Anatomiyadan amaliy
Download 0.82 Mb.
|
Topografik anatomiya va Operativ Xirurgiya
Yuz sohasi (reg. faciei). Yuz sohasi ikki sohaga bo’lib o’rganiladi. Bular: yuzning oldingi va yon sohalaridir (reg. facialis anterior et lateralis). Oldingi sohaning tarkibiga ko’z kosasi, burun va og’iz (reg. orbitalis, nasalis et oris) sohalari kiradi. Bu sohalar to’grisidagi ma`lumotlar alohida darsliklarda keltirilganligi (stomatologiya, ko’z kasalliklari hamda LOR) sababli ularga batafsil to’xtalib o’tirmaymiz. Yuzning qolgan qismlari esa, uning yon sohasiga kirib, bularga lunj va qulok oldi-chaynov sohalari (reg. buccalis et parotideomasseterica) kiradi. Talabalarga oson tushuntirish maqsadida oxirgi soha tarkibida yana bitta soha - yuzning chuqur sohasi (reg. facialis profunda) alohida keltiriladi.
Yuzning terisi yupqa va harakatchan bo’ladi. Teri osti yog’ to’qimasida yuzning mimika mushaklari, qon tomirlari, nervlari, qulok oldi so’lak bezining yo’li joylashadi. Terisining innervatsiyasida uch shoхli nervning deyarli hamma tolalari, oz bo’lsa-da bo’yin chigalining tarmog’i (quloqni katta nervidan) ham qatnashadi. Bu yerga uch shoxli nervning tolalari yuzdagi suyak teshiklaridan chiqib keladi. Bu teshiklar asosan bir vertikal tekislikda joylashadi (31-rasm). Teshiklarning yuqoridagisiga ko’z kosasining ustki teshigi deyilib (for. supraorbitalis), bu orqali ko’z kosasining ustki nervi (n. supraorbitalis) chiqib keladi. Bu nerv uch shoxli nerv birinchi tarmog’ining yuzdagi oxirgi uchidir. Shu nervning ikkinchi tarmog’ini oxirgi uchi, ko’z kosasining pastki teshigidan (for. infraorbitalis) chiqib keladi, ko’z kosasining pastki nervi (n. infraorbitalis) deb ataladi. Va nihoyat, uch shoxli nervning uchinchi shoxiga iyak osti nervi (n. mentalis) deyilib, yuzga pastki jag’dagi iyak teshigidan (for. mentalis) chiqib keladi. Yuzda uch shoxli nerv tolalari bilan yuz nervining tarmoqlari orasida birlashuvlar bor. Og’iz shilliq qavatlarini uch shoxli nerv va til-halqum nervlari innervatsiya qiladi. Yuzdagi harakatlantiruvchi nervlar ikkita nervdan: uch shoxli nervning uchinchi hamda yuz nervlari tarmoqlaridan hosil bo’ladi. Yuzning qon bilan ta`minlanishida asosan tashqi uyqu arteriyasining tarmoqlari: chakka yuzaki arteriyasi, yuqori jag’ va yuz arteriyalari qatnashadi. Bulardan tashqari, yuzning qon bilan ta`minlanishida ko’z arteriyasi (ichki uyqu arteriyasidan) ham ishtirok etadi. Bu qon tomirlar bir-birlari bilan juda ko’p anastomozlar hosil qilib, yuz sohasining qon bilan yaxshi ta`minlanishida ishtirок etadi. Yuz arteriyasi yuz to’qimalarini hamda mimika mushaklarini qon bilan ta`minlaydi va tashqi uyqu arteriyasining boshqa tarmoklari bilan anastomoz hosil qiladi (chakka arteriyasidan chiquvchi ko’ndalang arteriya bilan, yuqori jag’ arteriyasining tarmog’i ko’z osti arteriyasi bilan aloqada bo’ladi). Bundan tashqari, u ichki uyqu arteriyasi bilan (ko’z arteriyasining oxirgi tarmog’I - peshona arteriyasi ва burunning dorsal arteriyalari orqali) hamda qarama - qarshi tomondagi yuz arteriyalari bilan ham aloqa qiladi. Yuqori jag’ arteriyasi (tashqi uyqu arteriyasining ikkinchi tarmog’i) yuzning chuqur sohasida joylashib, asosan chaynov apparatlarini, ya`ni yuqori hamda pastki jag’larni, ularning al'veolyar o’simtalarini, tishlarni va chaynov mushaklarini qon bilan ta`minlaydi. Yuz venalari yuzda yuzaki va chuqur vena chigallarini hosil qiladi. Bularning birinchisini yuz venasi bilan uning tarmoqlari hosil qiladi. Ikkinchisi - qanotsimon chigal (plexus pterygoideus) bilan yuzning chuqur sohasida joylashgan mushaklar hamda yog’ to’qima bo’shliqlari vena chigallari orasida hosil bo’ladi. Bu ikkala chigallar bir-birlari bilan ham har xil anastomozlar orqali aloqada bo’ladi. Bu aloqalarning eng asosiysi, qanotsimon chigalni miya qattiq pardasidagi kovaksimon chigal bilan aloqa qildirib turadigan emissar venalar hamda ovalsimon va yirtiq teshiklar (foraminis ovale emissarium for. Lacere) vena chigallarini, ko’z venalari orqali bir-birlari bilan birlashtirib turadigan anastomozlardir. Bundan tashqari, pastki ko’z venalari bilan qanotsimon vena chigallari orasidagi anastomozlar ham katta ahamiyatga egadir. Har xil yiringli jarayonlar, shu anastomozlar orqali yuzning yuza sathidan chuqur sohasiga va u yerdan bosh miyaga yuqorida keltirilgan anastomozlar orqali tarqalishi mumkin. Yuzning har xil sohalarida yog’ to’qimalari yig’ilgan yoriq yoki bo’shliqlar bo’ladi. Bu yerdagi yog’ to’qimalar asosan qon tomirlar atrofida to’planib, ularga eng katta yog’ to’qima bo’shliqlari bo’lmish chakka-qanotsimon va qanotsimonaro bo’shliqlariga mansub bo’lgan og’iz bo’shlig’i tubidagi to’qima bo’shliqlari kiradi. Download 0.82 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling