Anatomiyadan amaliy
Download 0.82 Mb.
|
Topografik anatomiya va Operativ Xirurgiya
- Bu sahifa navigatsiya:
- Qizilo’ngach
Orqa ko’ks oralig’i (mediastinum posterius). Orqa ko’ks oralig’ida qizilo’ngach, ko’krak aortasi, yarim toq vena, toq vena, adashgan nervlar, ko’krak limfa yo’li va simpatik nerv poyasi hamda n. n. splanchnicus major et minor lar joylashadi.
Ko’krak aortasi (aortae thoracica) aorta yoyining davomi bo’lib, uning boshlang’ich qismi IV ko’krak umurtqasi ro’parasiga to’g’ri keladi. U XII ko’krak umurtqasi ro’parasida qorin parda orqasi bo’shlig’iga diafragmaning aorta teshigi (hiatus aorticus) orqali o’tib, qorin aortasiga (aorta abdominalis) aylanadi. Ko’krak aortasi VIII - IX umurtqalar to’g’risigacha ularning chap yonbosh tomonida yotib, keyinchalik tananing o’rta chizig’i bo’ylab yo’naladi va oxirgi ko’krak umurtqalarining oldingi yuzasiga chiqadi. U ko’krakning yuqori qismida oldindan, chap o’pkani ildizi bilan, pastki qismida esa perikardning orqa devori bilan yopilib turadi. VIII - IX ko’krak umurtqalarining ro’parasida, ko’krak aortasining oldida qizilo’ngach aortani o’ngdan chapga qarab kesib o’tadi. XI - XII umurtqalar to’g’risida, diafragmadagi aorta teshigiga yaqin joyda aorta qizilo’ngachning o’ng tomonida bo’ladi. Undan chap tomonda mediastinal plevra o’tadi. Bu plevra o’ng tomonda qizilo’ngachga, ko’krak limfa yo’liga va toq venaga juda yaqin o’tadi. Ko’krak aortasidan 10 juft qovurg’a lararo arteriyalar, bronxlarning arteriyalari hamda qizilo’ngachga, perikardga, mediastinal plevraga va diafragmaga tarmoqlar chiqadi. Qizilo’ngach (esophagus). Qizilo’ngach 25 sm uzunlikdagi mushakdan iborat naycha bo’lib, uning yuqori chegarasi VI bo’yin umurtqasi ro’parasiga to’g’ri kelib, XI ko’krak umurtqasida tamom bo’ladi. Qizilo’ngach uch qismdan iborat bo’lib, yuqori – bo’yin qismi VI bo’yin umurtqasidan II ko’krak umurtqasigacha (pars cervicalis), o’rta – ko’krak qismi II ko’krak umurtqasidan XI ko’krak umurtqasigachа (pars thoracica) va pastki - qorin qismi XI ko’krak umurtqasidan XII ko’krak I bel umurtqasigacha (pars abdominalis) davom etadi. Qizilo’ngachning devori shilliq, shilliq osti, mushak va seroz qavatlardan tashkil topgan. Uning ichki hajmi hamma sohada ham bir xil bo’lmay, uchta toraygan joyi tafovut qilinadi. Ularning birinchisi qizilo’ngachning boshlang’ich qismida, ya`ni halqumning qizilo’ngachga o’tish joyida, ikkinchisi - kekirdakning bifurkatsiyasi ro’parasida (qizilo’ngach bilan kesishgan joyida), uchinchisi - qizilo’ngachning diafragmadan o’tish joyida bo’ladi. Toraygan joylarning oralarida ikkita kengaygan joyi ham bor. Ularning birinchisi (yuqorigisi) III ko’krak umurtqasining ro’parasida, ikkinchisi (pastkisi) - VIII ko’krak umurtqasining ro’parasida hosil bo’ladi. Qizilo’ngach deyarli butun yo’li bo’ylab ko’krak umurtqalariga tegib o’tsada, uning uchta qiyshaygan holati tafovut qilinadi: u avval VI bo’yin umurtqasidan to IV ko’krak umurtqalarigacha umurtqalardan chap tomonda bo’ladi, so’ngra IV ko’krak umurtqasidan to VII - VIII ko’krak umurtqalari ro’parasigacha - ularning o’ng tomonida yotadi va nihoyat bu joydan yana umurtqalarning chap tomoniga o’tib, qorin aortasini kesib o’tgach, diafragmadagi teshik orqali qorin bo’shlig’iga o’tib ketadi. Ko’krak qafasining yuqori uchligida qizilo’ngach kekirdakning va aorta yoyining orqasida yotadi. VII - IX ko’krak umurtqalarining to’g’risida u ko’krak aortasining oldida yotadi. Ko’krak qafasining pastki uchligida u yurak chap bo’lmachasining orqasiga va perikardning orqa devoriga tegib turadi, ularning orasidagi bo’shliqda chap adashgan nerv yotadi. Qizilo’ngach o’zining yuqori qismida chap uyqu arteriyasining boshlang’ich qismiga, chap o’mrov osti arteriyasiga, aorta yoyi va ko’krak limfa yo’liga tegib turadi. Aorta yoyining pastida o’zining chap yoni bilan ko’krak aortasiga tegib turadi, undan pastroqda esa mediastinal plevraga yondoshadi. O’ng tomonda yuqorida qizilo’ngach o’ng qaytuvchi nerv hamda o’ng umumiy uyqu arteriyasining boshlang’ich qismi bilan birga o’tadi. IV ko’krak umurtqasining pastida esa u o’ng mediastinal plevra bilan yonma - yon o’tadi. Ko’krak bo’shlig’ining pastki uchligida qizilo’ngachdan o’ng tomonda va orqada, pastdan yuqoriga qarab, toq vena o’tadi. Bu yerda shu vena bilan aorta orasidan ko’krak limfa yo’li o’tadi. Qizilo’ngachni ko’krak aortasidan chiqqan qizilo’ngach hamda bronx va qovurgalararo arteriyalardan chiquvchi tarmoqlar qon bilan ta`minlaydi. Uning pastki qismlarini chap me`da arteriyasining tarmoqlari ta`minlaydi. Qizilo’ngach venalari uning devorlarida qalin vena chigallarini hosil qilib, vena qonini yarim toq va toq venalariga quyadi. Uning pastki qismidagi venalar me`da venalari orqali qopqa venalari bilan aloqada bo’lishadi. Shuning uchun ham qopqa vena doirasida vena qon yo’nalish jarayoni buzilsa (jigar sirrozi, har xil shishlar va h.k.) qon yuqorida nomlari ko’rsatilgan yo’llar bilan qizilo’ngach venalari orqali yuqoriga oqishga majbur bo’ladi. Bu yo’l haddan tashqari zo’riqqanda qizilo’ngach venalari yorilib, undan qon ketishi mumkin. Jigar sirrozi kasalligida qizilo’ngach yoki me`da venalaridan qon ketishining boisi ham ana shundadir. Qizilo’ngach ikkala adashgan hamda simpatik nerv tolalarining tarmoqlari bilan innervatsiya qilinadi. Bu tarmoqlar uning devorida qalin nerv chigallarini hosil qiladi. Qizilo’ngachning yuqori qismidan limfa suyuqligi kekirdak oldi limfa tugunlariga, o’rta qismidan - orqa ko’ks oralig’i limfa tugunlariga va pastki qismidan – o’ng va chap me`da limfa tugunlariga quyiladi. Download 0.82 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling