oylarida ip gazlamadan tikilgan kiyim, qish faslida yesa jun va boshqa tabiiy gazlamalardan tayyorlangan kiyim, charm poyabzal kiyish maqsadga muvofiq bo’ladi.
Poshnasiz poyafzal (kalish, shippak, slans, keda, krassovka kabilar)ni butun kun davomida uzoq muddat kiyish yaramaydi, chunki yassioyoqlik yuzaga kelishiga sabab bo’ladi. Ularni qisqa vaqt kiyish mumkin. Shuningdek, poshnasi juda keng, uchi tor poyabzal ham yassioyoqlik yuzaga kelishiga sabab bo’ladi. O’quvchi qizlar uzoq vaqt baland poshnali poyafzal kiyishi natijasida ularning umurtqa pog’onasi va chanoq suyaklari egrilanib qolishi va yassioyoqlik yuzaga kelishi mumkin. Qizlar poyafzalining poshnasi enliroq, balandligi 2-3 sm dan oshmasligi lozim. Tor poyafzal oyoqda qon aylanishini qiyinlashtiradi, shuning uchun, odam tez charchaydi, qish vaqtida bunday poyafzal oyoqning sovuq olishiga sabab bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |