Anatomiyadan amaliy
Download 0.82 Mb.
|
Topografik anatomiya va Operativ Xirurgiya
Sut bezi (gl. mammaria). Odamda sut bezi katta ko’krak mushagining ustida joylashganligidan, uni ko’krak bezlari ham deb ataydilar. Tuzilishi jihatidan sut bezlari, sut ishlab chiqarishga moslashgan ter bezlari bo’lib, ter bezlaridan takomil etgan. Sut bezi katta ko’krak mushagini qoplab yotgan fastsiyaning ustida, IV - V (erkaklarda) va III - VII (ayollarda) qovurg’alar sohasida joylashgan. Sut bezini ikkiga bo’luvchi ko’ndalang chiziqdan bir oz pastroqda va o’rtasida sut bezining so’rg’ichi (papilla mammae) joylashadi (37-rasm). So’rg’ich atrofida so’rg’ichga o’xshash qo’ng’ir rangli (pigmentga boy) doira (areola mammae) bo’lib, uning rangi homiladorlik davrida quyuqlashadi va jigar rang tusga kiradi. So’rg’ich atrofidagi doira terisida mayda bezlar joylashganligidan, bu soha tekis emas. So’rg’ich atrofidagi doira terisi uzunasiga hamda ko’ndalang yo’nalgan mushak tolalariga boydir. Ana shu mushaklarning qisqarishi tufayli sut bezi so’rg’ich bola emayotgan vaqtda dikkayadi. Sut bezini kesib, ichki tuzilishini tekshirsak uning 15 dan 20 tagacha alohida bez bo’laklari (lobuli gl. mammariae) dan iborat ekanligini, ko’ramiz.Bez bo’laklarining uchi, so’rg’ich tomon yo’nalgan konus shaklida bo’ladi. Bez bo’laklari orasida oqish, zich qo’shuvchi to’qima joylashgan. Bu to’qima pardalarining varaqlari bez bo’laklari to’qimasiga kiradi va uni bo’lakcha (lobuli) larga bo’lib yuboradi. Bo’lakchalarning har biri sut pufakchalaridan hosil bo’luvchi alohida - alohida sut yo’llariga ega. Bunda sut pufakchalaridan chiquvchi mayda sut yo’llari bir-biriga qo’shilib, bo’lakcha sut chiqarish yo’lini, bir necha bo’lakchalardan chiquvchi sut yo’llari esa – bo’lak sut yo’li (ductus lactiferi) ni hosil qiladi. 15-20 ta bez bo’lakchalaridan chiquvchi sut yo’llari sut bezining so’rg’ichi tomon yo’naladi. So’rg’ichga yaqin kelgandan so’ng, ular bir-biri bilan tutashib, 8 tadan 15 tagacha teshik bilan bevosita so’rg’ichga ochiladi. Sut bezi so’rg’ichi lupa bilan qaralsa, uning yuzasida bu teshiklarning borligini ko’rish mumkin.
Sut bezining bunday tuzilishini jarrohlik operatsiyalarida inobatga olish kerak. Chunonchi, undagi kesimlar sut yo’llariga parallel holda, radiar shaklda qilinishi va so’rg’ich dog’iga 1 - 1,5 sm yetmasdan tugashi kerak. Aks holda, sut yo’llarini va sinuslarini kesib qo’yish mumkin. Sut bezi uchta manbadan qon bilan ta`minlanadi: ko’krak qafasining ichki (a. thoracica interna), ko’krakning lateral (a. thoracica lateralis) va qovurg’alararo arteriyalaridan (aa. intercostalis). Bu arteriyalarni shu nomli venalar kuzatib boradi. Sut bezini o’mrov usti (bo’yin chigalidan), oldingi ko’krak (yelka chigalidan) va qovurg’alararo (II dan V gacha) nervlari innervatsiya qiladi. Sekret chiqarish vazifasini simpatik va parasimpatik nerv tolalari olib boradi. Ular bezga qovurg’alararo nervlari va qon tomir yo’llari orqali yetib keladi. Sut bezining limfa yo’llariga ko’proq ahamiyat beriladi. Chunki har xil metastazlar va yiringli yallig’lanish jarayonlari shu yo’llar orqali tarqaladi (38- rasm). Uning yuzaki- hamda chuqur limfa yo’llari farq qilinadi. Ularning birinchisi, sut bezining terisida hosil bo’lib, so’rg’ich atrofida areolali limfa chigalini hosil qilib, qarama-qarshi tomon shunday limfa yo’llari bilan anastomoz hosil qiladi. Chuqur limfa yo’llari sut bezining parenximasida o’tib, u ham bez bo’laklari orasida va parenximasida limfa chigalini hosil qiladi hamda ularning chiqaruv yo’llari sut yo’llariga parallel holda joylashadi. Yuzaki va chuqur limfa yo’llarining orasida o’zaro anastomozlar bor. Sut bezining limfa suyuqligini olib chiqib ketuvchi yo’li, qo’ltiq osti limfa tugunlariga, katta ko’krak mushagini aylanib o’tib ochiladi. Ko’pincha u o’z yo’lida katta ko’krak mushagining tashqi qirrasi ostida joylashgan (III kovurga ro’parasida) Zorgius limfa tuguniga ham ochiladi. Yomon sifatli o’smalarda shu limfa tuguni birinchi bo’lib jarohatlanadi. Sut bezining yuqori - tashqi sohasidan limfa qo’ltiq osti limfa tugunlariga, ayrim hollarda – to’g’ridan-to’g’ri o’mrov osti limfa tugunlariga ochiladi. Bu borada Truaz'e limfa tuguni ma`lum ahamiyatga ega bo’lib, u o’mrov ustida, to’sh - o’mrov - so’rg’ichsimon mushagining orqasida yoki uning oyoqchalari orasida joylashadi. Bu limfa tuguni rak metastazlarini birinchi bo’lib qabul qiladi. Shuning uchun uni "bildiruvchi" limfa tuguni ham deb ataydilar. Sut bezining medial hamda markaz qismidan chiquvchi limfa yo’llari qovurg’alararo mushaklarni teshib o’tib, to’sh oldi limfa tugunlariga (nodi lymphatici parasternalis) ko’krak qafasining ichki qon tomirlari bo’ylab borib ochiladi. Bezning ichki - pastki sohalaridan limfa qorin devorining yuqori sohalarida va qorin bo’shlig’ining yuqori qavatida joylashgan a`zolar limfa yo’llariga ochiladi. Bulardan tashqari, chuqur joylashgan limfa yo’llaridan limfa suyuqligi yuzaki joylashgan limfa yo’llariga va ular orqali teri osti yog’ to’qimasidagi limfa yo’llariga; u yerdan esa qarama-qarshi tomon sut bezi limfa yo’llariga o’tishi mumkin. Sut bezi bilan uning tagida yotgan katta ko’krak mushagining fastsiyasi orasida yog’ to’qimasi (retromammar yog’ to’qima) bo’lganligi sababli, bezni o’z joyidan osonlikcha u yoki bu yoqqa harakatlantirish mumkin. Agar shu harakat cheklangan bo’lsa, bezda yomon o’sma yoki retromammar abssess borligidan dalolat beradi. Download 0.82 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling