Anatomiyadan amaliy


Yuzning chuqur sohasi (reg.facialis profunda)


Download 0.82 Mb.
bet53/123
Sana20.06.2023
Hajmi0.82 Mb.
#1633266
1   ...   49   50   51   52   53   54   55   56   ...   123
Bog'liq
Topografik anatomiya va Operativ Xirurgiya

Yuzning chuqur sohasi (reg.facialis profunda). Soha chakka osti chuqurchasi bilan qanot-tanglay chuqurchalari sohalarini o’z ichiga oladi. Chaynov mushagini, pastki jag’ shoxlarini hamda yanoq suyagini olganimizdagina, bu joyga tushishimiz mumkin.
Chakka osti chuqurchasi (fossa infratemporalis) - chakka chuqurchasining davomi bo’lib, undan ponasimon suyak katta qanotini chakka osti qirrasi (crista infratemporalis) bilan ajralib turadi. Chuqurchaning medial devorini qanotsimon o’simtaning tashqi plastinkasi (lamina lateralis processus pterygoideus), oldingi chegarasini yuqori jag’ning pastki chakka qismi yoki yuqori jag’ do’mbog’i (tuber maxillae) hamda yonoq suyagining pastki yuzasi, yuqori devorini - ponasimon suyak katta qanotining pastki yuzasi va chakka suyagi pallasining bir qismi hamda ko’z kosasining pastki yorig’i hosil qiladi. Chuqurcha pastdan – og’iz bo’shlig’i (cavum oris), orqadan - bigizsimon o’simta bilan chegaralanib turadi.
Chakka osti chuqurchasi ichkari tomondan qanot-tanglay chuqurchasi (fossa pterygopalatina)ga o’tadi. Bu chuqurcha yoriqsimon shaklda bo’lib, uni oldingi tomonidan yuqori jag’, orqa tomondan -qanotsimon suyak o’simtalari chegaralab turadi. Chuqurchaning ichki devorini, uni burun bo’shlig’idan ajratib turadigan tanglay suyagining tik plastinkasi, yuqori devorini - ponasimon suyakning katta qanoti hosil qiladi.
Qanot-tanglay chuqurchasi ko’p joylar bilan aloqa qiladi. Chunonchi, u burun bo’shlig’i bilan qanot-tanglay teshigi (foramen sphenopalatinum) orqali aloqa qiladi. Bu teshikdan shu nomli arteriya, vena va nervlar (nn. nasalis posterioris) o’tadi; kallaning o’rta chuqurchasi bilan yumaloq teshiк (foramen rotundum)orqali aloqa qiladi. Bundan uch shoxli nervning II shoxi o’tadi; ko’z kosasi bilan-ko’zning pastki yorig’i (fissura orbitalis inf.) orqali aloqa qiladi; og’iz bo’shlig’i bilan tanglay qon tomir va nervlar o’tadigan, qanot-tanglay kanali (canalis pterygopalatinus) orqali aloqa qiladi; kalla asosi bilan - shu nomli nerv o’tadigan qanot kanali (canalis pterygoideus) orqali aloqa qiladi.
Yuzning chuqur sohasida joylashgan bu chuqurchalar yog’ to’qimalar bilan to’lgan bo’lib, uning ichidan qon - tomir va nerv tutamlari o’tadi. Undan tashqari, bu yerda medial va lateral qanotsimon mushaklar bilan chakka mushagining paylari ham o’tadi.
Yuz chuqur sohasini jag’lararo sohasida yog’ to’qima bo’shliqlari yoki mushaklararo bo’shliqlar bo’lib, ular asosan pastki jag’ shoxlari bilan yuqori jag’ do’mboqlari orasidagi masofada hosil bo’ladi. Shunday bo’shliqlardan N. I. Pirogovning yozishicha, ikkita, ya`ni chakka-qanot (interstitium temporapterygoideum) hamda qanotlararo (interstitium interpterygoideum) bo’shliqlari mavjud. Bularning birinchisi, pastki jag’ning toj o’simtasiga birikuvchi chakka mushagining oxirgi qismi bilan lateral qanotsimon mushaklari orasida, ikkinchisi - lateral va medial qanotsimon mushaklari orasida hosil bo’ladi. Ikkinchi bo’shliqning tashqi qismini stomatologiyada qanot - pastki jag’ bo’shlig’i (spatium pterygomandibulare) deb ham ataydilar.
Hali yuqorida aytganimizdek yuzning bu chuqur sohasida yog’ to’qimalarga o’ralgan qon tomirlar o’tadi. Bu yerdan yuzada qanotsimon vena chigali, chuqurroqda - yuqori jag’ning arteriyasi (o’zining tarmoqlari bilan) hamda pastki jag’ nervining tolalari o’tadi.
Chakka osti chuqurchasida o’zining bir nechta tarmoqlari bilan yuqori jag’ arteriyasi o’tadi. Pastki jag’ bo’g’imi shoxining orqasidan bu arteriyaning quyidagi asosiy tarmoqlari o’tadi: a) quloqning chuqur arteriyasi (a. auricularis profunda); b) nog’ora arteriyasi (a. tympanica); v) foramen spinosum orqali kalla bo’shlig’iga kiradigan miya pardasining o’rta arteriyasi (a. meningea media); g) pastki tishlarga boruvchi pastki tish kataklarining arteriyasi (a. alveolaris inferior). Yuqori jag’ arteriyasidan chiqqan ikkinchi guruh arteriya tarmoqlari lateral qanotsimon mushagining tashqi yuzasi (fossa infratemporalis) sohasida joylashadi va hamma chaynov mushaklari bo’ylab tarqaladi: a) chaynov arteriyasi - shu nomli mushakka incisura mandibularis orqali boradi; b) qanotsimon tarmoqlari (rami pterygoidea) - lateral va medial qanotsimon mushaklarga boradi; v) chakkaning chuqur arteriyalari (a. a. temporalis profundae) - chakka mushagiga boradi; g) lunj arteriyasi (a. buccalis) - lunj mushagiga boradi.
Yuqori jag’ arteriyasining uchinchi guruh tarmoqlari – qanot -tanglay chuqurchasida joylashib, quyidagi tarmoqlarni beradi: a) ko’z kosasining pastki arteriyasi (a. infraorbitalis) – ko’z kosasining pastki yorig’i orqali ko’z kosasiga o’tib, shu nomli teshikdan yuzga qaytib chiqqach, yuz arteriyasi bilan anastomoz hosil qiladi. Bundan chiqqan ustki jag’ arteriyasi o’zidan oldingi tish kataklari arteriyasini (aa. alveolaris superioris anterioris) va tanglayning pastga yo’naluvchi arteriyasini (a. palatina descendens) beradi. Bularning oxirgisi tanglayning katta va kichik arteriyalariga (a. palatina major et minor) bo’linadi.
Yuzning chuqur sohasidagi venalar juda yaxshi taraqqiy qilgan, ular orasidagi anastomozlar keng tarqalgan bo’lib, qanotsimon chigalni (plexus pterygoideus) hosil bo’lishida aktiv qatnashadi. Bu chigal o’z navbatida jag’ orqasi venasi bilan aloqada bo’ladi. Bundan tashqari, qanotsimon chigalning yuzaki yuz venalari va ko’z kosasining venalari orqali - kovaksimon sinuslar bilan ham anastomozlari bor. Qanotsimon mushaklari orasidan uch shoxli nervning III shoxi o’tadi. Bu yerga u kallaning ichidan ovalsimon teshik orqali chiqib kelib, harakatlantiruvchi va sezuvchi tarmoqlarga bo’linadi. Uning sezuvchi tarmoqlariga: lunj nervi (n. buccalis)-lunjning shilliq qavatida tarqaladi, til nervi (n. lingualis) - tilning orqasidagi shilliq qavatini,og’iz tubi shilliq qavatining uchdan ikki qismini innervatsiya qiladi, pastki tish kataklarining nervi (n. alveolaris inferior) - pastki tishlar nerv chigallarini hosil qilib, pastki tishlarni innervatsiya qiladi, iyak osti nervi (n. mentalis) - pastki lab hamda iyak osti sohalari terisini innervatsiya qiladi, quloq-chakka nervi (n. aurculotemporalis) - chakka sohasi terisini innervatsiya qiladi. Oxirgi ikki nervlar tarkibida pastki jag’ osti, til osti va quloq oldi so’lak bezlariga boruvchi sekretor tolalari ham bor. Mushak tarmoqlariga uning chaynov nervi (n. massetericus), chakkaning chuqur nervlari (n. n. temporalis profundi) va medial hamda lateral qanotsimon nervlari (n. n. pterygoideus medialis et lateralis) kiradi.
Halqum oldi bo’shlig’i halqumning orqa va yon tomonlarida hosil bo’lib, unda halqum oldi yon bo’shliqlari (spatium lateropharyngeum-halqumning ikki yon tomonida) va halqqum orqasi bo’shliqlari (spatium retropharyngeum) tafovut qilinadi. Halqum hamda umurtqalar oldi fastsiya varaqlari bularning orasidagi chegara vazifasini bajaradi. Bu varaqqa halqum - umurtqa oldi aponevrozi (aponeurosis pharyngopraevertebralis) deyiladi. Halqum bilan (ichkaridan) quloq oldi bezining yopqichi hamda medial qanotsimon mushaklari (tashqaridan) orasida xususiy halqum oldi bo’shlig’i bor. U yuqoridan kalla asosigacha, pastdan esa - til osti suyagigacha boradi. Til osti suyagi va til mushagi(m. hypoglossus) bu bo’shliqni pastki jag’ osti so’lak bezi hamda uning qobig’idan ajratib turadi. Halqum oldi bo’shlig’i ikkita: oldingi –halqum - qanot va orqa halqum-bigizsimon qismlardan iborat. Bularning orasidagi chegara bo’lib, bigizsimon o’siq va undan boshlanadigan bigizsimon o’siq - halqum, bigiz-til va bigiz - til osti mushaklari (m. m. stylopharyngeus, styloglossus, et stylohyoideus) xizmat qiladi. Bularning hammasining yig’indisiga "anatomik guldasta" deyiladi. Bundan tashqari, chegara vazifasini bigizsimon o’siq bilan halqum orasidagi fastsiya (bigizsimon o’simta - halqum aponevrozi - aponeurosus stylopharyngea) ham o’taydi. Xususiy halqum oldi bo’shlig’ining oldingi yuzasiga tanglay bodomchasi (ichkaridan) va quloq oldi bezining halqum oldi o’simtasi (tashkaridan) tegib turadi. Halqum oldi bo’shlig’ining orqa tomondagi qismida qon - tomir va nervlar (ichki bo’yinturuq venasi - tashqaridan, ichki uyqu arteriyasi va til-halqum, adashgan, qo’shimcha, til osti va simpatik nervlari - ichkaridan) o’tadi. Bundan tashqari, shu yerning o’zida bo’yin chuqur limfa tugunlarining yuqori guruhlari joylashadi. Halqum oldi bo’shlig’ining oldingi tomonida tanglayning yuqoriga ko’tariluvchi arteriyasi hamda venasining shoxlari o’tadi. Ular bodomcha atrofida yallig’lanish jarayonlarini tarqatishda muhim rol' o’ynaydi. Halqum oldi bo’shlig’idagi yog’ to’qimasi, og’iz bo’shlig’i tubidagi yog’ to’qimasi bilan aloqa qiladi.

Download 0.82 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   49   50   51   52   53   54   55   56   ...   123




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling