Anatomiyadan amaliy


Qorin bo’shlig’i (cavitas abdominis)


Download 0.82 Mb.
bet86/123
Sana20.06.2023
Hajmi0.82 Mb.
#1633266
1   ...   82   83   84   85   86   87   88   89   ...   123
Bog'liq
Topografik anatomiya va Operativ Xirurgiya

Qorin bo’shlig’i (cavitas abdominis). Qorin bo’shlig’ining hajmi, qorin devorining hajmidan ancha katta bo’lib, bunga sabab, yuqoridan diafragmani gumbazsimon bo’lib ko’krak qafasiga, pastdan - qorin pardaning pastga - chanoq bo’shlig’iga kirib borishi hisobiga, bu bo’shliqning kengayishidir. Qorin bo’shlig’i yuqoridan diafragma bilan, pastdan - katta va kichik chanoqni bir - biridan ajratib turuvchi chegara chiziq (linea terminalis) bilan, oldindan — qorinning oldingi-yon devorlari bilan va orqadan - qorinning orqa devorini hosil qiluvchi bel sohasi mushaklari va bel umurtqalari bilan chegaralanib turadi. Qorin devorlarining ichki yuzalari qorin ichki fastsiyasi (fascia endoabdominalis) bilan qoplangan. Qorin bo’shlig’ini ikki qismga bo’lib o’rganadilar. Bular: qorin parda ichki bo’shlig’i (cavitas peritonei) va qorin parda orqa satxi (spatium retroperitonealis). Qorin parda ichki bo’shlig’ini odatda qorin bo’shlig’i deb yuritganlari uchun biz ham shu iborani qo’llashni ma’qul deb topdik.
Biz bilamizki, qorin parda ikki varaqdan, ya’ni pariyetal (peritoneum parietalis) va visseral (peritonium visceralis) varaqlardan iborat bo’lib, pariyetal varag’i qorin devorining ichki yuzasini, visseral varaq esa — qorin a’zolarini o’raydi. Qorinpardaning o’zi serozli qobiqdan iborat, u cho’ziluvchan va mustahkam pardadir. Qorin parda pariyetal varag’ining, visseral varaqqa o’tishida, ularning orasida varaqlararo serozli xalta hosil bo’ladi. Bu xalta qorin bo’shlig’i deyilib, uning ichida seroz suyuqligi (liquor peritonei) bo’ladi. Bu suyuqlik ichki a’zolar satxini ho’llab, silliq va muloyim bo’lib turishini ta’minlaydi. Qorin bo’shlig’i hamma tomondan pariyetal varaq bilan o’ralgan yopiq bo’shliqdir. Faqat ayollardagina u bachadonning naylari orqali tashqi muxit bilan aloqa qiladi.
Qorin pardaning qorin devorlaridan a’zolarga yoki biron a’zodan ikkinchi a’zoga o’tadigan joylarida uning boylamlari (lig. peritonei) hosil bo’ladi. Ularning ayrimlari juda yaxshi rivojlangan. Ingichka ichak, ko’ndalang chambar ichak va sigmasimon ichak tutqichlari bunga yaqqol misol bo’la oladi. Pariyetal varaq qorinning oldingi va yon devorlarining ichki yuzalarini qoplab, yuqoridan diafragma­ni pastki yuzasiga, pastdan – katta va kichik chanoq sohasiga o’tadi. Orqadan u qorin orqa devorini hosil qilgan mushaklarni, umurtqalarga bir oz yetmasdan yopib, qarama - qarshi tomonga o’tib ketadi.
Qorin pardaning visseral varag’i, qorin a’zolarini har xil o’raydi. Bunda, bir xil a’zolarni hamma tomonidan o’rasa, ikkinchi xilini - uch tomondan va yana ayrimlarini - faqat bir tomondan o’raydi. Hamma to­mondan o’ralgan a’zolar - intraperitoneal a’zolar deyilib, bularga me’da, taloq, ingichka, ko’r, ko’ndalang, chambar va sigmasimon ichaklar kiradi. Uch tomonidan o’ralgan a’zolarga jigar, o’’t pufagi, yuqoriga ko’tariluvchi va pastga tushuvchi chambar ichaklar, 12 barmoq ichakning boshlanish va oxirgi qismlari kirib, bularga - mezoperitoneal a’zolar deyiladi. Faqat bir tomondan yopilgan a’zolarga - ekstraperitoneal a’zolar deyilib, bularga 12 barmoq ichak, me’da osti bezi (ayrim vaqtlarda o’t pufagi), buyraklar hamda qovuq kiradi.
Qorin pardaning visseral varag’i, jigarning diafragma yuzasini yopib, uning pastki sohasiga tushadi. Jigarning pastki - oldingi sohasidan pastga tushib, uning orqa sohasidan tushuvchi ikkinchi varag’i bilan jigar darvozasi yaqinida bir-biri bilan birlashadi. Bu birlashgan varaqlar me’daning kichik egriligiga va 12 barmoq, ichakning boshlanish qismiga borib birikib, kichik charvi boylamlarini: jigar - me’da (lig. hepatogastricum) va jigar - 12 barmoq, (lig. hepatoduodenale) boylamlarini hosil qiladi.
Kichik charvi varaqlari, me’daning kichik egriligi sohasida ikki varaqni hosil qiladi. Bu varaqlardan bittasi, me’daning oldingi, ikkinchisi — orqa tomondan o’rab, pastga va chap tomonga qarab o’tib, uning katta egriligida yana o’zaro qo’shilishib pastga tushadi va katta charvining (omentum majus) oldingi plastinkasini hosil qiladi. So’ngra bu plastinka katta charvi oldingi sohasi bo’ylab, pastga uning oxirigacha (ayrim paytlarda qov suyagigacha) ushgach, uning orqa sohasiga o’tadi. Bu yerdan yuqoriga qarab ko’tarilib katta charvining orqa devorini hosil qiladi. Katta charvining bu oldingi hamda orqa plastinkalari orasida torgina yoriqsimon bo’shliq hosil bo’ladi. Bu bo’shliq katta charvi bo’shlig’i (bursa omentalis majus) deyilib, katta kishilarda ko’pincha bitib ketgan bo’ladi. Qorinpardaning yuqorida ko’rsatilgan varaqlari ko’ndalang chambar ichakka yetgach, uning yuqori, oldingi sohasidan aylanib o’tib, qorin bo’shlig’ining orqa sohasiga chiqadi va orqa devorga o’tadi. Bu yerda yana ikki varaqda ajralib, ulardan biri yuqoriga ko’tarilib, me’da osti bezini, qorinorqa devorini va diafragmani bir qismini (pariyetal varag’i) yopib, jigarni pastki orqa yuzasiga chiqadi va u yerdan uning pastki sohasiga o’tadi. Ikkinchi varag’i esa, orqaga qaytib, teskari tomonga qarab yuradi. Bunda u, qorinning orqa devoridan ko’ndalang chambar ichakka o’tib, uni o’raydi va yana qorinning orqa devoriga qaytadi. Shunday qilib, ko’ndalang chambar ichak tutqichini (mesacolon transversum) hosil qiladi.
Ko’ndalang chambar ichakning tutqichidan, qorin parda varag’i pastga va orqaga tushib, pariyetal varaq sifatida qorinning orqa devorini qoplaydi, keyin o’ng tomondan yuqoriga ko’tariluvchi, chap tomondan - pastga tushuvchi chambar ichaklarni uch tomonidan yopadi. Pariyetal varaq yuqoriga ko’tariluvchi va pastga tushuvchi chambar ichaklardan ichkarida qorin parda orqa satxida joylashgan a’zolarni yopib, ingichka ichakka boradi. U yerda, ingichka ichak tutqichini hosil qilib, ichakning o’zini hamma tomondan o’raydi.
Qorinpardaning pariyetal varag’i, qorin bo’shlig’ining orqa devoridan chanoq bo’shlig’iga tushadi va to’g’ri ichakni boshlangich qismini yopib, kichik chanoq devorlarini qoplay­di. U yerdan qovuqqa o’tib, uni ustidan (bir oz), orqasidan va ikki yon tomonidan yopadi (ayollarda to’g’ri ichakdan so’ng bachadonni orqasidan, ustidan, ikki yon tomonidan va oldidan yopgandan so’ng qovuqqa o’tadi). So’ngra qovuq usti bo’ylab, qorin bo’shlig’ining oldingi devoriga o’tib ketadi.
Ko’ndalang chambar ichak va uning tutqichi, qorin bo’shlig’ini yuqori va pastki qavatlarga bo’ladi. Bunda, ko’ndalang chambar ichakni tutqichi qorin orqa devoriga yopishgan holda, o’ng tomondan chap tomonga qarab qorin bo’shlig’ini quyidagicha kesib o’tadi: o’ng buyrakni yuqori 2/3 qismidan toq vena, pastki kovak vena, simpatik poya va ko’krak limfa yo’lini II bel umurtqasi ro’parasida kesib o’tgach, qorin aortasi va chap simpatik poya hamda 12 barmoq ichakni pastga tushuvchi qismining o’rtasidan o’tib, chap buyrakni teng ikkiga bo’lib o’tadi. Shu tutqich va ko’ndalang chambar ichakdan yuqorisi - qorin bo’shlig’ining yuqori qavati, pastkisi - pastki qavati deyiladi.
Qorin bo’shlig’ining yuqori qavatidagi a’zolarga jigar, o’t pufagi, me’da, me’da osti bezi, taloq, 12 barmoq ichakning boshlanish qismi, pastki qavati a’zolariga - 12 barmoq ichakning pastki, gorizontal va yuqoriga ko’tariluvchi qismi bilan ingichka hamda yo’g’on ichaklar kiradi.
Qorin bo’shlig’ining yuqori qavatida sanab chikilgan a’zolardan tashqari, to’rtta seroz xalta bo’lib, ularning eng kattasiga va chuqurda joylashganiga charvi xaltasi (bursa omentalis), qolgan kichkina va yuzaki joylashganlariga me’da oldi (bursa prigastrica), jigarning o’ng va chap (bursa hepatica dextra et sinistra) seroz xaltalari deyiladi.
Bu seroz xaltalar, qorin pardaning qorin devoridan, Qorin a’zolariga va a’zolardan yana qorin devoriga o’tishi natijasida uning varaqlari orasida hosil bo’ladi. Charvi xaltasi yuqoridan, jigar va diafragma bilan, pastdan - ko’ndalang chambar ichak va uning tutqichi bilan, oldindan - kichik charvi, me’daning orqa devori va me’da - chambar ichak boylami (lig. gastrocolicum) bilan, orqadan - me’da osti bezini va qorin orqa devorini yopib turuvchi qorin parda bilan, chapdan - me’da - taloq va diafragma taloq, boylamlari (lig. gastrolienal et phrenicolienalis) bilan va ungdan - jigar bilan chegaralanadi.
Charvi xaltasi hamma tomondan yopiq, bo’lib, faqat bitta teshik orqali qorin bo’shlig’i bilan aloqa qiladi. Bu teshik uning oldingi o’ng tomonida hosil bo’lib, unga charvi teshigi (foramen epiploicum Winslovi) deyiladi.Teshik devorlarini oldindan jigar - 12 barmoq ichak boylami (lig. hepatoduo-denale), pastdan 12 barmoq, ichakning yuqori qismi (pars duodeni superior), orqadan - pastki kovak venani yopuvchi Qorin parda bilan 12 barmoq - buyrak boylami (lig. duodenorenalis) va yuqoridan - jigarning dum bo’lagi (lobus caudatus hepati) chegaralab turadi. Teshikning kengligi 3 - 5 mm cha bo’lib, charvi xaltasi bo’shlig’ini qorinning yuqori qavati bilan aloqa qildirib turadi.
Me’da oldi seroz xaltasi yuqoridan jigarning chap bo’lagi bilan, oldindan - qorin oldingi devorini yopuvchi qorin pardaning pariyetal varag’i bilan, orqadan - kichik charvi va me’daning oldingi devori hamda pastdan - ko’ndalang chambar ichak tutqichi bilan chegaralanib turadi.
Jigarning o’ng seroz xaltasini yuqoridan, diafragmaning pay qismi, pastdan - jigar o’ng bo’lagining diafragma yuzasi, orqadan - o’ng toj boylam, chapdan - o’roqsimon boylam va o’ngdan - diafragmaning mushak qismi chegaralab turadi.
Jigarning chap seroz xaltasi esa o’z navbatida yuqoridan - diafragma bilan, orqadan — chap toj boylam bilan, ungdan o’roqsimon boylam bilan, chapdan - ji­garning chap uchburchakli boylami bilan va pastdan jigar chap bo’lagining diafragma yuzasi bilan chegaralanib turadi.
Bu xaltalarning amaliy ahamiyati shundaki, bularda har xil patologik jarayonlarda (me’da yarasi teshilganda, o’’t pufagi yorilganda, o’tkir yiringli jarrohlik kasalliklarida, qorin bo’shlig’i a’zolari yoki qon tomirlari jarohatlanganda va h. k.) qon, yiring, o’t suyuqligi, me’da yarasi teshigidan chiqqan oziq-ovqatlar va h. k. yig’ilib, jarroh. ko’zidan yashirinib qolishi mumkin. Yuqoridagi sabablar bo`yicha jarrohlar qorin bo’shlig’ida operasiya qilayotgan bo’lsalar, shu xaltalarni ham taftish qilishlari kerak.
Qorin bo’shlig’ining pastki qavatida yuqoriga ko’tariluvchi va pastga tushuvchi chambar ichaklarning tashqi tomonlari bilan qorin yon devorining ichki sohalari orasida, qorin bo’shlig’ining o’ng va chap kanallari (canalis abdominalis dextra et sinistra) hosil bo’ladi. Ular qorin pardaning qorin yon devoridan chambar ichakka o’tishidan hosil bo’lib, amaliy jixatdan o’ng kanal katta ahamiyatga egadir. Chunki u, qorin bo’shlig’ining yuqori qavati bilan aloqada bo’lib, me’da yarasi teshilganda yoki o’t pufagi yorilganda ulardan chiqqan oziq-ovqatlar, o’t suyuqligi shu kanal orqali qorinning pastki qavatiga tushib o’ng yonbosh sohasida yalliglanish jarayonini qo’zg’atishi mumkin. Bu esa o’z navbatida appendisit belgilarini berib, noto’g’ri diagnoz quyilishiga olib keladi. Qorin bo’shlig’ining chap kanalining yo’lida diafragma – chambar ichak boylami (lig. frenico - colicum) borligi tufayli u, yuqori qavat bilan aloqa qila olmaydi.
Kanallardan tashqari, pastki qavatda tutqich bo’shliqlari (sinuslari) bor. Yo’g’on ichakning yuqoriga ko’tariluvchi, ko’ndalang va pastga tushuvchi qismlari to’g’ri burchak hosil qilib joylashadi. Burchakning diagonali bo’ylab yuqoridan pastga, chapdan o’ngga qarab, ingichka ichak tutqichi o’tadi. Buning natijasida uchburchak shaklga o’xshagan ikkita (o’ng va chap) bo’shliq (sinus) hosil bo’ladi. O’ng bo’shliq (sinus mesenterica dextra) deyilib u o’ngdan yuqoriga ko’tariluvchi chambar ichak bilan, yuqoridan - ko’ndalang chambar ichak bilan va chapdan - ingichka ichak tutqichi bilan chegaralangan bo’ladi. Chap bo’shliq (sinus mesenterica sinistra) - chapdan pastga tushuvchi chambar ichak bilan, ungdan - ingichka ichak tutqichi bilan va yuqoridan - ko’ndalang chambar ichak bilan chegaralanadi. Uning pastki sohasi chanoq bo’shlig’i bilan aloqada bo’ladi. Qorin bo’shlig’ining pastki qavatini orqa sohasidan yopgan qorin pardaning ichak qovuzlogining bir qismidan ikkinchi qismiga o’tadigan joylarida cho’ntaklar (chuqurliklar) hosil bo’ladi. Bular
ham amaliy jihatdan katta ahamiyatga ega bo’lib, qorin ichki churralari hosil bo’lishida xizmat qiladi. Bunday cho’ntaklardan beshtasi mavjuddir.
Cho’ntaklarning uncha katta bo’lmagan birinchisi, 11 bel umurtqasining chap tomonida joylashib, 12 barmoq ichakning och ichakka o’tadigan joyida joylashadi va 12 barmoq - och ichak yuqori cho’ntagi (recessus duodenojejunal superior deyiladi. U o’ng tomondan 12 barmoq - och ichak egriligi (flexura duodenojejunalis) bilan, yuqori va chap tomondan - ichakning pastki tutqich arteriyasi o’tadigan Qorin parda burmasi bilan chegaralanib turadi.
Ikkinchi cho’ntak, ingichka ichakning ko’r ichakka ochiladigan joyini tepasida bo’lib, unga yuqori ileosekal cho’ntagi (recessus iliocaecalis superior) deyiladi. Bu cho’ntak yuqoridan yonbosh-chambar burmasi (plica iliocolica) bilan, pastdan - yonbosh ichakning oxirgi qismi bilan va tashqaridan - yuqoriga ko’tariluvchi chambar ichakning boshlanish qismi bilan chegaralanib turadi.
Uchinchi cho’ntak, pastki ileosekal cho’ntagi (resessus iliocaecalis inferior) deyilib, yonbosh ichakning ko’r ichakka ochiladigan joyi ostida joylashadi va yuqoridan yonbosh ichakning oxirgi qismi bilan, orqadan - chuvalchangsimon o’simtaning tutqichi bilan va oldindan - qorin pardaning ileosekal burmasi (plica iliocaecalis) bilan chegaralanib turadi.
To’rtinchi cho’ntak, ko’r ichakning orqasida joylashib, unga ko’r ichak orqa chuntagi (recessus retrocaecalis) deyiladi. U oldindan ko’r ichak bilan, orqadan - qorin pardaning pariyetal varag’i bilan va tashqaridan - ko’r ichak oldingi yuzasi hamda qorin devori orasida tortilgan qorin parda burmasi bilan chegaralanadi.
Cho’ntaklarning beshinchisi, chap tomonda sigmasimon ichak tutqichida joylashib, sigmasimonaro cho’ntagi (recessus intersigmoideus) deyiladi. Bu cho’ntaklar ichiga ichak qovuzloqlari kirib, qisilib qolishi va qorin ichki churralari sodir bo’lishiga olib kelishi mumkin. Bunday churralar juda kiyin aniqlanib, ko’ngilsiz jarrohlik xatolariga olib kelishi mumkin. Shuning uchun zudlik bilan operatsiya qilishni talab qiladi. Aks holda, qisilgan ichak qovuzloqlarining nekrozga uchrash xa’fi tug’iladi, Ichaklar ko’pincha, 12 barmoq - och ichak; ko’r ichak orqasi va pastki ko’r ichak orti cho’ntaklarida qisilib qolishi mumkin.



Download 0.82 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   82   83   84   85   86   87   88   89   ...   123




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling