An'anaviy iqtisodiyot


Bozor iqtisodiyotining ob’ektlari va sub’ektlari


Download 35.77 Kb.
bet4/4
Sana05.04.2023
Hajmi35.77 Kb.
#1275587
1   2   3   4
Bog'liq
Ananaviy iqtisodiyot

Bozor iqtisodiyotining ob’ektlari va sub’ektlari
Bozor iqtisodiyoti tovar-pul munosabatlariga,aloqalariga asoslanar ekan, uning ob’ekti hamda sub’ektlari mavjud.Bozor iqtisodiyotining ob’ektlari — bu munosabatlar, aloqalar nimaga nisbatan yuz berishini ifodalasa, sub’ektlari ana shu munosabatlar, aloqalar kimlar o’rtasida bo’lishini ifodalaydi.
Bozor iqtisodiyotining ob’ekti tovar hamda puldir. Bozor iqtisodiyoti tovar ishlab chiqarishga asoslangan iqtisodiyotdir. Shuning uchun ham bozor iqtisodiyotining markaziy kategoriyasi tovar va pul. Xozirgi paytda bozor iqtisodiyotining yana bir ob’ekti sifatida pul massasi yoki agregatlari tushuniladi.
Bozor iqtisodiyotining sub’ektlari tadbirkorlar, ishchilar, kapital, qimmatbaho qog’oz egalari, tijoratchilar, iste’molchilar va hokazolardan iborat.
Bu sub’ektlar teng huquqli bo’lib, bir-biri bilan maqsadi, hamkorlikka undovchi manfaatlari, tovar va xizmatlar harakatini tashkil etish shakli va xarakteri jihatidan bog’langan.
Bozor iqtisodiyotining asosiy sub’ektlari iqtisodiy adabiyotlarda to’rt guruhga bo’linadi: uy xo’jaligi, firma (korxona), moliyaviy institut va davlat (hukumat).
1.Uy xo’jaligi. Uning tarkibi bir yoki bir necha kishidan iborat iqtisodiy birlik — oiladan iborat.
Uy xo’jaligi:
-ishlab chiqarishni mehnat resurslari bilan ta’minlaydi;
-mustaqil qarorlar qabul qiladi;
-ishlab chiqarish omillarining: kapital, er, mehnat, tadbirkorlikning egasi hisoblanadi;
-o’z xo’jaligi ehtiyojlarini maksimal darajada qondirishga intiladi.
2.Korxonalar (xo’jalik, firmalar) iqtisodiy faoliyat yurituvchi xo’jalik sub’ektlari bo’lib:
-ishlab chiqarish omillaridan biron-bir mahsulot ishlab chiqarish yoki xizmat ko’rsatish maqsadida foydalanadilar;
-maksimal darajada foyda olishga harakat qiladilar;
-mustaqil ish yuritadilar.
3.Moliyaviy institutlar — bozorning, korxonalarning normal faoliyat yuritishini ta’minlash uchun pul massasi, moliyaviy resurslar harakatini tartibga soluvchi moliya, kredit tashkiloti hisoblanadi.
4.Davlat, aniqrog’i, davlatning barcha idora, mahkama, tashkilotlari. Ular umumiy maqsadga erishish uchun huquqiy va siyosiy hokimiyat orqali xo’jalik sub’ektlari va bozorni zarur darajada nazorat qiladi. Shu bilan birga ishlab chiqarish va iste’mol bilan ham shug’ullanadi.
Bozor iqtisodiyoti sub’ektlari o’zaro aloqaga kirishadilar. Ish kuchi, er, kapital va boshqa vosita egalari ularni korxona, firmalarga sotadilar. Ular o’z navbatida ishlab chiqarish omillarini ishlatib, tovar yaratadilar, xizmat ko’rsatadilar.
Ularning o’zaro ta’siri quyidagicha:
Umuman olganda, butun jamiyat a’zolari bir tomondan, ishlab chiqaruvchi (xizmat ko’rsatuvchi), ikkinchi tomondan, iste’molchi. Bozorda esa sotuvchi hamda xaridor sifatida namoyon bo’ladilar.
Jahon miqyosida turli mamlakatlarning Bozor Iqtisodiyotiga o`tish modellari
XX asrga kelib bozor iqtisodiyotiga o’tish global, ya’ni umumjahon voqeligiga aylandi. Bozor iqtisodiyotiga o’tish murakkab jarayon, shuning uchun u uzoq vaqt davom etadi. Undan tashqari, har bir mamlakatning o’ziga xos xususiyatlari mavjud bo’lib, bozor iqtisodiyotiga o’tishning turli modellari, yo’nalishlari asosida amalga oshadi.
Bozor iqtisodiyotiga o’tishning o’ziga xos yo’li quyidagi omillarga bog’liq:
1) geografik o’rin;
2) tabiiy resurslarning mavjudligi va ularning zaxirasi;
3) tarixiy taraqqiyot darajasi;
4) aholining an’analari va urf-odatlari;
5) ishlab chiqarish kuchlarining rivojlanish darajasi;
6) jamiyatning ijtimoiy yo’nalishi.
Shu bilan birga bozor iqtisodiyoti modellarining umumiy tomonlari bo’lib, bular:
-bozor iqtisodiyotining turli-tuman mulkchilikka asoslanganligi;
-tovarlar va xizmatlarga erkin narxlar ustunligi;
-raqobat kurashiga asoslanishi;
-iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishning ma’lum tizimi mavjudligi va boshqalardan iborat.
Bozor iqtisodiyoti barcha mamlakatlarda o’z xususiyatlari va umumiy tomonlarining o’ziga xos qorishmasidan iborat bo’lib, ilmiy iqtisodiyotda har xil model (andaza) tarzida ifodalanadi.
Bozor iqtisodiyotiga o’tish modellarini tarixiy nuqtai nazardan 3 guruhga bo’lish mumkin.
Ana shunday guruhlarga bo’lishning mezoni qilib,
-davlat dasturlarining maqsadi, yo’nalishi;
-iqtisodiyotni tartibga solish usullari;
-iqtisodiyotda davlat sektorining ulushi;
-ish haqidagi farq kabilar olinadi.
1) G’arbiy Evropa mamlakatlari va boshqa rivojlangan mamlakatlar yo’li.
Bunda bozor iqtisodiyotiga evolyutsion o’zgarishlar orqali o’tib boriladi. XX asrning 30- yillariga kelib, ayniqsa 50- yillardan bu jarayon yanada tezlashdi. Bu modelni iqtisodchilar klassik model deb atashadi. U bozor iqtisodiyotiga o’tayotgan mamlakatlar uchun namuna bo’lib xizmat qilishi mumkin. Chunki, klassik modelda bozor iqtisodiyotining qonun-qoidalari, hayotiyligi sinab ko’rilgan. Klassik modelning o’zi ham 3 ga bo’linadi.
1.Sotsial bozor iqtisodiyoti modeli ko’proq fuqarolar manfaatini himoya qilish, uzoq muddatli dasturlar ishlab chiqish, aholining haddan ziyod tabaqalanishiga yo’l qo’ymaslik, davlat mulkining ulushining boshqa modellarga qaraganda ko’pligi (25—30%) bilan ajralib turadi. Bu model Germaniya, Avstriya, Skandinaviya mamlakatlariga xos.
2.Aralash yoki erkin bozor iqtisodiyoti modeli da esa davlat tadbirkorlikni rivojlantirish uchun sharoit yaratishi, iqtisodiyotni tartiblashda ustun darajada taktik usullardan foydalanishi, iqtisodiyotda davlat mulkining hissasi (10% atrofida) kamligi, aholining tabaqalanishi, kuchli ish haqidagi farqning kattaligi bilan ajralib turadi. Bu modelni qo’llagan eng tipik mamlakat sifatida AQShni ko’rsatish mumkin.
3.Korporativ iqtisodiyot modeli davlatning yirik biznes manfaatini himoya qilish, asosiy ustuvor tarmoqlarni aniqlab, ularning rivojlanishiga yordam berish, davlat mulki hissasi kamligi, lekin ish haqidagi farq haddan tashqari katta emasligi bilan farqlanadi. Bu muhim muvaffaqiyat bilan Yaponiyada va uning izdoshlari bo’lgan mamlakatlarda qo’llangan.

2)Mustamlakachilikdan ozod bo’lib, mustaqil taraqqiyot yo’liga o’tib rivojlanayotgan Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlari yo’li.



Bu yo’l mustamlakachilikdan qolgan qoloq, an’anaviy iqtisodiyotdan bozor iqtisodiyotiga o’tish yo’lidir. Bunda bozor iqtisodiyotiga xos belgilar turli xo’jaliklar: azaliy natural xo’jalik, rivojlanish darajasi, bozor munosabatlariga tortilishi jihatidan farq qilishiga qaramay, transformatsiya (aylana borishi) orqali yuz beradi.
Rivojlanayotgan mamlakatlarda bozor iqtisodiyotiga o’tish:

  1. bozor infrastrukturasini yaratish;

  2. iqtisodiyotni barqarorlashtirish;

  3. sanoat tarmoqlarini (ayniqsa, qayta ishlovchi) vujudga keltirish orqali yuz beradi.

Bu mamlakatlar uchun bozor iqtisodiyotiga kirib borish mustaqillik garovi hisoblanadi. Sababi bozor iqtisodiyotiga o’tish ishlab chiqarishni jadal o’sishiga olib keladi.
3) Bozor iqtisodiyotiga o’tishning sobiq sotsialistik mamlakatlar yo’li. Bu mamlakatlarda davlat mulki hukmron mavqega ega bo’lib, iqtisodiyot davlat tomonidan markazlashgan tarzda tuzilgan rejalar asosida boshqarilgan. Yaratilgan mahsulot ham davlat tomonidan taqsimlangan.
Totalitar iqtisodiyotning bozor bilan umumiyligi yo’q, ular bir-biriga zid, tabiatan har xil. Shuning uchun ham bu modelda aholiga bozor munosabatlari g’oyalarini singdirmay, ularga yangicha ko’nikma hosil etmay turib, bozor iqtisodiyotiga o’tib bo’lmaydi, lekin bu tizimning afzalligi shundaki, u o’ziga xos usullar bilan kuchli ishlab chiqarish va ilmiy-texnikaviy kadrlar potentsialini yaratgan. Ularga tayangan holda bozor iqtisodiyotiga o’tish nisbatan engil kechishi mumkin.
Bu tizimga kirgan mamlakatlarda xususiy mulk tamomila yo’qotilgan yoki qisman mavjud. Tadbirkorlikka intilish, iqtisodiy taraqqiyot darajasi turlicha, masalan, Polsha, Vengriya, Germaniya Demokratik Respublikasida xususiy mulkchilik ancha saqlangan. Sobiq Ittifoqda esa aksincha, xususiy mulk tamomila yo’qotilgan.
Bularning hammasi albatta, bozor iqtisodiyotiga o’tishda o’z ta’sirini o’tkazadi.
Bozor iqtisodiyotiga o’tish uchun islohotlar ikki yo’l: a) bozor iqtisodiyotiga tezlik bilan o’tish; b) bozor iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich o’tish yo’li bilan amalga oshiriladi.
GDR (GFR bilan qo’shilib yagona davlat vujudga kelishi tufayli), Polshada qisqa muddatda bozor iqtisodiyotiga o’tish amalga oshirildi.
Boshqa mamlakatlarda o’z xususiyatlaridan kelib chiqib, bozor iqtisodiyotiga o’tish bosqichma-bosqich amalga oshirilib, turli muddatlarni talab etadi.
O’tkaziladigan islohotlar, ko’riladigan chora-tadbirlar ham farq qiladi. Lekin sobiq sotsialistik mamlakatlarning bozor iqtisodiga o’tish modellarining umumiy tomonlari mavjud bo’lib: a) bozor iqtisodiyotiga o’tishning huquqiy asoslarini yaratish ;b)bozor infrastrukturasini shakllantirish; v) davlat mulk monopoliyasini sindirib, mulkchilikning, xo’jalik yuritishning turli shakllarini vujudga keltirish; g) narx ustidan davlat nazoratini minimallashtirish, narx-navoni erkinlashtirish va bosh-qalardan iborat.
Umuman olganda o’zining yorqinligi, samaradorligi, erishgan yutuqlari bilan jahon iqtisodiyoti taraqqiyoti tarixiga kirgan modellar «Amerika», «Yaponiya», «Germaniya», «Shvetsiya», «Janubiy Koreya», «Xitoy» modeli va boshqalar hisoblanadi.
«AQSh modeli» liberal model sifatida xarakterlanadi. Amerikacha andazaning o’ziga xos xususiyati uning tadbirkorlikni aholi orasida keng yoyishga, ommaviylikka erishishni ta’minlashga asoslanganligidir. U jamiyat a’zolaridan har birining ishbilarmonlik faoliyatini qo’llab-quvvatlash, iqtisodiy faoliyatni, xususiy manfaatdorlikni oshirish uchun keng shart-sharoit yaratishga qaratilgan. Mamlakat iqtisodiy rivojlanishidagi ayrim ziddiyatlar, pasayish va inflyatsiya singari salbiy holatlar ko’plab sug’urta, xayriya jamg’armalari, qolaversa, davlat yordamida hal etiladi. Bunda davlat qonunlar (ular hamma sohani qamrab olgan) to’la va to’g’ri bajarilishini kuzatib boradi.
U boshqa modellardan quyidagi xususiyatlari bilan faq qiladi:
— davlat mulki ulushining kamligi (sanoatda, aktsionerlik kapitalida davlat kapitalining hissasi 10%. Buyuk Britaniyada esa 24%, Frantsiyada 34%, Italiyada 38%);
— tadbirkorlikni keng ravishda qo’llab-quvvatlash. Kichik biznes 90- yillarda yangi ish o’rinlarining 90% ini tashkil etgan;
— iqtisodiyotni tartibga solishda davlatning minimal darajada aralashuvi (iqtisodiyotda chuqur inqiroz ro’y berib, tanglikdan olib chiqish jarayonida (60- yillarda), qashshoqlik bilan
kurash yillarida davlat aralashuvi yuqori bo’lgan, 70- yillardan boshlab davlat aralashuvi qisqarib borgan);
— aholining tabaqalanishi kuchli, kam ta’minlangan aholining hayot kechirish darajasi
past;
— ish haqida katta farq mavjud (firma boshliqlari bilan ishchi-xizmatchilar o’rtasidagi tafovut 110 martadan ortib ketadi).
Xozirgi paytda AQShda aholi jon boshiga ishlab chiqariladigan yalpi milliy mahsulot 28 ming dollarga teng.
«Yaponcha model». U ikkinchi jahon urushida vayronaga aylangan mamlakat aholisining qattiq mehnati hisobiga, hokimiyatni har tomonlama va so’zsiz qo’llab-quvvatlashi, vatanparvarlik tuyg’usi asosida yaratilgan. Yaponiya harbiy xarajatlardan voz kechgach, tinch-lik maqsadida barcha resurslarni to’plash va ishlatish hamda sanoatda iqtisodiy potentsialni o’stirish imkoni yaratildi. Eng avvalo, ishlab chiqarish eksportga mo’ljallab, moslashtirilib valyuta ishlab topildi, uning evaziga xorijiy mamlakatlardan, ayniqsa Amerika va g’arbiy Evropadan eng yangi texnika, texnologiya, litsenziya, patent, «nou-xau» sotib olinib, yuqori mehnat umumdorligiga erishildi. Tadbirkorlik qo’llab-quvvatlandi. Jahon bozorida xom ashyo va yoqilg’ining arzonlashuvi, nisbatan arzon ish kuchi, katta harbiy xarajatlarning yo’qligi Yaponiya eksportining ortib borishiga olib keldi. Bu borada yirik kompaniyalarni qo’llab-quvvatlash, mamlakatda ilmiy-texnikaviy taraqqiyotga alohida ahamiyat berilishi katta rol o’ynadi. Aholining tabaqalanishi dastlab kuchaygan bo’lsa, maqsadga erishilgach, aholining ehtiyojmand qismiga davlat va firmalar yordami kuchaytirildi, umumiy farovonlikka erishildi.
«Yapon modeli»ning asosiy xususiyatlari.
— Milliy iqtisodiyotning asosiy yo’nalishlariga davlatning yuqori darajada ta’sir ko’rsatishi. Davlat avval tankerlar ishlab chiqarishni, so’ngra avtomobil, 70- yillardan esa elektronika va kompyuterlar ishlab chiqarishni qo’llab-quvvatladi. Bunday yondashuv Yaponiyaga 70- yillarning o’rtasidagi chuqur krizislardan xoli bo’lib, iqtisodiyotni dinamik tarzda rivojlanishini ta’minladi.
— 1957 yildan boshlab iqtisodiyotni tanglik holatidan olib chiqish hamda ishlab
chiqarishda yuqori samaraga erishish strate-giyasi aniqlanib, energetikani rivojlantirish rejasi ishlab chiqildi. Kadrlarning intellektual salohiyatini oshirishga ahamiyat berildi. Uni amalga oshirishda firmalar ham qatnashdi, lekin asosan umumiy jarayonga davlat rahbarlik qildi. Bu investitsiya va undan foydalanish, soliq, narx, ish haqi siyosati orqali amalga oshirildi.
— Ish haqidagi farq uncha katta emas. Firma boshlig’i bilan xodimlar o’rtasida farq 17 marta atrofida.
— Model sotsial yo’naltirilgan. Davlat ijtimoiy notenglikka qarshi kurashadi. Aholining sotsial huquqlarini himoya qiladi. Ijtimoiy masalalarni hal etishni ma’lum darajada korporatsiya va birlashmalar zimmasiga yuklaydi. Aholi jon boshiga yaratilgan YaMM 40,9 ming dollar bo’lib, dunyoda 3-o’rinda turadi.
«Shvedcha model». Uning boshqa modellardan farq qiluvchi xususiyati ijtimoiy yo’naltirilgani, mulkdagi notenglikni qisqartirishga qaratilganligidir. Aholining kam ta’minlangan qatlami himoya qilinadi. Ishsizlikni kamaytirish chora-tadbirlari ko’riladi. Shvetsiyada davlat sektori hissasi yuqori. Yalpi milliy mahsulotda davlat xarajatlari 60% atrofida, uning yarmidan ko’pini uy xo’jaligi, korxonalarga dotatsiya tashkil etadi. Xizmatlarning ko’pi davlat sektori zimmasida, aksariyati bepul. Davlat narxlarga ham aralashadi.
Shvetsiya aholi farovonligi jihatidan jahonda etakchi o’rinni egallaydi.
Davlat iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va daromadlarni qayta taqsimlashda faol qatnashadi. Shvetsiya oxirgi 110 yil davomida aholi jon boshiga yiliga o’rtacha 2,5% miqdorida yalpi milliy mahsulot o’sishiga erishgan.
Bu andazaning shakllanishida Shvetsiyaning tarixan iqtisodiy jihatdan yuksak rivojlanganligi va mehnatkashlar kasaba tashkilotlarining jamiyatda, ayniqsa ishlab chiqarishda katta o’rin tutishi alohida ahamiyatga ega bo’ldi.
Aholi jon boshiga ishlab chiqarilgan YaMM 25,7 ming dollarga teng bo’lib, jahonda 14-o’rinni egallaydi.
«Frantsuz modeli». Bu model alohida ajralib turadigan xususiyatga ega emas. U «amerikacha» va «nemischa» model o’rtasida bo’lib, davlatning tartibga soluvchilik roli yuqori.
Frantsiyada 1947 yildan besh yillik indikativ reja tuziladi.
Xatto iqtisodiyotning xususiy sektori ham umummilliy rejalarga kiritilgan. Lekin ko’p ukladli iqtisodiyot xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning bu rejada qatnashishi ixtiyoriy. Davlatning qo’llab-quvvatlashidan umidvor firmalar, albatta ana shu rejalarni ko’zda tutib, faoliyat yuritishga harakat qiladi.
«Frantsuz modeli»da davlat tadbirkorligi katta o’rin tutadi. Kapital jamg’arilishiga, investitsiyaga davlat keng miqyosda aralashadi. Frantsiya aholi jon boshiga ishlab chiqarilgan YaMM mahsulot bo’yicha jahonda 12-o’rinda turadi. Bu 26,3 ming dollarga teng.
«Nemischa model». Bu model ijtimoiy yo’naltirilganligi bilan ajralib turadi. Ijtimoiy bozor iqtisodiyotining bosh g’oyasi Lyudvig Erxardga (1897—1977) tegishli. U 1949—1963 yillar davomida Germaniya Federativ Respublikasi Iqtisodiyot vaziri, 1963—1966 yillarda esa Federal kantsler bo’lib ishlagan.
Dastlab Erxard industrlashtirish rejasini ishlab chiqdi. Unda sanoat mahsulotini 1936 yilga nisbatan 65%, 1938 yilga nisbatan esa 50—55% ga ko’paytirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, pul islohoti, narx-navo islohoti o’tkazish, davlatning iqtisodiyotdagi rolini belgilab, qay darajada aralashuvi ko’rsatilgan.
Ijtimoiy yo’naltirilgan bozor iqtisodiyoti kontseptsiyasi zaminida faqat iqtisodiyotga tegishligina emas, balki insonning erkinligi masalalari ham ilgari surilgan.
Shaxs erkinligi haqidagi fikrlar Germaniya Konstitutsiyasida o’z ifodasini topgan.
«Nemis modeli» quyidagi xususiyatlari bilan ajralib turadi:
— Iqtisodiyotga davlatning katta ta’siri. Bu ayniqsa, sotsial muammolarni hal etishda namoyon bo’ladi. Germaniya o’zining an’anaviy, davlatning ijtimoiy himoya qilishga asoslanganligi bilan ajralib turgan.
— Germaniya birinchilardan bo’lib 70- yillardan boshlab asosiy mikroiqtisodiy ko’rsatkichlarni targetlashtirish (rejalashtirish)ga kirishgan.
— Ijtimoiy sherikchilik tamoyili amalga oshirildi. Korxonada ishlovchilarga mulkka ega bo’lishda qatnashish imkoni yaratildi.
— «Nemis modeli»da ham «yapon modeli»ga o’xshab hal qiluvchi rol banklarga berilgan. Markaziy bankka to’la mustaqillik berilgan.
— Ish haqi darajasi o’rtasidagi farq ham uncha katta emas. Firma boshlig’i bilan xodimlar ish haqi o’rtasidagi farq 23 ga teng. Mehnat ta’tili dunyoda eng uzun — 31 kunni tashkil etadi. Shu bilan birga ish haftasi eng qisqa — yillik ish vaqti 1500 soat (AQSh da 1850, Yaponiyada 2140 soat).
— Bandlikning o’sishiga qaratilgan dasturlar ishlab chiqish, ish vaqtining qisqaruvchan grafigini qo’llash, boylikni adolatli taqsimlash va boshqalar muhim o’rin tutadi. Aholi jon
boshiga yaratilgan YaMM 28,9 ming dollar bo’lib, jahonda 7- o’rinda tu-radi.
«Janubiy Koreya modeli». Bu model shunisi bilan qiziqarliki, u Janubiy Koreyani qisqa muddat ichida qoloq mamlakatlar safidan rivojlangan mamlakatlar qatoriga olib chiqdi. 1962 yili iqtisodiy islohotlar boshlanayotgan paytda aholi jon boshiga to’g’ri keladigan daromad 82 dollarga teng bo’lgan bo’lsa, 1988 yilga kelib 4,04 ming dollarga, 1996 yilga kelib 10,6 ming dollarga etdi yoki 129 martadan ortiq ko’paydi.
Janubiy Koreya modelining farqlanuvchi xususiyati shundaki, davlatning iqtisodiyotni tartibga soluvchi ta’siri nihoyatda kuchli. U quyidagi dastaklarni o’z ichiga oladi:
— Iqtisodiy o’sishni rejalashtirish. U bilan davlat organi —iqtisodiy rejalashtirish Kengashi shug’ullanadi. 1962 yildan buyon 5 yillik rejalarni ishlab chiqadi, yirik investitsion loyihalarni ma’qullash huquqiga ega, byudjet mablag’larini moliyalashtirish masalalarini hal qiladi. 70- yillarga qadar rejalashtirish direktiv xarakterga ega bo’lgan. Xususiy biznes rivojlanishiga qarab indikativ rejalashtirishga o’tildi. Ayrim yirik investitsion loyi-halar ba’zan XVF va Jahon banki tavsiyalariga rioya qilmay amalga oshirilgan. Xususan, shunday tarzda yirik po’lat quyish kompaniyasi yaratildiki, hozirgi paytda yiliga 200 mln tonnadan ortiq po’lat tayyorlaydi.
— Janubiy Koreyada uzoq vaqt kredit-moliya sohasida davlat monopoliyasi hukm surgan. Xususiy bank-kredit institutlari 80- yillarning birinchi yarmidan boshlab vujudga kela boshladi. Bunday siyosat davlatga o’z qo’lida moliya va valyuta resurslarini to’plash va undan ustun tarmoqlarni rivojlantirish uchun samarali foydalanish imkonini beradi.
— Tashqi iqtisodiy aloqalarni tartibga solish eksportni rag’batlantirish, importni cheklashga qaratilgan bo’lib, bu bilan milliy ishlab chiqarishni rivojlantirish qo’llab-quvvatlanadi.
Eksport muammosi alohida nazorat ostida bo’lib, Prezident har oy eng yirik eksportchilar ishtirokida kengash o’tkazgan. Alohida tarmoqlar bo’yicha eksport vazifalari rejalashtirilgan. Bu reja yillik bo’lib, kvartal va oylarga bo’lingan, zarur bo’lganda tuzatishlar kiritilgan.
Besh yillikda (1987—1991 yillar) iqtisodiyotni «jonlantirilgach» hukumat ijtimoiy dasturlarni amalga oshirishga kirishdi. Narxlarni barqarorlashtirish fondi tashkil qilindi. Yangi ish o’rinlari yaratildi. Ishsizlik qisqardi, ish haqi yiliga 29% ga o’sdi. Ish haqining o’sishi kasaba uyushmalari talabi bilan yuz berdi. Natijada inflyatsiya o’sdi. Navbatdagi besh yillikda (1992— 1996 yillar) hukumat inflyatsiyani jilovlashga harakat qildi. Daromad soliqlari oshirildi, davlat xarajatlari kamaytirildi.
Markazlashtirilgan tarzda o’rta va uzoq muddatli rejalar, maqsadli dasturlar tuzish, ularda ishlab chiqarish topshiriqlari hamda bajarish muddatlarining belgilanishi, xo’jalik yuritishda bozor uslublarini qo’shib olib borish Janubiy Koreyaga qisqa muddatlarda rivojlangan mamlakatlar safiga qo’shilib, jahon tsivilizatsiyasida o’ziga xos munosib o’rin egallash imkonini berdi. «Xitoy modeli». Iqtisodiyotni qayta qurish qishloq xo’jaligini isloh qilishdan boshlandi. Qishloq xo’jaligida xalq kommunalari asosiy xo’jalik yurituvchi sub’ekt bo’lib, oilaviy pudrat tizimi barpo qilindi. Bu ish 1984 yil oxiriga kelib yakunlandi. Oilaviy pudrat dehqon xo’jaligini bir oila a’zolari tashkil etib, foydalanish uchun er 15—20, ba’zi joylarda 30 yilga berilgan. Erga oila yoki bir necha oila qo’lidagi o’zi egalik qilayotgan texnika, asbob-uskuna va boshqalar yordamida ishlov beriladi. Deh-qonlar ishlab chiqargan mahsulotlarining bir qismini davlatga shartnoma asosida topshirardilar, bir qismini soliq o’rnida, yana bir qismini mahalliy fondga, qolganini o’z ixtiyorlariga ko’ra yuqori narxda davlatga yoki bozorda sotishlari mumkin edi.
Mayda xo’jaliklarning jamg’arma hosil qilish, texnikadan foydalanish, mahsulotning tovarlilik darajasini ko’tarish imkoniyati cheklangan.
Buni hisobga olib, hozirgi paytda dehqon birlashmalari, turli shakldagi kooperatsiyalar tashkil etish yoki erni eng kuchli — samarali dehqon xo’jaliklariga berib, yollanma ish kuchini jalb etish yo’lidan borilmoqda.
1984 yilda islohot shaharda ham boshlandi. XXRning iqtisodiy rivojlanish modelini tanlash jarayonida Xitoy olimlari «aralash model» variantini ishlab chiqishdi. Shunday modelning 1968 yilda Vengriyada, 60- yillarning o’rtalarida Chexoslovakiyada o’ziga xos variantlari ishlab chiqilib, amalda qo’llash boshlangan edi. Bu modelning mohiyati shundaki, bozor mexanizmi davlatning iqtisodiyotni tartibga solish darajasining yuqoriligi sharoitida vujudga keltiriladi. Bu model rejali iqtisodiyotni takomillashtiradi hamda uch tomon — davlat, korxona va alohida ishlovchi manfaatlarini uyg’unlashtiradi. U makrodarajada rejali boshqarish, mikrodarajada bozor orqali boshqarishni davlat tomonidan tartibga solinadigan turli bozorlar amal qilishini ko’zda tutadi. Natijada Xitoyda «markazlashgan rejali iqtisod» modelidan «sotsialistik rejali tovar iqtisodi» modeliga o’tildi. Bu modelning mohiyati: sotsialistik ishlab chiqarish tovar ishlab chiqarishga asoslanadi. Tovar ishlab chiqaruvchilar o’rtasidagi o’zaro munosabatlar tovar-pul munosabatlariga va ularning rivojlanishiga asoslanadi. Bunda eng muhim ishlab chiqarish vositalariga ijtimoiy mulkchilik va makrodarajada markazlashgan rejalashtirishning hal qiluvchi roli uni boshqa modellardan ajratib turadi.
Xitoy rahbariyati ishlab chiqilgan nazariy qoidalarga tayanib, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishning asosi va tamoyillarini ishlab chiqdi.
Davlat sektorida mulk egaligi huquqi bilan xo’jalik yuritish huquqining ajratilishi korxonalar xo’jalik faoliyatini jonlantirishga olib keldi. Ularning ajratilishi korxonalarni mehnat jamoalariga yoki alohida shaxslarga pudratga berish, erkin sotuvga korxona aktsiyalarini chiqarib sotish va boshqa xo’jalik yuritish shakllaridan foydalanish imkonini berdi. Korxonalarga o’zaro to’g’ridan-to’g’ri xo’jaliklararo aloqalarni faol rivojlantirish tavsiya etildi. Fond bozorlari, xizmat, axborot, texnika, texnologiya bozorlarini ham o’z ichiga olgan bozor tizimini yaratishga katta ahamiyat berildi. Shu bilan birga iqtisodiyotni makrodarajada tartibga solishni kuchaytirish va takomillashtirishni ham amalga oshirish tavsiya qilindi.
Xitoyda o’tkazilgan islohotlar qishloqda sanoat o’sishiga olib keldi. Islohotlar boshlangach, 10 yil davomida 80 mln ishchi o’rni yaratildi.
Sanoatda iqtisodiy qayta qurishlar natijasida turli mulk shakl-laridan va xo’jalik yuritish uslublaridan foydalanishga asoslangan yangi xo’jalik mexanizmi vujudga keldi.
Lekin ijtimoiy mulkning etakchilik roli saqlanib qoldi. Davlat sektori sanoat mahsulotlari 56%ni tashkil etdi. Korxonalarga rejadan tashqari mahsulot ishlab chiqarish, sotish-sotib olish imkoni berildi. Natijada rejadan ortiq mahsulot ishlab chiqarish keskin ko’paydi. Korxonalar ochiq bozorda rejadan ortiq ishlab chiqargan mahsulotlarini davlat tomonidan belgilanganidan 20% yuqori narxda sotishlari mumkin bo’ladi. Bularning hammasi iqtisodiyotni jonlantirishga hamda jahonda sanoat ishlab chiqarishning eng yuqori sur’atda bo’lishini ta’minladi.
Shunday qilib, bozor iqtisodiyotiga o’tishda har bir mamlakatning boshqa mamlakatlar bilan o’xshashlik tomonlariga qarab, ularni bozor iqtisodiyotiga o’tishning u yoki bu guruhiga kiritish mumkin. Shu bilan birga har bir mamlakat o’ziga xos xususiyatlari bilan boshqalardan farq qilar ekan, haqli ravishda har bir mamlakat bozor iqtisodiyotiga o’tishda o’z yo’liga ega, u o’z modelini yaratadi deb ayta olamiz.
Download 35.77 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling