Anatomiyadan amaliy


Chov kanali (canalis inguinalis)


Download 0.82 Mb.
bet85/123
Sana20.06.2023
Hajmi0.82 Mb.
#1633266
1   ...   81   82   83   84   85   86   87   88   ...   123
Bog'liq
Topografik anatomiya va Operativ Xirurgiya

Chov kanali (canalis inguinalis). Chov kanali deganda, qorin tashqi qiyshiq mushagi aponevrozi ochilgandan keyin ko’rinadigan anatomik oraliqqa aytiladi. Chov churrasi bo’lmaganida chov kanali yaxshi rivojlanmagan bo’ladi. Kanalning amaliy ahamiyati shundaki, uning ichidan har xil chov churralari o’tadi. Kanalning to’rtta devori va ikkita teshigi tafovut qilinadi. Uning oldingi devorini, qorin tashqi qiyshiq mushagining aponevrozi, pastki devorini - chov boylami, yuqori devorini - ichki qiyshiq va ko’ndalang qorin mushaklarining pastki qirralari va orqa devori­ni - qorin ko’ndalang fastsiyasi hosil qiladi (43- rasm).
Chov kanali chov boylamiga parallel holda joylashib, uning medial 2/3 kesimiga to’g’ri keladi. Uning uzunligi o’rtacha 4,5 sm cha bo’lib, bolalarda bir oz kalta va kengroq bo’ladi. Kanal ayollarda erkaklardagiga qaraganda tor va uzun bo’ladi. Chov kanalida ichki va tashqi teshiklar farq qilinib, uning tashqi teshigi (annulus inguinalis externa) qov suyagining yuqori-tashqi sohasiga to’g’ri keladi va tashqi qiyshiq mushagi aponevrozining qov suyagiga birikishidan oldin, ikkiga bo’linishidan hosil bo’ladi. Aponevrozning bo’lingan bu qismlarining yuqori bo’lagiga medial oyoqcha (crus medialis), pastki bo’lagiga - lateral oyoqcha (cms lateralis) deyilib, birinchisi qov suyaklarining birlashmasiga, ikkinchisi - qov do’mbog’iga birikadi. Natijada ikkala oyoqchalar orasida hosil bo’lgan yoriq orqali chov kanalidan chiqib kelayotgan urug’ tizmasi (erkaklarda) yoki bachadonning yumaloq boylami (ayollarda) o’tganligi uchun unga chov kanalining tashqi teshigi deyiladi. Tashqi teshikning lateral sohasi oyoqchalararo fibroz tolalar (fibrae intercruralis) bilan, medial sohasi esa kaytalovchi boylamlar (lig. reflexum) bilan aylanasiga o’raladi. Natijada avval yoriqsimon shaklga ega bo’lgan tashqi teshik, ovalsimon shaklga kiradi. Bu teshikning kengligi mo’tadil holatda ko’rsatkich barmoqning uchini o’tkazadi.
Chov kanalining ichki teshigi (annulus inguinalis interna) qorin oldingi devorining ichki yuzasida, tashqi teshik ro’parasida joylashadi. Chov kanalining ichidan urug’ tizmasi (erkaklarda) yoki bachadonning yumaloq boylami (ayollarda) o’tadi. Chov kanalidan chov churralari kelib chiqadi. Ularni boshlanish va kelib chiqish joylarini hamda to’g’ri va qiyshiq chov churralarini bir - biriga nisbatan anatomik farqlarini bilishimiz, hamda to’g’ri tushunishimiz uchun qorin oldingi devorining ichkari (orqa) tomondan tuzilishi bilan tanishib chiqishimiz zarur.
Qorin oldingi devorining ichki sohasida qorin pardadan hosil bo’lgan beshta burma bor. Ularning ikkitasi juft, bittasi toq, bo’lib, toq, burma obliterasiyaga uchragan siydik yo’li (urachus) ning ustida hosil bo’ladi. Bu burma qovuq bilan kindik o’rtasida tortilib turganligi sababli, qovuq - kindik o’rta egati (plica vesicaumbilicalis mediana) deyiladi. Qolgan ikkita juft burmalarning ikkitasi obliterasiyalangan kindik arteriyalarining ustida hosil bo’lib, ular ham qovuqning yon tomonlari bilan kindik orasida hosil bo’lganliklari sababli, ularga siydik qopi - kindik ichki egat (plica vesicaumbilicalis media) lari deyiladi. Qolgan yana ikkita egatlar vasa epigasrica inferior ustida hosil bo’lib, ular ham qovuqning yon tomonlaridan, kindik sohasiga qarab yurgani uchun ularga qovuq – kindik lateral egat (plica vesicoumbilicalis lateralis) lari deyiladi. Qorinpardaning bu burmalari orasida har tomonda uchtadan, oltita chuqurchalar hosil bo’ladi. Bularning o’rta va medial burmalar orasida hosil bo’lganiga qovuq usti chuqurcha (fovia supravesicalis) si, medial burma bilan lateral burmalar orasidagisiga - medial chov chuqurchasi (fovia inguinalis medialis) va lateral burmadan tashqaridagi chuqurchaga - lateral chov chuqurcha (fovia inguinalis lateralis) si deyiladi. (44-rasm)
Medial chov chuqurchasi chov kanalining tashqi teshigi bilan bir chiziqda bo’lib, uning orqasida joylashadi. Shuning uchun ham u orqali chiqib kelgan qorin a’zolari, to’ppa - to’g’ri tashqi teshikdan chov soxasiga chiqadi. To’g’ri tushib kelgan bunday churraga - to’g’ri chov churrasi (hernia inguinalis recta) deyiladi. Lateral chov chuqurchasi chov kanalining ichki teshigi hisoblanadi. Ammo, u ochiq bo’lmay, qorinning ko’ndalang fastsiyasi hamda qorin pardaning pariyetal varag’i bilan qoplangan bo’ladi. Agar qorin a’zolari shu chuqurcha orqali o’tib, chov kanali bo’ylab uning tashqi teshigidan chiqib kelsa, qiyshiq chov churrasi (hernia inguinalis obliqua) hosil bo’ladi.
Bu borada qorin bo’shlig’idan teri ostiga chiqqan a’zolarning churra deb hisoblanishi uchun churra belgilaridan uning uchta asosiy tarkibiy qismi bo’lishi kerak. Bular: churra darvozasi, churra xaltasi va churra xaltasining ichida Qorin a’zolarining birontasi (ichak, charvi va h. k.). Churra xaltasi qorin pardaning pariyetal varag’idan hosil bo’lib, to’g’ri chov churrasida teri va teri osti yog’ to’qimasi, yuzaki fastsiya hamda qorin parda oldi yog’ qavati bilan qoplangan bo’ladi.
Yuqorida aytganimizdek, qiyshiq chov churrasi butun chov kanali bo’ylab o’tib, urug’ tizmasi bo’ylab yorg’oqqa tushishi mumkin. Bunday churraga chov - yorg’oq churrasi deyiladi. Ayollarda u katta jinsiy lablar yog’ to’qimasigacha tushishi mumkin. Qiyshiq, chov churrasining churra xaltasi, urug’ tizmasi va moyakning umumiy qini qobig’i ostidan o’tib, urug’ tizmasi o’ralib turgan qavatlar bilan o’ralgan bo’ladi. Urug’ tizmasining tarkibiy qismiga, urug’ olib chiquvchi yul (ductus spermaticus), moyak arteriyasi (a. testicularis), moyakni ko’tarib turuvchi mushak arteriyasi (a. cremastrica) va urug’ olib chiquvchi yo’l arteriyasi (a. ductus deferentis) kiradi.
Urug’ tizmasi atrofida uzum mevasiga o’xshagan qalin vena chigallari (plexus pampiniformis) hosil bo’lib, keyinchalik bu chigal, moyak venasiga (v. testicularis) o’tadi. Bunda o’ng moyak venasi to’g’ri pastki kovak venaga, chapi bo’lsa - chap buyrak venasiga quyadi. Chov kanali sohasida yonbosh-chov va son - oraliq nervlarining oraliq, tarmoqlari o’tadi.
Qiyshiq chov churrasining churra xaltasi quyidagi qavatlar bilan yopilgan bo’ladi: teri va teri osti yog’ to’qimasi, yuzaki fastsiya, qorin tashqi qiyshiq mushagining aponevrozi va urug’ yo’li fastsiyasi (fascia spermaticus), moyakni ko’tarib turuvchi mushak (m. cremasterica) hamda shu nomli fastsiya. Bularning ostidagi qavat, moyak va urug’ tizmasini o’rab turgan umumiy qobig’i bo’ladi. Bu borada shuni ham aytib o’tish kerakki, qorin tepasidagi pastki arteriya va venalar (a. et v. epigastrica inferior) qiyshiq chov churrasida churra xaltasiga nisbatan ichkarida, to’g’ri chov churrasida esa - tashqarida yotadi.
Tug’ma chov churralarining (hernia inguinalis congenita) hosil bo’lishi, orttirilgan chov churralaridan (hernia inguinalis acquistica) farq qiladi. Odatda qorin pardaning yorg’oq ichiga kirgan o’sig’i (prosessus vaginalis) homilaning oxirgi oylari, ya’ni tug’ilish paytiga kelib bekiladi (obliterasiyalanadi). Bordiyu, shu bekilish jarayoni sodir bo’lmay, uning yorg’oqqa olib kiradigan yo’li ochiq qolsa, ayni paytda moyak hamda urug’ tizmasi uchun umumiy qobiq hisoblanib, bu o’siq, ichiga qorin bo’shlig’i a’zolarining o’tish imqoniyati tug’iladi va yopilmay qolgan bu o’siq, churra xaltasi vazifasini o’taydi. Natijada hali tug’ilib ulgurmagan bolada chov churrasi hosil bo’lib, u shu churra bilan tug’iladi. Bundan ko’rinib turibdiki, tug’ma chov churralari ham, orttirilgan chov churralaridek, urug’ tizmasi umumiy qobig’i ichida o’tar ekan. Demak, har ikkalasida ham churra xaltasini o’rab to’rgan qobiq bir xil, ya’ni: tashqi urug’ fastsiyasi, moyakni ko’taruvchi mushak fastsiyasi, moyakni ko’tarib turuvchi mushak va urug’ tizmasining ichki fastsiyasi bo’ladi.

Download 0.82 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   81   82   83   84   85   86   87   88   ...   123




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling